Главная » Hikoyalar » Televizorni ishxonangizga opketing

Televizorni ishxonangizga opketing

Shom vaqti. Endigina 5 yoshga to`lgan Lola onasi bilan o`ynagisi kelib qoldi. “Oyi, Oyijon, berkinmachoq o`ynaylik. Men berkinaman siz topasiz, maylimi? Ona shosha-pisha ovqatga suvni soldi-yu, “Ey seni berkimachog`ingdan boshqa dardim yo`qmi? Nari tur, bor o`yinchog`ingni o`yna!” dedi.

“Yolg`iz o`ynab zerikib ketdim unda menga dugona-mi, singilmi opkeb bering”, dedi Lola yalingancha.

“O`zing 10 ta bolani o`rnini bosasan, singilning nima keragi bor?Ko`p gapirma, bor telefonimni ol, o`yinini o`yna. Ovozing o`chsa bo`lgani. Serialim o`tib ketadi hozir, ovqatni tayyorlab olay ungacha”, deb baqirgancha, qizchani haydadi. Lola esa onasining telefonini o`ynar ekan, qorni ochganini his qilib yana onasi atrofida aylandi. Serial ichiga kirib ketgan ona “Chidab tur” deb, jerkib tashladi. Qizaloq qorin g`amida oshxona tomon yo`l oldi. Bir burda nonni sindirib, onasining oldigacha yurib eb keldi. Erga tushgan non ushog`idan onaning g`azabi qaynab, bolasini koyigancha ushoqlarni yig`a boshladi. Lolaning jajji qo`llariga tarsaki tushirib, u ham etmaganday bir burda nonini ham tortqilab oldi. Qizaloq yig`lab-yig`lab uxlab qoldi. Ota ishdan kech qaytib, qorni to`qligini aytdi. Lolaning qaerdaligini so`ragan otasiga “Tannoz qizingiz to`polonni qilib-qilib, oxiri yig`lab uxlab qoldi, so`ngi paytlarda juda erkalatvoryapsiz-da dadajonisi, bir tergab qo`ying”, deb shikoyat qildi ona. Birin-ketin 3 soat seriallarni tomosha qilgan ayol taomni muzlatgichga qo`yishni ham unutdi. Bir qozon ovqatga qo`l ham tegmay uvol bo`ldi.Erta tong Lola uyg`ongach ota qizini tartibga chaqira boshladi.

— Ona qizim kattalarning gapiga quloq soling, oyijoningizning jahlini chiqarmang, Bog`chaga aqlli qiz bo`lib borib keling, keyin jimgina o`tiring, xo`pmi?”

Shunda Lola norozi ohangda:

— Dadajon ketishingizda televizorni ishxonangizga olib keting, iltimos, men qornim och qolganda oyijonim ovqat berishini, qorong`i bo`lganda kaltak emay, yig`lamasdan oyijonimni bo`ynidan quchoqlab olib, ertaklar eshitib uxlashni xohlayman. Oyijonimni televizordan qizg`anaman. Kinolar oyijonimni mendan olib qo`yapti, — dedi yig`lamsirab. Bu gapdan so`ng otaning ham, onaning ham yuragidan bir nima chirt etib uzilganday bo`ldi. Ona beihtiyor ko`ziga yosh oldi, qilgan xatosini tushunib etdi. Ota ham bu oqshom ishdan erta qaytib, qiziga ertak aytib berishni va`da qildi. Bu kun Loladan xursand odam yo`q edi. Bog`chaga borib “Men endi har kuni ertak eshitib uxlayman” deb maqtanib qo`ydi.

Bola quvonchi – olam quvonchi. Ammo, hozirgi kunda “Televizor” kasalligi sabab, ayrim ota-onalar farzand tarbiyasi bilan bir qatorda uning sog`ligiga ham befarq qaramoqda. Ona oiladagi sog`lom turmush tarziga rioya etmasligi oqibatida bolaning immuniteti tushib, kamqonlik, holsizlik, tez-tez shamollash kuzatilyapti. Bundan tashqari, murg`akkina bola ona bilan birga serialga tomoshabin bo`lib, ahloqsiz sahnalarning ham guvohi bo`lmoqda. Yo`qoridagi holat ko`pchilik oilalarda kuzatilgan. Bekorga ketgan bu vaqtni farzandingiz bilan suhbatlashishga bag`ishlang. Uning olam-olam orzulari, ulkan maqsadlari, ezgu niyatlari bor. Hozirdanoq kelajakda kim bo`lmoqchiligini aytib beradi. Bolaga ham suhbatdosh kerak, axir. Kichkintoylarni qalb bilan eshiting.

Shahnoza Nurullaeva
Manba: Darakchi.uz



«Televizorni ishxonangizga opketing»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]