Главная » Yangiliklar » Yulduz Turdieva yosh estrada xonandalari, o`zbek maqomi va oilasi haqida
Yulduz Turdieva yosh estrada xonandalari, o`zbek maqomi va oilasi haqida

Yulduz Turdieva yosh estrada xonandalari, o`zbek maqomi va oilasi haqida

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Yulduz Turdieva yosh estrada xonandalari, o`zbek maqomi va oilasi haqida
  • Дата релиза: 07-02-18, 14:27
Yulduz Turdieva yosh estrada xonandalari, o`zbek maqomi va oilasi haqida
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, maqom va milliy estrada yo`nalishlarida ijod qiluvchi xonanda Yulduz Turdieva bilan "Kunutun" nashri suhbat uyushtirdi. Xonanda ba`zi yosh estrada xonandalari haqida o`z fikrini bildirdi. E`tiboringizga ushbu intervyuni xavola etamiz.

Yulduz Turdieva: 1985 yilning 10 avgustida Buxoro viloyatida tug`ilgan. 2008 yilda O`zbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan. 2007 yilda turmush qurgan va hozirda ikki nafar farzandi bor. 2010 yil «Nihol» mukofotiga sazovor bo`lgan xonandaning ilk musiqiy albomi 2011 yil sotuvga chiqqan. Bundan tashqari, 2004 yilda Yalta shahrida o`tkazilgan «Beshinchi xalqaro yoshlar festivali»da «Eng yaxshi ovoz sohibasi» mukofotini, 2009 yil Ozarbayjonda o`tkazilgan Baynalxalq mug`om festivali birinchi mukofotini qo`lga kiritgan. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist.
— Bilamiz, yaqinda Ozarbayjonga tashrif buyurdingiz. Ularning televideniesida bo`lib, ko`rsatuvlarida ishtirok etdingiz. Shular xususida gapirsangiz.
— Ozarbayjonga borishimizga ijtimoiy tarmoqlardagi takliflar sabab bo`ldi. Ozarbayjonning Xezer TV, Arb TV kanallarida mehmon bo`lib, ko`rsatuvlarida qatnashdik. U erda asosan maqomlar aytiladi, albatta jonli ijroda. Bu kanallardagi ishtirokimdan so`ng boshqa kanallardan ham takliflar bo`ldi. Bu degani – biz e`tibordamiz.
— Eshitishimizcha, o`zbek maqomini ayta olgan xonanda, boshqa millatlarning ham maqomini bemalol kuylashi mumkin ekan. Sizningcha, bu qarashlar qanchalik to`g`ri?
— Bu, albatta, to`g`ri fikr. Chunki maqom kuylayotgan xonandaning ovozi har tomonlama mukammal shakllangan bo`ladi. Boshqa millat qo`shiqlarini ayta olmayman-u, lekin har qanday estrada qo`shiqlarini ijro etishim mumkin. Ustozlarimda ham kuzatganman, maqomni aytgan san`atkor bemalol boshqa davlat qo`shiqlarini ham ayta oladi.
— Intervyularingizning birida maqomni ko`pincha yoshi ulug`lar tinglaydi, yoshlarda esa katta ashulaga ehtiyoj kam, degansiz. Aytingchi, nega yosh avlod maqomni tinglamaydi, balki tushunmas?
— Yoshlar birinchi navbatda estarada qo`shiqlarini sevib tinglayotgani, bunday taronalarning, radio, televidenielarda ko`p jarang sochishidan. Milliy qo`shiqchilik san`atimizga oid tushunchalarni bolalarga bog`cha yoshidanoq o`rgatish lozim. Mana Davlatimiz rahbari tomonidan maqomni rivojlantirish borasida turli qarorlar qabul qilinyapti. Ustozlarimiz ham bunga alohida e`tibor qaratmoqda. Bu sa`y-harakatlar natijasida ishonamanki, yaqin kelajakda maqom san`ati o`z mavqeini qayta tiklaydi.

— Bugun ko`pchilik o`zini estrada yo`nalishiga urmoqda. Balki tezroq «yulduz» bo`lishga intilishar. Balki mumtoz qo`shiqlarni tushunmas.
— Ko`pchilikning estradaga o`zini urishiga asosiy sabab — bu xalq. Chunki ularning ehtiyoji bor shunga. Masalan, to`ylarga borib, o`zimizning asl milliy taronalarimizdan ijro etamiz. Lekin birov davraga chiqib o`ynamaydi yoki miriqib tinglamaydi. Agar boshqa davlat kuylaridan foydalanib aytilgan qo`shiqlar bo`lsa, butun xalq raqsga tushishini kuzatish mumkin. Bundan keyin ular majbur bo`lmoqda, estrada yo`nalishida ijod qilishga. Lekin mashhur bo`lish uchun, qanday qo`shiq to`g`ri kelsa, shuni aytayotganlar ham bor.
— Bizningcha, o`zbek estradasida tobora baqiroq ovozlar ko`payib bormoqda. Qo`shiq matnini gapirmasa ham bo`ladi. Bu borada fikringiz.
— Bu kabi ovozlarning urchiyotganiga sabab – ustoz ko`rmaganlikdir. Hamma o`zicha bor ovozida kuylamoqda. Studiyalarda qanday mutaxassislar faoliyat ko`rsatmoqda?! Xonanda har bir qo`shiqni ijro etishdan avval, albatta, ustozlar bilan maslahatlashishi kerak. Vaholanki, yaxshi shoirlarimiz bor. Matnlarni ko`rsatish kerak.
— Ko`proq qaysi shoirlar bilan hamkorlik qilasiz?
— Ko`proq Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Oripov, Iqbol Mirzo, Muhammad Yusuflar ijodidan foydalanaman.

«Baqiroq ovozlar paydo bo`layotganining asosiy sababi — ustoz ko`rmaganlikdir»
— Ustoz-shogird an`analari xususida fikringiz?
— Bu an`analarni ochig`i, juda qadrlayman. Chunki kimdir o`zida bor ilmni boshqalarga ulashsa, yuksalish, o`sish bo`ladi. Men yoshman, farzandlarim ham yosh. O`zim hali shogirdman. Lekin shogird etishtirish ham katta baxt, deb bilaman.

— Bugun ko`p eshityapmiz. San`atkorlar kitob o`qishga vaqti yo`qligini, aytmoqda. Sizningcha, kitob mutolaasiga vaqt topish muhimmi yoki xohish? Mutolaa xonanda uchun qanday ahamiyatga ega?
— To`g`ri aytyapsiz. Kitob o`qishga vaqt yo`qligini aytamiz, lekin inson yurgan yo`lida ham ozgina bo`lsa-da mutolaa qilsa bo`ladi. Bu albatta insonning xohishiga bog`liq. Ko`p kitob o`qigan insonlarning dunyoqarashi keng bo`ladi, fikrlarini tinglab mazza qilasiz. Bunday insonlar bilan ko`p suhbat qurganman. Lekin bunday vaziyatda bir jumla so`z aytishga-da iymanasiz. Chunki gapingizning ma`nosiz chiqib qolishidan qo`rqish hissi bo`ladi. Otam kitob shaydosi, ko`p o`qiydilar. Biznikiga kelib, har safar kitob javonidan bir talay kitob olib ketadilar. Ishonsangiz, bir kunda bitta kitobni bemalol o`qib tugatadilar. Keyin kitob mutolaasi orqali xotirani mustahkamlash ham mumkin. Buning isbotini otamda ko`ryapman.

— Hozirda ko`p kuzatilyapti: bir kunda qo`shiqchi aktyorga, aktyor qo`shiqchiga aylanib qolyapti. Tomoshabin ham hayron: bu kim o`zi? O`z qirralarini namoyon qilish, ba`zan yaxshi albatta. Lekin bir ish boshini tutib, o`shani qoyillatgan ma`qul emasmikan? Bu haqda fikringiz?
— Fikringizga qo`shilaman. O`zim ham bugun kim xonanda-yu kim aktyor, farqiga bormayapman. Bir qaraysiz, aktyor qo`shiq aytayotgan bo`ladi, xonanda esa kinoda rol ijro etadi. Ko`rganman, kimlargadir bu narsa juda yarashadi. Chunki bu iste`dod ularga berilgan. Balki ikki sohada ham tahsil olgan bo`lishi mumkin. Iste`dodi bormi marhamat. Lekin o`zini majburlash kerak emas. Undan ko`ra, o`z sohasining etuk mutaxassisi bo`lib, mamlakat rivojiga hissa qo`shsin.

— To`g`risi, bugun oila tushunchasining qadriga etmay, mas`uliyatni his etmaslik sababmi, ajralishlar soni ko`p. Bu xattoki, san`atkorlar orasida ham uchramoqda. Namunali oila bekasi sifatida fikringiz qiziq. Mustahkam oila bunyod bo`lishi uchun nimalarga ahamiyat qaratish kerak?
— Albatta bu bugun dolzarb muammo bo`lib kelyapti. Ayniqsa, ajralishlar yoshlar orasida ko`p. Bunga sabab ularning sabrsizligi, qaynonaning birgina gapini tushunmaslik, tezda arazlash. Oddiy sabablar orqali yuzaga kelyapti-da. Keyin yigit-qizlar juda erta turmush qurmoqda. Hali hayotni, oilani tushunmasdan turmush qurish har doim ham yaxshi natija beravermaydi. Er-xotin bir-birini qo`llab-quvvatlashi ham muhim. To`g`ri, boshiga bir-biriga o`rganish, yangi oilaga ko`nikish qiyin kechar, shunda ayniqsa ayol sabrli bo`lishi kerak. Farzandlar tug`ilganidan keyin esa oila o`z-o`zidan mustahkamlanib boradi.
— Bilamiz, bugungi muvaffaqiyatlarga turmush o`rtog`ingiz bilan birgalikda erishgansiz. Oson bo`lmagani aniq...
— Albatta, bugungi muvaffaqiyatlarning barchasini turmush o`rtog`im bilan birgalikda qo`lga kiritdik. Oson bo`lmadi. Chunki ko`proq xalq xizmatidamiz, turli vaziyatlarga duch kelamiz. Oramizda ishonch bor. Har doim ularga quloq tutaman, maslahatlashamiz.
— Farzandlar tarbiyasiga kelsak. Ikki o`g`lingiz bor. Nazdimizda, qiz boladan ko`ra, o`g`il bola tarbiyasi murakkab, shunday emasmi?
— Albatta, o`g`il bola tarbiyasi mushkul. Qattiqqo`llikni talab qiladi. Mehroj va Siroj — ikki nafar o`g`lim bor. Ikkalasi ham maktabda o`qiydi. Darsdan so`ng ko`proq mashg`ulotlar bilan band bo`lishadi. Shukur, qaynona-qaynotamning maslahatlari bilan ularni ulg`aytiryapmiz.

— Tashqi tomondan qaraganda, juda ta`sirchan ko`rinasiz. Bunday kishilar, biror yomon voqeaga duch kelsayam, uni yoddan chiqarishlari mushkul. Lekin bu doim ham yaxshi natija bermaydi...
— Haqiqatdan juda ta`sirchanman. Lekin endilikda, hayotiy tajribamdan kelib chiqib, har qanday narsaga ham e`tibor qilish kerakmas, deb hisoblayman. Avvallari, ta`sirchanligim sabab, ko`p narsalarni boy berganman. Hozir e`tibor qilmay qo`yganman.
— «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida turk xonandasi Rafet El Roman bilan muloqotda bo`ldingiz. Festival va Rafet haqidagi taassurotlar bilan o`rtoqlashsangiz.
— Rafet El Romanning ijodi menga juda yoqadi. Ijro yo`nalishi o`zgacha. Turk xonandalari ijrosini tinglaganmiz, lekin uning talqini boshqacha. Ko`rishganimizda uning sodda, kamtar inson ekanligining guvohi bo`ldim. Festival ochilishida buxorocha qo`shiqlar ijro etdim. Bundan juda xursandman.

— Hayotda ko`proq qaysi so`zdan foydalanasiz?
— Shukronalik. Shukur qilish.

— Qanday vaziyatlarda yolg`onni kechirishingiz mumkin?
— Foyda keltiradigan, yaxshilik uchun ishlatilgan yolg`onni kechirishim mumkin.

— E`tiborni yaxshi ko`rasizmi?
— Albatta.

— Haqiqiy do`st qanday sifatlar egasi bo`lishi darkor?
— Eng yaqin do`stlar bu oila. Ota-ona, opa-singil, aka-uka. To`g`ri, hayotda insonning boshqa do`stlari ham bo`ladi. Eng muhimi, yaqiningizga nima ilinsangiz, unga nima tilasangiz do`stingiz uchun ham shuni istasangiz, bu haqiqiy do`stlik bo`ladi.

— Baxt siz uchun nima? Bir jumla bilan izohlang.
— Ota-onamning sog`-salomatligi, oilam tinchligi.

— Pul va obro`. Bu tushunchalarning bir-biriga o`xshash jihati nimada?
— Pul va obro`. Menimcha bular bir-biriga qarama-qarshi tushunchalar. Inson misqollab yiqqan obro`sini, birgina amali bilan zumda yo`qotishi mumkin. Pul insonga kerak. Nega kerak? Yaxshi yashash uchun. Agar u halollik evaziga topilgan bo`lsa. Me`yoridan ortiq pul yaxshilikka ham olib kelmaydi.

— Sabr sizga tasanno aytadimi? Yoki tezda unga engilasizmi?
— Hayotda sabr juda kerak. Sabr bo`lsa, tinch, yaxshi yashash mumkin.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: