Главная » Yangiliklar » “Men Amir emasman, lekin endi avvalgi Kaan ham bo`lolmayman”
“Men Amir emasman, lekin endi avvalgi Kaan ham bo`lolmayman”

“Men Amir emasman, lekin endi avvalgi Kaan ham bo`lolmayman”

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: “Men Amir emasman, lekin endi avvalgi Kaan ham bo`lolmayman”
  • Дата релиза: 18-01-18, 15:27
“Men Amir emasman, lekin endi avvalgi Kaan ham bo`lolmayman”

Turk seriallari ixlosmandlarining “sevimli ro`yxati”ni yana bittaga ko`paytirgan “Sevgi iztirobi” seriali o`z qahramonlari bilan tomoshabinlarning ko`nglidan joy olib ulgurgani aniq. Ulardan biri javobsiz sevgiga duch kelgan salbiy qahramon Amir roli...

2015 yil rejissyorlar Xilol Saral va Ekin Pandir turk aktyori Kaan Urgandjiogluni “Sevgi iztirobi” dramasiga taklif etishadi. Kaan rolini shu qadar mahorat bilan ishonchli o`ynaganki, go`yo Amir hayotda bordek taassurot qoldiradi...

Kino olamiga qanday kelib qolgansiz?

— Oilaviy do`stimiz Demet Akbar “Karaoglan” seriali bosh qahramoniga meni tavsiya qilgan, bari shundan boshlandi. So`ng aktyorlik hayotim mazmuniga aylandi. So`ng Marmara universitetining iqtisodiyot fakulteti talabasi bo`ldim. Lekin ham o`qib, ham “La`natlangan yo`l” serialida suratga tushishni davom ettirganman.

— Maqsadingiz mashhurlikmi?

— Yo`q! Mashhur va taniqli bo`lish mutlaqo qiziq emas. Men uchun muhimi rol o`ynash, bundan zavq olaman. Aktyorlik hech qaysi kasbga o`xshamaydi. Boisi aktyorlikning formulasi yo`q.

Ko`zlagan marrangiz bordir?

— Aniq marram yo`q, besh yildan keyin nima bo`lishi noma`lum. Boisi orzular doim ham ushalavermaydi. Shu bois oldimga maqsad qo`yib yashamayman. Rolim, ijroimga avvalo o`zim ishonaman, so`ng qolganlarni ishontirishga intilaman, xolos.

— Xonadoninngizga kirishingiz bilan qiladigan ishingiz?

— Birinchi qiladigan ishim qahva damlash. Uy bo`ylab taraladigan qahva isi men uchun muhim. Qulay o`rindig`im bor, unga o`tirgancha musiqa tinglayman. Asosiy vaqtimni aynan uyimda o`tkazaman.

— Tomoshabinda kuchli nafrat uyg`onishi sizni cho`chitmadimi?

— Qahramonim Amir sevgan insoniga ozor beradi, muhabbati yo`liga g`ov bo`ladi. Shunday bo`lsa-da, ayol tomoshabinlar Amirni yaxshi ko`rib qoldi. Nazarimda, ayollar ortga chekinmaydigan, jur`atli erkaklarni hurmat qilishadi. Amir esa ayni shu jihatlarga ega. U Nihonga doim ruhiy tazyiq o`tkazadi. Ssenariy muallifining ta`biri bilan aytsam, Amir odam psixologiyasini juda yaxshi biladi va hukmini o`tkaza oladi.

— Rolga tayyorlanish qiyin kechmaganmi?

— Rolga tayyorlanish asnosida Amirning ko`pgina gaplarini google orqali izlab, izoh topishga uringanman.

— Odatda roldan chiqish qiyin kechadi, siz bu jarayonda qiynalmadingizmi?

— Men Amir emasman, lekin bu roldan keyin avvalgi Kaan ham bo`lolmayman.

— Sevgi bu...

— ...san`at. Ikki inson hissiyotlarini bir-biriga so`z orqali imkon qadar etkazadi. Go`yo sevgi, baxtni hamma bir xil his etadigandek, aslida unday emas. Odamlar har xil, hissiyot va tushunchalarning darajasi ham.

Istarasi va baland bo`yi sabab, fotomodel sifatida juda faol bo`lgan. Bu esa mashhur prodyuser Abdulla Oguz e`tiborini tortadi. Kaan shu tariqa kino olamiga kirib keladi. Biroq tajribasizligi pand beradi, vaziyatni to`g`irlash uchun ma`lum vaqt Nyu-Yorkdagi “Stella Adler Academy of Acting & Theatre”da tahsil oladi.

Aktyor haqida:

Kaan Urgandjioglu 1981 yilning 8 mayida Izmirda tug`ilgan, o`ziga to`q oilada ulg`aygan.

Aktyor o`rta maktabni tamomlagach, oilaviy AQShga ko`chib boradi. Kaan u erda kollejni tamomlaydi.

19 yoshida oilaviy Turkiyaga qaytishadi va universitetni shu erda o`qiydi.

Aktyor fotograf Zeynep Oymakka ko`ngil qo`ygan. 2016 yil ikki yil sinovda bo`lgan insoni bilan 2017 yilda oila qurishini ma`lum qilgan.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi


Manba: Darakchi.uz

Логин:
Пароль: