Главная » Yangiliklar » Romantik Bunyodbek Saidovning qisqa savollarga javobi

Romantik Bunyodbek Saidovning qisqa savollarga javobi

«Agar omad kelmasa, mashhur bo`lish oson emas» degan gaplarni ko`p eshitamiz. Qahramonimiz Bunyodbek Saidovga mashhurlik tez keldi, deb aytolmaymiz, ammo u omadli! Sal kam 15 yildan buyon ijod qilayotgan xonanda bilan esa qisqa savollarga javob olish orqali yaqinroqdan tanishamiz.

— Nimadan ko`proq afsuslanasiz?

— Maktabda ingliz tilini yaxshi o`zlashtirmaganimdan.

— Bolalaringizning qaysi iltimosini bajara olmayapsiz?

— O`g`lim mashinalarga juda qiziqadi. O`yinchoq mashinalarining yangilarini olib beraman degandim, vaqtim bo`lmayapti.

— Oila qurishdan oldin «Men izlagan ayol shu» degan qarorga kelishingizga nima sabab bo`lgan?

— Rafiqam — xolamning qizi. Uning ovqatlarni shirin tayyorlashini oldindan bilardim. Erkak kishining ko`ngliga oshqozon orqali yo`l topsa bo`ladi, deganlari rostga o`xshaydi, oila qurdik.

— To`yingiz tantanasining videotasvirini ko`rganingizda qaysi kadrlarni qayta va qayta tomosha qilasiz?

— To`g`risini aytsam, to`yimni videotasmada to`liq ko`rmaganman. Qaysidir lavhalarini tomosha qilganman, xolos. Sababi vaqtim yo`qligida bo`lsa kerak.

— Siz uchun iqtisod va san`atni bog`lab turuvchi sabablar?

— Iqtisod yo`nalishi bo`yicha o`qiganman, faoliyatim esa san`at sohasida. Bugungi kunda san`atni iqtisodsiz tasavvur etib bo`lmaydi. Bu bizning sohada pul hamma narsani hal qiladi degan emas, lekin ijod qilish, uni xalqqa taqdim etishning ham o`ziga yarasha xarajatlari bor.

— «Lo`ppi-lo`ppi» qo`shig`ingizning ommalashib ketishiga 3 sabab?

— Mazkur qo`shig`imning bu darajada mashhur bo`lishini o`zim ham kutmagandim. Chunki boshqa qo`shiqlarimga nisbatan, hatto, kamroq e`tibor bilan ishlangandi. Ommalashishining birinchi va eng asosiy sababi bu omad bo`lsa kerak. Ikkinchidan, do`mboq qiz-ayollarimizga qo`shiq so`zlari juda yoqqan. Uchinchidan esa, qo`shiqning birinchi talqini jonli ijrodan yozib olingan edi. Ya`ni uni tadbirlarning birida muxlislar bilan muloqot qilib kuylaganman. Samimiylik bilan ijro etilgani tinglovchiga manzur bo`lgan, nazarimda...

— Ota-onangizdan nima sabab tarsaki eganingizni eslay olasizmi?

— To`g`risini aytsam, yolg`iz o`g`il bo`lganim uchun erka edim. Ammo tantiq yoki gapga kirmaydigan bola bo`lmaganman. Hozirgiga nisbatan a-a-ancha bosiq bola edim.

— Rejissyorlardan kinoga taklif tushsa, bu yo`nalishni qay darajada eplay olaman, deb o`ylaysiz?

— Takliflar bo`lgan. Eplolmasam-chi, degan qo`rquv sabab vaqtim yo`qligini bahona qilib rad javobini berib kelayapman. Xorazmliklar yaxshi bilishadi, o`zimizda suratga olingan bir-ikki filmlarda ko`rinish bergandim. Menimcha, yomon chiqmagan. Ammo butun Respublika ko`radigan kartinalarda suratga tushishdan cho`chiyman.

— Nega poytaxtda ijod qilmaysiz?

— Ota-onam, oilam Xorazmda. Qolaversa, minglab tinglovchilarimni sog`intirib shahri azimga kelishim qiyin.

— Bunyod va Romeoning o`xshash tomonlari bormi?

— Ha, men ham bu mashhur qahramon kabi romantik va muhabbatimga sodiqman!
Aliya suhbatlashdi.
Manba: Darakchi.uz



Новости «Romantik Bunyodbek Saidovning qisqa savollarga javobi»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]