Главная » YANGI SHERLAR » Baxtsizlik

Baxtsizlik

Baxtsizlik
... va ikkimiz baxtga loyiq emasdik!
Chunki biz dard bilan o'ynashar edik.
Suyardik, kuyardik, oshiq emasdik!
Soxta ishq doriga tirmashar edik.

Men sevib to'ymadim, sen esa to'yib...
Ko'ksimga boshingni qo'yding-u bildim.
Sen nafas olmading bag'rimda to'yib,
Shu lahzadan boshlab o'zimni tiydim.

Tabiiyki sen ketding, baxt ham borini,
Jomadonga solib ketdi yelkalab.
Men-chi, yo'qotishdan avval yorini,
Kuzatib qo'ymadim sekin erkalab.

Sen nima kutganding, bilmadim mendan?
Qoshimni chimirib o'tiraverdim.
Va so'ngso'zingni ham olmadim sendan,
Tilimni jimlikka botiraverdim.

Sen ketding ortingdan yo'rg'aladi baxt,
Nahot to'xtatishga urinmadim ham.
Oradan oralab o'tganida vaqt,
Yo'llaringda bir bor ko'rinmadim ham.

Sog'indim-a lekin kimni sog'indim,
Senmi, visolnimi yoki baxtnimi?
Bilgin, baxtsizlikda yomon og'irindim,
Kimsasiz qoldirdim ko'ngil taxtini.

Sendan ayrilganim fojia emas,
Faqatgina bitta iltimosim bor.
Menga o'zingnimas, yo'q o'zingnimas,
Baxtimni qaytarib jo'natib yubor!

Solih Sulton



«Baxtsizlik»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]