Главная » Hikoyalar » Hayotiy voqea: Muhabbatning yo'li

Hayotiy voqea: Muhabbatning yo'li

Farhodning ketishi haqidagi xabar o`zidan oldin xonaga kirib keldi. Hovliqma Jamol kostyumining cho`ntagiga solib ko`tarib yuradigan, kamida uch fandan bitta qilib tutilgan daftarini stol ustiga tashladi-yu, yangilikni e`lon qildi:

— Eshitdinglarmi, Farhodlar ko`chib ketyapti ekan...

Biz — qizlar u tomonga yalt etib qaradik.

— Qaerga ko`chib ketyaptikan?

— Tinchlikmi?

Ikkita-ikkita bo`lib pichirlashayotgan sinfdoshlarim biri olib-biri qo`yib savol bera boshlashdi. Jamol esa javob berishga shoshmasdan stulni teskari o`girib o`tirdi.

— Onasining yurtiga, — dedi va nihoyat.

— Qozongami? — Mardona so`radi.

— Ha, akasi dadasi bilan qolarkan, Farhod onasi bilan ketarkan.

Qizlar Jamol bilan muhokamani davom ettirishar, faqat mengina o`zimni kitob o`qiganga solib jim o`tirardim.

Farhodlarning oilasi tinch emasligi haqida ko`p eshitganman. Albatta, o`zi bu haqda so`z ochmaydi. Uyaladimi yo birzum bo`lsa-da, tashvishlarini unutgisi keladimi, ko`p gaplashsak-da, bu mavzuda lom-lim demaydi.

Otasi ichkilikka berilgan. Onasi zavodda ishlaydi. Akasi shartnoma asosida o`qishga kirgandi. Onasi qancha qistamasin o`qimadi. Onam qiynalib qoladi, deb o`yladi, shekilli. Mana, uyam zavodda oddiy ishchi. Farhodning esa o`qishdan ko`ngli sovigan. Gohida maktabdan qaytishimizda uning bir paytlari a`lochi bo`lganini eslatib qo`yaman.

— Sen boshqalarga o`xshab repetitorga qatnamasang ham, o`qishga kirib ketasan. Chunki fikrlashing yaxshi. Hamma masalalarga mantiqan o`ylab echim topasan, — deyman.

U esa indamaydi. Mening tayyorgarligim haqida so`raydi. Keyin «Poytaxtda o`qiging kelyapti-a?» deydi. Orzum haqida bilsa-da, qayta-qayta so`rayveradi.

— Albatta, sening poytaxtda o`qiging kelmaydimi? — deya so`rayman men ham.

U esa yolg`on gapiradi.

— Yo`q.

Aslida, onasini tashlab keta olmaydi. Onasining shu bolalaridan boshqa yaqini yo`q bu erlarda.

Farhodning ketishi nega menga buncha qattiq ta`sir qildi — o`zim ham tushuna olmadim. Ha, men boshqa sinfdosh yigitlarga qaraganda u bilan ko`p gaplashaman, maktabdan birga qaytamiz. Navbatchilik kunlarimda u paqirda suv olib chiqib beradi. Biror fandan qiynalsam, yordamini ayamaydi. Gohida mahallasidagi atirguldan bir dona uzib, sovg`a qiladi. Ba`zida konfet tutqazadi. U o`zi shunaqa mehribon-da.

Farhod sinfxonaga o`qituvchi bilan birga kirib keldi. Dars bo`layapti-yu, hamma yashirincha Farhodga qaraydi. Bir payt orqamdan kimdir turtdi, qarasam, Sabohat, qo`lida o`n ikki varaqlik daftar. Ol degandek imo qilyapti.

Daftarni ochishim bilan nimaligini tushundim. Farhod bilan xayrlashuv so`zlari yozilgandi unga.

«Farhod, sening o`rning doim bilinadi!» — Dilrabo boshlab bergandi yozishni.

«Hech qachon bizni unutma!» — Intizor davom ettirgan.

«O`rtoq, boshing omon bo`lsin!» — Kamol mashinaning suratini ham chizib qo`yibdi. Mashina jinnilari derdik biz Farhod ikkisini.

Nima yozish haqida uzoq o`ylab qoldim. Bu orada Sabohat ruchkasini bilan ikki marta elkamdan turtdi. Yonimda Kamola ham ilhaq o`tiribdi — u ham hamma qatori nimadir yozishi kerak.

Farhod bu daftarni o`qisa, qay ahvolga tusharkan, deb o`yladim. Axir u ham tug`ilib o`sgan joyini, sinfdoshlarini, maktabini, o`z uyini, otasi bilan akasini tashlab ketgisi kelmayotgandir. Unga qanchalik og`ir bo`layotganini his qilib, yomon bo`lib ketdim. Negadir, uni olib qolgim keldi. O`zimda jur`at topib, o`ng tomonga, orqaroqqa qaradim, Farhod birdan ko`zlarini olib qochdi. Meni kuzatib o`tirgan ekan... Buni sezdim-u, ko`zim yoshlandi. Daftarni Kamola tomon surdim, u men tomon yaqinlashdi-da asta pichirlab «Yozmaysanmi?» dedi. Elka qisdim. Go`yoki yozadigan gapim yo`qdek.

Darslar tugagach, sinf rahbarimiz boshchiligida Farhod bilan xayrlashdik. Asli bir oylar oldin uning ketishi aniq bo`lgan ekan. Yigitlar ertaga tong-sahardan turib uni vokzalgacha kuzatib qo`yishadigan bo`lishdi. Biz esa bir yig`lab ham oldik. Birinchi marta ayriliq nimaligini tuyayotgandik.

Ikki kun oldin Farhod bilan maktabdan qaytarkanmiz, u «Bir gap aytsam, xafa bo`lmaysanmi?» deya so`z boshlagandi.

— Qachondan beri aytaman deyman-u, ikkilanaman. Ko`nglingni og`ritgim kelmadi. Farangiz, sen dadangni juda yaxshi ko`rasanmi? — dedi u qadamlarini sekinlatib.

Kutilmagan savoldan hayron qolsam-da, darrov javob qaytardim:

— Ha.

— Men ham — dedi u. Keyin birpas jim bo`lib qoldi-da, qo`shib qo`ydi. — Nima bo`lgan taqdirda ham!

Shu bilan men gapga tushib ketdim. Hozir ularni so`zma-so`z eslayman. Nuqul tuxum qovursam, tuz sepish esimdan chiqishi, kecha akamning ko`ylagining yoqasini dazmolda kuydirib olganim, bugun tarixdan repetitorga borishim kerakligi, ammo haliyam test yodlamagan — xullas, rosa bidirlabman. Balkim u o`shanda otasi bilan akasini tashlab ketayotganidan qiynalayotgani haqida gapirmoqchi bo`lgandir.

Shular haqida o`ylab turgandim, Dilrabo hamma uy manzilini Farhodning kundaligiga yozib berishini aytdi. Qizlar hayajonlana boshlashdi. Keyin qayta-qayta Farhodning va`dasini olishdi. Shu bilan hammamiz uy-uyimizga tarqaldik. Farhod yigitlar qurshovida qoldi, men esa bir o`zim, so`ppayib uyga qaytdim.

Biz xayrlashmadik...

Sinfdoshlar Farhoddan xat kutib charchashdi. Hatto, maktabni tugatayotganimizda ham uning bizni yo`qlamaganini xafa bo`lib tilga olishardi. Yigitlar akasidan uni surishtirishar, ahvollari yaxshi ekanligini, allaqachon maktabga qabul qilinib, o`qiyotganini bizga ham etkazishardi. Lekin uy manzilini olishga muvaffaq bo`lishmadi. Men esa... Har hafta shanbani intizor kutardim. Maktabdan chiqaman-u, uyga yuguraman. Hech qachon qopqog`i ochilmagan pochta qutimizga qo`l solishim bilan yuragim boshqacha ura boshlaydi. U xatlarida o`qishlarimni, sinfdoshlarning ahvolini, o`zi yaxshi ko`rgan o`qituvchilarini, yana otasi to`g`risida so`raydi. O`qishga kirganimdan keyin ham maktublari tinmadi. Men Farhoddan doim qachondir qaytasanmi deb so`ragim kelar, lekin ko`ngiliga tegmaslik uchun indamay qo`ya qolardim. Bora-bora xatlarimiz elektronlashdi. Zamonning taraqqiyoti bilan biz har kuni gaplashib turadigan bo`ldik.

Ikkimizning o`rtamizdagi maktublar zumda masofalarni bosib o`tgani kabi yillar ham zuvillab o`tardi. O`qishni tugatgan yilim hayotimda tub burilish bo`ldi. Otam bizni, o`z oilasini tark etdi. Onam yillar davomida yashirib kelayotgan sir oshkor bo`ldi — otamning boshqa oilasi bor ekan. Negadir, bu mudhish sir yuzaga chiqqan kun xonamga qamalib olgancha ichimni kuydirayotgan dard-alamlarni Farhodga to`kib soldim.

«Otam shuncha yildan beri bizni aldab kelgan ekan. Uni kechira olmayman...»

Farhodning javob yozayotganini bildiruvchi qalamchaga ko`zim tushib yozishdan to`xtadim.

«Eslaysanmi, ketishim oldidan sen dadangni yaxshi ko`rishingni aytganding...»

Uning javobini o`qib, o`zining gaplarini esladim.

«Sen ham nima bo`lgan taqdirda ham otangni yaxshi ko`rishing haqida gapirganding».

«Ha, shunaqa... Nima bo`lgan taqdirda ham yaxshi ko`raveramiz. Hayotimizda shunday insonlar bo`ladiki, ularni qanday bo`lsa, shundayligicha yaxshi ko`raveramiz. Hatto, uzoqlarda bo`lsa ham... Ularni har kun ko`rib turmasak ham...»

Nima deyishni bilmay qoldim. Uning ham yuragidagi yaraga tuz sepgandim. Lekin bir tomondan engil tortganim rost.

«Onam bizga otamga oldingidek muomalada bo`lishimiz kerakligini aytyapti» — bir kuni Farhod hol-ahvol so`raganida unga uyimizdagi vaziyatdan so`z ochdim.

«To`g`ri, gapiribdilar. Ammo buning uchun ham vaqt kerak. Hali kun kelib, hammasi iziga tushadi. Muhimi, shunday bo`lishini istayotganlar bor yoningda».

«Sen ham uyingga qaytishni istaysanmi?» — nihoyat so`radim.

«Albatta, men hech qachon, otamni, uyimizni tashlab ketgim kelmagan. Seni ham...»

Bu gapga qanday javob qaytarishni bilmay, internetdan chiqib ketdim.

Bir kun o`tib kirsam, undan uzundan-uzoq xat kelibdi. Farhod ketishidan oldin otamni tasodifan ikkinchi oilasi bilan ko`rib qolgan ekan. Biroq meni ayab aytolmagan.

«Bilasanmi, nega akam dadam bilan qolgan. Biz shunday kelishganmiz. Chunki kun kelib ota-onamiz birini kechirishidan, oilamiz tiklanishidan umid qilganmiz», deya tugatgandi u xatini. Farhodning shu so`zlari menga boshqacha ta`sir qildi.

— Aytgancha, bugun Fozil akaning oilasi qaytib keldi, — nonushta mahalida akam tizzasida o`tirgan o`g`lini o`ynatgancha gapirdi.

— Ey, Sonya opa qaytibdimi? Bir o`g`lini ham ola ketgandi-a? — dedi onam hayratlanib.

— Ha, kecha katta o`g`li «Shaharga kira qilarkansiz, aeroportga chiqaylik», degandi. Tongda turib, kutib oldik. Kichigi, Farhodi sening sinfdoshingmidi? U ham qaytibdi. Onasining aytishicha, yaxshi ko`rgan qizi bor ekan, endi ikki o`g`liga ham to`y qilisharkan.

Ishga shoshayotganimni aytib, o`rnimdan turdim. Uydan chiqqach, qaysi yo`ldan yurishga ikkilanib qoldim. Farhodlarning uyi tomondan o`tishga cho`chiyotgandim. Muyulishda meni kutib turgan yigitni tanigachgina, o`z yo`limni topgandek bo`ldim.

MUXLISA
Manba: Darakchi.uz



«Hayotiy voqea: Muhabbatning yo'li»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]