Главная » Hikoyalar » ​Noqobil farzanddan kuydim

​Noqobil farzanddan kuydim

“Yoshim 67 da. 3 nafar o`g`lim bor. Shu yoshgacha bir necha og`ir xastalaklarni boshdan kechirdim. Yarimta jon bilan qariganda farzandlar huzurini ko`rib o`tiradagan paytimda dardimga yana dard qo`shildi. Kenja o`g`lim noqobil chiqdi. Hozir 29 yoshda. Balki barcha ayb o`zimdadir. 6-sinfda sinfdoshi boshiga urib jarohat etkazadi. Shifoxonada davolanib chiqsa ham sog`ligi yomonlashdi. Jiddiy jarohat tufayli darslarni sog`lom bolalardek o`zlartirishga qiynalib qoldi. Maktab ma`muriyati qobiliyati past bolalar ta`lim oladigan maktabni tavsiya qilishdi. U erda 6–9 sinflarda o`qib ham davolanib bordi.

Shu orada turmush o`rtog`im ham og`ir dardlarni boshdan kechirib hayotdan ko`z yumdi. Endi turmushning yuki bor og`irligi bilan mening elkamga tushdi. Yana shu kenji o`g`lim baxtsiz hodisaga uchradi. Velosipedining tormizi ishlamay qolib, katta mashinaga urilib ketib, talog`i yorilib operasiya bo`ldi...

Maktabdan so`ng mashina haydashga qiziqqanligi tufayli o`qib, haydovchilik guvohnomasini oldi. Hali biron joyga ishga kirishga ulgirmay, yangi ko`chib kelgan qo`shnining erkatoy o`g`li bilan kechki payt kompyuter o`ynashga chiqib ketadigan odat chiqardi.

Bu bolani deb o`zimni o`ttga-cho`qqa urdim. Asrab-avaylab katta qildim. Shungami, o`g`lim yigit bo`lib ulg`ayganida ham, yigitlik g`ururini his qilishni bilmadi. To`g`ri, o`g`irlik qilmadi, birovga ziyon keltirmadi, ammo akasining oldiga kelib yurgan o`rtoqlari bilan g`arazli maqsadda til biriktirdi.

Qo`yliq yo`lida turgan taksichining oldiga kelib:“Bizning pulimiz yo`q edi, uyimizga olib borib qo`ysangiz uydan olib beramiz”, deya boyagi mashina egasini ko`ndirishadi. Manzilga etay deganda qorong`i ko`chada bolalar mashinani to`xtatib, pichoq bilan qo`rqitib o`rinlarini almashishni buyurishadi. O`g`lim mashina haydashni bilgani uchun, rulga o`tiradi va yo`lda davom etishadi. Taksichi mashinadan sakrab chiqib qochadi. Bolalar esa mashinani nima qilishini bilmay, o`zlari uylarida qolishadi.O`g`limga “mashinani nima qilsang qil” deb berib yuborishadi. Bolam ham nima qilishini bilmay mahallaga kelib serqatnov yo`l bo`yiga qo`yib ketadi. U uyga kelib go`yo hech narsa bo`lmagandek o`rniga kirib yotadi. Beega mashinani esa odamlar DYHXBga berishi. Egasi olib ketadi.

Yarim yildan keyin hech kim bilmadi, degan xayolda yurgan o`g`lim bo`lgan voqeani ichgan holda o`rtog`iga aytadi. O`rtog`i shu kunning o`zida bularning qilmishi haqida jinoyat qidiruv bo`limiga habar beradi. O`sha erning o`zida olib ketishadi. Shunday qilib, bolam panjara ortiga tushdi. 3 yilu 4 oyga kesildi.

Ozodlikka chiqqandan keyin bekorchilikdan turli g`avg`olar o`ylab topa boshladi. “Akam bu uydan bola-chaqasini olib chiqib ketsin. Bu mening otamdan qolgan uy”, deb turib oldi. Shu xildagi har kungi janjallar jonga tegib, uyning yarmini sotdik. Xaridor 2 xonali kvartira va qolganiga ozroq pul berdi. O`sha pulga kenjamni uylantirib qo`ydik. Kvartiraga ikkinchi o`g`lim ko`chib chiqdi. Yana biroz vaqtdan so`ng bu uyning qolgan qismini sotib mashina olib minmoqchiligini aytdi. “Bu mening haqqim bilganimni qilaman”, deb turib oldi. Mayli qulog`imiz tinch bo`lsin deb ota uyni ham sotdik. Kenja o`g`lim ota uyini sotib jiguli sotib oldi. Qolganiga 3 xonali kvartira olib berdim. Katta o`g`lim “endi biz bilan yashang” degani uchun ularnikiga ko`chib bordim.

Bu orada o`g`lim mashinasini urib olib, to`rtdan bir bahosiga sotibdi. Mashina ketdi deb alamidan uydagi qo`lga ilingan narsaki bor, sotishga tushibdi.Bora-bora uyda hech vaqo qolmadi.

Kelin birozdan so`ng qiz farzand ko`rdi. Izidan yo`qlab borib, pul va kiyim-kechak qilib berib turdim. Ammo o`g`lim xotinini opkelish uchun borsa, haydab solibdi. Shu-shu men ham “oyog`imni uzdim”. O`zi yolg`iz qolgan o`g`lim uyiga “mehmon” olib kela boshlabdi.

Bittasi: “Sendan homiladorman”, deb yopishib oldi. Ana shu o`zboshimcha o`g`lim ota uyni sotib talon-taroj qildi. Axir bularga men va turmush o`rtog`imning umr bo`yi mehnatlarimiz va zahmatlarimiz singgan edi. Uylar mening nomimga olingani uchun, u doim sotishga majbur etardi. “Menga qolgan uyning puligan olingan sotaman, uchastka topdim”, deb turib oldi. Xullas, 3 xonali kvartira sotildi. Hojatxonayu hammomi yo`q 3 xonalik bir boshqa bir uyni olib ko`chib bordik. Qolgan pulga qurilish qildik. Nonvoyxona qurdik. Ishga tushirish arafasida yiqilib tushib oyog`im sindi. Yurolmay o`trib qolganim uchun o`rtanchamnikiga bordim. Noqobil bolam esa ne azoblarda qurdirgan nonvoyxonaniyam buzib — yog`och-sheferlarini sotib ebdi. Bir qizi bilan och qolavergach, bu xotini ham bolasini olib ketgan.

O`g`lim ozroq mashina tuzatishni bilgani uchun, uer bu-erga borib ishlagan bo`ladi-da, 100 gramm aroq bilan aldanib kelaveradi. Bir kuni menga qo`g`iroq qilib: “Opa keling, och qoldim. Bir haftadan buyon hech narsa totmadim. Xotin ham ketib qolgan. Yo keling, yo uyni nomimga hujjatlashtirib bering, yoki bo`lmasa uyni buzib sotib yuboraveraman”, dedi. Tag`in qaytishga majbur bo`ldim. Kelib pensiya pulim bilan boqa boshladim. Hech ishlay demasdi.

Och yurib sariq kasal bo`lib qolibdi. 2 oy shifoxonada yotib chiqdi. Puldan qiynalib qolganimiz bois qurgan do`konimizni ishga tushirdik. Shunaqa qilib tirikchilik o`tib turganda o`g`lim: “Opa mahallada birov arendaga mashina berar ekan, olay”, dedi. Xo`p dedim. Mashinani mast holda haydab, eplolmay kanalga tushib ketdi. Mashina pachoq bo`ldi. Ana endi remontga pul, arendaga pul...

Ta`mirdan chiqqan mashina bir hafta o`tmasdan yana kanalga tushib ketadi. Uni tortib olib chiqishadi. Menga aytmasdan eru xotin qaynonasining kafilligida boshqa mashina arendaga oladi. Bunisiga nima dey endi: ikkinchi arenda mashinaning boshlang`ich badalini to`lash uchun, ustamon o`g`lim haligi yurmay turgan mashinaning balonini olib sotibdi. Mashinaning egasi bo`lgan voqeani eshitib to`polon qilib keldi.

“To bu ishga tushguncha plastik kartochkamni oling. Hech bo`lmasa zapravkaga ishlatarsiz”, dedim. Shu bilan 4 oycha pensiya ham olomadim. Bu vaqt ichida yashab yurgan uyning 2 xonasini sotishga tushdik. Ikkita mashinaning arendasi, buyog`i ro`zg`or, ham to`xtab qolgan. Boshqa ilojimiz qolmagandi. Sotmoqchi bo`lgan narximizning yarmidan ham kamiga uyni sotishga majbur bo`ldik. “Mehnat qilib topmagansan, qadrini bilmaysan”, desam yana boyagi gap. Oxiri “Bor bilganingni qil, ko`chada qolsang xotining ikkoving qolasan-da”, dedim. To`polon bilan uyni sotdi. Boyagi mashinalarni ham sotib oldi. Etmaganiga yana bitta “jiguli” oldi. Qolganiga uchastkaning bir chetidan uy-joy solishga tushdik...

Bir kuni hokimiyatdan kelib: “bu erda nimaga qurilish qilyapsizlar, 3 kun ichida buzasizlar, bu davlat joyi qurishga ruxsat yo`q”, deydi. “Hovlini sotib olganimizda bizga hovli davlatniki deyishmagan-ku”, desam, “Obodonchilikka foydalanib turishga ruxsat berilgan”, deyishdi.

Ona qadrini bilmagan o`g`limning har zamonda jazavasi tutib qolardi. Oxir qishning kunida rostakam haydadi. Akasiga qo`ng`iroq qildi, kelinim kelib olib ketdi. Mana o`tiribman endi issiq uyda bolalarim bag`rida.

Nobokor u o`g`lim esa haydab yuborib endi chidolmasdan har turli bo`htonlar ag`darmoqda. “Otamning uyining puliga men uy olib berdim bularga. Mana ko`rasizlar sudlashib tortib olaman”, deb janjal qiladi. Har oyda kelib mendan pul talab qiladi. Ishlagisi kelmaydi. “Qamoqda ishlaganman”, deb bizni zada qildi. Mayli ro`zg`orni tebratsin deb tavar to`la do`konni tashlab keldim. Ammo uni yana eb bitirdi.

“Bo`lmaganga bo`lishma”, deb bekorga aytishmagan ekan. Men mutlaq charchadim, bu bola bilan tortishishga kuchim qolmadi. Yaqinda yangi olgan pasportini yirtib tashlabdi. Oilasini tebrata olmagan, jamiyatga foydasi tegmagan odamni nima desa bo`ladi? Men bunaqa farzand bo`ladi deb o`stirmagandim-ku?!

Uyni sotganda ikkala o`g`limga 2 ming dollardan uylarini ta`mirlash uchun bergan edim. Mayli, bu o`zimning haqqim deb. G`ayir o`g`lim esa aylantirib kelib o`sha pulni so`rab janjal qilaveradi. Oxirgi kelishida janjal qilib kelinimga qo`l ko`tardi. Milisiyaga qo`ng`iroq qilaman deb telefonni olgan edim, tortib olib devarga urib sindirdi. Bitta bonkani olib sindirib, sinig`i bilan qo`lini kesib tashladi. Bo`ynini kesmoqchi bo`lib turganda, shisha sinig`ini qo`lidan tortib oldim. O`zimning ham qo`lim kesilib ketdi...

Buyog`i birinchi xotini alimentga bergan. Qo`lida sudning qarori bor. 11 milliondan ortiq pulni to`lamasa qamalarkan. Ishlamasa endi uyning qolgan qismini sotadimi? Bu uy esa menga qarashli. Mening ham bir xonali uyda yashashga haqqim bor-ku?!

Mahalladagi ibratli xonadonlardan edik. Qariganda bolalarimning huzurini ko`raman deb yugan paytim, bu mashaqqatlar boshimga tushishi tushimga ham kirmagandi. Qiyinchiliklarni engib o`tib oldinga intilgan ayolman. Faqat bu ko`rgilik aqldan ozdirmasaydi deb qo`rqaman...”

Narziya opaning maktabini Dilafruz Chorieva oqqa ko`chirdi.
Manba: Darakchi.uz



«​Noqobil farzanddan kuydim»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]