• Скачать русские, зарубежные, армянские и узбекские музыки бесплатно
    PARVONA.COM » Слушай музыку и подняй себе настроение.
Главная » Статьи » Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar

Kelin ketib qoldi: nima qilish kerak?

Boshqalarning kelini ketib qolsa, «tavbaaa» derdingiz. Siz bilan bunday hodisa ro`y bermaydigandek edi. Ammo mana o`sha chaqmoq sizning boshingizda ham chaqnadi va o`sha yomg`ir sizning xonadoningizga ham yog`di: keliningiz bolalarini olib onasinikiga ketib qoldi? Qanday yo`l tutish kerak? Darrov borib issig`ida olib kelasizmi yo «Ko`chada qolgan oyog`im yo`q, o`zi ketdi, o`zi keladi» deysizmi? Bugun «Ketsa ketar, onam derman», deb turgan o`g`lingiz bir haftada mung`ayib qolsa yo ichishni boshlasa, nima qilasiz? Yo borib olib kelsangiz, kelin buning havosini olib, oyog`i chiqib, hadeb onasinikiga yo`rg`alayversa-chi? Nahotki, ajrashib ketishsa? Xullas, bu yog`i pozisiyalar o`yini. Strategiya, taktika muhim. Hamma o`zining hududini himoya qila boshlagan ushbu sharoitda aql va donolik bilan ish tutmasangiz, bo`lmaydi.

Nega ketdi?

Oilani ushlab turadigan bir necha omillar bor: muhabbat, farzandlar , achinish, ko`nikma. Ammo bizning o`zbek oilalarida bular qatoriga QAYNONA nomli yana bir muhim omil qo`shiladi. Agar qaynona-kelin yaxshi chiqishsa, hatto, o`rtada muhabbat bo`lmasa ham, er-xotin yashab ketgan, chiqishmasa, ulkan muhabbat bilan qurilgan oilalar ham barbod bo`lgan hollarni ko`p ko`rganmiz. Demak, qaynona o`zbek oilasining mustahkamligi garovidir. Shunday ekan, avvalo kelin bilan o`zingizning munosabatlaringizni tahlil qilishingiz kerak. Qaynona-kelin munosabatlari oxiri kelinning ketishi bilan tugaydigan holatlarning sabablari talay. Quyida ularning asosiylarini sanab o`tamiz.

Qattiq bosim. Qaynonalar ilk kunlardan kelinlarni qattiq ushlash, keyin vaziyatga qarab asta-asta tizginni bo`shatib borish taktikasini qo`llashadi ko`pincha. Bu yomon taktika emas, kelin bosqichma-bosqich kichik-kichik erkinliklarni qo`lga kiritish uchun oilasiga o`zini bag`ishlaydi, evaziga mukofot oladi va hayotidan qoniqib yashayveradi. Teskarisi qilinsa, ya`ni avval bo`sh qo`yib, keyin tizgin tortilsa, har kim ham qattiq qarshilik qilishi tabiiy, chunki erk berilmaydi, olinadi. Faqat erkni chindan ham vaqti-vaqti bilan berib borish, ya`ni kelinga bosimni asta-asta susaytirib, u tarbiyalanib borgani sayin erkini ham o`ziga qo`yib berish kerak. Muntazam bosim hammani charchatadi, qilayotgan ishlari ko`rinmayotgandek tuyulgan kelin isyon qiladi – ketib qoladi.
Erning nobopligi. O`g`lingiz ichadimi, uradimi, yuradimi, mas`uliyatsizmi? Agar shulardan birortasi bo`lsa ham, siz kelinga ko`proq yon berishingiz kerak, ya`ni o`g`lingizning qusurlari uchun qaynonalik imtiyozlaringizni badal qilib to`laysiz. Aks holda, ham eri, ham qaynonasi tomonidan siqilgan kelinga jabr bo`ladi, yashamayman deyishi tayin.
Oiladagi zo`ravonlik. Yuqoridagi ikki omil ko`pincha ana shu uchinchisiga olib keladi. Kim keliniga zo`ravonlik qiladi: a) o`ziga ishonmagan qaynona; b) o`zi ko`p zulm ko`rgan alamzada qaynona; v) ma`rifatsiz, ya`ni aql ko`zi bilan oqibatlarni ko`ra bilmaydigan johil qaynona. Siz undaylardan emasmisiz? Unda tilingizni tiya olasiz, o`g`lingizni ham.

U nimani isbotlamoqchi?

Ketib qolsa, muammo kattalashishini u ham biladi. Ammo baribir ketadi. Nega? O`sha daqiqalarda jahl aqldan ustun kelgan bo`lishi mumkin. Bunday hollarda jahldan tushgach, ish o`nglanishiga, oila yana tinch yashab ketishiga umid qilsa bo`ladi. Lekin bu qarorni uzoq vaqt miyasida pishirib yurgan, ko`p marta ketmoqchi bo`lgan-u, shaytonga hay bergan va nihoyat sabr kosasi to`lgan bo`lsa, ish mushkullashadi. Endi chindan ham oilangizda, o`zingizda nimanidir o`zgartirasiz yo oila barbod bo`ladi.

Har doim kelinlar haq bo`lavermaydi. Ayrim yoshlar shuchaki ketish uchun ketadilar. Bu bilan ichlaridagi alamlarini, xafagarchiliklarini, isyonlarini bildirish barobarida «ultimatum qo`yish», «shantaj qilish» maqsadini ko`zlaydiganlari ham bor, hatto ko`p. Bunday kelinlar ko`pincha tezda o`zlarini ko`rsatadilar: ko`p marta ketadilar va odatda o`zlari yana qaytib keladilar. Ilk marta ketganida siz nima sababdan ketganiga e`tibor bering. Albatta, darrov ortidan yugurib bormaysiz. Lekin oilaning arzimas injiqliklar tufayli buzilib ketishiga ham yo`l qo`ymaysiz. Har kim ikkinchi imkoniyatga haqli. Faqat olib kelayotganingizda yo o`zi qaytib kelganida bu hunari boshqa o`tmasligini, keyingi safar muammosini hal qilish uchun boshqa konstruktivroq yo`lni topishi kerakligini tushuntirib qo`yasiz. Tarbiyalaysiz-da, xullas.

Qaytarib olib kelish kerakmi?

Bu o`zingizga beradigan ilk va muhim savolingiz, shunday emasmi? Agar oilangizda mehr-muhabbat bo`lsa, bu shunchaki jahl ustida qilingan ish ekanini bilsangiz, ozgina kuting. Bir-biringizdan dam oling. Balki qudalaringiz aqllilik qilishar, balki kelinning o`zi jahldan tushib qaytar. Oradan bir necha kun yo bir hafta o`tgach, asta qo`ng`iroq qilib qudalar bilan gaplashib ko`rish, muammo nimadaligini bilish mumkin. Ko`pincha, jahl ketgach, ish oson ko`chadi. Albatta, g`urur ko`ndalang turadi, birinchi qadamni qo`ysam, nohaqligimni bo`ynimga olgan bo`laman, degan o`y ham bor. Lekin bu juda kaltabin odamning xayollari. Ziddiyatlar har doim aqlli va mulohazali odamlar tufayli bartaraf etilgan. Orangizda kimdir aqlliligini namoyon qilishi kerak bo`lsa, bu ish, avvalo, sizdan boshlanishi lozim. Axir o`rtada bolalar bor, kelin yosh, siz esa kattasiz. Faqat buni ustalik bilan amalga oshirish, vaziyatdan mag`rur ko`tarilgan bosh bilan chiqib ketish mumkinligini unutmang. Siz yalinish uchun qo`ng`iroq qilmadingiz yo bormadingiz, muammoning tagiga etish, muhokama qilish va takrorlanmasligi choralarini izlash uchun birinchi qadam qo`ydingiz. Sizning missiyangiz tortishmachoq o`ynayotgan ikki ayolnikidan muhimroq, balandroq, savobliroq. Shu pozisiyadan turib fikrlasangiz, hammasi yaxshi bo`ladi.

Qanday holatlarda qaytarib olib kelmaslik kerak:

Kelin janjalkash, uyingizda tinchlik qolmagan.
Hadeb onasinikiga ketib qolaveradi, bu birinchisi emas.
O`g`lingiz u bilan yashashni istamaydi, ya`ni er-xotin o`rtasida muammo bor (buni ular o`zlari hal qilishlari, o`g`lingiz keyingi qadamni qanday qo`yishni o`ylashi kerak. Albatta, maslahat berishingiz mumkin).
Kelin na eriga, na sizga e`tibor, mehr beradi, sizlarni faqat moddiy muammolrni hal qilish vositasi sifatida ko`radi.
Kelin engiltak, hatto, eriga xiyonat qilgan.
Endi bu uyda yashasa, yo o`g`lingiz, yo siz uni bir balo qilib qo`yar darajada nafrat kuchli.
Yotig`i bilan qilingan nasihatlar, tarbiyalar kor qilmaydi, kelin doim hujumda, yon berishni bilmaydi yo istamaydi.

Yuqoridagi holatlarda kelinni qaytarib olib kelish bir botqoqqa qayta tushish bilan barobar. Endi siz emas, u oyog`i ostida er darz ketganini, barqarorlik yo`qolganini, oilasi jar yoqasiga kelganini bilishi va xulosa chiqarishi kerak.

Suhbat

Har qanday muammoni muhokama qilib echish mumkin. Buning uchun tomonlar muzokara dasturxoni atrofiga to`planishlari, har ikki tomon ham muammoni anglashi, bartaraf etishni xohlashi, bundan manfaatdor bo`lishi kerak. Agar bir-biringiz bilan dildan gaplasha olsangiz, ko`p narsa o`zgaradi. Xo`sh, kelin bilan suhbat jarayonida qaysi savollarni ko`ndalang qo`yishingiz kerak?

Erini yaxshi ko`radimi? Oilasini saqlab qolishni istaydimi?
Eri, bolalari, qaynonasi va oilaning boshqa a`zolariga nisbatan o`zini to`g`ri tutayaptimi? Muomala, munosabatlarda g`irromlik, riyo, aldov yo`qmi? Samimiymi hammasi?
Nega ketib qoldi? Nima uni xafa qildi?
Doim ketishni istaganmi, anchadan beri bu hayotdan to`yganmi yo oxirgi paytlar shunday bo`lib qoldimi?
Sodir bo`lgan vaziyatda aybini tan oladimi?
Bu vaziyat sodir bo`lmasligi uchun nimalar qildi? Barcha zarur choralarni ko`rdimi?
Qaynonasidan (ya`ni sizdan) nimalar kutgan va bundan keyin nimalar kutadi?
Eridan-chi?
Endi xatolarni takrorlamay tinch-totuv yashab ketishga tayyormi?

Ana shu savollarga javob izlash barobarida qaynona-kelin bir-biringizni yaxshiroq anglay, tushuna boshlaysiz. Bilasizmi, qaynona-kelinlikda nima muhim? Bir-birini yoqtirish, yaxshi ko`rishi deysizmi? Yo`q, bu er-xotin o`rtasida ahamiyatli hislar. Qaynona-kelin bir-birini tushunishi kerak. Ikkisi bir-birining o`rniga o`zini qo`yib ko`ra olsa, o`zaro anglash, murosa odimini otishga tayyorlik bo`lsagina, bu ikki ayol bir tom ostida ahil yashay oladi. Shuning uchun naqadar qiyin bo`lmasin, bir-biringizni tushunishga harakat qiling, ayollar. Erkaklar bizni tushunishmaydi, lekin o`zimiz buni eplarmiz?!

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA
Manba: Darakchi.uz
Категория: Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar | Добавил: Админ (07-08-18)
Просмотров:   | Комментарии: 0 | Теги: Kelin ketib qoldi: nima qilish kera | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]