Главная » Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar » Hasad qilmaydigan kishilar hammadan uzoq umr ko`radi

Hasad qilmaydigan kishilar hammadan uzoq umr ko`radi

Nikolay Amosov ­ mashhur jarroh, yurakshunos olim edi. U butun ilmiy faoliyatini yurak sirlarini o`rganishga bag`ishlagan. Ovozasi olamni tutgan bu g`aroyib inson bundan bir necha yillar muqaddam xorij jurnallaridan biriga intervyu beradi va bu suhbat shov-shuvga aylanadi. Unda olim inson umri uchun o`ta muhim narsalar haqida mulohaza bildirgan.

O`qiymiz:
“Qarilik degani nima? Avvalo, bu irsiy hujayralarda belgilab qo`yilgan tabiiy bir holatdir. Har qanday tirik vujudda ham dastlabki o`sish va rivojlanish, ko`payish jarayonlari kechadi. Ko`payish dasturi nihoyasiga etgach (asosan qirq yoshga qadar), inson endi tabiat uchun, o`z biologik turini davom ettirish uchun ortiq kerak bo`lmay qoladi. Shundan so`ng qarish jarayoni o`z yo`li bilan tezroq yoki sekinroq kechaveradi, bu endi odamning o`ziga ato qilingan energiyani qay tariqa sarflanishiga bog`liq.

Hayron bo`lmang, bizning har birimizga o`lchab berilgan energiya zaxirasi bor! Shu zaxirani sarf qilib bo`ldingizmi ­ tamom, bu dunyo bilan xayrlashavering! Bu faraz sof nazariy mazmunga ega, agar har qanday jonzot tug`ilgan kunidan boshlab shu energiyani iqtisod qilsa, umri o`rtacha 30-40 foiz uzayadi.

Qarilikning ikkinchi sababi ­ jigarda, buyrakda, miya va boshqa a`zolarda turmush muammolari tufayli turli xil asoratlar to`palanib qolishidadir. Bunda tashqi muhit, bema`ni hayot tarzi ham ta`sirini o`tkazadi. Va shu tariqa odam asta-sekin safdan chiqib qola boshlaydi... Nihoyat, jismoniy zalvor kamayadi, mashqiy ko`nikmalarning buzilishi kuchayadi. Bu ­ qarilikning uchinchi sababi. Men ayni shu holat bilan kurashmoqqa qaror qildim.
Buning uchun har kuni ertalab uch kilometr masofaga yugurar edim. Gimnastik mashqlarga kelsak, har bir mashqdagi harakatlar soni to`rt baravar oshirildi. Hozir men to`rt ming harakat bajaraman, shundan uch mingtasini gantel bilan ado etaman. Gantellarning ikkitasi besh kilogrammdan, bittasi o`n kilogrammdan iborat. Bundan tashqari, muntazam ravishda tosh ko`tarish mashqlari bilan ham shug`ullanaman. Umumiy hisob bilan aytganda, kuniga uch-to`rt soat tosh ko`tarish mashqlari bilan band bo`laman. Qariya odamga bundan boshqa qanday ish ham bo`lsin? Badantarbiyadan so`ng albatta sovuq vannaga tushib yuvinaman. Ilgarilari bundan qo`rqardim. Qarangki, qarilik tuyg`usi yo`q bo`ldi, nafas olgandagi hansirab entikishlar ham barham topdi. Yana avvalgidek bir oyoqda turishga o`rgandim. Bo`lmasa, shimimni o`tirmasdan kiya olmas edim. Xotira, eslash qobiliyatiga kelsak, u men o`ylagandek yaxshilangani yo`q. Lekin qon aylanish kuchaydi, buni har yarim yilda tekshirtirib turaman.

“Bemuhlat tajribalarim” davom etgan shu ikki yil mobaynida kasalga chalinmadim. So`nggi yillarda paydo bo`lgan stenokardiya belgilari g`oyib bo`ldi. Hattoki eski “dushmanim” ­ umurtqa pog`onasi ham bezovta qilmay turibdi. Xullas, o`zimni butunlay sog`lom sezmoqdaman. Eng muhim o`zgarish shundan iboratki, vujudimda jismoniy bardamlik tuyg`usini his qilib turibman.

Tabiiyki, haddan tashqari kuch-quvvat talab qiladigan bunday mashqlarni bajarish uchun qay tariqa ovqatlanish kerak, degan savol tug`iladi. Keksalikning yana bir chatoq tomoni shundaki, organizmdagi sentiz sur`ati susayib, parchalanish sur`ati o`zgarishsiz qoladi. Binobarin, keksa odam zarur miqdordagi oqsilning parchalanishiga erishmoq uchun yosh odamga nisbatan ko`proq jismoniy harakat bilan band bo`lmog`i lozim. Shuning uchun men ovqatlanish rejimini vaznimni qat`iy nazorat qilib borish asosida tashkil etganman. Tamaddi qiladigan emaklarim ham oddiy. Asosiysi, ovqatning kaloriyasi kam bo`lib, meva-sabzavotlar ko`proq bo`lishi kerak. Chunki ularda vitamin, mikroelementlar, ya`ni organizm nima bilan tirik bo`lsa, shu narsalarning barchasi mavjud. Men kuniga taxminan 300 gramm xom sabzavot mahsulotlari va 100-200 gramm olma tanovvul qilaman. Nonni ishtaha bilan eyman. Nonushtaga yarim litrli krujkada sutli qahva yoki kakao ichaman. Sariyog`, smetana iste`mol qilmayman. Sabzavotlarga o`simlik moyini xotinim juda kam miqdorda soladi. Go`shtdan ham o`zimni tiyaman. Ertalab bir dona kotlet, kechqurun bir parrak kolbasa menga kifoya.

Bundan tashqari, umrning uzun-qisqaligi insonning fe`l-atvoriga ham bog`liq. Birovga hasad qilmaydigan kishilar hammadan uzoq umr ko`radi. Yon-atrofidagilarga xushmuomalada bo`ladigan oqko`ngil odamlarning ham umri daroz bo`ladi.”

"Xalq so`zi" nashridan olindi.
Manba: Darakchi.uz



«Hasad qilmaydigan kishilar hammadan uzoq umr ko`radi»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]