Главная » Hikoyalar » Yomg`ir tinmagan kun

Yomg`ir tinmagan kun

Shanba tongi boshqa kunlardan farqli o`tdi. Uch kundan beri hukm surayotgan bahor havosi nihoyasiga etdi. Kuz borligini eslatib qo`ygisi keldi shekilli, shomdan keyin uyulgan qosh-qovog`i tongga borib yanada tundlashdi. Bor alamini ichiga yutgandek kechasi bilan bir tomchi ham yosh to`kmadi.

Quyuq bulutlar Sohibaning ustiga yopirilib kelayotgandek go`yo. Uyg`ondi-yu, zimzambildek gavdasini arang ko`tardi. Deraza osha tashqariga qaradi, havoning avzoyi buzuqligini ko`rib, bugun ishga nima kiyish haqida o`yladi. Shu o`y uni biroz chalg`itdi.

— Ustingga qalinroq kiyim kiyib ketgin. Soyaboningni olib chiqib qo`ydim, esdan chiqmasin, — onasi oyoq kiyimini kiya turib qizi bilan xayrlashdi.

Ko`chaga chiqqach, nimadir esiga tushdi chog`i, ayvon oynasining oldiga kelib so`zladi:

— Ishdan keyin akalaringnikiga o`ta qol. Kelinoying ertalab qo`ng`iroq qilib, hammamizni mehmonga chaqirdi. Yarash-yarash oshi qilyapti. Bormasang, tag`in gap uzayib ketadi.

O`tgan dam olish kuni jiyanlari kelgandi. Sohibaning bisotidagi pardoz-andoz vositalari ustida naq ilmiy ish olib borishibdi. Bu payt somsa qilish bilan ovora kelin bolalarining tadqiqotidan xabardor bo`lmagani aniq. Lekin Sohiba kelinoyisiga jahl qildi. Hatto, qovoq somsalarga qo`l ham cho`zmadi. Akasining «Shu mayda-chuydalar uchun asabni buzish shartmi?» degan gapi qattiq botib ketdi — xonasiga qamalib oldi. Kelinoyi ham ketar mahali bir og`iz xayr demasdan jo`navordi.

Sohiba onasi tayinlagani uchungina qalinroq kiyindi-da, istar-istamay uydan chiqdi. Uni kutib turgan ekanmi, bekatga etmasidan yomg`ir sharros quya boshladi.

— Sohiba...

Sohiba Durdonaning ovozini tanib, ortiga o`girildi. Bir qo`li bilan soyabon tutgan qiz bir qo`lidagi ovqat, mayda-chuyda solingan elim xaltani ko`targancha dugonasi tomon qadamlarini tezlatdi.

— Senam kech qolibsan-da, — dedi u Sohibaning yuzlaridan o`pib qo`yarkan.

— Ha, uxlab qolibman... — bichimi keng plash jussasining ozg`inligini yashira olmagan qiz dugonasiga javob berdi.

Ikki bo`y qizni o`rtalarida paydo bo`lgan xijolatpazlikdan vaqtida kelgan avtobus qutqardi. Ichida hayriyat degancha avtobusga chiqishdi. Harholda to manzillariga etguncha muhabbat qissasi haqida so`z ochisha olmaydi.

Xuddi shu bekatda, xuddi shu avtobusni kutishayotganda Sohiba andak uyalib, hayajondan to`liqib, quvonchdan porlagan ko`zlarini serqatnov ko`chaning narigi tomonida qad rostlagan binolarga tikib muhabbatini tan olgandi.

— Sen Javohirni yaxshi ko`rasan-a? — degandi dugonasi dabdurustdan.

Aslida buni dabdurustdan berilgan savol deb bo`lmasdi. Durdonaga hammasi ma`lum edi. Sohiba bilan u har kuni bir yo`ldan ishga borib keladi. Faqat tungi navbatchilikkina ularni ayirishi mumkin edi. Shifoxona hovlisidan chiqar-chiqishmas Sohiba kun qanday o`tganligi haqidagi bayonotini Javohir ismi bilan boshlar. Jonlantirish bo`limiga ishga kelganiga ko`p bo`lmagan yigitni to manzillariga etguncha tilidan qo`ymasdi. Yonma-yon mahallada o`sgan bu ikki qiz aslida shu mavzu tufayli ham dugonalashib qolishgandi. Durdonaning Sohiba bilan suhbatlardan bahri dili ochilardi. Garchi eslaganda yuragida og`riq turib, goh ko`zlari g`ashlansa-da, o`z sevgi tarixini u bilan baham ko`rardi.

U kecha Sohibadek mijja qoqmadi. O`rniga cho`zilgancha dugonasi haqida o`yladi. Uni yupatish, ovutish uchun tasallilar izladi. Javohirning uylanayotganini eshitgandan beri dili xufton tortgan qiz oxirgi uch kun ichida so`lib qolgandi. Durdona yigit bilan gaplashishni ham xayol qildi-yu, keyin bu fikridan qaytdi.

«Sohibani chindan sevsa, shundoq ham uylanardi-ku. Axir bu ilojsiz muammo emas. Eng muhimi, ikkisi ham hayot, taqdirlari o`z qo`lida...»

Durdona o`limdan boshqa hamma narsaning chorasi bor, deb o`ylardi. To`g`rirog`i, u shu chorasizlik bilan to`qnash kelgan.

Sodiq bilan tasodifan tanishishgan. Har kuni ko`z-ko`zga tushmasa-da, ko`ngillari bog`landi. Avvaliga Sodiqning uyidagilar, keyin Durdonaning onasi ikki yoshning turmush qurishiga qarshilik bildirishdi. Aytarli sabab yo`q edi, negadir tixirlik qilishardi. Har ikkala ota-onaning farzandlari uchun o`z ko`z ostiga olganlari bormidi, xullas, uch bor sovchilikdan keyin rozilik olindi. Durdona ham o`sha kezlari hayotdan umidi so`nib yig`lagandi. Unashtirilgachgina xavotirlari aridi. Fotihaning shirinliklaridan totgan shifoxona ahli unga baxt-saodatlar tiladi, yoshlar to`y qachonligiga qiziqishdi, kattalar qo`sha qaring, deya duo qilishdi. Biroq ayriliq ularni cheklab o`tmadi. Boshqa ayrilgan sevishganlar kabi ularning sevgi qissasi bir tomonning vafosizligi bilan emas, taqdirning bevafoligi sabab yakun topdi. Sodiqda bosh miya saratoni aniqlandi. Ajal yigirma to`rt yoshli yigitning hali orzu-umidlari ko`pligiga, ota-onasining suyangani ekanligiga, jondan sevgan yori borligiga, chimildiq ko`rmaganiga qarab o`tirmadi — yorug` olamdan oldi-ketdi.

Sohibaning og`ir qadamlari, rangi o`chgan yuzi, soyabon tutgan qo`llarining titrashi Durdonaga turtki bo`ldi:

— Peshanaga yozilgani bo`larkan... — dedi.

— Ha, — titroq ovoz eshitildi.

Durdona dugonasining qo`llaridan qo`lini o`tkazdi-da, unga ham ruhan, ham jisman yaqinlashdi. Shifoxona darvozasi oldiga etganlarida nogahon bir-birining yuzlariga tikilishdi. Qoshu kipriklardagi bo`yoq ikki chakkalariga oqqan yoshlarga qo`shilib, oydek yuzlariga chaplangandi.

— Voy, ahvolimizni qara, — kuldi Durdona. Sohiba ham jilmaydi.

Jiqqa ho`l bo`lgan soyabonlarini silkib-silkib binoga kirgan qizlar yuz-ko`zlarini artishdi-da, oq xalatlarini kiyib ishlariga sho`ng`ib ketishdi.

Navbatchilikka qolgan Durdona jonlantirish bo`limida bemorlarning kamligidan quvondi. Harna, navbatchilik oson o`tadi. Hech kimning ahvoli og`irlashib bu bo`limga tushmasin-ey, deydi u har gal hayoti qil ustida turgan bemor shifoxonaga olib kelinganda.

Bugun Sohiba vaqtliroq ketmoqchiligini aytgandi. Dugonasining akasinikiga borishini etishgach, qandaydir xotirjam tortgandi. «Harna, jiyanlarini ko`rib, sal chalg`iydi», degan umidda edi.

Kelini pishirgan osh tomog`idan arang o`tayotgan Hanifa opa esa qizining kelmaganini o`zicha tushundi: «Kelinoyisini ko`rishni istamagan». Onaizorning shundan yuragi xijil tortdimi, nevaralarini erkalab to`ymayotgan turmush o`rtog`iga ketdik, deya imo qilib charchamadi.

Uylariga kelishganida eshikning qulflog`liqligi, ayniqsa, Hanifa opani dovdiratib qo`ydi.

— Telefonini o`chirib bu qiz qaerlarda yuribdi-a? O`zi ko`ngliga qarab rosa taltaytirib yuborgansan. Kelinni ham ikking bir bo`lib sig`ishtirmadinglar, — Kozim aka do`q qildi.

Hanifa opaning esa yuragi tez-tez ura boshladi. Oxirgi paytlarda qizi boshqacha bo`lib qolgandek. Tuzuk-quruq ovqat ham emayapti. O`zicha buni nevaralarining sho`xligi sabab yuzaga kelgan mojaroga yo`ygandi. Unaqaga o`xshamayapti. Oldinlari ham kelinoyisi bilan talashib qolar, ammo araz bunaqa uzoq cho`zilmasdi. Qolaversa, Sohiba o`zini yaxshi ko`radi. Kim-kim, kelinoyisi uchun ovqat emay, o`zini jazolamasdi.

Eshik ochilgani hamona shosha-pisha loy ilashgan oyoq kiyimining echdi-da, qizining xonasi tomon chopdi. Onaning ko`ngli aldamaydi — qizi hushsiz yotardi. «Tez yordam» kelgunicha ota ham o`zini yo`qotib qo`ydi. Jonlantirish bo`limiga etib borishganda esa ularni hech narsadan bexabar, dugonasining kayfiyati o`nglaganidan umidvor Durdona kutib oldi. Bir hovuch uyqu dori ichgan Sohibani ko`rishi bilan o`zini yo`qotib qo`ydi. O`z oyoqlari bilan shifoxonadan chiqib ketgan dugonasining hushsiz jismiga boqib, uning ahmoqlik qilganini angladi-yu, bu xatoni to`g`irlash uchun shifokorni chaqirishga shoshdi. Hamma Sohibani ko`rib hayratda edi. «Nega bunday qildi?» degan savolning javobini esa dugonasidan boshqa hech kim bilmaydi. Hayriyat, rizqi uzilmagan ekan, qizning jonini asrab qolishdi. Durdona og`ir o`tgan tunning tongga qanday ulanganini bilmadi. Hamkasblari uyga borib dam olib kela qoling deyishsa ham unamadi. Sohibani yolg`iz tashlab ketgisi yo`q. Faqat biroz o`ziga kelish uchun hovliga chiqdi. Kecha tinim bilmay yoqqan yomg`irdan keyin butun borliq poklangandek, er hidi-ku kishini tetiklashtiradi. Zax o`rindiqlarga o`tirishni lozim topmagan qiz sekin qadamlar bilan hovlida yura boshladi. Ne ajabki, Javohirga duch keldi.

— Sohiba o`zini o`ldirmoqchi bo`ldi... — salomiga qisqagina alik olgancha shoshib ketayotgan yigitning ortidan gapirdi.

Javohir u tomon o`girildi, Durdorna yig`layotgandi.

— Uyqu dori ichibdi...

Bir muddat dong qotib turgan Javohirning rang-quti o`zgardi.

— Jinnimi u? Qaysi palatada? — so`radi sarosimada.

«O`n birinchida» deya javob bergan Durdona dugonasi hayoti bilan teng ko`rgan odamning keyingi gaplaridan erga mixlangandek bo`ldi.

— Yaxshiyam, bugundan ta`tilga ketyapman. To`y oldi shu mashmasha o`ralashib qolmay, xo`pmi? Durdona, dugonangizga ayting, men haqimda bo`lmag`ur gap qilmasin...

Javohir qay tomondagi zinadan yuqoriga ko`tarilsa, 11-palata oldidan o`tishiga to`g`ri kelmasligini chamalangancha xuddi boyagidek tezlikda yurib shifoxona binosiga kirib ketdi.

MUXLISA
Manba: Darakchi.uz



«Yomg`ir tinmagan kun»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]