Главная » Yangiliklar » Muqaddas Sa`dullaeva talabalik, onalik va ijodiy rejalari haqida
Muqaddas Sa`dullaeva talabalik, onalik va ijodiy rejalari haqida

Muqaddas Sa`dullaeva talabalik, onalik va ijodiy rejalari haqida

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Muqaddas Sa`dullaeva talabalik, onalik va ijodiy rejalari haqida
  • Дата релиза: 07-03-18, 22:05
Muqaddas Sa`dullaeva talabalik, onalik va ijodiy rejalari haqida
"Myday" nashri Aktrisa Muqaddas Sa`dullaeva bilan suhbat uyushtirdi. Mashhur san`atkorlar oilasida dunyoga kelish ma`suliyatini doimo his qilib turadigan yosh aktrisa talabalik, onalik va ijodiy rejalari haqida gapirdi.

— Talaba bo`lish qanday ekan? Nimalarni kutgan edingizu, nimalarga duch keldingiz?

— Oson emas. Bu ikkinchi mutaxassisligim. Avval O`zbekiston Milliy Universitetining Psixologiya fakultetini tugatganman. O`zim san`at sohasida faoliyat yuritayotganim sababli O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutiga o`qishga kirdim. To`g`risini aytsam, osonroq bo`ladi deb o`ylagan edim. Lekin, adashgan ekanman. O`z qiyinchiliklari bor ekan.

— Sizningcha Oliy ta`lim olmasdan ham etuk aktyor yoki aktrisa bo`lish mumkinmi? Yoki iqtidorning o`zi kamlik qiladimi?
— Birinchi o`rinda Alloh tomonidan berilgan iqtidor bo`lishi kerak. Lekin baribir o`qish kerak deb hisoblayman. San`atning o`ziga yarasha qonun-qoidalari bor. Agar ta`lim olsa, yanada mukammalroq san`atkor bo`ladi deb hisoblayman. Ammo, oliy ta`lim olmay turib ham etuk san`atkor bo`lgan insonlar talaygina. Shulardan biri aktrisa Sora Eshonto`raeva bo`lib, bu sohada o`qimagan bo`lsalarda, xalq suygan san`atkor bo`lganlar. San`at sohasida menimcha iqtidor birinchi o`rinda turadi.

— Yosh onasiz, ham farzand tarbiyasi, ham suratga olish ishlari, endi talabalik ham qo`shildi. Qanday ulguryapsiz?
— Juda ham qiynalyapman. Suratga olish ishlari, o`qish, orada televideniyada s`yomkalar bo`lib qoladi. Hammasiga ulgurish mushkul. Baxtimga onam bor. Ular qizimga ham ona, ham buvi bo`lib, o`z mehrlarini ayamaydilar. Shuning uchun ko`nglim to`q. Lekin bo`sh vaqt topdim deguncha, farzandim bilan mashg`ul bo`laman.

— Farzand tarbiyasida kim sizga yordam beradi?
— Onam. Yuqorida aytganimdek, baxtimga onam borlar. Qizimni tarbiyalashda yordamlarini ayamaydilar.

— Qizalog`ingiz sizning yo`lingizni davom ettirishni xohlasa unga qarshilik ko`rsatasizmi?
— Qizim ulg`aygach, qaysi sohani tanlasa, uni shu sohaga yo`naltirishga harakat qilaman. Lekin iloji boricha bu san`at sohasi bo`lmasligiga umid qilaman. Yana bilmadim. Agar juda ham san`at sohasida faoliyat yuritishni xohlasa, unga albatta qo`limdan kelgancha yordam beraman. Lekin, ota-onam aytganlaridek, san`at juda murakkab soha. Ayniqsa ayol kishi uchun. O`zim san`atga kirib kelgach bunga yana bir bor amin bo`ldim.
— Qizalog`ingizni tergab turasizmi? Yoki shirin gap bilan tushuntirish tarafdorimisiz?

— Yo`q, hecham urisha olmayman. Doim shirin gapirib, erkalashga harakat qilaman. Onam ba`zida koyib turadilar: «Bitta senda farzand bormi, tergab tur, erka bo`lib ketyapti»,- deb, lekin onam ham meni urishmasdan katta qilganlar. Xudoga shukur erka emasman. Qizim ham erka bo`lmaydi degan umiddaman.
— Mashhur insonlarning farzandi bo`lish sizga ko`proq nima beradi? G`urur hissimi yoki ma`suliyat?

— Katta ma`suliyat yuklaydi. Ota-onamning nomiga dog` tushirmaslik uchun har bir qadamimni o`ylab bosishga harakat qilaman. Ba`zan xohlamagan ravishda xato qilasiz. Beayb Parvardigor. Lekin iloji boricha xato qilmaslikka intilaman.
— Siz yaxshi farzandmisiz yoki yaxshi ona?

— Bu savolga javob berishim mushkul. Menimcha bu savolingizga onam eng to`g`ri javobni bersalar kerak.buni onamdan so`rash kerak, yaxshi farzandmanmi yoki yaxshi ona.

— Aktrisa bo`lmaganingizda qaysi kasbni egallagan bo`lar edingiz?
— Agar aktrisa bo`lmaganimda, balki dugonam Shahzoda Muhammedovaga o`xshab dizayner bo`lardim. O`qituvchilik kasbi ham menga juda yoqadi. O`zimning birinchi egallagan soham, psixologlik ham yaxshi. Balki vaqti kelib aynan shu ish bilan shug`ullanarman.

— Eng yaqin dugonangiz dizayner, bundan foydalangan paytlaringiz bo`lganmi?
— Albatta! Juda ko`p foydalanaman. Lekin juda noqulay men uchun. Chunki Shahzoda menga tikkan liboslari uchun umuman pul olmaydi. Zo`rlab ham berolmayman. Shuning uchun ba`zan o`zimni noqulay his qilaman.

— Bir umr qulog`ingiz ostida jarang sochadigan nasihat?
— Ota-onam doimo kamtar bo`l deyishadi. Vaqti kelib el suygan san`atkor bo`larsan, shunda ham oddiy Muqaddas ekanliging yodingda bo`lsin. Kekkayma, o`zingi birovlardan ustun qo`yma. Shu nasihatlar doimo yodimda.

— Qanday vaziyatda aqlga va qay holda hissiyotga tayanib ish ko`rasiz?
— Ko`pincha hissiyotga tayanib ish tutganim uchun pand egan paytlarim bo`ladi. Juda ishonuvchanman. Aqlim shu ishni qilma deb turgan bo`lsa ham, ko`nglim bo`shlik qilib xato qilgan vaqtlarim bo`ladi.

— Odamlarning gap-so`zlaridan o`zingizni qanday himoya qilasiz? Ko`nglingizga olasizmi yoki odamlar gapiraveradi deb e`tibor bermay o`tib ketasizmi?
— Odamlarning gapini yuragimga yaqin olaman. Qattiq ezilaman. Gapiraveradida deb o`tib ketolmayman. O`zim haqimda salbiy fikr eshitib qolsam, tinmay o`ylayveraman. Qaerda xato qildim, nimaga ularda bunday tushuncha uyg`ondi deb ich-etimni eyman.
— Aslida san`atkor kim uchun yo nima uchun ijod qiladi?

— Xalq uchun, albatta. Har bir ijro etgan rolimiz bir insonning hayotiga yaxshi ta`sir qilsa, biz o`ynagan rol orqali insonlar xatolarini tushunib etsalar yoki o`zlariga kerakli xulosa chiqarsalar, shu bizning yutug`imiz.
— Imkoni bo`lsa vaqtni orqaga qaytargan bo`larmidingiz? Nimaga?

— Menimcha, har bir inson imkon bo`lganda buni xohlagan bo`lar edi. Odam bu dunyoda bilib-bilmay qilgan xatolarini tuzatish uchun vaqtni jon deb ortga qaytargan bo`lar edi.

— Qanday hordiq turini afzal ko`rasiz?
— Juda ham charchagan paytlarim mashinada bir o`zim sayr qilishni xush ko`raman. Ayniqsa yomg`irli havoda o`zimning sevimli taronamni tinglab, shahar aylansam ancha charchog`im chiqadi.
— Ijodiy rejalaringiz?
- So`nggi vaqtlarda ko`plab tarixiy filmlar suratga olinmoqda. Nasib qilsa, meni ham loyiq ko`rishsa, biron bir tarixiy filmda suratga tushishni juda ham xohlayman. Keyinchalik teatrda ham ishlash orzuim bor. Rejalarim juda ko`p.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: