Главная » Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar » Inson bir kun nafas olishiga qancha suv kerak?

Inson bir kun nafas olishiga qancha suv kerak?

O‘zA “Inson bir kun nafas olishining o‘ziga yarim litr suv kerak” nomli maqola chop etdi. Unda yoz oylarida qanday va qancha suv iste’mol qilish kerakligi, qanday ichimliklar ichishdan saqlanish zarurligi haqida so‘z boradi. Quyida ushbu maqola to‘lig‘icha havola etildi.

Qishda kishining issiq ichimlik iste’mol qilgisi kelsa, yozda tabiiyki, muzdekkina ichimlik ichgisi keladi. Ammo mutaxassislar yozning issiq kunlarida ham, qishning sovuq kunlarida ham iliq ichimliklarni iste’mol qilishni tavsiya qiladi.

– Issiq havo insonni ko‘p suyuqlik iste’mol qilishga moyillik tug‘diradi, — deydi diyetolog Qahramon Oqilov. – Bunda inson organizmi salqin ichimlik ichishni xohlasa-da, biz suv va turli sharbatlar ichishni tavsiya qilamiz. Havo issiq bo‘lgani uchun shirasi o‘tkir bo‘lgan ichimlik iste’mol qilmagan ma’qul. Chunki u kishining yanada chanqog‘ini oshiradi. Bunday paytda shirasi o‘rtacha, nordon va tabiiy ta’mga ega sharbat ichish o‘rinli.

Har qadamda turli rangdagi va turfa ta’mli sharbatlar tayyorlab sotayotganlarga ko‘zingiz tushadi. Bu ham bir tadbirkorlik. Bundan tashqari, Coco cola, Pepsi, Fanta va energetik ichimlikni muttasil ichib yuruvchi yoshlarga ko‘zingiz tushadi. Mutaxassislarning aytishiga ko‘ra, ushbu ichimliklar chanqoqni bosishdan ko‘ra kishini ushbu mahsulotga o‘rgatib qo‘yish holatlari ko‘p kuzatiladi.

— Coco cola, Pepsi, Fanta brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga talab yuqori, — deydi yakka tartibdagi tadbirkor Doston Shomurodov. — Shuning uchun do‘konimizda bu ichimliklar ancha xaridorgir. O‘zim ham bekorchilikdan kuniga 2— 2,5 litr Pepsi ichardim. Ancha o‘rganib qolgan edim. Keyinchalik sog‘ligimda salbiy holatlar kuzatildi. Holsizlanib qoldim, shifokor maslahati bilan hozir ushbu mahsulotni kam iste’mol qilyapman. Chanqagan vaqtda o‘zimizning oddiy suvimizdan qo‘ymasin, ekan.

O‘zini yaxshi ko‘rgan odamlar yozning jaziramasida salqin yerlarda dam oladi, oqar suvlarda cho‘milib, issiq mavsumni maroqli o‘tkazadi. Mutaxassislarning fikricha, muzdek suvdan chiqib yana muzdek ichimlik iste’mol qilish sog‘liq uchun xavfli. Yozda orttirilgan gripp va shamollashning esa badali og‘irroq bo‘lishi hech birimizga sir emas. Tog‘da oquvchi daryodan, ko‘l va ochiq suv havzalari suvlaridan iste’mol qilish ham zarar. Hatto buloq suvi bo‘lsa ham. Odamlar buloq suvlari shifobaxsh va dorivor, deya ishonadi. Ammo uni iste’mol qilishdan oldin filtrlash yoki qaynatish tavsiya etiladi.

— Har kuni o‘rtacha 2 litr suv organizmdan ichak, buyrak, o‘pka va teri orqali tashqariga chiqariladi, – deydi diyetolog Qahramon Oqilov. — O‘rtacha 0,5 litr suyuqlik inson sog‘lom nafas olishini ta’minlaydi. Agar mana shu chiqarilayotgan suv o‘rni to‘ldirilmasa, organizm suvsizlanadi. Bunda odamni charchoq bosadi, bosh og‘riydi, mushaklar holsizlanadi. Og‘iz va ko‘z namlanishi pasayadi, natijada, kishida issiqni xushlamaslik kayfiyati paydo bo‘ladi. Belgilangan tartibda suv iste’mol qilgan kishilarning yuziga ajin kam tushadi. Suv ozishga harakat qilayotgan kishilar uchun ham yordam beradi. Buning uchun tartibli ovqatlanish va suv iste’mol qilish tartibini belgilab olish kerak. Qahva, choy, va alkogol yengil peshob haydovchi ta’sirga ega, shuning uchun ulardan keyin tanadagi suyuqlik o‘rnini to‘ldirish albatta suv iste’mol qilish kerak.

Ichimliklar organizmning suyuqlikka bo‘lgan talabini qondirishi mumkin, ammo ularning tarkibidagi kaloriyalar tabiiy suvdek tanaga singmaydi. Sut va shakarli ichimliklarni inson tanasi qabul qilishi, tanaga singishi uchun ham organizm ichimlik suvini talab qiladi.

Bugun atrofimizda yuzlab turdagi suyuq mahsulotlar mavjud. Ular orasida bizga oddiy bo‘lib ko‘rinuvchi ammo bebaho suvning o‘rnini bosadigani yo‘q. Shunday ekan, chanqaganda hech ikkilanmasdan suv, suv va yana suv iching!
Manba: Daryo.uz



«Inson bir kun nafas olishiga qancha suv kerak?»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]