Главная » Hikoyalar » Semiz va oriq (hikoya)

Semiz va oriq (hikoya)

Nikolayev temir yo'lining vokzalida ikki oshna uchrashib qoldi. Biri semiz, biri oriq. Semiz hozirgina vokzalda ovqat yegan — yog'liq labi pishgan olchaday yaltirab turibdi. Undan xeres vinosi va flerd oranje degan atirning hidi kelar edi. Oriq esa vagondan hozirgina tushgan va chemodan, tugun, kartonlar ko'tarib olgan edi. Undan vetchina va qahva hidi kelar edi. Uning orqasida oriq, cho'ziq yuzli xotini, qisiq ko'zli novcha gimnazist o'g'li turibdi.
— Porfiriy! — dedi semiz, oriqni ko'rib. — Senmisan! Bo'talog'im! Necha-necha yoz, necha-necha qishlar o'tib ketdi!
— E! — dedi oriq hayron qolib. — Misha! Birodarim! Qadrdonim. Xo'p eson-omon bormisan?
Oshnalar qayta-qayta, uch marta, og'iz-burun o'pishgandan keyin ko'zlariga yosh olib tikilishdi. Ikkovi ham o'zida yo'q xursand bo'lib dovdirab qoldi.
— Azizim! — dedi oriq og'iz-burun o'pishgandan keyin. — Buni qara-ya! Xo'p uchrashib qoldik-da! Qani menga tuzukroq qarachi! Hali ham o'sha ilgarigidek, chiroyliksan-a! Hamon o'shanday jonon, olifta! Obbo sen-ey! Xo'sh qalaysan? Boyidingmi? Xotin oldingmi? Men uylandim, mana… Bu xotinim, Luiza Vansenbax… Lyuteran mazhabida… Bu esa o'g'lim Nafanail, uchinchi klassda o'qiydi… Nafanail, bu kishi mening qadrdon do'stim! Gimnaziyada birga o'qiganmiz.
Nafanail biroz o'ylab turib, shapkasini boshidan oldi.
— Gimnaziyada birga o'qiganmiz,— dedi oriq davom etib. — Esingda bormi, seni nima deb kalaka qilishardi? Hukumat kitobini papiros bilan kuydirganing uchun seni Gerostrat* deb kalaka qilishar edi. Men chaqimchi bulganim uchun Efialt* deb kalaka qilishardi. Ha-ha… Bola edik! Tortinma, Nafanya! Yaqinroq kel… Bu mening xotinim Vansenbax… O'zi lyuteran…
Nafanail biroz o'ylab turib, o'zini otasining orqasiga oldi.
— Xo'sh, ishlar qalay, do'stim? — dedi semiz, do'stiga nazar tashlab. — Biron joyda xizmat qilasanmi? Kattaroq amalga mindingmi?
— Xizmat qilaman, do'stim! Ikki yildan beri kollejskiy asessorman, Stanislav* oldim. Maoshning mazasi yo'q… Sadqaiysar-kuya! Xotinim muzika darsi beradi, men uyda yog'ochdan portsigar qilib sotaman. Juda g'alati portsigarlar yasayman. Bittasi bir so'm. Ulgurji oladigan odamga arzonroq qilib beraman. Sababi tirikchilik-da. Departamentda xizmat qilar edim, shu mahkama bo'yicha bu yoqqa ishlar mudiri bo'lib keldim… Shu yerda xizmat qilaman. Xo'sh, senchi? Statskiy sovetnik bo'lgandirsan, deyman? A?
— Yo'q, azizim, yuqoriroqdan kelaver, — dedi semiz. — Men tayniy sovetnik bo'lib qoldim… Ikkita Yulduzim* bor.
Birdaniga oriqning rangi oqarib ketdi, toshday qotib qoldi, lekin sal o'tmay yuzi tarvayib, kuydirgan kalladay irjaydi; xuddi yuz-ko'zidan uchqunlar yog'ilayotganga o'xshar edi. O'zi qo'nishdi, bukchaydi… chamadoni, tuguni va kartonlari ham burishib qolganday bo'ldi… Xotinining cho'ziq yuzi yana ham cho'zildi; Nafanail g'oz turib, mundirining hamma tugmalarini soldi…
— Men janobi oliylari… Ko'p yaxshi!.. Bolaligingdan beri do'st bo'lib yurgan kishing shugday martabaga yetsa! Hi-hi!
— Qo'ysangchi! — dedi semiz aftini burishtirib. — Bu gaplarning nima keragi bor? Birga, ko'rpa tepishib katta bo'lgan odamlarmiz, muncha ehtirom-u qo'l qovushtirishning nima keragi bor!
— Qo'l qovushtirmasdan bo'lar ekanmi… Nainki… — dedi oriq yana ham qo'nishib, janoblarining nazari marhamatlari!.. Go'yoki obihayot… Bu janobi oliylari, o'g'lim Nafanail… xotinim Luiza, lyuteran, bir daraja…
Semiz unga qarshi nimadir demoqchi edi, uning yuzidagi ortiq darajada bo'lgan mutelik, xoksorlik alomatlari ensasini qotirib yubordi. U o'girilib, xayrlashgani qo'l uzatdi.
Oriq butun vujudi bilan ta'zim qilib xayrlashdi va xitoydan hi-hiladi. Xotin iljaydi. Nafanail tovoni bilan qadam tashlayman deb shapkasini qo'lidan tushirib yubordi. Uchchovi ham o'zida yo'q xursand edi.

Anton Chexovdan Abdulla Qahhor tarjimasi
Manba: Hordiq.uz



«Semiz va oriq (hikoya)»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]