Главная » Futbol yangiliklari » Lissabondagi drama
Lissabondagi drama

Lissabondagi drama

  • Категории: Futbol yangiliklari
  • Название: Lissabondagi drama
  • Дата релиза: 26-05-14, 16:57
Lissabondagi drama
Lissabon 24 aprelda haqiqiy futbol shousiga guvoh bo'ldi. shu paytgacha ilk marta kuzatilgan finaldagi derbisi chin ma'nodagi spektaklga aylandi. Lissabondagi o'yin haqiqiy final qanday bo'lishini ko'rsatib berdi.

Futbol qachonki maydonda tengi kuchli raqiblar to'qnash kelgandagina jozibali, shiddatli bo'ladi. Millionlar o'yinidagi ana shu yozilmagan qonunni inobatga olgan holda aytish mumkinki, bu yilning haqiqiy kashfiyotiga aylangan “Atletiko”ning imkoniyatlari raqibinikidan kam emasligi shu bosqichga qadar ayon bo'lgandi. Shu bois ham turli so'rovnomalarda har ikkala Madrid jamoasining imkoniyatlari deyarli teng baholangandi.

Diego Simeone shogirdlari butun mavsum davomida “Real” uchun noqulay raqib ekanliklarini isbotlab bo'lishgandi. Bu safar ham xuddi shunday bo'ldi. Butun to'qson daqiqa davomida har ikkala raqib muxlislari o'yinni yurak hovuchlab tomosha qilishdi. “Atletiko” ishqibozlari Iker Kasillyasning xatosi evaziga kiritilgan goldan sarmast bo'lib, g'oliblikni tantana qilishni boshlab yuborishgan bo'lishsa, “qirollik klubi” ishqibozlari asosiy vaqtga qo'shib berilgan daqiqagacha jamoalarining g'olib bo'lishini istab, umid to'la nigohlari bilan o'yinni kuzatishdi. So'nggi daqiqalarda bosimni yanada oshirgan Karlo Anchelotti shogirdlari esa oxirgi hujumni samarali yakunlab, mag'lubiyatdan qutulib qolishdi.

YaNA O'ShA KOVBOY
“Bavariya”ga qarshi bo'lib o'tgan yarim final matchida klub qahramoniga aylangan Ramos futbol muxlis va mutaxassislarining e'tirofiga sazovor bo'lgandi. Haqiqatan ham shu paytga qadar raqib darvozasini biror marta ham nishonga olmagan, bor e'tiborini himoyaga qaratgan Serxio kerakli vaziyatda jamoaning joniga ora kira olishini ham isbotlagandi. “Bavariya”ga qarshi matchda Ramosning jonkuyarligini tushunish mumkin, “Real” oldingi mavsumlardan birida ham yarim finalda nemis jamoasi bilan to'qnashgan, o'shanda klubning mag'lubiyatiga Ramos ham sababchi bo'lgandi. Uning bu mavsumda kiritgan gollari esa “Bavariya”dan olingan revansh bo'ldi. Xo'sh, unda “Atletiko” darvozasiga kiritgan goli-chi? Bu uning jamoaga bo'lgan hurmati, UEFA Chempionlar ligasi bosh sovriniga bo'lgan uzoq yillik sog'inch. Aynan Ramosning goli “Real”ni yaqqol va alamli mag'lubiyatdan qutqarib qoldi. Shuning uchun ham Serxio Ramos Chempionlar ligasining eng yaxshi o'yinchisi deb topildi.

TAJRIBA, BARIBIR, TAJRIBA!
Ikki taym davomida haqiqiy iroda, futbol nima ekanligini ko'rsatib bera olgan, himoyalanishning eng a'lo darajadagi namunasini namoyon etgan “Atletiko”ga qo'shimcha taymlarda xalqaro doiradagi musobaqalarda to'p surish borasidagi tajriba u qadar katta emasligi pand berdi. “Real” esa qo'shimcha daqiqalarda yuqori bosim ostida ko'p bora harakat qilgan. Qolaversa, “Real” futbolchilari kuchni vaqtga qarab taqsimlash borasida etarlicha tajribaga egalar. Aynan ana shu omil hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Qo'shib berilgan ikki taymning birinchisida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan Simeone shogirdlari ikkinchi bo'limda bosimga ortiq dosh bera olmadi va oqibatda “Atletiko”ning o'yiniga yarashmagan hisob qayd etildi. Qolaversa, xatolikka yo'l qo'ygan bo'lsa-da, Iker Kasilyasning mahorati bu g'alabada muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki aynan u “Atletiko”ning xavfli hujumlarini qaytarishda qulamas devor vazifasini bajardi. Shu o'rinda ta'kidlash kerak, Iker Chempionlar ligasidagi g'alabadan so'ng o'ziga xos natija qayd etdi. Ya'ni u EChL, Jahon va Evropa chempionatida sardor sifatida g'olib chiqqan uchinchi futbolchi bo'ldi.

KARLO OTANING FALSAFASI ISh BERDI
Nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechish kerak, degan gap millionlar o'yinida ham o'z isbotini topdi. Asosiy maqsadi UEFA Chempionlar ligasida g'oliblikni qo'lga kiritish bo'lgan “Real” La-ligadan voz kechdi. Chunki, aslida, Karlo Anchelottini klubga taklif qilishdan maqsad ham anchadan beri kutilayotgan 10-kubokni qo'lga kiritish edi.

O'yin boshida “Atletiko”ning asosiy futbolchisi Diego Kosta maydonni tark etdi, bu esa jamoaning ruhiy ahvoliga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin edi. Ammo o'yindan oldin bergan intervyularidan birida “Maydonga 11 ta Diego Kosta tushadi” deya ta'kidlagan argentinalik murabbiyning ushbu gaplari haqiqat ekanligini shogirdlari isbotlab berishdi. Chunki “Real”ning tinimsiz bosimiga dosh berib, yana xavfli hujumlar ham uyushtirish har qanday jamoaning ham qo'lidan kelavermaydi. “Atletiko” esa buni ortig'i bilan uddaladi. Bu jamoaning yana bir yutug'i shundaki, haqiqiy ruhshunos bo'lgan Sieone futbolchilarni ruhiy jihatdan yaxshi tayyorlay oladi. Bu omil finalda ham yaqqol namoyon bo'ldi. Himoyadagi xotirjamlik, raqib jarima maydonchasi ichidagi sovuqqonlik “qirollik klubi”ni g'alabadan mahrum etishi ham mumkin edi. Qolaversa, “Atletiko” har qanday vaziyatda ham, hatto jamoa oldinda bo'lsa-da, himoyaga yotib olmasligini isbotladi. Ha, Simeone “avtobus”ni umuman yoqtirmasligini amalda tasdiqladi. Nima bo'lganda ham, finaldagi mag'lubiyat “Atletiko”ning bu mavsumdagi shon-shuhratiga soya sola olmaydi.

Ha, bu yilgi futbol mavsumi ana shunday ajoyib final bilan nihoyasiga etdi. Millionlar o'yin ishqibozlarini esa oldinda Braziliyadagi mundial kutib turibdi. Biz esa yanagi mavsum bu yilgidan-da mazmunli, shiddatli o'tishini tilab qolamiz.

Nizomjon ISLOMOV
Логин:
Пароль: