Главная » Futbol yangiliklari » “Real Sosyedad” “Real Madrid”ga qaqshatqich zarba berdi
“Real Sosyedad” “Real Madrid”ga qaqshatqich zarba berdi

“Real Sosyedad” “Real Madrid”ga qaqshatqich zarba berdi

  • Категории: Futbol yangiliklari
  • Название: “Real Sosyedad” “Real Madrid”ga qaqshatqich zarba berdi
  • Дата релиза: 02-09-14, 22:31
“Real Sosyedad” “Real Madrid”ga qaqshatqich zarba berdi

Bundan uch kun avval Rossiyaning “Krasnodar” klubiga 0:3 hisobida yutqazib, Yevropa ligasining guruh bosqichiga chiqa olmagan “Real Sosyedad” La liga doirasida “Real Madrid”ga qaqshatqich zarba berishga muvaffaq bo‘ldi.

 Beshinchi daqiqada burchakdan uzatilgan to‘pni Ramos bosh bilan darvozaga yo‘llab, hisobni ochdi. Besh daqiqadan so‘ng, Serxioning o‘zi jarima zarbasi orqali darvoza to‘sinini nishonga oldi. Oradan yana bir daqiqa o‘tib, Garet Beyl hisobni 2:0 ga yetkazdi.

 Tezkor ikkita gol o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ygandek edi. Biroq “Real Sosyedad” tavakkalchilik qilib, katta kuch bilan oldinga o‘taverdi. Bu vaziyatlarda ularning hujumlaridan ko‘ra “Madrid”ning qarshi hujumlari ancha xavfli bo‘ldi. Anchelotti shogirdlari ulardan foydalanishganida hisob ancha yirik ko‘rinish olardi. Ammo mezbonlar birinchi bo‘limning o‘zidayoq hisobni tenglashtirdi. Dastlab burchak to‘pidan Martines darvozaning bo‘sh qolgan qismini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, qanotdan yetkazib berilgan to‘pni Surutusa bosh bilan darvozaga yo‘lladi. Har ikkala vaziyatda “Real” himoyachilari “uxlab” qoldi.

 Bo‘lim so‘ngida Ramos dubl qayd etishi mumkin edi, biroq omad “Sosyedad” tomonida bo‘ldi. Xames Rodriges jarimadan to‘pni jarima maydonchasiga yetkazib berdi. Mezbon jamoa posboni to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va Serxio Ramos bosh bilan zarba berdi. To‘p darvoza ustuni yonginasidan o‘tib ketdi.

 Ikkinchi bo‘limda mehmonlar asosan himoyada o‘ynab, qarshi harakat qilishlari kutilgandi. “Real Sosyedad” nafaqat qarshi hujumda, balki pozitsion hujumlarda ham “Real”ga “dars” o‘tdi. Ular “tika-taka” uslubida Anchelotti shogirdlarini ancha qiynadi. Mezbonlar “Madrid” himoyasining sust harakatidan foydalanib, ikkinchi bo‘limda ham ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Mezbonlar yarim himoyachisi o‘ng qanotdan Marselodan o‘tib ketdi va to‘pni darvozabon maydonchasiga yaqinlashib kelayotgan Surutusaga yetkazdi. U esa yaqin masofadan Kasilyasni dog‘da qoldirdi. “Real Sosyedad” o‘zining to‘rtinchi golini raqib darvozasiga kiritayotganda butun boshli mudofaa chizig‘i tomoshabin vazifasini o‘tab berdi. To‘p burchakdan darvozabon maydonchasi chizig‘i bo‘ylab uzatildi. To‘pga hech kim teginmadi. Karlos Vela esa to‘pni yelkasi (balki qo‘li) bilan o‘ziga bo‘ysundirib, kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi. Kasilyas va himoyachilar qo‘llarini ko‘targancha qoldi.

 Qolgan daqiqalarda “Real” hujum tashkil qildi. Xamesning zarbasini posbon, Benzemanikini ustun qaytardi.

 Ushbu o‘yin orqali “Real”ning hali yaxshi jismoniy formaga kirmagani ko‘zga tashlandi. Shuningdek, ular imkoniyatlardan foydalanish darajasini ko‘tarishlari lozim. Bu bahsda Ronaldu o‘ynamadi, ammo “Qirollik klubi”ning asosiy muammosi himoya ekani ko‘zga tashlandi.

 “Real Sosyedad” esa Yevropa ligasi guruh bosqichiga chiqa olmadi, mazkur o‘yinning 11-daqiqasida 0:2 hisobida ortda borayotib, kurash uchun o‘zida ruhiy kuch topa oldi va muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Hali bu jamoa ko‘pgina grandlarga boshog‘riq bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas.

Ispaniya La ligasi, 2-tur

“Real Sosyedad” — “Real Madrid”: 4:2 (2:2)

 Gollar: 0:1 – 5 Ramos, 0:2 – 11 Beyl, 1:2 – 35 I.Martines, 2:2 – 41 Surutusa, 3:2 – 65 Surutusa, 4:2 – 75 Vela.

“Real Sosyedad”: Subikarai, Elustondo, Saldua, I.Martines, de la Belya, Bergara, Granero, Surutusa, Kastro (Kanales, 60), Xabi Priyeto (M.Gonsales, 83), Agirreche (Vela, 60).

“Real Madrid”: Kasilyas, Ramos, Karvaxal (Arbeloa, 77), Pepe, Marselo, Isko, Xames, Kroos, Beyl, Modrich (Xedira, 74), Benzema.

 Ogohlantirishlar: Granero (17), Karvaxal (36), Isko (82).

Логин:
Пароль: