Ilonning zahri chindan shifomi…

Ilonning zahri chindan shifomi…

Ilonning zahri chindan shifomi…
Siz qadahsimon idish yoki aso tagidan o'ralib chiqib, unga zahar to'kayotgan ilon tasvirini ko'rganmisiz? Ushbu timsol qachon paydo bo'lgani, buning uchun nega aynan ilon, jomli qadah tanlangani, ularning tibbiyotga nechog'li daxli borligi haqida hech o'ylaganmisiz?

Manbalarning darak berishicha, ilon tibbiyotchilarga hamroh bo'lganiga ko'p asrlar bo'lgan. Xususan, afsonaviy yunon shifokori Eskulap tasviriy san'at asarlarida doim ilon bilan birga aks ettirilgan. Negaki ilonlar tufayli u buyuk hakim degan maqomga erishgan. U haqda shunday afsona bor: Qadim zamonda taniqli shifokor deya e'tirof etilgan Eskulapni qirol Minos vafot etgan o'g'lini tiriltirib berishi uchun saroyga chaqiribdi. Hakim hassaga suyanib yo'lda kelayotgan ekan, unga bir zaharli ilon o'rmalab chiqa boshlabdi. Qo'rqib ketganidan uni hassasi bilan urib o'ldiribdi. Shu payt og'zida qandaydir o'simlikni ushlagan yana bir ilon paydo bo'libdi. Bu giyohni o'lik ilonga tekkizgan ekan, u tirilibdi. Buyuk shifokor xuddi shunday o'simlikni topib qirol Minosning o'g'lini ham hayotga qaytargan ekan. Ilon tibbiyot timsoliga aylanishiga ushbu rivoyat sababchi bo'lgandir, ehtimol. Ayrim tadqiqotchilar esa insonlarning ilondan qo'rqishi yoki odamlar ilon bilan kasallikni qo'rqitishga intilishi bu jonzot tibbiyot ramziga aylanishiga asos bo'lgan, deyishadi.

Tibbiyot ramzi sifatida dastlabki ilon va qadah tasvirlari eramizdan avvalgi 800-600 yillarda paydo bo'lgan. Ya'ni salomatlik xudosi Geya qadimda o'ng qo'lida ilon, chap qo'lida qadah bilan tasvirlangan.

Qadahga o'ralgan ilon ramzini tibbiyotga ramz sifatida qabul qilishni XVI asrda taniqli shifokor Paratsels taklif qilgan.

QAYSI
JONIVORLAR ZAHARLI?

Sayyoramizda hayot kechiruvchi yuz mingdan ortiq jonivorlarda zahar ishlab chiqarish xususiyati va uni saqlash uchun maxsus bezlar mavjud. Bular: ilonlar, chayonlar, o'rgimchaklar, bir necha xil kaltakesaklar, asalarilar, sakkizoyoqlar, turli baliqlar, konussimon shilliqqurtlar va meduzalardir. Hatto ba'zi bir sut emizuvchilar ham zaharli bo'lishi mumkin. Masalan, o'rdakburun modasining tepkisida urug'lanish davrida zahar ajralib chiqar ekan. Albatta, har qanday zahar ham halokatli ta'sirga ega emas. Misol uchun, asalarilar zahardan himoya vositasi o'rnida foydalanadi. Ammo ular chaqqanda odam yoki jonivor emas, asalarining o'zi halok bo'ladi.

Shifo maqsadida eng kuchsiz deb hisoblangan asalari zahridan ham o'zboshimchalik bilan foydalanib bo'lmaydi. Chunki kasalliklarni davolashda zaharning juda kichik me'yorlari ishlatiladi. Bu borada, albatta, o'zboshimchalik bilan emas, shifokor maslahati bilan ish tutish lozim.

Xalq tabobatida qadim zamonlardan buyon ba'zi hasharotlar zahri bemorlarni davolashda qo'llanib kelingan. Bunday preparatlar haqidagi ma'lumotlar eramizgacha bo'lgan II asrda yozilgan sanskrit matnlarida ham uchraydi. Shunisi qiziqki, zahar bemor tanasiga kirsa, undagi sog'lom hujayralarni emas, kasallik qo'zg'atuvchi hosilalarni yemirar ekan. Shu bois tibbiyotda ilon, chayon, asalari va boshqa jonzotlar zahridan keng foydalaniladi. Zaharni dorivorga aylantirish bilan ilm-fan 1960 yillardan e'tiboran shug'ullangan. Bu faoliyat ingliz shifokori Xyu Alister Rid tomonidan qalqontumshuq ilon zahri venalar trombozini davolashda foydali ekanligi aniqlanganidan keyin boshlab yuborilgan. Ma'lum bo'lishicha, mazkur ilon zahridagi toksinlardan biri qondagi fibroz oqsillarni kamaytirib tromboz hosil bo'lishining oldini olar ekan. Ushbu xulosalarga ko'ra, kashf etilgan preparat 1968 yilda Yevropa dorixonalariga sotuvga chiqarilgan. Bugun bu dori vositasi o'rniga yanada samaraliroq boshqa preparatlar paydo bo'ldi.

ZAHARNI ZAHAR
KESADI?!

Zamonamiz olimlari ayni vaqtda hasharotlar zahridagi toksinlar asosida tayyorlangan og'riqsizlantiruvchi hamda saratonga qarshi dori vositalarini sinab ko'rishmoqda. Yaqin o'n yillar ichida bu preparatlar amaliyotda qo'llanila boshlaydi. Shuningdek, soxta kobra zahri asosida tayyorlangan qonni to'xtatuvchi spreylar ham tez orada avtofalokatda jabr ko'rganlar hayotini saqlab qolish imkoniyatini kengaytiradi. Hozirda olimlar xavfli zaharlar tarkibidagi moddalardan turli bedavo kaksalliklarni davolovchi dorilarni sintez qilishda foydalanishmoqda.

Tahlil qiladigan bo'lsak, zahar tabiat tomonidan yaratilgan halok qilish vositasidir. Uning tarkibida toksik xususiyatga ega oqsil molekulalari va boshqa toksinlar mavjud. O'z tarkibi va tuzilishiga ko'ra, bu toksinlar organizmning turli tizimlariga yomon ta'sir ko'rsatishi mumkin. Zahar tarkibidagi ba'zi toksinlar asab va mushak impulslarini musodara qilib, falajlikka olib kelsa, boshqalari qonni ivitib, tromboz hosil qiladi va yurak faoliyatini to'xtatadi. Uchinchi xil toksinlar esa o'limga olib keluvchi qon ketishiga sabab bo'ladi. Ayrim jonzotlarning zahri insonning birdaniga bir nechta tizimi faoliyatiga zarar ko'rsatishi aniqlangan. Ammo aynan shu zaharlarni ilmiy tomondan tadqiq qilib, foydali ishlarga yo'naltirish mumkin.

ASALARI
ZAHRINING
FOYDASI

Asalariga chaqtirib davolash — qadim zamonlardan buyon qo'llanib kelinayotgan samarasi sinalgan tabobat usullaridan biri. Olimlar asalari zahri yordamida davolash borasida bundan ikki ming yil oldin yozilgan manbalarni topishga muvaffaq bo'lishgan. Bu usuldan ilk bor Qadimgi Misr, Yunoniston hamda Xitoyda foydalana boshlashgan. Tabiblar asalari zahri yordamida asosan, artrit va revmatizm bilan og'rigan bemorlarni davolashgan. Shuningdek, asalari zahri teridagi bitmaydigan yaralarni, varikozni, prostatit va ayollar bepushtligini davolashda yaxshi samara beradi.

Asalari zahri bilan davolanishni boshlashdan oldin, albatta, maxsus sinov o'tkazib, organizmda bu mahsulotga allergiya yo'qligini tekshirib ko'rish kerak. Umuman, har qanday davo vositasi uchun aniq me'yor va tartiblar ishlab chiqilgan. Ayniqsa, jonivorlar va o'simliklar zahridan foydalanganda uy sharoitida davolanish taqiqlanadi. Chunki me'yorga amal qilmagan har qanday ish inson hayotiga xavf tug'dirishi mumkin. Asalariga chaqtirish uchun esa maxsus nuqtalar mavjud. Bilimsizlik, duch kelgan joyni chaqtirish falajlanish holatlarini keltirib chiqarishi ehtimoli bor. Shuning uchun muolajani faqat mutaxassis o'tkazishi talab etiladi.

ZAHARLI O'SIMLIKLAR

Bilasizmi, biz beozor deb o'ylagan chiroyli gulli, yoqimli hidli o'simliklarning ham zaharlilari bor. Ularni tanib olish, toqqa va dalaga chiqqanda ehtiyot bo'lish kerak. Hatto uy gullari orasida ham zaharlilari mavjud. Ularni parvarish qilganda qo'lni ko'zga, og'izga tekkizmaslik, qo'l bilan ushlagandan so'ng yaxshilab yuvish, bunday o'simliklarni yosh bolali xonadonlarda o'stirmaslik talab etiladi.

Buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino zaharli o'simliklar haqida «Tib qonunlari» asarida keng ma'lumot berib o'tgan. Ulardan ayrimlari kam dozada murakkab dorilar tarkibiga kiritiladi va bir qator xastaliklarda shifo bo'ladi. Masalan, adonis, afsonak, achchiq taron, achchiq shuvoq, bo'ymadoron, bangidevona, dastarbosh, dorivor shotara, isparak, ko'knori, kichik bo'rigul, kichik sanchiqo't, kulmoq, marvaridgul, mingdevona, oddiy archa, parpi o'simligi, pushti radiola, sallagul, sariq qashqarbeda, sariq nufar, tog' quddusi, qizilcha, qoncho'p kabilar shular jumlasidan. Ular faqat belgilangan me'yorlarda ishlatiladi.

Hordiq gazetasidan olindi

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: