Popup

Главная » ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR » Onam yig'laydi

Onam yig'laydi

Onam yig'laydi
Gunohlardan charchab olam yig‘laydi,
Armondan azobli nolam yig‘laydi,
Mening dardim uchun soxta ko‘z yoshsiz
Chin dildan faqat bir onam yig‘laydi...


Tashvishlar yukidan to‘kilib qolsam,
Emaklab yurolmay yiqilib qolsam,
Bir tomchi ko‘z yoshga tiqilib qolsam,
Mening sabrim uchun onam yig‘laydi.


Baxt izlab ovora sarsonlar bo‘lsam,
Taqdir sanchgan tig‘dan hayronlar bo‘lsam,
O‘zimni tanimay hayronlar bo‘lsam,
Mening dardim uchun onam yig‘laydi.


Gunohlar o‘qiga men nishon bo‘lsam,
Shaytonga qo‘shilib goh shayton bo‘lsam,
O‘z bo‘ynimga o‘zim dor arqon bo‘lsam,
Mening jabrim uchun onam yig‘laydi.


Hayotdan zavqlanib, shodon kulmasam,
Boshim egik bo‘lib, mag‘rur bo‘lmasam,
O‘zimni qadrimni o‘zim bilmasam,
Mening qadrim uchun onam yig‘laydi.


Nafsimga qul bo‘lib, enkayib o‘tsam,
Kimligim unutib kekkayib ketsam,
Nochorlarni siqib, kengayib ketsam,
Mening kibrim uchun onam yig‘laydi....


Mening dardim uchun soxta ko‘z yoshsiz
Chin dildan faqat bir onam yig‘laydi....

DILDORA ABDINAZAROVA



«Onam yig'laydi»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]