Главная » Статьи » Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar

Fitnes-murabbiydan 5 savolga 5 javob

Tahririyatimizga qo`ng`iroq qilgan ayollar, ko`pincha, tajribali fitnes murabbiydan o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish niyatida ekanliklarini aytishadi. Bugun ana shunday savollarni jamlab, mutaxassisga yo`lladik va kerakli javoblarni oldik.

Barno Karimova, sog`lomlashtirish-jismoniy tarbiya murabbiyi.

«HARAKAT QILYaPMAN-U, OZMAYoTGANDEKMAN...»

— Fitnes mashg`ulotlariga qatnay boshlaganimga endi ikki hafta bo`ldi. Natijasini qachon sezaman? Hozircha hech bir o`zgarish yo`qdek...

Matluba Jo`raeva, Andijon viloyati.

— Mashg`ulotlarga qatnashga ahd qilgan ekansiz, avvalo, bundan maqsad nima ekanligini o`zingiz uchun aniqlab oling: qomatingizdagi kamchiliklarni tuzatmoqchimisiz, mushak hajmini o`stirmoqchimisiz, jismonan baquvvat bo`lmoqchimisiz yoki shunchaki sog`lom bo`lish uchun qatnayapsizmi? Tezroq ozib ketsam edi, deyish o`rniga qancha kilogrammdan xalos bo`lish, qomatingizdagi muammoli joylar ustida ishlash haqida o`ylang. Yana sabrli bo`lishni o`rganishingiz kerak. Ikki-uch mashqning o`zidayoq mo``jiza kutish u qadar to`g`ri emas.

«OYoG`IM OG`RIB QOLDI...»

— Mashq paytida oyog`im mushaklari jarohatlandi. Oradan ikki hafta o`tsa ham og`riq to`xtamayapti. Buni qanday tuzatish mumkin?

Ra`no Shomirzaeva, Yakkabog` tumani.

–Imkon qadar og`riyotgan oyoqni asrang. Hozircha kamroq yayov yuring, ish paytida siqib turadigan poyabzalni echib qo`yganingiz ma`qul. Kechqurunlari uyqu oldidan vanna qabul qiling: tog`oraga issiq suv quyib, dengiz tuzidan bir siqim qo`shing-da, 15-20 daqiqa oyog`ingizni solib o`tiring. Tuzli suv mushaklarni anchagina bo`shashtiradi. Vannadan keyin o`simlik yog`i bilan uqalang. Moyli uqalash jarohatlangan to`qimalar tiklanishini tezlashtiradi. Bir hafta, o`n kun shunday muolaja qilsangiz, og`riqdan asar ham qolmaydi.

«MAShG`ULOTLARNI TO`XTATMOQChIMAN»

— Ikki-uch yildan beri uyda ritmik mashqlar bilan shug`ullanaman. Lekin keyingi paytda mashq desa yuragim bezillaydigan bo`lib qoldi. Erinyapman. Nima qilsam ekan, vaqtincha shug`ullanmay turganim ma`qulmikin?

Mohina Aslanova,Toshkent shahri.

– Jismoniy faollik vaznni kamaytirib, kayfiyatga ijobiy ta`sir ko`rsatishi bilan birga mushaklar ishini, hazm a`zolari, immun tizim faoliyatini yaxshilaydi, organizmda moddalar almashinuvini faollashtiradi. Shuning uchun doimiy shug`ullanib yurgan bo`lsangiz, bundan keyin ham davom ettirganingiz ma`qul: organizm bunga anchagina ko`nikib qolgan. Agar mashqlardan zerikkan bo`lsangiz, bir hafta, o`n kun dam oling-da, so`ng fitnes-zalga boring. U erda guruh-guruh bo`lib shug`ullanasiz va mashg`ulot jarayoni zerikarli tuyilmaydi. Sheriklaringizning faolligi, harakatchanligi sizni ham ortda qolmaslikka undaydi, kuchingizga kuch qo`shadi. Bundan tashqari, fitnes-zalda murabbiy sizning har bir xatti-harakatingizni nazorat qilib turadi. Bu bilan mashqlarni to`g`ri, o`z o`rnida bajarib, kutilgan natijaga erishasiz.

«QOMATIMIZ QO`POL TUS OLIB KETSA-Ya!..»

— Biz, uch ovsin fitnesga qatnayapmiz. Lekin o`ylab qoldik: jismoniy mashqlar bilan doimiy shug`ullanish qomatni buzmaydimi? Mushaklari o`sib, tashqi ko`rinishi qo`pollashgan sportchi qizlardek bo`lishni xohlamasdik, harholda.

Dilafro`z Tolipova, Toshkent shahri.

– Xotirjam bo`lishingiz mumkin, mashqlar natijasida mushaklar avvalgidan kuchliroq bo`lishi bor gap, lekin hech qachon shishib, bo`rtib qolmaydi. Yillar davomida doimiy shug`ullanish ayolning qomatini buzadi, degan gap asossiz. Chunki ayol organizmida mushak hajmini o`stiruvchi testosteron gormoni juda ham kam bo`ladi. Sportchi qiz – ayollar esa deyarli yuz foiz holatda mushak hajmini maxsus parhez va murakkab mashqlar yordamida o`stirishadi. Siz shug`ullanayotgan engil mashqlar hech qachon mushak kattalashishiga olib kelmaydi.

«Parhez qilgach, mashq nega kerak?»

—Men parhez yordamida bemalol ozishim mumkin. Shunday ekan, jismoniy mashqlar nima uchun kerak, bizga?

Muhabbat Yo`lchieva, Qo`qon shahri.

— Parhez paytida organizm yog`lar bilan birga mushak massasini ham yo`qotadi. Natijada moddalar almashinuvi sustlashib, yana qaytadan vazn yig`ishga olib keladi. Ko`p hollarda parhezni to`xtatgach, avvalgidan ham semirib ketganlar fikrimga misol bo`la oladi. Yana bir muhim jihat bor bor: qat`iy parhez paytida organizm kerakli ozuqa moddalarni qabul qila olmaydi. Shuning uchun ham to`g`ri ovqatlanish bilan bir vaqtda jismoniy mashqlarni bajarish zarur. Aks holda salomatlikka putur etishi mumkin.

Tajribali murabbiy siz uchun individual tarzda mashg`ulotlar va to`g`ri ovqatlanish rasionini tuzib berishi kerak. Uning tavsiyalariga, ayniqsa, boshida ikki oy qat`iy amal qilsangiz natijasi seziladi.

Muborak ANVAROVA tayyorladi
Manba: Darakchi.uz
Категория: Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar | Добавил: Админ (07 Фев 2018)
Просмотров:   | Комментарии: 0 | Теги: Fitnes-murabbiydan 5 savolga 5 javo | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]