Главная » Yangiliklar » Hajga borish tartibini bilasizmi?
Hajga borish tartibini bilasizmi?

Hajga borish tartibini bilasizmi?

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Hajga borish tartibini bilasizmi?
  • Дата релиза: 17-06-18, 17:05
Hajga borish tartibini bilasizmi?
“Haj” tadbirini tashkil etish va o`tkazish Hukumatning 2017 yil 7 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish tartibi to`g`risida nizom bilan tartibga solinadi.

“Haj” tadbiri Din ishlari bo`yicha qo`mita va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj vazirligi o`rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

“Haj” tadbirini tashkil etish va o`tkazish bilan bog`liq ma`lumotlar (fuqarolarning haj va umra safarlariga navbati, safar uchun ajratilgan o`rinlar, to`lovlarning miqdori va boshqalar) muntazam ravishda O`zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy veb-saytida (http://muslim.uz/) e`lon qilib borilishi lozim.

“Haj”ga borish uchun talabgor doimiy yashash joyidagi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organiga ariza hamda pasporti nusxasini taqdim etishi kerak.

Ariza ularning doimiy yashash joylaridagi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan yil davomida qabul qilinib, navbatga qo`yib boriladi.

“Haj”ga borishga navbatga qo`yiladigan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

nomzod moddiy va jismoniy jihatdan “Haj” tadbiriga qodir bo`lishi;
“Haj” amallarini to`g`ri va to`la-to`kis ado etishi uchun etarli diniy bilimga ega bo`lishi;
nomzod ma`naviyati, ma`rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro`-e`tiborga ega bo`lishi;
oilasidagi muhitning sog`lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalla fuqarolar yig`inidagi ijtimoiy-ma`naviy muhitni yaxshilashda ibrat bo`la olishi;
yo`ldan adashganlarni sog`lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi, mahalla fuqarolar yig`inida o`tkaziladigan xayriya tadbirlarida ishtirok etishi.
Bundan tashqari “Haj”ga bormoqchi bo`lgan fuqaro:

“Haj”ga ilgari bormagan bo`lishi;
voyaga etgan bo`lishi;
45 yoshgacha bo`lgan ayollar uchun mahramlari (eri, otasi, o`g`li, akasi, ukasi va h.k.)ning ham birga borishi hamda mahram ekanligini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tug`ilganlik haqida guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma) nusxasi taqdim etishi lozim.
Saralash natijasiga ko`ra Hajga borishga navbatga qo`yiladigan nomzodlar ro`yxati tegishli hududdagi masjid va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari binolarida e`lon qilinadi hamda 15 kun mobaynida ular bo`yicha jamoatchilik fikri o`rganiladi.

Jamoatchilik tomonidan bildirilgan taklif yoki e`tirozlar 5 kun muddatda ko`rib chiqiladi va tekshiriladi.

“Haj”ga boradigan ziyoratchilarni ro`yxatga olish uchun mahalla organlari tuman (shahar) hokimligi muhri bilan tasdiqlangan, varaqlari raqamlangan, ip o`tkazib tikilgan jurnal yuritadi.

Har yili “Haj” mavsumlari boshlanishidan oldin mahalla organlari tegishli kvota tasdiqlangandan keyin ikki kun mobaynida, ajratilgan kvotaga muvofiq o`zining hududidan “Haj”ga boradigan ziyoratchilar ro`yxatini navbat bo`yicha tuzadi hamda imzo va muhr bilan tasdiqlagan holda tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi “Haj” va “Umra”ni tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha tashkiliy guruhga taqdim etadi.

Ro`yxat bo`yicha navbati kelgan fuqarolar tashkiliy guruh tomonidan Saudiya Arabistoniga jo`nashdan kamida bir oy oldin yozma shaklda pochta orqali xabardor qilinadi. Fuqaroning pochta orqali xabardor qilinganligini tasdiqlovchi hujjat tashkiliy guruhda saqlanadi.

Ro`yxat bo`yicha navbati kelgan, biroq ziyoratga bormaydigan yoki ziyoratga borish imkoni bo`lmagan fuqarolardan bu haqda ariza olinadi.

“Haj”ga mahrami bilan borishi lozim bo`lgan ayollarning navbatga yozilgan mahrami ziyoratga bora olmagan taqdirda uning o`rniga ayolning boshqa mahrami borishi mumkin.

“Haj”ga borish uchun ro`yxatda turgan fuqaroning o`z navbati kelganda muayyan sabablarga ko`ra ziyoratga borish imkoni bo`lmasa, u ariza bilan navbatini bir yilgacha muddatga orqaga surishi mumkin.

Bir yildan so`ng ham fuqaroning muayyan sabablarga ko`ra ziyoratga borish imkoni bo`lmasa uning navbati bekor qilinadi.

Pochta orqali xabardor qilingan fuqaro ziyoratga oid ishlarni amalga oshirish uchun tashkiliy guruhga murojaat qilmasa, tashkiliy guruh vakili mazkur fuqaroning yashaydigan manziliga borib, fuqaroni yoki uning yaqin qarindoshlarini yoxud u bilan birga yashaydigan boshqa shaxslarni yozma tarzda xabardor qiladi.

Yozma xabardor qilingan fuqaro tashkiliy guruhga murojaat qilmasa yoki fuqaroning yaqin qarindoshlari yoxud u bilan birga yashaydigan boshqa shaxslar navbatda turgan fuqaroning muayyan sabablarga ko`ra ziyoratga bora olmasligini ma`lum qilsa, tashkiliy guruh tomonidan fuqaroning yaqin qarindoshlari yoki u bilan birga yashaydigan boshqa shaxslar bilan hududdagi fuqarolar yig`ini raisi va ichki ishlar organlarining profilaktika inspektori ishtirokida dalolatnoma tuzilib, mazkur fuqaroning navbati bekor qilinadi.

Navbatda turgan fuqarolarning o`z navbatini o`zaro almashtirishiga yoki uni ro`yxatda turmagan fuqarolarga berishiga yo`l qo`yilmaydi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: