Главная » Hikoyalar » Ota-ona muhabbatiga mushtoq yuraklar
Ota-ona muhabbatiga mushtoq yuraklar

Ota-ona muhabbatiga mushtoq yuraklar

  • Категории: Hikoyalar
  • Название: Ota-ona muhabbatiga mushtoq yuraklar
  • Дата релиза: 31-05-14, 12:32
Ota-ona muhabbatiga mushtoq yuraklar
O'sha kuni chiroq o'chib qolgan
edi. Iroda orqasiga ikkita yostiq
qo'ydi-da, tokcha ustidagi
shamdonni o'ziga yaqinroq
surdi. So'ng xatlarni
odatdagiday adyoli ostiga tiqib,
bittadan olib o'qiy boshladi.
"Oyijon, xatingizni ko'p juda
ko'p marta o'qib chiqdim.
Ishingiz ko'pligini bilaman.
Boshqa paytda kelmasangiz
ham mayli, faqat bayramda,
albatta, keling, iltimos. Uning
oyisi menga sochi jingalak
qo'g'irchoq bergandi. Mayli,
qo'g'irchoq qimmat bo'lsa, qizil
yo'li bor qora koptok olib kela
qoling. Sizni sog'indim. Qizingiz
Diana..."
Iroda har bir harfidan
bolajonlarning jajji yuragi
ko'rinib turgan xatlarni o'qib
chiqqisi keldi. Yuragi hapqirdi.
Ammo har bir xatga alohida-
alohida javob yozishi kerakligi
uchun daf'atan boshqa xatga
o'ta olmadi. O'zidan ham ko'ra
ko'proq o'rtog'ini o'ylayotgan,
qarzini uzish mas'uliyatini his
qilayotgan bu jajji qizaloqqa
qanday javob yozsin?
"Diana, shirin, qizim..." Iroda
birpas o'ylanib turdi-da,
qog'ozni yirtib tashladi. "Diana,
asal qizim", deb yozdi so'ng
boshqa qog'ozga. Keyin
bayramda kelishga harakat
qilishi, agar ishi juda ko'payib
ketsa, Diana va Umidaga ajoyib
sovg'alar yuborishini yozdi.
Mehribonlik uyiga kelganiga
endi besh-olti oy bo'lgan
Shohrux ismli bolakayning
xatlarini o'qib, Iroda hiqillab
yig'ladi.
"Amaki, "Seni tezda olib
ketaman", degan edingiz. Axir
bahorda shahar bog'ida yosh
rassomlar ko'rgazmasi bor. Men
qatnashishim kerak. Amaki,
unutmang ko'rgazmani..."
Sherzod xatining orqasiga ikkita
katta-katta ko'zning rasmini
chizib qo'ygan edi. Ko'zlar
jonliga o'xshardi. Ular: "Amaki,
meni olib keting", deb
yalinayotgandek tuyildi Irodaga.
U to'shagining tagiga qistirib
qo'ygan mo'jazgina yon
daftarchasini oldi-da: "Sherzod.
Ko'rgazma" deb yozib qo'ydi.
... Iroda bu kechaning uzoq,
juda uzoq bo'lishini, hali ko'p
bolakaylarning xatlarini o'qib
chiqishi kerakligini bilardi.
O'qishga-ku kuch topadi, ammo
ularning sonsiz savollari, o'tinch,
iltimoslariga mos javob topib
yozishi uchun yuragi necha bor
qiymalanadi.
* * *
Tarbiyachilardan biri Shahlo
burchakdagi sharpadan
cho'chib tushdi.
- Kim u?
- Me-e-en... - dedi bir bola.
- Sen kimsan?
Shahlo jajji shamdonga
o'rnatilgan shamini baland
ko'tarib, atrofni yoritdi. Biroq u
tarafdan javob bo'lmasa-da,
ovoz egasi o'rta guruhdagi
yelkalarini biroz qisib,
bukchayibroq yuradigan
Dilshod ismli bola ekanini bildi-
da, achchig'i chiqib ketdi.
Chunki bugun Shahlo uchun
og'ir kun bo'lib, endi hamma
ishlarini tugatib dam olmoqchi
edi. O'tgan haftada uylariga
ko'ngil qo'ygan yigiti
Bahromdan sovchi kelgandi.
Oyisi bilan amma-xolalari "Qizi
borning, nozi bor" tariqasida
"O'ylashib ko'ramiz",
deyishgandi. Lekin Bahromning
uydagilaridan kimdir: "Bolalar
uyida ishlasa, har doim ham
halol luqma yeydi, deb kim
kafolat beradi?" degan emish.
Bu gap yigitning oilasida ancha
mojarolarga sabab bo'lganmi,
sovchilar qaytib kelishmadi.
Bugun qaynagandan qaynab
ketgan ishlar orasida Shahlo
Bahromni rosa axtardi.
Ishxonasidagilar nuqul: "Pastga
tushib ketgan", "Yuqoriga
chiqib ketgan", "Boshliqning
oldida" kabi bahonalarni
qilishdi. Qo'l telefoni ham uni
kun bo'yi o'chirilgan bo'ldi.
Shahloning miyasiga "Nahotki,
Bahromning o'zi ham fikridan
qaytgan bo'lsa", degan savol
urildi. Odamni ruhiy zo'riqish
qattiq charchatadi. Shahlo hozir
toliqishdan ham ko'ra qiyinroq
bir holatda, shu bois kayfiyati
yomon edi.
- Nima qilib o'tiribsan bu yerda
o'g'ri mushukka o'xshab? - dedi
qiz ovozini avvalgidan ham
balanlatib.
- Men... gazetada o'qigandim. Bu
haftada seni quvonchli
uchrashuv kutadi, deb yozilgan
ekan. Xuddi oyim kelib, meni
axtarib yurganday tuyildi... -
Dilshod sekin-sekin gapirar,
ovozi titrab chiqardi.
- Oying?! Qanaqa oyi?! Oying
yo'q sening! - Shahlo og'zidan
bu so'zning qanday chiqib
ketganini bilmay qoldi.
- Nima dedingiz, Shahlo opa? -
bola unga yaqinlashdi.
Shamning lipillab turgan
shu'lasida bolaning katta-katta
qora ko'zlari yonardi.
- Nima desam degandirman
charchaganimdan, kirib uxla,
Dilshod. Seni axtarib birov kelsa,
qorong'ida yo'lakda yurmaydi-
ku. Qorovulga uchraydi, - Shahlo
endi iloji boricha yumshoqroq
gapirishga harakat qildi.
- Iroda opam... xat olib kelib
bergandi oyimdan. Siz esa
bunaqa deyapsiz...
Bola Shahloga tikildi. Go'yo
uning og'zidan chiqqan gap
rost-yolg'onligini bilgisi
kelayotganday edi.
- Iroda opaning
cho'pchaklariyam jonga tegdi.
Dilshod, agar hozir yana biror
narsa so'rasang, o'zimga javob
berolmayman! Yaxshisi, kirib
uxla. Shu Iroda opangni ertaga
direktorga aytaman o'zim,
folbinlikni yig'ishtirmasa,
senlarga jabr bo'lyapti...
Shahlo Dilshodning
yotoqxonasiga kirib ketganiga
ishonch hosil qilgachgina
tarbiyachilar dam oladigan
xonaga kirdi. Kirayotib yonidagi
xonada g'ira-shira yorug'lik
borligini sezdi. Demak, Iroda
yana bolalarga xat yozib
o'tiribdi. Bir xayoli Dilshodning
hozirgi ahvolini aytib, uni
urishgisi keldi. Ammo hozir "ha"
degani holi yo'qligi uchun
xonaga kirdi-da, shamni
o'chirib, karovatga o'zini
tashladi.
* * *
Dilshod to yo'lakdagi qadam
tovushlari tingunicha eshikka
suyanib turdi. Hamxonalari
uyg'onib ketmasligi uchun
qattiqroq nafas ham olmasdi.
Nihoyat, hammayoqqa tinchlik
cho'kdi. "Shahlo opam nega
oying yo'q, dedi? Axir ikki-uch
haftada oyimdan xat olib
turaman-ku, - deya o'ylarkan,
Dilshodning yuragiga og'riq
kirdi. - Hoziroq Iroda opamdan
so'rayman!" Dilshod shu shahd
bilan eshikni ohista ochib, oyoq
uchida yurib yana yo'lakka
chiqdi. "Iroda opam uxlab
yotgan bo'lsa, ertaga
so'rasammikan?" degan
ikkilanish ham xayolidan o'tdi.
Ammo u o'n yoshga kirgan
bo'lsayam hali bola edi. Yuragi
"Hozir aniqla, hozir bil!" deb
betoqat tepardi. Dilshod
eshikdan qanday besharpa
chiqqan bo'lsa, shunday yurib,
Iroda yotadigan xonaga bordi.
"Shamni o'chirmasdan
uxladimikin yo kitob
o'qiyaptimikin?" deya eshik
tirqishidan qaradi. Ammo
nurdan boshqa hech narsani
ilg'ay olmadi. "Eshikni ozgina
ochib ko'raman, agar
uxlayotgan bo'lsa, ertaga
so'rayman", deb o'yladi o'zicha.
Eshikni asta tortdi. "G'iyq" etib
ovoz chiqarib yuborsa-ya, deb
cho'chigandi. Yo'q, eshik
beovoz ochildi. Dilshod ikki
enlikkina ochiq joydan Irodani
ko'rdi. Iroda o'z mashg'uloti
bilan shu qadar band ediki, qiya
ochilgan eshikni bir juft
qorako'z o'ziga diqqat bilan
tikilib turganini ham
payqamasdi.
"Nima, Iroda opam ertak
yozadimi? Nega Shahlo opam
cho'pchak gapirdi?" degan
xayollar Dilshodning miyasida
tinmay charx urardi. Bolalarcha
qiziqish bilan Iroda opasining
yozishiga, ora-sirada piqillab,
ko'z yoshlarini ro'molchasi bilan
artib qo'yishiga qarb turarkan,
"Yozuvchilar qayg'uli hikoya
yozishayotganda yig'lashadi,
deyishardi. Balki, Iroda opam
ham yig'latadigan voqealarni
yozayotgandir", deb o'yladi.
Agar Dilshod shu xayolda
eshikni yopib chiqib ketganida,
balki, hech qanday favqulotda
hodisa yuz bermasmidi: Ammo
unga Iroda opasini yozuvchi
sifatida tasavvur qilish ancha
qiziq edi. Shunchalar qiziq ediki,
Shahlo opasining "Oying yo'q
sening" degan paytda yuragiga
chaqmoqday tushgan titrog'i
ham bir qadar sekinlashganday
edi. Shu asno Iroda opasi adyoli
ostidan navbatdagi xatni oldi.
Uni diqqat bilan o'qiy boshladi.
Dilshodning ziyrak nigohi Iroda
opasining adyoli ostidagi
xatlarni ilg'adi. Ularni ham sham
yorug'ida tanlab olganini ko'rdi.
Shundagina aqli tiniq ishlay
boshladi: "Iroda opam doim biz
yozgan xatlarni yig'ib oladi.
Javobini ham o'zi yozayotgan
bo'lsa-chi?" U shiddat bilan
tarbiyachisining tepasiga
bostirib borib so'radi:
- Iroda opa, nima yozyapsiz?
To'satdan kirib kelgan bu
bolaning fe'l-atvorini Iroda juda
yaxshi bilardi. U tez
asabiylashadigan, kayfiyati
bahor havosidek o'zgaruvchan
bola edi. O'zaro janjallarda
birorta o'rtog'ining tilidan:
"Bukri" degan haqorat chiqib
ketsa, qaltirab qolar, kuchi
yetsa-yetmasa o'shanga osilar,
alamini olishga harakat qilardi.
- Dilshodjon, tinchlikmi, nima
qilib yuribsan shu paytda? -
dedi Iroda o'rnidan sakrab
turarkan. Ammo shoshilganidan
beo'xshov harakat qilib yubordi,
shekilli, adyoliga qo'shilib,
qog'ozlar pastga uchdi. Dilshod
egilib, oyog'i ostiga kelib
tushgan qog'ozni oldi. Bu
quyoshga cho'zilgan panja
shakli chizilgan qog'oz edi.
Dilshod "Sashaning xati!" deb
yubordi. Chunki kechagina
hamxonasi Sasha: "Dilshod,
oyimga yozgan xatimning
orqasiga panjamni bosib
turaman, sen chizib qo'y, oyim
charm qo'lqopni shunga qarab
olib keladi, axir razmerimni
bilmaydi-ku", degan edi. Dilshod
uning panjalari ustidan
yaxshilab, har bir barmog'ini
alohida-alohida qilib chizib
chiqqan edi. Keyin Sashaning
o'zi: "Bu oyim bo'la qolsin", deb
qog'ozning bir chekkasiga
quyoshni chizib qo'ygandi.
- Demak, xatlarni o'zingiz
yozarkansiz-da! - Dilshod har
yoqqa yarador kabutarlarday
sochilgan qog'ozlarni yig'ib
olayotgan Irodaga baqirdi.
- Dilshodjon, hozir tushuntirib
beraman, sen bu yoqqa o'tir...
Iroda bolaning yelkasidan
ushlab tinchlantirmoqchi bo'ldi,
Dilshod uning qo'llarini siltab
tashladi.
- Siz menga rostini ayting, Iroda
opa, mening oyim yo'qmi?!
Xatlarni siz yozarmidingiz?!
- Nega unaqa deysan,
Dilshodjon?! Dunyoda oyisi yo'q
odam ham bo'larkanmi?!
- Bo'ladi, bo'ladi! Oyisi bor odam
yetimxonada yashamaydi!
Demak, Shahlo opam to'g'ri
aytgan ekan, mening oyim yo'q!
Dilshod qo'lidagi xatni otib
yubordi-da, yo'lakka otildi. Iroda
egniga narsa ilgani bir zum
alangllab turdi-da, so'ng xalatni
olib, bolaning orqasidan chopdi.
Bir poy shippagi oyog'iga
ilinmadi, shekilli, ostonada
tushib qoldi.
- Dilshodjon, Dilshod, to'xta!
Avval deraza qarsillab sindi,
so'ng "gurs" etgan ovoz
eshitildi.
- Hoji bobo! Dilshod o'zini
derazadan tashlab yubordi! -
Irodaning qichqirig'idan
uyg'ongan qorovul yugurib
chiqdi. Bir zumda bolalar
uyining hovlisi qiy-chuvga to'ldi.
* * *
Irodaning yuzi kulrang tusga
kirgan, ko'zlari esa ichiga botib
ketgandi. Tik turishga holi
yo'qligidan burchakdagi
stullarning biriga cho'kdi.
- Xayriyat, bolaning joni omon
qolibdi. Oyoq-qo'lining sinig'i
bitib ketar, yosh narsa.
Xudoning mo'jizasini qarangki,
boshi bilan yiqilmabdi. Iroda
Sa'diyevna, sizga avval ham bir
necha marta aytganmiz shu
yo'lingizni yig'ishtiring, deb,
to'g'rimi? - dedi direktor.
Irodadan javob bo'lmagach, u
to'rda o'tirgan, masalani
muhokama qilishga kelgan
komissiya raisiga qarab:
"Ko'rdingizmi?" deya imladi.
- Nega og'zingizga talqon solib
o'tiribsiz, aytganmizmi?! - dedi
Irodaning jimligidan jahli
chiqqan tarbiyaviy ishlar
bo'yicha mudir.
- Aytgansiz. Juda ko'p aytgansiz.
- Ana! Oxir-oqibat nima bo'ldi?!
Bilamiz, sizning niyatingiz
yaxshi edi. Bolalar yo'q ota-
onalaridan sovg'a-salomlar,
xatlar olib suyunishardi. Bir-
biriga maqtanishardi.
Bolalarning ko'ngli vaqtincha
bo'lsayam o'ksimasin, dedingiz.
Mana, yolg'oningizni misi chiqdi.
Endi ularning ota-onalari
haqidagi tasavvurlari nima
bo'ladi?! Siz haqingizda, bolalar
uyi to'g'risida nima deb o'ylaydi
ular?! - direktorning qizishib
ketganidan bo'yin tomirlari
bo'rtib chiqdi.
- Ularning bu yerda hech
narsadan kami yo'q-ku! Ular
uchun qancha odam jon
kuydirib yotibdi! Ota-ona
haqidagi cho'pchakning nima
keragi bor edi, hayronman?! -
dedi Shahlo gapga qo'shilib.
Uning gapini eshitib, Iroda
boshini ko'tardi.
- Siz... Dilshodga bir narsa
deganmidingiz? U "Shahlo
opam aytdi", deb nimadir
degandi?
- Yo tavba! Endi menga osiling!
Hammasiga sizning
cho'pchaklaringiz sabab!
Bolalarning qo'ynini puch
yong'oqqa to'ldirib, aldab
keldingiz! Aslida, ular dunyoda
yomon ota va onalar borligini
bilishlari, ulardan nafratlanishi
kerak edi! - Shahlo qizishib
gapirarkan, minbarda nutq
so'zlayotganday o'rnidan turib
ketdi.
- Yo'q, Shahlo, yanglishasiz.
Balki, men ham xato
qilgandirman. Beayb
parvardigor. Ammo ota-onaga
nafrat bilan qarash kerak,
degan gapingizga
qo'shilmayman. Axir ulargayam
bolalarini tashlab ketish oson
bo'lmagandir... Agar oson
tashlab ketgan bo'lsayam,
ertami-kechmi jazosini oladi.
Mayli, ularni qo'ya turaylik.
Bilmagan-tanimagan odamlarni
muhokama qilmaylik. Bolalar
men yozgan xatlarni o'qigach,
ertangi kunga umid bilan
yashaydi. Mayli, yolg'ondan
bo'lsayam umid bilan yashasin.
Shunda ota-onasining sog'inchi,
mehri ularning qalbini
yumshatadi. Qahri qattiq
odamga aylanmaydi. Muhabbat,
sog'inch odamning yuragini
toshga aylantirmay turadi.
Ulg'ayishsa, men ularga
haqiqatni aytardim. Nima uchun
shunday qilganimni ham
tushuntirardim. Bolalar meni
kechiradi, baribir... - Iroda o'zini
tutib, keskin-keskin gapirardi.
- Bir bola sizni deb nobud bo'lay
dedi-ku!
- Ha, bu falokatda aybdorman.
Dilshodning fe'lini yaxshi
bilardim. Kirgan zahoti uning
nimadir qilishi mumkinligini
o'ylashim kerak edi.
Komissiya raisi o'rnidan
turguncha birov u dedi,
boshqasi bu...
- Bu dargohda ishlovchilarga
oson emas. Dunyoda bolaning
ko'ziga termilishdan og'ir narsa
yo'q. O'zingniki bo'lsa, so'kasan,
urishasan. Ammo birovniki,
ayniqsa, ko'ngli yarim bolaning
tarbiyasi bilan shug'ullanish
juda og'ir. Iroda qizimizga bir
tarafdan "balli" degim kelyapti.
Agar shu voqea yuz
bermaganda... Axir ularning
o'zlariyam ertaga ota-ona
bo'ladi. Ota-onadan
nafratlanmasliklari, odam
zotidan ko'ngillari zada
bo'lmasligi zarur. Irodagayam
birovlarga yalinib xat
ko'chirtirish, sovg'alar
uyushtirish oson bo'lmagandir.
Ikkinchi jihatdan esa har
qanday yolg'on qumga qurilgan
imorat, baribir qulaydi. Shuning
uchun bola qalbidagi muhabbat
tuyg'ularini asrab qoladigan,
yolg'on bo'lmagan boshqa
usullarni o'ylab topish kerak...
Komissiya raisining hamma gapi
ham Irodaning qulog'iga
kirmasdi. "Bunday yo'l
bormikin? Dunyodagi biror
sog'inch ota-ona sog'inchiga,
biror-bir muhabbat ota-ona
sevgisiga o'xsharmikin? Ertaga
oyim keladi, degan umiddan
chiroyliroq umid, dadam meni
olib ketadi, degan taskindan
kuchliroq taskin bormikan?"
Iroda o'ziga-o'zi savol berarkan,
uning javobini ham o'zi izlardi.
Zalda esa hamon muhokama
davom etardi...
Qutlibeka Rahimboyeva

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: