Главная » Статьи » Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar

Astma – bir umrlik tashxis emas!

Bronxial astma – bronxlarning allergik yoki infeksion sabablarga ko`ra yallig`lanishi kasalligi hisoblanadi. Surunkali xastalik potogenezida bronx shilliq qavatlarining shishishi, bronxlar shilliq ishlab chiqarishining kuchayishi va bronx devorlarining torayishi kabi holatlarni ko`rish mumkin. Kasallik o`z vaqtida muolaja qilinmasa, astma xurujlari kelib chiqadi. Xo`sh, bronxlar yallig`lanishidan qanday himoyalanish mumkin? Bugun shu haqida.

Mutaxassis: Fotima Yuldasheva, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor

ATROFIMIZ TO`LA ALLERGENLAR?!

Bronxial astma yuzaga kelishining asosiy sabablaridan biri allergenlar hisoblanadi. Allergenlar to`rt asosiy guruhga bo`linadi, bular: oziq – ovqat, uy - ro`zg`or (uy changi kanasi, u asosan par yostiqlar, yumshoq ko`rpachalar, xullas chang yig`iladigan barcha anjomlarda “yashaydi”), epidermal allergenlar (uy hayvonlarining yungi va ularning hayot faoliyati jarayonidagi mahsulotlari), o`simlik allergenlari (o`tlar, butalar, daraxt gullari changlari) dir.

Sovuq havo, virusli infeksiya, jismoniy zo`riqish, ruhiy tushkunlik, o`tkir hidlar – bular allergen hisoblanmaydi. Ammo shunday bo`lsa-da, ular astma hurujini keltirib chiqarishi mumkin.

Bronxial astma bilan og`rigan bemorda sezgirlik kuchli bo`ladi. Hatto oddiy ko`ringan kir yuvish kukunidan foydalanish ham astma xurujining kelib chiqishi uchun etarli asos bo`ladi.

Xastalik kelib chiqish sabablari orasida nasliy moyillik ham bor. Xususan, atopik, ya`ni allergik bronxial astmada irsiy omillar birinchi o`rinda turadi. Ota-onaning birida astma mavjud bo`lsa, tug`ilajak farzandda xastalikning ehtimoliy darajasi 20-30 foizni tashkil etadi. Bordi-yu, ota-onaning ikkisi ham astma bilan kasallangan bo`lsa, nasl surish ehtimoli 75 foizni ko`rsatadi.

“NAFAS OLIShGA QIYNALYaPMAN...”

Odatda, bronxial astmaga chalingan bemor nafas siqilishi, hushtaksimon tarzda nafas olish, ko`krak ustida og`irlik, yo`taldan bezovta bo`ladi. Bronx yo`llari shishadi va bronxlar shilliq qavati (ichki qismi) shishishi tufayli nafas og`irlashadi. Kasallik mavsum o`zgarishlarida ayniqsa avj oladi. Xususan, allergenlar ta`siri faollashgan bahor va kuz oylarida astma xurujlari ko`payadi.

Bronxial astmada bemor nafas chiqarishga qiynaladi. Xuruj yo`tal tutishi bilan birgalikda kelib, bronxlar ichki yuzasini qoplab turgan balg`am chiqarib tashlangach, bemor ahvoli engillashishi mumkin. Kasallik xurujida o`pka alveolalarida gazlar almashinuvi keskin susayadi. Bu esa organizmning kuchsizlanishi va taxikardiya (yurak tez urib ketishi) ni keltirib chiqarishi ehtimoli bor.

Shuni unutmangki, jismoniy zo`riqish, sovuq havo, infeksiyali kasalliklar kasallik zo`rayishiga olib keluvchi omillar sanaladi.

“BOLAJONIM BRONXIT BO`LDI...”

Sun`iy ovqatlantirish, irsiy moyillik, onaning noto`g`ri taomlanishi yoki boladagi yuqori nafas yo`llarining surunkali allergik kasallanishi – go`daklarda bronxial astmani keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, diatez, quloq orqasi terisining bichilishi – chaqaloqda allergiyaga moyillik mavjudligini anglatishi mumkin.

Bir yoshdan oshgan bolalarda esa zamburug`lar yoxud atrof-muhitdagi allergenlar ta`sirida kasallik alomatlari paydo bo`ladi. Allergik reaksiyaga sezgir bolalar odatda burun bitishi, tomoq qichishishi (yo`tal), aksirish va burundan rangsiz ajralma kelishidan bezovta bo`lishadi. Bu boladagi allergik kasalliklar belgisi bo`lishi mumkin. Agar ota-ona farzandidagi o`zgarishlarga diqqat qilsa, astmaning oldini olish mumkin. Bordi-yu, yo`tal xurujlari faollashib, tunda ham kuzatilsa, allergolog shifokor ko`rigi shart.

QANDAY TEKShIRUVLAR O`TKAZILADI?

Shifokor kasallikka tashxis qo`yishda, bemor bilan suhbatlashib anamnez yig`adi. Oila a`zolarida allergiya bor-yo`qligi, mehnat faoliyati turi, surunkali kasalliklar – barchasi to`liq o`rganiladi. Mutaxassis burun va o`pka rentgenini o`tkazishi mumkin. Shuningdek, tashqi nafas funksiyasini aniqlashga doir tekshiruv ham bajariladi. Tibbiy xulosa xastalikka aniq tashxis qo`yish hamda kerakli davo choralarini belgilash uchun xizmat qiladi.

OLDINI OLISh MUMKIN!

Birinchi navbatda allergenlar miqdorini kamaytirish yoki imkon qadar ular bilan
“uchrashib” qolishdan ehtiyot bo`lish kerak. Uy sharoitida har kuni ho`l latta bilan chang artish, xonani shamollatish, o`zida chang yig`uvchi jihozlar (yumshoq mebel, gilam) ni xonadan chiqarib tashlash, kitob saqlanadigan jovonlarni oyna bilan to`sish lozim. Supurish, chang artish kabi yumushlar astma bilan xastalangan kishilar uchun tavsiya etilmaydi. Mabodo buning iloji bo`lmasa, niqob bilan nafas yo`llari to`silishi darkor. Uy tozalashda zamonaviy, suv bug`ida ishlaydigan changyutgichlardan foydalangan ma`qul.

Uy hayvonlari yungi, qazg`og`iga allergiya kuzatilganida, jonivorlarni xonadonda saqlamaslik tavsiya etiladi. Bronxial astmani keltirib chiqaruvchi allergenlar turi vaqt o`tishi bilan kengayib boradi. Misol uchun, hayvon yungiga allergiyasi bor bemorda keyinchalik uy changiga allergiya paydo bo`lishi mumkin. Yoki aksincha.

O`simlik changlariga allergiya mavjud bo`lgan hollarda o`simliklarning gullash davrini bilib qo`ygan ma`qul.

Oziq-ovqat mahsulotlariga allergiya kuzatilganida esa asosiy shart – parhezga rioya etishdir. Shu bilan birga oshqozon – ichak tizimi kasalliklarini o`z vaqtida davolash, disbakteriozga yo`l qo`ymaslik lozim.

Astma kasali bo`lgan bemor hamisha allergenlar qurshovida bo`ladi. Oddiy misol – uy changidan butunlay xalos bo`lish imkonsiz. Shu bois bemor bronxlarini himoya qila bilishi kerak. Buning uchun yuqori samarali maxsus dorilar ishlab chiqilgan bo`lib, ular bronx devorlari yallig`lanishini pasaytirib turadi.
Manba: Darakchi.uz
Категория: Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar | Добавил: Админ (07 Апр 2018)
Просмотров:   | Комментарии: 0 | Теги: Astma – bir umrlik tashxis emas! | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]