Главная » Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar » Ulama kiprik: parvarishning 18 qoidasi

Ulama kiprik: parvarishning 18 qoidasi

Dastavval go`zallik salonida bajarilgan kiprik ulatish amaliyoti bugun uy sharoitida ham amalga oshirilmoqda. Sun`iy kiprik ulash, asosan, siyrak, to`kilishga moyil va kiprik qatori ochilib qolgan holatlarda tavsiya etiladi. Maxsus elim bilan yopishtirilgan kipriklar uzoqroq xizmat qilishi esa amaliyotdan keyingi parvarishga bog`liq.

Amaliyotdan so`ng 12 soat

Ulama kipriklar to`g`ri parvarish qilinmasa, tez to`kiladi. Bunday bo`lmasligi uchun amaliyotdan keyingi 12 soat qoidasiga qat`iy amal qilish shart. Ya`ni, ko`z yoshlanishi, haddan tashqari ko`p terlash, yuvinish, kiprikka suv tegishi, qovoqlarni ishqalash mumkin emas.

Sun`iy kipriklar maxsus elim bilan yopishtirilsa-da, mahkam joylashishi uchun vaqt talab etiladi. Agar elim qotmasidan usti ishqalangudek bo`lsa, bu ko`zlarga salbiy ta`sir qiladi.

Buni bilishingiz shart!

1. Ulama kipriklarga tush surtilmaydi. Zarurat tug`ilgandagina suvli asosgaega tushdan foydalanish mumkin. Bunda tush kiprikning o`rta qismidan uchiga qarab surtiladi. Suvga chidamli tushlar tavsiya etilmaydi.

2. Kipriklarga qo`l tekkizmagan ma`qul. Aks holda ulama kiprik sinishi yoki zararlanishi mumkin.

3. Qorin bilan uxlash tavsiya etilmaydi. Negaki, bu holatda kipriklar yostiqqa tegib, shaklini yo`qotadi.

4. Yog`li kosmetika vositalari (krem, molochko)dan foydalanish mumkin emas. Yog` ta`sirida elim o`z kuchini yo`qotadi.

5. Yuvinish mahali suvli asosdagi geldan foydalaning.

6. Kipriklarni qayirish uchun mo`ljallangan maxsus qaychidan foydalanish ham man etiladi.

Asosiy talab – ulama kipriklar belgilangan muddatda korreksiya qilinishi kerak. Ularo`rtacha 1,5 - 3 oygachaxizmat qiladi.

– Har kuni ertalab, yuvingandan keyin va uyquga yotishdan oldin kipriklarni maxsus taroqcha yordamida tarab turish kerak.

- Kipriklarni tozalashda bolalar shampunidan foydalanish mumkin.

- Pardozni tozalashda eng ma`quli misellyar suv.

- Ulama kipriklarni parvarishlash barobarida tabiiysini ham unutmaslik kerak. Bunda sizga oziqlantiruvchi toniklar yordam beradi. Tonik ingichka cho`tka yordamida kiprik ildiziga surtiladi.

Kimlarga mumkin emas?

Ulama kipriklar quyidagi hollarda tavsiya qilinmaydi, bular:

- kontakt linzalaridan foydalanganda;

- homiladorlikda;

- surunkali kon`yunktivit, glaukoma, blefarit kasalliklari;

- tabiiy kipriklar o`ta ingichka va nimjon bo`lsa;

- teri tuzilishi yog`li turga mansub bo`lganida.

Pinsetda olib tashlash mumkinmi?

Ulama kipriklar mutaxassis nazoratida ko`chirib olingani ma`qul. Bordi-yu, bunga imkon bo`lmasa, uy sharoitida ham sun`iy kipriklar bilan xayrlashish mumkin. Ya`ni uyquga yotishdan avval yuqori qovoq yuzasiga o`simlik yog`i (kungaboqar, shaftoli, bodom yoki kanakunjut moylari) surtiladi. Ertalab esa barmoq uchida ulama kipriklarni ko`chirib olish mumkin. Yodda tuting, bu jarayonda zinhor pinset ishlatilmaydi!

Ulama kipriklardan muntazam foydalansangiz, har yarim yilda bir marta, bir oy tanaffus qilishingiz kerak.

Tabiiy kipriklarga yordam

Ulama kipriklar olib tashlanganidan keyin quyidagi holatlarga diqqat qiling:

Hafta davomida tush va suyuq qalam surtmay turing.
Ko`zni bir necha kun davomida faqat iliq suvda namlangan paxta bilan arting.
Ko`chaga chiqishdan oldin ko`zlarga gippoallergen, quyoshdan himoyalovchi vositalarni surting.
Tuxum, smetana, sabzi, jigar, qulupnay va pomidorni ko`proq iste`mol qiling.

Nega to`kiladi?

Ulama kipriklardan foydalanishda tabiiysining to`kilishi me`yoriy holat. Shuni unutmangki, kipriklar o`rtacha 90 kun «yashaydi» va har kuni 1-3 tagacha kiprik to`kiladi.

Ba`zan ulama kipriklar tabiiysiga zarar etkazadi. Buning sababi, sun`iy kiprik zich joylashganidir: bu holatda u ko`zlarga og`irlik qila boshlaydi. Shuningdek, noto`g`ri tanlangan elim ham kiprikni to`kadi.

Shirin Siddiqxo`jaeva
Manba: Darakchi.uz



«Ulama kiprik: parvarishning 18 qoidasi»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]