Главная » Yangiliklar » ​Muhabbatning o`zgacha talqini yoxud "Hamroh" filmi atrofidagi bahs-munozaralar
​Muhabbatning o`zgacha talqini yoxud

​Muhabbatning o`zgacha talqini yoxud "Hamroh" filmi atrofidagi bahs-munozaralar

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​Muhabbatning o`zgacha talqini yoxud "Hamroh" filmi atrofidagi bahs-munozaralar
  • Дата релиза: 27-04-17, 12:30
​Muhabbatning o`zgacha talqini yoxud "Hamroh" filmi atrofidagi bahs-munozaralar
Rejissyor Akrom Shaxnazarov o`z qalamiga mansub ssenariy asosida suratga olgan "Hamroh" triller-dramasini tomoshabinlar hukmiga havola qildi...

Ochig`i, mazkur filmning treylerini internetda ko`rgach, rejissyorini topib, kinokartina haqida suhbatlashgandim. Boisi, mistika, melodrama, detektiv-kriminalistika, tragediya, triller-drama janrlarini o`zida qamrab olgan bu kabi film katta ekranlarda anchadan buyon bo`y ko`rsatmagandi. Shuningdek, professional aktyorlar jamoasi, kinokartina nomidan to bannerigacha alohida urg`u berib, dizayn qilingani e`tiborimni tortgandi. Eng asosiysi, har bir film taqdimotidan so`ng hafsalam pir bo`lavergach, “Hamroh” “bundan buyon xususiy filmlarni ko`rmayman”, degan fik­rimni o`zgartira oldi. Kinokartina titrlari chiqishi bilanoq tomoshabinni o`z olamiga olib kiradi. Chunki grafikadan juda o`rinli foydalanilgan. Taqdimotdan so`ng esa treylerdan kelib chiqib, chiqargan ilk xulosam noto`g`ri bo`lmaganidan xursand bo`ldim. Aktyorlar rolga to`g`ri tanlangan va muhimi, ularning nigohi “so`zlagan”. Ayniqsa, aktyor Karim Mirhodievning mahoratiga yana bir bor tan berasan kishi. So`zlarsiz ham qahramonini gapirtira oladigan aktyor kinokartina “yuk”ini ta`minlab bergan. “Ota-ona roziligisiz qadam bosish ayanchli oqibatlarga olib keladi”, degan fikrni rejissyor yoshlarni qiziqtira oladigan triller janrida etkazib berolgan. Aniqrog`i, rejissyor maishiy mavzuni o`zgacha tarzda taqdim etish yo`lini topa olgan. Ish bor joyda kamchilik bo`lishi ham tabiiy. Biroq bu boradagi fikrlarni san`atshunos Shuhrat Rizaevdan eshitishni to`g`riroq, deb o`yladim...

Shuhrat Rizaev, san`atshunos: — “Hamroh” filmini ko`rib, yana Farmonbibining mashhur gapi yodimga keldi: “xo`rozqand chet elniki desa, yotib olib yalayman deysanlar-a!” Bunday uslub va janrda olingan Gollivudning “Ruh” filmidan tashqari hozirgi o`zbek tomoshabini yana yuzlab shunday filmlarni ko`rgan bo`lsa kerak. Xo`sh, “Hamroh” filmi ijodkorlari tomoshabinni nima bilan hayron qilishmoqchi? Axir “Ruh” kabi filmlarga ko`r-ko`rona taqlidini aytmasa, boshqa nima ibrat bor bu filmda? Bilasizmi, film nomini “Po`sht, Amerika kelayapti”, deb qo`ygan bo`lardim. Film davomida faqat inglizcha qo`shiqlar yangraydi. Film so`nggida Adiz Rajabovning qahramoni “Uning aybi sevganida edi, xolos”, deydi. Vaholanki, Yulduz Rajabova va Bobur Yo`ldoshevning qahramonlari sevgisi etarlicha ko`rsatilmagan. Qolaversa, qanday qilib ota qarg`ishini olib, uyidan qochib ketgan qahramon qizni dunyodan beg`ubor bo`lib o`tdi, deyish mumkin? Beg`uborligiga kim kafolat beradi? Adiz Rajabovning qahramoni kim va qaerdan kelib qoldi o`zi? Bunday mavzudagi filmlarni katta ekranga chiqarishdan avval mentalitet, qadriyatlarimiz haqida o`ylash kerak. Xorijdan ko`r-ko`rona ko`chirish, taqlid qilish mumkin emas. Lola Eltoeva – “Feruzabonu”dek rollarni ijro etib turgan professional aktrisa bunday filmda rol ijro etishi uning fuqarolik pozisiyasiga to`g`ri kelarmikan?! Karim Mirhodiev ham tajribali inson va san`atkor sifatida “taqlid qilmagin”, deb rejissyorga tanbeh berishi kerak edi. Tasvirchi, rassomning ishi juda chiroyli. Rejissyorning iste`dodli ekani sezilib turibdi. Lekin kuchini butunlay boshqa narsaga sarflayapti. Bu rejissyor yigitdan oqilona foydalanib, sevgi haqida lirik, melodrama filmlar suratga oldirish kerak. Rejissyor yangilik qilaman, degan xayol bilan band bo`lib, chuqur mulohaza qilib ko`rmagan. Yoshlarimiz ertaga Yulduz Rajabovaning qahramoniga taqlid qilmaydi, deb kim kafolat beradi?

Qiziq, e`tirozlarga javoban bosh rol ijrochilari va rejissyor nima derkin?

— Karim aka, rolni chertib-chertib tanlaydigan aktyorsiz. Rejissyor Akrom Shaxnazarovning taklifiga rozilik berishingizga sabab nima bo`ldi?

— Ssenariy yoqdi!

Yulduz Rajabova: — Haqiqatda ssenariy, undagi g`oya o`zgacha! Uch-to`rtta janrni o`zida jamlagani bilan ham yangilik bo`ldi. Qolaversa, bir janrdan ikkinchi janrga juda chiroyli o`tishni uddasidan chiqishgan.

Adiz Rajabov: — So`nggi yillarda suratga olinayotgan sevgi haqidagi film­lardan ham butunlay farq qiladi.

— Yulduz, ruh rolini ijro etish o`zingizga ham qiziq bo`lgandir?

Yu.R.: — Albatta! Qahramonimning kechinmalari, dardi e`tiborimni tortdi. Etti yil ruh bo`lib, arosatda yurgani, hech nimani eslolmaganidan qahramonimga achindim.

— Adiz aka, rolingiz ruhiyat bilan bog`liq, qiynalmadingizmi?

A.R.: — Bir tekis o`ynaladigan roldan, baland-pastiga ega rolni ijro etish maroqli. Filmda aktyorlik mahoratini ko`rsatish uchun “material” etarli bo`lgani bois maroq bilan ishladik. Loyihaning o`zi murakkab edi, shu bois ancha mehnat sarflandi. Dinamikasi kuchli bo`lgani bois suratga olish jarayoni qiyin kechdi. Bu ham jismoniy, ham ruhiy tomonlama qiynadi. Lekin filmda professional aktyorlar o`ynagani uchun vaqt behuda sarflanmadi. Hamma o`z ishini bilib qildi. Asosiysi, taqdimotgacha bo`lgan qiyinchilik emas. Muhimi, tomoshabin ko`rib, kerakli xulosa chiqara olishi.

— Karim aka, taqdimotda so`z berilganda, “Filmni hali ko`rganim yo`q, premeradan keyin gaplashamiz”, degandingiz...

K.M.: — “Kimgadir yoqar lola, kim atirgul shaydosi. Men uchun rayhon a`lo, rayhonning yo`q bahosi!” Kinokartinaning yutug`i – hali bunday janrda film ishlanmagandi. Bu — o`zbek kinosida yangilik, yana bir olg`a qo`yilgan qadam bo`ldi. Aslida ishtirokimdagi har bir asar men uchun yangilik va imtihon. Yoqmagan jihati esa film biroz cho`zilgandek.

Yu.R.: — Filmning operatorlik ishi, dinamikasi, montaji a`lo darajada ishlangan, zerikib qolmaydi kishi. Tomoshabinlar “Adiz Rajabovning qahramoni o`ldimi yo tirik qoldimi, tushunmay qoldik?” deb so`rashdi. Bu atay ochiq qoldirilgan. Men ham film borasida “Janr jihatdan yangilik bo`ldi”, degan ijobiy fikrlarni eshityapman.

Akrom Shaxnazarov: — To`g`ri, Yodgor qahramoni taqdirini atay ochiq qoldirdim, bu mening yo`nalishim. Sirni ochaman, “Hamroh” yaxshi qabul qilinsa, filmning davomini ham suratga olamiz. Lekin qahramonlar, taqdirlar butunlay boshqa bo`ladi.

A.R.: — Film ssenariysi o`qilganda boshqa, montaj va katta ekranda boshqa bo`ladi. Lekin rejissyor grafika, montaj bilan kinokartina g`oyasini boyitib bera olgan. Film­da xorijiy musiqalardan foydalanilgan. Nazarimda, Buxoro, Jizzaxni ko`rsatganda, milliy qo`shiqlarimizdan foydalanilsa, maqsadga muvofiq bo`lardi.

A.Sh.: — Moliyaviy tomondan qiynalganimiz uchun har bir qo`shiq ustida bastakor bilan ishlolmadik.

— Izlagan imkon topadi, deyishadi. Retro darajasidagi qo`shiqlarimiz bor-ku!

A.Sh.: — Adizning qahramoni jazning muxlisi. Shu bois xorijiy musiqadan ko`proq foydalanilgan. Lekin O`zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovdan qo`shiqlaridan foydalanish uchun ruxsat so`ramoqchi edim, ros­ti, uyaldim. Keyingi gal albatta, hamkorlikda ishlashni niyat qildim. Buxoro, Jizzaxni esa milliy qadriyatlarda ko`rsatib o`tganman.

Taqdimotda tomoshabin triller janridagi dinamikaga qurilgan filmlarni sog`inganini ko`rdim. Stiven Spilbergning “Yaxshi film kuldira, yig`lata, qo`rqita bilish kerak”, degan fikri bor. Bularning uddasidan chiqdim-u, biroq maqsadga kelganda, Yulduz Rajabova qahramonining ota uyidan chiqib ketadigan sahnasi Karim aka aytganidek biroz cho`zilgan.

— Nazdingizda, filmni tarbiyaviy tomonlari...

K.M.: — Kino tomoshabinni tarbiyalash uchun emas, ular o`zini o`zi tarbiya qiladi. Shu ma`noda filmning tarbiya­viy tomoni qaysi ekanini tomoshabinning o`zi hal qilsin. Men ijodkorman, ijod qildim. Mehnatim muxlislarga yoqsa, o`zimni baxtiyor his qilaman, aksi bo`lsa, bu — mening fojiam.

Yu.R.: — Sevgi borasida aldanib qolish hech gapmas. Shu bois, albatta, ota-ona bilan maslahatlashmay turib, qaror qabul qilishga shoshmaslik lozim. Ota-onani hech qachon norozi qilmaslik kerak!

— Adiz Rajabov qahramoni film so`nggida “Uning aybi sevganida edi, xolos”, deydi. Aslida ham yagona aybi sevib qolganidami?

Yu.R.: — Muhabbati emas, ota­sidan qo`rqib, dilini ochmagani xatosi edi.

A.R.: — Haqiqatda qizning uydan qochib ketishi xato. Nima bo`lgan taqdirda ham, ota-onaning roziligini olish shart! Karim akaning qahramoni film so`nggida “Menda ham yurak bor edi-ku, nega siringni yashirding”, deydi. Rejissyor atay shu fikrni olg`a surgan.

— Bu borada qizlarni ota­si bilan sirdosh bo`lishi tarafdorimisizlar?

Yu.R.: — Nega endi yo`q? To`g`ri, ochiqdan-ochiq aytish mentalitetimizga to`g`ri kelmaydi. Lekin boshqa yo`l bilan dilidagini bildirishi mumkin edi. Qahramonimni o`zboshimchalik bilan uydan qochib ketganini oqlamayman. Shu bois ham Xudoning qahriga uchrab, avtohalokat bilan o`lim topgandir.

A.R.: — Qizlar onasi bilan sirdosh bo`ladi. Shunday ekan, ona orqali etkazish ham mumkin edi. Qizning uydan qochishida aybni Bobur Yo`ldoshevning qahramoni zimmasida qoldirish ham noto`g`ri. Yoshlar filmdagidek vaziyatga tushib qolganida to`g`ri yo`lni tanlashi kerak, degan fikr ilgari surilgan.

A.Sh.: — "Otang o`tirgan uyning tomiga chiqma", degan fikr bejiz aytilmagan. Qizlar dilidagini ochiq aytmaydi, ota ham farzandidan so`rolmaydi. Bu vaziyatda yagona echim — onaga dilni ochish.

— Tomoshabinlardan hozircha iliq fikrlar eshit­yapmiz, dedingiz. Muxlislar qatori san`atshunoslarning ham fikri qiziqmi?

K.M.: — Albatta qiziq!

Yu.R.: — O`z ishining ustalari fikrini eshitishni juda xohlardim.

A.R.: — Hali kinoshunoslarning fikrini eshitmadim.

A.Sh.: — Taq­dimotda kamdan-kam ijodkor tabriklash bilan cheklanmay, xolis fikr aytadi. Birgina rejissyor Mansur Abduxo­li­qov “Hali o`z ustingda ishlashing kerak. Xatolaringni hozir aytmasam, keyin "qotib qolasan", yonimga borsang, fikrlarim bor”, dedi. Ochig`i, Mansur akaning e`tiboridan xursand bo`ldim.

— San`atshunos Shuhrat Rizaevning e`tirozlari o`rinlimi?

A.Sh.: — Yaqinda "O`zbek­kino" Milliy agentligida yig`ilish bo`lganida “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Otabek Musaev “Xususiy filmlarda ham yaxshi ijod qiladigan yoshlar bor”, deya Shuhrat akani “Hamroh”ga taklif qilgandi.

K.M.: — E`tirozlar Shuhrat Rizaevning shaxsiy fikri! Menga film yoqdi, suratga tushdim.

Yu.R.: — Shuhrat aka balki haqdir. Lekin yoshlar taqlid qilmaydi, chunki ota-onani norozi qilish qanday oqibatga olib kelgani filmda ko`rsatilgan-ku! Hatto atrofimda o`tirgan tomoshabinlarning “Mana, ota-onaning ra`yiga qarshi borish kerak emas!” degan fikri qulog`imga chalindi.

A.R.: — Xulosani tomoshabin chiqaradi.

A.Sh.: — E`tibor berilsa, triller janrida hech kim ijod qilmayapti. Ancha sog`inganim va o`zim yaxshi ko`rganim uchun mualliflik va xususiy filmning oltin o`rtaligini topib, shu janrga qo`l urdim. Uzoq yo`lga qatnaydigan haydovchilardan eshitganim — real voqea asosida ssenariy yozdim va film ishladik. Shuhrat aka haq, ustozlar biz yoshlarni yoniga olib, yo`l-yo`riq ko`rsatishi kerak. Tan olaman, Bobur Yo`ldoshev va Yulduzning qahramonlari sevgi sahnasi to`liq yoritilmagan. Boisi qish fasli kelib qolib, u sahnalarni to`liq suratga ololmadik. Voqealar esa Yodgor roli atrofiga qurilgan, u vazifani bajaruvchi. Xorijiy filmlarga taqlid qilinmagan, shunchaki yoshlar tez qabul qiladigan janrda suratga oldim, xolos. Aslida “Film yoqdi”, degan fikrdan qo`rqaman, xolis bo`lmaydi-da, odatda. Shuhrat akadek o`z ishining ustasi fikr­lari bilan to`g`ri yo`l ko`rsatsa, keyingi filmlarimda kamroq xato qila boshlayman va ustoz rejissyorlardek professional darajaga chiqishimga imkon tug`iladi.

Muhimi, rejissyor o`z kamchiliklarini biladi va kelasi ishlarida ularni bartaraf etish niyatida. Shunday ekan, kadr va uning ortida mehnat qilgan ijodiy jamoa mehnatini yo`qqa chiqarish to`g`ri bo`lmas. Zero, har bir xato bu – xulosa chiqarish va bir pog`ona o`sish uchun xizmat qiladigan dars.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: