Главная » Yangiliklar » ​XOTIRA: ShAHNOZABONU HAYoT BO`LGANIDA BUGUN 42 YoShNI QARShI OLGAN BO`LARDI
​XOTIRA: ShAHNOZABONU HAYoT BO`LGANIDA BUGUN 42 YoShNI QARShI OLGAN BO`LARDI

​XOTIRA: ShAHNOZABONU HAYoT BO`LGANIDA BUGUN 42 YoShNI QARShI OLGAN BO`LARDI

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​XOTIRA: ShAHNOZABONU HAYoT BO`LGANIDA BUGUN 42 YoShNI QARShI OLGAN BO`LARDI
  • Дата релиза: 14-07-17, 14:43
​XOTIRA: ShAHNOZABONU HAYoT BO`LGANIDA BUGUN 42 YoShNI QARShI OLGAN BO`LARDI
Xonanda Shahnozabonu hayot bo`lganida bugun tug`ilgan kunini nishonlayotgan bo`lar edi...

“Hech qachon taqdirga tan bermaganman, bermayman ham”

Shahnozabonu 1975 yilning 13 iyunida Toshkent shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. Otasi Odil Azimov ustoz san`atkor, O`zbekiston xalq artisti Kamoliddin Rahimovning shogirdi, mohir changchi. Onasi Shoista Azimova hamshira, biroq o`zini oilaga bag`ishlab, farzandlar tarbiyasi bilan shug`ullanishni afzal bilgan.

Xonanda oilada uch qiz, ikki o`g`ilning to`ng`ichi edi. Shahnozabonuning san`atga bo`lgan qiziqishi va uni bu “olam”ga kirib kelishi tasodif emasdi. Bolaligidan ijod muhitida katta bo`lgan qizaloq kelajakda mashhur xonanda bo`lishini tasavvur etolmagan bo`lsa-da, ushbu “ummon”ga qo`shilib oqishni istardi. Bu orada bo`lajak xonanda hamma qizlar qatori bir olam orzu-umidlar bilan oila qurdi. Biroq orzulari sarob bo`lib chiqdi...

Lekin Shahnozabonu “Hech qachon taqdirga tan bermaganman, bermayman ham”, deya tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib yashagan. “Balki hayotda mendan ham ko`proq aziyat chekkanlar bordir, bilmadim. Hammaning o`ziga yarasha dard-u quvonchlari bo`ladi. Meniki ham o`zimga etarli... Ayrim sabablarga ko`ra, to`ng`ichim - o`g`lim ikki kungina yashab, olamdan o`tgan. Eslasam, ko`zimga yosh kelaveradi. Vaqt o`tib, 1996 yil yana homilador bo`ldim. Ishonsangiz, Yulduz Usmonovaning “Kechalari paypaslayman, beshiging yo`q”, misrali qo`shig`ini eshitib, “Bu safar bolam bag`rimda qolarmikan?” deb yig`lab o`tirardim. Rahmatli onam ham menga qo`shilib ko`zyosh to`kardilar. Hattoki, ko`zim yoriyotganida, “Yo`q tug`mayman, bolam ichimda yashasin, bu gal ham o`lib qolsa-chi?” deb qo`rqqanman. Qizimni boqish uchun buyurtmaga, uyda shirinliklarpishirardim”, deya ko`ngil mulki bilan bo`lishgandi suhbatlarimizdan birida.

Xonanda o`g`il ko`rsa, ismini birinchi farzandining nomi bilan Azizjon, deb qo`yishni niyat qilgandi. Biroq boshidan o`tkazgan og`ir operasiya asorati sabab, niyati amalga oshmadi. “Balki qirq yoshimda tug`arman”, deb kulib qo`yardi doim.

“Peshonadan ortig`i bo`lmas ekan...”

Shaxsiy hayotdan topilmagan baxt Shahnozabonuni ijod bilan jiddiy shug`ullanib, ma`lum marralarga erishishga undagan bo`lsa ajabmas. Bo`lajak xonanda bolalik orzularini amalga oshirish maqsadida hozirgi O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida tahsil olgan.

Shahnozabonu “Yoshligimdan qo`shiq kuylash jon-u dilim bo`lgan. Kutilmaganda qizimning otasi “Xonandalikda o`zingni sinab ko`r, qo`shimcha daromad bo`ladi”, deganida jahlim chiqqandi. Lekin o`shanda yaqin tanishlarimning to`ylariga chiqib, mashhur xonandalarningqo`shiqlarini kuylab yurganman. 1998 yil shahar bo`yicha “Eng ibratli kelin” mukofotiga sazovor bo`lganimda, Erkin Vohidovning “Devona ko`ngil” she`rini qo`shiq qilib, shu tanlovda kuylagandim”, degandi u san`atga kirib kelgan damlarini xotirlab.

2000 yil Shahnozabonuning hayotida tub burilish yasaydi. Uning “Qizalog`im”, “Qizg`onaman”, “Do`st”, kabi bir qator qo`shiqlari muxlislar ko`nglidan chuqur joy egallab, sekin-asta mashhurlik pillapoyalaridan ko`tarila boshladi. 2002-2003-2004 yillar “Zarafshon” konsert zalida, keyin O`zbek davlat sirkidaham konsert berdi.

Xonanda o`zi orzu qilgan konsertni esa 2005 yili “Istiqlol” san`at saroyida taqdim etgan. 19ta sozanda jo`rligida muxlislarni jonli ijro bilan xushnud etgandi. “Sozandalarimning birortasida “falsh” nota bo`lmagan, lekin menda sezilgan bo`lishi mumkin. Biroq buni ayb, deb hisoblamayman. To`g`ri, jonli ijrodagi konsertim a`lo darajada o`tgan, deyolmayman. Ammo ko`nglim taskin topgan, tomoshabinlar iliq qarshi olishganidan boshim osmonda edi. Shunday so`ng tobim qochib, ma`lum muddat san`atda ko`rinmay qolganman”, deya eski xotiralarini bot-bot eslardi.

O`sha yili xonanda appendisit tashxisi bilanshifoxonaga yotadi. Operasiya muvaffaqiyatsiz chiqqani bois, ketma-ket dardga chalinaveradi. Xastaliklarni engib, oyoqqa turganida esa hayot xonandani yana kutilmagan og`ir sinovi bilan sinaydi. “Onamni yo`qotdim, ijodimda yana uzilish bo`ldi. Buning uchun kuyinmayman. Chunki peshonaga yozganidan ortig`i bo`lmas ekan”, deya taqdir zarbalarini mardonavor qarshi olardi.

Biroq suyangan tog`laridan birini yo`qotish yurakni qanday kemirishini tasavvur qilish qiyin emas. Xonanda “Onam hayot bo`lganida ostona xatlab ko`chaga chiqishimdan oldin “Onajon, duo qiling”, derdim... Bu yo`qotishdan keyin studiyada qo`shiq kuylolmay qaytib chiqdim. Bo`g`zimga nimadir tiqilib qolaverardi. Hozircha qo`shiq kuylashga tayyor emas ekanman. O`zimda etarlicha kuch topolmayapman. Oxirgi damlarda onamning yonida bo`lolmadim. “Bolam, ishingdan qolma, o`zim aytganimda kelasan”, derdilar. O`sha vaqt yoz oylari edi, ayni ishim qizg`in palla. Mutlaqo kutilmaganda onamdan ayrilib qoldim. O`shanda “Yor qo`ynida bo`lgan kunim, onam qadrin nechun bilmadim” qo`shig`ini bir kunda o`n besh marta eshitganman. Haqiqatda g`aflatda yuravergan ekanman. Otam har kuni “Ijodga qayt, yig`lama, juda ko`p kuyinyapsan, derdilar. Ammo o`zimga kelishim qiyin bo`lyapti”, degandi Shahnozabonu.

Xonanda sira “Qaysidir qo`shig`im bilan porlab chiqaman”, demasdi. Karvon ko`p, rizqi bo`lakligini yaxshi bilardi-da. Qolaversa, o`zini boshqalar bilan taqqoslashni istamasdi.

Taqdir xonandaga deyarli har qadamda sinov yuborardi. 2009 yili Qashqadaryodagi xizmatdan qaytayotganida avtohalokatga uchrab, burnini sindirgandi... Lekin sira sog`ligidan shikoyat qilib, yotib qolgan emas. Xonanda bilan so`nggi bor suhbatlashganimizda “Umrning tez o`tishi haqida o`ylayapman. Imkon qadar hamma narsaning qadriga etishga harakat qilaman. Ammo ortga qaraganda, nima yo kimningdir qadriga etolmaganingni ko`rarkansan, kishi. Onamni yo`qotganimdan so`ng odam bir-biriga g`animatligini yanada ko`proq his qila boshladim. Ayni paytda qalbimda shu hissiyot ustunlik qilyapti. Nafaqat yaqinlarim, balki doim menga yomonlikni ravo ko`radigan odamlarning ham qadriga etishni o`rgandim. Axir bu o`tkinchi dunyo! Aslida har bir kunimiz katta dars ekan”, degandi...

“Shivalab yog`ayotgan yomg`irni ko`rgim kelyapti”

Xonanda bo`ynidagi og`riq sabab, shifokorga uchraydi. Umurtqa pog`onasining bo`yin sohasida o`simta borligi ma`lum bo`lgach va og`riq to`xtamagani, aksincha kuchaygani bois xonanda 13 fevralda o`simtani jarroxlik yo`li bilan olib tashlashga qaror qiladi. Jarroxlik muvaffaqiyatli o`tgan, biroq shifokorlar qaltis harakatlanish va ortiqcha urinishni taqiqlashgan. Ahvoli yaxshilanayotganini ko`rgan shifokorlar bir haftadan so`ng uyiga ruxsat berishadi. Bir gal xonandaning uyiga ko`rik o`tkazishga kelgan shifokor ijobiy o`zgarishlar borligini aytadi. Shahnozabonuning qizi Umida shifokorni kuzatib qaytsa, onasi deyarli hushsiz axvolda bo`ladi. Qizi nima bo`lganini so`raganida, xonanda “Boshim aylanib ketdi, shunga yotib oldim”, deya javob qaytaradi.

Oradan vaqt o`tib, Shahnozabonu ota uyiga boradi. U erda ham shifokorlar xonandaning ahvolidan xabardor bo`lib turishgan va ko`p harakatlanmaslikni tayinlashgan. Xonanda yomg`irni yaxshi ko`rgani bois oxirgi paytlarda “Shivalab yog`ayotgan yomg`irni ko`rgim kelyapti...”, deyavergan. Niyati xolis ekan, osmon uning uchun so`nggiyomg`irini qizg`onmadi. Xonanda yomg`irga talpinib, tez-tez yura boshlagan va o`tirib qolgan... 14 mart soat 9:45da Shahnozabonu dunyodan ko`z yumdi. O`sha kuni ham yomg`ir tinmay yog`di...

“Umidani eru-ko`kka ishonmasdi”

Ra`no Yarasheva, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, Shahnozabonuning qudasi: — Shahnozabonu bilan 1997 yilda tanishganmiz. Yodimda o`g`limni uylantirish taraddudida yurgan vaqtim, Shahnozadan yaxshi qizlar bo`lsa tavsiya qilishini so`radim. Amakilarining qizi borligini aytdi. San`atkorlar oilasidan kelin qilishni istaganim bois, Shahnozaning singlisiga og`iz soldim. Taqdir ekan, o`g`limga Shahnozabonuning singlisini kelin qildik. Singlisini ota-onasiga tirgak bo`lib, hech kimdan kam qilmay uzatdi. Shuncha yil quda-andachilik qilgan bo`lsak, sira sen-menga borgan emasmiz. Bu Shahnozabonuning odamgarchiligidan. Kutilmaganda barchamizni g`aflatda qoldirib ketdi. Ortidan bo`zlab qolgan qizini o`ylasam, yuragim ezilyapti. Umidani eru-ko`kka ishonmasdi... Allohning irodasi ekan...

“Oramizda yo`qligiga ishonolmayapmiz”

Madina Mumtoz, xonanda, aktrisa: — Shahnoza opani 9 yoshimdan buyon taniyman. O`shanda onamning tug`ilgan kuniga kelganida, qo`limdan tutib, jonli qo`shiq kuylagani yodimda. Juda bolajon edi. Qanday davrada bo`lmasin, jonli ijroda kuylashni yaxshi ko`rardi. Hamma bilan birdek muomala qilardi, hech kim bilan janjallashganini eshitmaganman. Ochig`i, oramizda yo`qligiga ishonolmayapmiz. Rasmlarini tomosha qilib o`tiribman-u, xuddi hamon tirikdek. O`ziga qarab yurishni yaxshi ko`rgani bois, betobligida emas, biroz oyoqqa turgach, ko`rgani boraman, deb niyat qilgandim... Hammamizga sabr bersin!

“Agar ko`ngil bog`ini yo`qotib qo`ysangiz, o`zligingizdan asar ham qolmaydi. Kimdir “Shahnozabonu o`zgarib ketgan”, deyishi mumkin. Ammo qalban o`sha-o`shaman va shaddod, quvnoqman. Keksaysam, qanday bo`larkinman, deb o`ylayman. Lekin o`sha paytda ham quyilishimga javob berolmayman”, degandi... Ha, Shahnozabonu muxlislari xotirasida quvnoq, qo`shiq va kliplaridagi kabi sho`x-shaddod qiyofasida, atrofidagilari uchun esa doim sertabassum, ko`ngli ochiq, mehmondo`st inson sifatida saqlanib qoladi. Shunday og`ir damda xonandaning oila-a`zolari va yaqinlariga tahririyatimiz va muxlislari nomidan chuqur hamdardlik bildiramiz.

Farzand dog`i, yaqinlarni yo`qotish azobi og`ir ekani bois Shahnozabonuning otasi, qizi, singillari va ukalarini bezovta qilishni istamadik...

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi
Логин:
Пароль: