Главная » Hikoyalar » Muz bosgan ko'ngil
Muz bosgan ko'ngil

Muz bosgan ko'ngil

  • Категории: Hikoyalar
  • Название: Muz bosgan ko'ngil
  • Дата релиза: 01-07-14, 17:03
Muz bosgan ko'ngil
- Adam, adajonim keldi! - Lola
divandan sakrab tushib,
shippagini ham kiymay eshik
tomon yugurdi. Men ham
deraza yoniga bordim. Abror
aka tez-tez yurib kelib Lolani
bag'riga bosdi. Nazarimda, Lola
uning bag'riga singib yoq'
bo'lib ketgandek edi.
- Nega shoshasan,
gulg'uncham? Axir men keldim-
ku, yoningdaman-ku! Qani,
oyog'ingga shippagingni kiyib
ol! Senga necha marta aytaman,
oyog'ingni ehtiyot qil, deb.
- Sog'inib ketdim-da, adajon!
Biram uzoq qolib ketdingizki.
- Bir haftayam o'tmadi-ku!
- Bir hafta deysiz-a? Bir kunning
o'tishini ayting!
Bu orada men derazaga
qapishib turaverish jonimga
tegib, hovliga chiqdim. Lolaning
dadasiga salom berdim.
- Yaxshimisan, qizim? - Abror
aka menga bosh silkitib qo'ydi-
da, yana xuddi talaba qizni
emas, qo'g'irchoq o'ynab
yurgan qizaloqni erkalagandek
Lolaga parvona bo'ldi.
Hovlida so'rayib turib qoldim.
Ichimda g'alati bir hissiyot
uyg'ondi. Bu birinchi marta
emas. O'zimga o'zim: "Xurshida,
bu qanday tuyg'u? Lola jonajon
o'rtog'ing-ku, seni qanchalar
yaxshi ko'radi. Oddiygina
oilaning qizisan, men nihoyatda
boy-badavlat bir xonadonning
erka farzandiman, degan
pisanda yo'q unda. Qachon
yotoqxonadan zeriksang,
yugurib uning yoniga kelasan!"
dedim...
Ota-qiz ko'rishib bo'lishgach,
Lolaning xonasiga kirib ketishdi.
- Xurshida, keling bu yoqqa.
Bilasiz-u, ota-bola suhbatga
tushib ketishsa, olamni
unutishadi, - dedi Lolaning
onasi meni nonushtaga
chaqirib.
- Siz ham anchadan buyon
uyingizga bormadingiz, shekilli?
- Muazzam opa shunchaki gap
yo'g'ida gap, degan ohangda
so'z qotdi.
- Endi, nasib qilsa, yozda
boraman. Hadeb borib-
kelaverishga...
- Siz Bardoshli qizsiz.
O'rningizda Lola bo'lsa
chidamasdi.
"Qizingiz adasini yaxshi
ko'rgandek men adamni yaxshi
ko'rmayman", deb yuborgim
keldi. Lekin tilimni tiydim.
Dadam boy-badavlat bo'lmasa
ham, topganini bolalarining
og'ziga tutadi. Mana, meni
o'qityapti. Lekin mehrini
sezdirmaydi. Uch-to'rt oyda bir
marta uyga borsam ham,
tishining oqini ko'rsatmaydi.
"Keldingmi, o'qishlaring
yaxshimi? Opangga qarash,
dugonalaring bilan ko'chada
laqillashma", deydi. Shunday
paytlarda doim ko'z oldimga
Lolaning dadasi keladi. "Qachon
meni oxirgi marta bag'riga
bosib, peshonamdan o'pdi
ekan?" deya o'ylab, o'ksiyman,
yig'lagim keladi. Ba'zan chekka-
chekkada ko'z yoshi ham qilib
olaman. Hozir o'sha tuyg'ular
yana bir marta ko'ksimni
achitgandek bo'ldi.
- Ha, endi Lola yagona qiz. Balki,
shuning uchundir, - dedim.
- Loladan so'ng yana ikki bor
homilador bo'ldim. Ikkovi ham
qiz edi. Bittasi tug'ilib, bittasi
tug'ilmayoq nobud bo'ldi. Keyin
boshqa homilador bo'lishga
qo'rqdim. Lekin Lolaning bu
mehri meni ba'zan qo'rqitadi.
Xudoyim insonning insonga
bunchalik mehr qo'yishini xush
ko'rmaydi, deyishadi. Xudo
asrasin, - Muazzam opa ovozini
pasaytirib gapirdi.
- "Mehrda xatar yo'q", deyishadi,
qo'rqmang!
Men o'zimcha Muazzam opaga
dalda bergandek bo'ldim hamki,
ota bilan qiz ichkaridan
chiqishmadi.
Lola otasining har bir bosgan
qadami haqida axborot
olmaguncha tinchimaydi. Otasi
ham boshlig'ining oldidagi
kotibaday shu mushtday qizga
hisob beradi...
Muazzam opa bu gapni andak
zavqlanibroq aytgan bo'lsa-da,
ichimda norozilik uyg'ondi.
"Tabiiy emas, baribir, bunday
yaqinlik, sun'iy nimadir bordek"
deb o'yladim.
Ichkariga kirib, narsalarimni
yig'ishtirib, ketishga
hozirlandim.
- Voy, Oftobaxon, nega oftob
chiqmay ko'zingga yo'l ko'rinib
qoldi? Kecha "Kun bo'yi birga
dars qilamiz", deb kelishgan
edik-ku, - dedi ichkaridan
dadasi bilan chiqib kelgan Lola
hayron bo'lib.
- Abiturentligimda ijarada
turgan uyimda sumalak
qilishayotgan ekan, shunga
chaqirishgandi, esimdan
chiqibdi, - deya yolg'on
gapirdim unga.
- Bahona qilyapsan-a? Adam
kelganiga zerikdingmi? Bilasan-
ku, u kishining ketishi tez,
birpasda jo'naydi. Aytsangiz-chi,
adajon?
- Ha, Xurshida qizim, qoling. Lola
siz bilan bo'lsa, zerikmaydi, -
deb qo'ydi Abror aka.
Menga u tilyog'lamalik
qilayotganga o'xshadi.
"Ketishim kerak, men bu yerda
ortiqchaman", degan ovoz keldi
ich-ichimdan.
Aslida, rostdan ham, Lolani
aldamagan edim.
Abiturentligimda ijarada
turganman. Hozir ham onda-
sonda bu mahallaga borib
turaman. Uy sohibasi Anora opa
bolajon, shirinso'z ayol.
Ikki-uch kun avval Anora
opaning qizi qo'ng'iroq qilib,
sumalakka aytgan edi. Lekin
mening ko'nglim Lolalarning
hashamatli uyi, tansiq taomlari,
chiroyli, sokin hayotiga tortib
turgani uchun "Darsim ko'p,
bo'lmasa jon deb borardim.
Boshqa gal", deya bahona qilib
qo'ya qolgandim.
... Ko'ngil g'ash bo'lib turgani
uchun yotoqxonada qola
olmadim. Anora opaning uyiga
yo'l oldim. Bir hovli odam. Bir
yoqda mangnitofon varanglab
yotibdi. So'rida yoshi ulug'
ayollar qo'r to'qib o'tirishibdi.
Men ham suv tashigan va o'tin
yoqqan qizu kelinchaklarga
qo'shildim.
- Anora, ro'parangdagi yangi
qo'shnini aytmadingmi? - dedi
bir ayol.
- Eri kelarkan, allaqayerda
safarda ekan, kelib-ketgach,
chiqaman, dedi.
- Voy, kelib-ketar er ekanmi?
- Men qayerdan bilay? Nima
ishim bor, o'zimning erimni
tergamayman-ku, birovni
tergaymanmi? - Anora opaning
fe'li har doimgidek keng edi.
- Baribir, ko'zdek qo'shni,
kimligini bilishing kerak-ku!
- O'zimning vodoprovodimga
bir balo bo'lib, qo'shnimnikidan
suv tashib kelyapmiz.
Peshonasini tirishtirmay
suvidan beryapti-ku, yaxshidir-
da!
- Voy, Anor-ey, Xudo senga
Amudaryodek keng yurak
bergan-da! - dedi boyagi ayol.
Bu gap-so'zlar ichida
qo'shninikiga suv olgani kirdim.
U qadar hashamatli bo'lmagan
xonadon. Lekin didligina ayol
ekan. Hovlisini gulzor qilib
qo'yibdi.
- Keling, kelavering, Anora
opanikidan chiqdingizmi?
Bemalol suv olavering! - dedi
sambittolday qomatli, zangor
ko'ylak-lozim kiyib, zangor
ro'mol o'ragan yoshgina
kelinchak xushtabiatlik bilan.
- Opa, adam keldi! - dedi shu
payt besh-olti yoshlardagi
bolakay uydan otilib chiqib,
darvozaga yugurarkan.
Kelinchak ham shoshib qoldi.
Darvozaning qo'sh tabaqasi
ochilib, qop-qora "Mersedes"
kirib keldi. Men qo'limdagi paqir
bilan qiyalab o'tar ekanman,
bolakay ruldayoq mahkam
yopishib ko'rishayotgan
odamga qarab, dong qotdim.
Bu Lolaning dadasi Abror edi.
- Birpas kirdi-chiqdini to'xtatib
tursak, boshqa qo'shnilarda
ham suv bordir, - dedi kelinchak
shivirlabgina.
Shartta ro'molimni ko'zimgacha
tushirdim. "Chindan Lolaning
dadasimikin! Yo'g'-ey,
o'xshatgandirman", deb
o'yladim. Ketayotib yana bir qur
nazar tashladim. Mashinani
tanimadim. Lolalarnikida
ko'pincha "Epika" mashinasi
turardi. "Balki, bu Abror aka
emasdir" deb o'yladim o'zimcha.
Axiyri toqatim toq bo'lib, Anora
opaning kichik o'g'lini
chaqirdim.
- Ilyos, manovi hovlidagi bolani
taniysanmi?
- Ha, Akbarmi, nimaydi?
"Oti Akbar ekan-da. Ismi ham
Abror akaga uyqash. Demak,
o'ylaganim ham, ko'rganim ham
rost", shunday derdim-u,
ichimdagi g'ashlik o'rnini g'alati
bir quvonch egallab borardi.
- O'sha Akbarni bu yoqqa
chaqirib, adasini otini so'rab
berasanmi?
- Xurshida opa, sizga uning
dadasining oti nimaga kerak? -
Anora opaning o'g'li hayron
bo'lib menga qaradi.
- Kerak-da! Uni o'yinga
chaqirgandek bo'lib asta so'rab
bil, xo'pmi? "Adang keldimi?"
degin. "Qayerdan keldi?" deb
so'ra. So'ng otini so'raysan,
xo'p... O'zi qanaqa bola?
Yaxshimi? O'ynagani chiqib
turadimi?
- Ha, yaxshi bola. Boyvachcha,
hech narsasini qizg'anmaydi, -
dedi Anora opaning o'g'li.
"Lolaning fe'l-atvoriga
o'xshaydi, demak, ukasi. Biroq
Abror akaning oilasi buni
bilmaydi - Xudoyimning menga
ro'para qilganini qarang..."
Ilyos Akbarni chaqirib,
gaplashib kelguncha o'tgan
fursat yuz yilga cho'zilgandek
edi. Xotinlarning qiy-chuvi,
chirmanda-yu mangnitofonning
shovqini, qahrabo rang
sumalakning xush bo'yi - hech
narsani sezmasdim. Nihoyat,
Ilyos ko'rindi.
- Adasining otini bilmas ekan,
uyiga kirib, oyisidan so'rab
chiqdi. Abror aka ekan oti, -
dedi u beparvogina. Yuragim
shuv etdi.
- Ishqilib, o'rtog'ingning oyisi
"Nimaga kerak oti?" deb
so'ramabdimi?
- So'rabdi.
- Nima debdi o'rtog'ing?
- "Hamma adasining otini biladi-
ku, men ham bilishim kerak",
debdi.
- Barakalla, o'rtog'ing aqlli ekan.
Shunday dedim-u, ketish
taraddudiga tushdim. Ichimda
bir qo'rquv uyg'ongan edi.
"Abror aka hozir chiqib,
xotinimdan otimni kim so'radi,
deb tergov boshlasa-ya?"
- Ha, Xurshida qiz, tonggacha
sumalak kovlashmoqchi
edingiz-ku... - shoshib yo'lga
chiqqanimni ko'rib, hayron
bo'ldi Anora opa.
- Darsim ko'p edi. Xafa
bo'lmang, deb birrovga
kelgandim...
* * *
"Lola eshitsa..." Bu shumxabarni
o'rtog'imga qanday aytishimni
tasavvur qila olmasam ham,
eshitganda Lolaning qanday
kechinmalar kechirishini aniq
bilardim. Axir uning butun
g'ururi, xursandchiligi otasi
tufayli-ku. Uning dadasi yagona,
uning dadasi tengsiz... Birdan
hamma ustunlari qulab ketsa,
Lola qanday qilib yashab,
qanday qilib o'qirkan? Meni uni
o'ziga qaramagan, aftoda bir
ahvolda tasavvur etdim.
"Bunaqa bo'lmasligi kerak, axir
u meni o'rtog'im-ku, aytib nima
qilaman?" desam ham: "Baribir,
kimdandir eshitadi-ku, bunaqa
voqea uzoq vaqt yashirin
qolmaydi-ku" deb o'ylardim.
Yana ko'nglimning bir
chekkasida: "Balki, Lola uchun
bu shumxabar emas, xushxabar
bo'lar. Axir u doim aka-ukasi
bo'lishini orzu qiladi-ku. Menga
doim akammi, singlimmi
qo'ng'iroq qilsa: "Oftobxon,
senga havasim keladi. Og'zimni
to'ldirib bir marta "opa" yo
"singlim" desam, armonim yo'q
edi", deydi-ku. Halovatim
yo'qolgan, shamollar
chorrahasida qolgan
majnuntolday tebranar edim.
Shunday kunlarning birida:
- Yur, muzqaymoq yeymiz, -
dedim Lolaga.
- Nechuk? Oftob G'arbdan
chiqdimi?
Lola bejizga bunday
ajablanmayotgan edi. Odatda,
kutubxonaga, kitob do'koniga
borish haqidagi takliflar
mendan, muzqaymoq, kinoteatr,
do'konlarga "yurish" Lola
tarafdan boshlanar edi.
- Dil ketdi-da!
- Dilingga ko'zmunchoq taqib
qo'yish kerak!
- Issiqroq bog'lab qo'y!
Hazil-huzil bilan yo'l bo'yidagi
usti soyabonli, atrofi ochiq yozgi
kafega kirdik. Buyurtma berib,
undan-bundan gaplashib
o'tirgandik, yo'ldan zuvillab
"Mersedes" o'tib ketdi.
To'g'rirog'i, mashinalar
karvonida men shu mashinani
ilg'adim. Nazarimda, rulda Abror
aka, orqada o'sha kungi zangor
libosdagi kelinchak o'tirgandek
edi. Bolani ham ko'rgandek
bo'ldim. Yuragim g'alati ura
boshladi...
- Namuncha yo'lga termilib
qolding? Birorta sog'inganing
o'tdimi? - Lola jilmayib so'radi.
Uning chehrasi doimgidek
kundek yorug', ko'zlari kulib
turardi. "Nega u doim xursand?
Hamma narsasi muhayyo?
Menda esa doim muammo?"
deya ichimda nimadir g'imirladi.
Birpas qo'limni ko'ksimga
qo'yib turdim-da, birdan:
- Lola, adang "Mersedes"da o'tib
ketdi, - dedim.
Lola menga birpas qarab qoldi-
da:
- Kechqurun ko'chada yurma,
deb necha marta aytaman
senga! Yong'oqningmi,
jigidaningmi tagidan o'tgansan-
a? - dedi.
Lolaning beparvoligi, haddan
ziyod o'ziga ishonchi g'ashimga
tegdi.
- Meni qo'yaver! Yong'oq,
jiydaning ostidan o'tgan
bo'lsam, o'zim o'tdim! Yolg'iz
o'zim! Ammo adang hozir
yonida yoshgina bir ayol va bola
bilan o'tdi! - dedim.
Lolaning yuzi o'zgardi, so'ng:
- Adam safarda, qolaversa,
"Mersedes"i yo'q! - dedi.
- Tekshirib ko'rganmisan?
Safarga ketdim, deganida hech
ishxonasiga qo'ng'iroq qilib
ko'rganmisan? "Mersedes"i
yo'qligini sen qaydan bilasan? -
dedim. Lola o'rnidan turib
so'radi:
- Xurshida, nega bunaqa
deyapsan? - uning ovozi titray
boshlagan edi.
"Nega aytdim? Nima keragi bor
edi birovning ko'ngliga g'ul-
g'ula solib?!" deya o'yladim.
- O'tir, biram gapga yupqasan-
ey, balki, rostdan ham ko'zimga
ko'ringandir? Hazil qilgim
kelgandir...
Lola shiddat bilan tepamga
keldi.
- Xurshida, sen nimanidir
bilasan, bu hazil emas! Ayt,
boshladingmi, ayt!
Yomon ish qilganimni sezib,
o'zimning oldimda o'zim yuz
baravar kichrayib ketdim.
- Lola, men shunchaki...
- Aytasanmi, ayt, dedim!
- Bo'lmasa o'tir, o'zingni tutib
ol...
* * *
Uxlay olmaganimdan quloqlarim
shishib, lablarim oqarib, bir
ahvolda darsga kelsam,
kursdosh qizlardan biri shu gap
bilan qarshi oldi:
- Xurshida, sen nima qilib
yuribsan? Lolaning yonida
bo'lsang kerak, debmiz...
- Lolaga nima bo'libdi?
- Voy, xabaring yoq'mi? Jonajon
o'rtog'ingdan-a? Yuragi xuruj
qilib, reanimasiyaga tushibdi-
ku...
- O'zi... o'zi... yaxshi ekanmi? -
tilim zo'rg'a shu so'zga keldi.
- Yosh, baquvvat, o'tib ketadi,
deyayotgan ekan do'xtirlar...
"Kim aytdi? Qayerdan keldi bu
xabar?", deb so'ray olmadim.
Zero, bu savollar javobining
ahamiyati ham yo'q edi. Kecha
mendan sumalak bo'layotgan
mahallada ko'rganlarimini
boshdan-oyoq eshitgan Lola
ko'z oldimda titrab-qaqshab
dadasining ishxonasiga
qo'ng'iroq qildi. Abror akaning
safarda emasligini eshitgach,
telba bo'lib qolayozdi.
- O'sha mahallaga boramiz! -
deb turib oldi. Men yalindim,
yig'ladim. Lola fikridan
qaytmadi. Noiloj manzilni
berdim... Demak, Lola o'sha
kelinchakning uyini topib
borgan. Balki, borganida Abror
aka o'sha yerda bo'lgandir...
* * *
Men o'qishimni o'zimizning
viloyatga ko'chirdim. "Lola
sog'ayib, oyoqqa turguncha bu
yerlardan yo'qolib ketishim
kerak", derdim. Hozir
o'qiyapman... Necha marta
qo'ng'iroq qilishga
chog'lanaman Lolaga. Hech
bo'lmasa, onasiga. Lekin
qo'rqaman. Sovuq so'z tomchisi
muzlatib yuborgan ko'ngillar
bilan qanday yuma-yuz
bo'laman axir? Qanday?
Xurshida

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: