Главная » Yangiliklar » ​Adham Soliev Valeriy Meladzeni dog`da qoldirgani va prokuror bo`lish orzusi haqida
​Adham Soliev Valeriy Meladzeni dog`da qoldirgani va prokuror bo`lish orzusi haqida

​Adham Soliev Valeriy Meladzeni dog`da qoldirgani va prokuror bo`lish orzusi haqida

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​Adham Soliev Valeriy Meladzeni dog`da qoldirgani va prokuror bo`lish orzusi haqida
  • Дата релиза: 07-07-17, 02:18
​Adham Soliev Valeriy Meladzeni dog`da qoldirgani va prokuror bo`lish orzusi haqida
U o`zining noodatiy musiqa yo`nalishiga ega. Xalqchil so`zlar bilan hayotiy mavzularda ijod qilishi e`tiborni tortadi. Qizlar ismiga atab kuylangan qo`shiqlari esa tildan tilga ko`chib, ommalashgan. Muxlislarining so`zlariga qaraganda, xonanda biroz kamnamo bo`lib qolgan. Ammo uning o`zi bu fikrda emas.

— Adham Soliev ijodi sustlashgan, avvalgidek faol emas, degan fikrlarga nima deysiz?

– Gapingizga umuman qo`shilmayman. Chunki ijodim avvalgidan-da faollashgan, faqat izlanishdaman. Muxlislar meni har kuni televidenie orqali ko`rib turishlari uchun esa mablag`im etmaydimi, deb qo`rqaman. Chunki bugun aksariyat teledasturlar, yangi qo`shiqlar premerasi pullik. Har biriga to`layversam, faqat o`z reklamamga pul sarflashga to`g`ri kelayapti. Lekin men televidenie, radiolarni qoralashdan yiroqman. Hamma o`zi ishi bilan band. Xizmatlar pullik degani bilan ayrim musiqiy telekanal va radiolar muxlislar talabidan kelib chiqib, qo`shiqlarimni berib turishibdi. Shunisiga ham rahmat.

— Shunday bo`lsa-da, repertuaringizda avvalgi xit taronalar «Qashqadaryodan Surhondaryoga», «Mohira», «Bo`ri edim» kabilarni eshitmayapmiz.

— Xit yaratish nafaqat mening qo`limda. Bu g`oyibdan keladigan bir sehr, deb bilaman. Har bir xonanda va men ham shu o`rinda har bir yozilayotgan qo`shiqni omadli chiqib hammaga maqul kelishini, unga talab qo`payishini xohlayman. Ammo bu faqatgina biz ijodkorlarga bog`liq ish emas. Eng asosiysi harakatdan to`xtaganimiz yo`q. Masalan, kuni kecha to`yxonadagi vaziyatlardan ta`sirlanib, qo`shiq yozdik. Unda «Na bir joyda o`qigan, o`zini ovozi bo`lmagan, na qo`shiq kuylashni biladi, birovning ovozida qo`shiq kuylaydi. To`yga borsam menga navbat bermaydi» degan gaplar bor. Haqiqatan ham bugun boshqa xonandani fonogrammasiga faqat labini qimirlatib turadiganlar juda ko`paygan. Haqiqiy iste`dodlar chetda qolib, sahnaning to`ri shundaylarga tegyapti. Bizning sohadagi bu muammoni qo`shiqqa solib, ayrim «hamkasblarimga» to`g`ri yo`l ko`rsatsam, o`z yo`lini topishiga sababchi bo`lsam, deyman. Bundan tashqari, «Adham ko`rinmay qoldi» deydigan muxlislarim uchun maxsus konsert dasturini tashkillashtirish rejalashtirganmiz. Rejissyor Sa`dulla Abdullaev bilan hamkorlikda shu yili yakkaxon dasturni havola etamiz. Ammo bu doimgidek «Istiqlol» san`at saroyida bo`lmaydi. Ishonch bilan aytamanki, men 2016 yilgi konserti bo`ladigan erda hali hech qaysi xonanda konsert bermagan. Tog` yon bag`ridagi bu uchrashuv ko`plarning yodida uzoq vaqt saqlanib qolishiga ishonaman.

— Bugun siz boshlab bergan yo`nalishda kuylovchi yosh xonandalar ko`payib ketdi. Ularning ijodini ham kuzatib turasizmi?

– Yoshlarning ijodiga doim hurmat bilan yondoshganman. «Men birinchi bo`lib bu yo`nalishda kuylaganman, sizlarga mumkin emas» demaymanku. Kimdir mendan-da chiroyli qilib kuylashi mumkin, boshqalar aksincha. Shu o`rinda bir voqea esimga tushdi. 2003 yili Nihol mukofotini olganimda do`stlarimiz bilan birga kichik davrada tadbir uyushtirgandik. O`shanda do`stim Gulsanam Mamazoitova samimiy tilaklaridan so`ng «Menga ham shunday mukofotlar nasib etsin» deya gapini yakunlagan. Yaxshi niyat erda qolmaydi deganlaridek, buni qarangki, ko`p o`tmay ketma-ket unvonlarga erishib bugun O`zbekiston xalq artisti deya e`tirof etilyapti. Aytmoqchimanki, har qanday vaziyatda ham bir-birimizga faqat yaxshilikni ravo ko`rishimiz kerak. Yana bir gap, san`atkorning ishi kabi og`ir va shu bilan birgalikda zavqli soha yo`q. Shaxsan o`zim san`atim orqali dunyoning yarmini kezib chiqdim. Bizning tinglovchilar kabi shinavandalar ham hech qaerda yo`q deb bemalol ayta olaman. Esimda, Moskva gastrollarining birida Kreml maydonida butun umr yodimdan chiqmaydigan voqea bo`lgan. Hamyurtlarimiz meni ko`rib atrofimni o`rab olishgan, suratlarga tushganmiz, suhbatlashganimizda yonimizdan Valeriy Miladze yordamchilari bilan o`tib ketayotganini ko`rgandim. Ammo hech kim uni yoniga bormagan. O`shanda Rossiyalik hamkasbim o`zbek muxlislarining mehriga, o`z san`atkoriga ko`rsatgan hurmatiga tan berganini aytgandi. Demak, inson boshqalarga ezgulikni tilasa doim o`ziga ham ana shunday narsalar hamroh bo`ladi.

— Imkoniyat berilganida shou biznesning qaysi qonunlarini o`zgartirgan bo`lardingiz?

— Ochig`ini aytganda, bugungi kun muxlislari avvalgidek san`atkorlarni hurmat qilishmaydi. Bunga esa ayrim hulqi buzuq, xalq oldida biroz tarbiyasizlik qilib qo`ygan san`atkorlarning o`zi aybdor! Safimizda nomimizni bulg`alab yurganlar juda ko`p. Men ana shundaylarni kamaytirgan va ularning o`rniga haqiqiy iste`dodlarni qo`llab-quvvatlagan bo`lardim. Chunki yomonlarning kasriga sofdil, mehnati bilan yuzaga chiqib kelayotganlar qolmasligini istayman.

— O`zingiz qaysi yosh xonandalarning ijodini kuzatib borasiz?

— Eshitib, baholab turaman, ammo hozir ommani oldida birini ikkinchisidan ajratib aytolmayman.

— Hamkasblaringizning ayrimlaridan «San`atda do`st topish juda qiyin» degan ta`riflarni eshitamiz. Sizni bunga munosabatingiz?

— Shaxsan men bu gapga umuman qo`shilmayman. Chunki mening aksariyat do`stlarim bu hamkasblarimdir. Abdurashid Yo`ldoshev, Doston Ubaydullaev, Muzaffar Abduazimov, Anvar Sanaev, Farhod Saidov, Zokirjon Ochildievlar bilan doim iliq do`stona munosabatdaman. Hech qachon ular bilan sen menga bormaganmiz. Birga «gap» o`ynab, yaxshi yomon kunlarda doim bir birimizni qo`llab quvvatlab kelamiz.

— Instagramdagi shaxsiy sahifangizdagi suratlardan shuni bilish mumkinki gullarga bo`lgan mexringiz o`zgacha ekan.

— Aslida, tabiatan juda ko`p narsalarga qiziqaman. Shu qatorida gullarni parvarishlash ham menga zavq bag`ishlaydi. Qishin yozin yam-yashil bo`lib turgan tabiatdan bahra olishni yoqtirganim uchun va nihoyat shu yil qishki bog`imni yaratdim. Turli xil katta-kichik gullarni ekib, ularning iforidan sarxusht bo`layapman. Charchaganimda ham ana o`sha bog`da dam olishni yoqtiraman.

— Farzandlaringizning suratini ham faol joylashtirib borasiz...

— Ikki o`g`lim bor. Kattasining ismi Fahriddin. Dadam ustoz xofiz Faxriddin Umarovni juda yaxshi ko`rardi. O`g`limga sharaf bilan Fahriddin deb ism qo`ygan. To`ng`ichimning boshqa bolalarga o`xshab oddiy o`yinchoqlar o`ynab o`tirganini ko`rmayman. Doim qo`lida mikrofon yoki musiqiy asboblar chalib o`tiradi. San`atkor bo`lishni juda istaydi. Lekin men bunga qarshiman. O`zimdan kelib chiqib farzandimga kasbimning qiyinchiliklarini ravo ko`rmayman. Kenjam Asliddin uch yarim yosh, hozircha akasining aksi.

Blis

— Kechirimlimisiz?

— Ha. Ba`zilarni xafa qilsang, qirq yilda ham yodidan chiqmay yurishadi. Menda esa aksincha. Yarim soatga ham bormay, hovurimdan tushaman-u, kechirib yuboraman.

— Hazilkashmisiz yoki...

— Haddan ziyod ko`p hazillashaman.

— O`g`il bola tarbiyasida nima muhim?

— Bu savolga javobni dadamdan so`rash kerak. Bu borada mening tajribam juda kam.

— Pul qo`lning kirimi?

— Kirimi yoki yo`q bilmadim, ammo u bugun bor ertaga yo`q narsa.

— Nimani yoki kimni tan olmaysiz?

— O`zi ahmoq bo`lib turib, aqlliman degan odamni.

— Qo`l ko`tarishingizga nima majbur qilishi mumkin?

— Hozir ancha bosilganman. Hech narsa majburlolmasa kerak.

— Ayol bu?

— Ona!

— San`atkor bo`lmaganingizda?

— Prokuror bo`lar edim. Yoshligimdan uydagilarim prokuror bo`lasan deb aytishar edi.

— Dam olish bu?

— Yaxshi insonlar bilan hamsuhbat bo`lish.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: