Главная » Yangiliklar » KAJOL: «IShTIROKIMDAGI FILMLARNI FARZANDLARIMGA KO`RSATMAYMAN, ChUNKI...»
KAJOL: «IShTIROKIMDAGI FILMLARNI FARZANDLARIMGA KO`RSATMAYMAN, ChUNKI...»

KAJOL: «IShTIROKIMDAGI FILMLARNI FARZANDLARIMGA KO`RSATMAYMAN, ChUNKI...»

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: KAJOL: «IShTIROKIMDAGI FILMLARNI FARZANDLARIMGA KO`RSATMAYMAN, ChUNKI...»
  • Дата релиза: 13-09-17, 21:28
KAJOL: «IShTIROKIMDAGI FILMLARNI FARZANDLARIMGA KO`RSATMAYMAN, ChUNKI...»
Kajol hech qachon Bollivudning birinchi raqamli aktrisasi bo`lmagan, u haqda matbuot bot-bot shov-shuvlarni chop etmagan. Uning gonorari, kiyadigan liboslari ham u qadar muhokamalarga sabab bo`lmagan. Ammo aktrisa hamisha muxlislar e`tiborida, hamkasblar e`tirofida! Shuning uchun ham Bollivudda Kajolni «takrorlanmas ayol» deya ta`riflashadi...

Ma`lumot

Kajol Mukerji 1975 yilning 5 avgustida Mumbayda tug`ilgan.
U Bollivudning mashhur Mukerjilar sulolasi vakili — Shomu Mukerjining to`ng`ich qizi.
Otasi Shomu Mukerji rejissyor va prodyuser sifatida faoliyat yuritgan.
Onasi Tanuja Mukerji o`z davrining mashhur aktrisalaridan biri.
Kajolning singlisi Tanisha Mukerji dastlab teleboshlovchi sifatida ishlagan bo`lsa-da, bugungi kunda butunlay kinoni tanlashni ma`qul ko`rdi.
Turmush o`rtog`i Ajay Devgan 1969 yilning 2 aprelida tug`ilgan.
Oila qurishganda Ajay 30, Kajol esa 24 yoshda edi. Hozir ularning bir qiz, bir o`g`illari bor.
Otasidan ayrilish...

Kajolning otasi Shomu Mukerji 2009 yilning 10 aprelida vafot etdi. Shu sababli Ajay Devganning ilk rejissyorlik ishi «U Me Aur Hum» kinokartinasining 2009 yil 11 aprelga mo`ljallangan premerasi 20 aprelda bo`lib o`tdi. Kajolning otasi Bollivudda prodyuser va rejissyor sifatida faoliyat yuritgan.

Kajol va KINO

— Kino men uchun yangilik emas edi. To`g`risi, uni qanday zabt etsam ekan, deb hech qachon o`ylamaganman. Otamni ish jarayonida kuzatish yoqardi. Shuning uchun ham suratga olish maydoniga tez-tez borib turardim. Men u erda Adityani, Udayni, Karanni juda ko`p ko`rardim. Ular ham men kabi «tomoshabin»lardan edi. Hozir hammasi mustaqil ijod qiladi, xuddi men kabi... Otam bilan onam singlim ikkimizga aynan ularni takrorlashimizni uqtirmagan. Hammasi juda oddiy va g`ayritabiiy ravishda yuz berganga o`xshaydi. Ilk filmim haqida iliq gaplarni eshitganimda juda xursand bo`lgandim. 1992 yil edi. Lekin ota-onamdan uyalgandim. «Bekhudi» — «Chin muhabbat», bu — filmografiyamning eng avvalidagi nom. To`g`risi, shunchalik shov-shuvli debyutant bo`lishimni film ijodkorlari ham kutmagan edi. Kamal Sadanax mening birinchi partnyorim! Keyin hayotimning hamma nuqtasi kinoga bog`lanib ketgandek tuyuldi. Chunki men butun vujudim bilan ishlay boshladim. Takliflar ko`p edi. Lekin onam shoshmaslikni maslahat berardi. Ularga «xo`p» derdim-ku, ammo ich-ichimdan shoshib ketardim. Oradan bir yil o`tib, «Bazigar»da Shohrux bilan ishladim... 1995 yil mening ijodimda nafas olish uchun fursat bo`lmadi. Shunaqa ko`p ishladimki, o`sha paytning charchog`ini hali-hamon his etaman.

Kajol va ShOHRUX

— U eng yaqin do`stim. To`g`risi, ilk bor tanishganimda Shohrux menga g`alati qaragani hali hamon esimda... Sababini so`ramaganman, keyinchalik o`zi aytib bergandi. Juda ko`p gapirgan ekanman... Bu odatim meni bilganlar uchun yangilik emas edi. Bizni «O`g`irlanmagan kelin»dan keyin «kashf» etishdi. Eng chiroyli juftlik! Hozir ham shunday baholashadi. Ammo boshqa partnyorlarimni «esdan» chiqarib qo`yishlari yoqmaydi. Chunki boshqa aktyorlar bilan ham yaxshi ishlayman-da!

Kajol va KARAN

— Karan Johar bolalikdan beri do`stim. Uning shunday mashhur rejissyor bo`lib ketishini bilganimda bolaligimda hech qachon ustidan kulmagan bo`lardim... Hazil, albatta. U juda sinchkov va sodiq. Do`stlarining har bir kunida yonida bo`lishni, eshitishni biladi. U menga juda yoqadi. Lekin yangi filmining avvalida u qanday bo`lishidan qat`i nazar, men va Shohruxning qiyofasini ko`rishi biroz noto`g`ri. Doim ikkimizni bitta kadrga «joylash» haqida o`ylaydi. Balki bu uning uslubidir. Lekin uning rejalarida bizning chiqishlarimiz rostdan ham omadli chiqqan. Ayniqsa, «Salom shodlik, salom g`am» kartinasida. Katta ijodiy guruh bilan «ulug` maqsad sari» degan shiorga tayanganga o`xshaymiz. Oila haqidagi chiroyli film. Hozir Karanning talabi o`zgargan. «Mening ismim Xon» uning tafakkuri tamoman yangilanganini isbotladi.

Kajol va SEVGI

— Juda romantik edim... Lekin bora-bora realistga aylandim. Sevgi qissalari bilan bog`liq filmlarda hayotim ham qo`shilib qaynagani uchundir balki... Ammo baribir sevgiga ishonardim. Avvalgidek havoyi, balandparvoz tuyg`uni emas, ko`nglimni to`ldiradigan hayotiy muhabbatga intilardim. Qiz bola hamisha uning yonidagi odam suyangan tog`i bo`lishini istaydi. Uning har bir muammosiga uning katta-kichikligidan qat`i nazar, aynan o`sha odam echim topishini istaydi. Hech qachon turmush o`rtog`im kinochilardan bo`ladi, deb o`ylamaganman. Boisi Bollivudda ko`pincha shunday bo`lardi. Men esa boshqacharoq bo`lishini kutgandirman balki... 1995 yil Anis Bazmi meni «Hulchul» kartinasiga taklif qildi. O`sha filmda Ajay bilan birga ishladim. Do`stlik bora-bora boshqacharoq nom oldi. To`g`risi, u paytlar bizning munosabatlarimizni muhabbat deb bo`lmasdi. Ammo juda yaqin edik. Ajay kamgap, lekin ko`p ishlashni xush ko`radiganlardan. Men esa uning aksi bo`lsam kerak... Onamga u haqda aytganimda, jiddiy o`ylab ko`rishimni maslahat berdi. Jiddiy o`ylarning nihoyasi 1999 yilning 24 fevralida nikoh bilan tugadi.

Kajol va AJAY

— Ajay shunchaki oilaning ehtiyojlari uchun harakat qiladigan erkaklar toifasidan emas. «Qorning to`qmi, bo`ldi», deydiganlarga azaldan toqatim yo`q edi. Uyga bizni sog`inib kirib keladi. Har safar ko`zlarida biz uchun atalgan mehrni ko`rganimda uni tanlab xato qilmaganimga iqror bo`laman. «Men, sen va biz»dagi Ajay xuddi Ajayning o`zi. U shunaqa mehribon. Men oshirib aytayotganim yo`q, boricha gapiraman!

Kajol va OILA

— Hech narsaga almashtirmaydiganim, boyligim! To`g`ri, muxlislar olqishi, ularning e`tibori yoqimli. Ulardan voz kechging kelmaydi. Ammo oila, bu — OILA! Uning hamisha katta harflar bilan yozilishini istayman. Agar sen undan baxtingni, xotirjamligingni topa olsang, bas, boshqa hech narsa kerakmas. Kichkina oilam bor. Turmush o`rtog`im — eng yaqin odamim. Bilasizmi, u menga har kuni sevgi izhor qiladi. Har kuni uyqudan avval «Seni sevaman», deganida uni yana va yana sevib qolaveraman. Farzandlaringizning ovozlari, mehrini boshqa joydan topa olmaysiz. Xullas, men oila qurmasimdan avval unga bog`langanlardanman. Onam otam va bizni deb karerasidan voz kechgan. «Bu qahramonlik emas, ayolning asosiy vazifasi», deydi doim. Men ham bir ayol oilasi uchun nimani lozim ko`rsa, shuni qilayapman. Og`rinmayman, suratga olinmay qolgan filmlar uchun, qolib ketgan interyular uchun hech qachon afsuslanmayman. Chunki yonimda Ajay va farzanlarim bor. Hozir men oilam tomonga har doim shoshaman, yuguraman. Nisa va Yug mening mehrimga va himoyamga muhtoj. Har bir ayolning hayoti oilasi bilan chiroyli, deb ayta olaman va shunday deguvchilarni qo`llab-quvvatlayman.

Kajol, NISA va YuG

Nisa va Yug bizning eng katta boyligimiz. Hozir Ajay ikkimizning maqsadlarimiz avvalida farzandlarimiz kamoli, baxti turadi. 2003 yilning 20 apreli shaxsiy taqvimida katta harflar bilan belgilangan. Shu kuni qizalog`im Nisa tug`ildi. Harakatlarida Ajayga o`xshashlik bor. Bundan quvonaman, chunki otasi yaxshi odam. 2010 yil 13 sentyabr kuni oilamiz yana quvonchga to`ldi — o`g`limiz Yug dunyoga keldi. Onalik baxtidan ulug`ini bilmayman, dunyo ham bilmasa kerak. To`g`risi, Nisa bilan Yug otasiga o`xshashlarini istayman. Maslahat berishga usta emasman. Ammo ayolning baxti tamoman oilada. Ish va boshqa tashvishlar o`z o`rnida ketaveradi. Lekin oila uchun alohida E`TIBOR va MEHR, SABR va IRODA kerak. Hamma oilaning quvonchlari bo`lganidek, tashvishlari ham etarli. Farzandlaringiz bilan ularning tashvishlari ham ulg`ayib boraveradi. Bugun Ajay ikkimizni Nisa va Yugning kelajagi juda tashvishlantiradi. Farzandlarimizni turli illatlardan asray olayapmizmi, yo`qmi, degan hadiklar har kuni meni o`ylantiradi. Ishtirokimizdagi filmlarni ularga ko`rsatmayman. Chunki ular hali BOLA. Kino va hayot o`rtasidagi farqni tushunib etmaydi. Eng yaxshisi, kitob. Nisa ertaklarni yaxshi ko`radi. Yug esa hozircha faqat surat tomosha qilayapti. Ular uchun ertaklar yozish niyatim bor... Ajay esa aynan bolalar uchun filmlar suratga olmoqchi... Agar oilada maqsadlar tutash bo`lsa, niyatlar ijobat bo`lishiga ishonaman.

Kajolning intervyularidan…
— Karan bilan boshqa ishlamas emishsiz?

— Kim aytdi? Buni istasam ham uddasidan chiqolmayman. Karan rad etishga imkon qoldirmaydiganlardan.

— Shoxrux Xon va siz...

— Keling, boshqa savollarga o`taylik.

— Orangizdan «ola mushuk» o`tdimi?

— Shu savolingizdan keyin rostdan ham «ola mushuk» o`tmasa bo`ldi.

— Suratga olish ishlariga kech kelganingiz uchun Ajaydan gap eshitganingiz rostmi?

— Ha, u meni hammaning oldida koyib berdi. Vaholanki, men bolalarimiz bilan bog`liq muammolarni deb kech qolgandim... Lekin u haq. Chunki ish hamma uchun ish. Uyga kech qolsa, men uni koyiman. Chunki oila — bu oila!

— Aytaylik, kimdandir xafa bo`ldingiz. Qanday yo`l tutasiz?

— Avvalo ko`ngilga olmaslikka harakat qilaman. Agar shunday bo`lib qolsa... o`sha odam bilan munosabatlarda tanaffus e`lon qilgan ma`qul!

SEVDO tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: