Главная » Yangiliklar » Aktrisa Shahlo Temirova o‘ziga yoqmagan roli, qaysi multfilm personajiga o‘xshashi, salbiy rollar ijro etmasligi sababi haqida intervyu berd
Aktrisa Shahlo Temirova o‘ziga yoqmagan roli, qaysi multfilm personajiga o‘xshashi, salbiy rollar ijro etmasligi sababi haqida intervyu berd

Aktrisa Shahlo Temirova o‘ziga yoqmagan roli, qaysi multfilm personajiga o‘xshashi, salbiy rollar ijro etmasligi sababi haqida intervyu berd

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Aktrisa Shahlo Temirova o‘ziga yoqmagan roli, qaysi multfilm personajiga o‘xshashi, salbiy rollar ijro etmasligi sababi haqida intervyu berd
  • Дата релиза: 07-06-17, 18:49
Aktrisa Shahlo Temirova o‘ziga yoqmagan roli, qaysi multfilm personajiga o‘xshashi, salbiy rollar ijro etmasligi sababi haqida intervyu berd
Aktrisa Shahlo Temirova My Day nashriga bergan intervyusida orzulari, qo‘rquvlari va rejalari bilan bo‘lishdi.

— Shahlo Temirovaning bolalikdan beri eng katta orzusi nima?

— Yoshligimdan pianino chalishni juda istaganman. Lekin yaxshi o‘rgana olmadim. Keyin qayta harakat qilaman deganimda ishlar ko‘payib ketdi. Vaqt topolmay qoldim…

— Hayotda va aktyorlik sohasidagi ustozingiz kim?

— Aniq bir kishini ayta olmayman. San’atkorning ustozi bo‘lmaydi. Chunki u har bir insondan nimanidir o‘rganadi. Ustozlarim ko‘p. Aynan mazkur sohaga kirib kelishimda Munavvara Abdullayeva, Baxtiyor To‘rayev va Xayrulla Sa’diyevlar yaqindan ko‘mak berganlar. Hayotdagi ustozim esa Baxtiyor To‘rayev deb ayta olaman.

— Hayotda qattiq qo‘rqadigan narsangiz nima?

— Keraksiz inson bo‘lib qolish va yaqin insonimni yo‘qotishdan qo‘rqaman.

— Tasavvur qiling siz tanlov o‘rtasida qoldingiz. Teatr va kino. Qaysi birini tanlagan bo‘lar edingiz?

— Tanlamasdim, ikkalasini ham quchib olgan bo‘lardim (kuladi). Chunki unisidan ham, bunisidan ham kechish juda qiyin. Albatta, ikkalasiga ham osonlikcha erishmadim…

— Siz uchun baxt bu…?

— Men kichkinagina narsadan ham baxtli bo‘ladigan insonman. Masalan, bugungi kunim bekor o‘tmagani bu — baxt. Muhimi ishim bor.

— Orzuingizdagi rol?

— Teatrda Medeya. Kinoda bilmadim, hali o‘ylab ko‘rmaganman. Lekin og‘ir, o‘ziga yarasha yuki bor rollarni xohlayman.

— Shahlo, nima sababdan hech salbiy rollar ijro etmaysiz?

— Bu aslida menga bog‘liq bo‘lmagan holat. Hech taklif qilishmagan. Tashqi ko‘rinishimdan kelib chiqib, salbiy rolga mos emas deb hisoblashsa kerak. Lekin fe’l-atvorimdan kelib chiqib aytishim mumkin-ki, agar salbiy rolni ishonib topshirishsa qoyilmaqom qilib ijro etib beraman.

— Hozirgacha qabul qilganizdan afsuslangan rolingiz bo‘lganmi?

— Bo‘lgan… Ozod Shamsning “Yolg‘izlar” filmida ijro etgan rolimdan afsusdaman. Albatta bu rejissorning aybi emas. Hech kimni xafa qilishni xohlamayman. Shunchaki bu rol menga mos kelmadi.

— Siz, nima bo‘lgan taqdirda ham, birgalikda suratga tushishni istamagan aktyor bormi?

— Yo‘q, shunday aktyor bor deb ayta olmayman. Men umuman odam ajratmayman. Aksincha, birga rol ijro etishni juda-juda xohlaydigan aktyorim bor. U kishi Alisher Uzoqov. Ularni aktyor sifatida juda yaxshi ko‘raman. Lekin hali birga ishlash baxtiga muyassar bo‘lmaganman. Xudo xohlasa bu niyatim ham amalga oshadi degan umiddaman.

— Kim bilan partnyorlik qilish siz uchun qiyin kechgan va aksincha?

— Sababini bilmaymanu, lekin Bobur Yo‘ldoshev bilan rol ijro etganimda juda ham qiynalganman. Balki salobatlari bosgandir, o‘zim ham tushunolmaganman. Ulug‘bek Qodirov bilan esa aksincha. Mazza qilib ishlaganman. Juda ham ochiqko‘ngil, mehribon inson ekanlar.

— Siz hech qachon qabul qila olmaydigan rol?

— Ayol kishi majburan qandaydir yomon yo‘lga kirib ketishi mumkin, lekin shu ishni bilib turib qiladigan insonlar ham bor. Masalan, o‘zi istab yomon qiz bo‘lish. Shu kabi rollardan takliflar bo‘ldi. Ammo rad etdim. Shunaqa vaziyatlar bo‘ladiki, yaxshi bir qizni hayot majbur qilib, yomon tomonga burilib ketadi. Bunaqa rollarni esa o‘ynagan bo‘lardim.

— Hayotda erishgan eng katta yutug‘ingiz?

— Shukurki, nimani orzu qilgan bo‘lsam, hammasiga erishib kelyapman. Oilam, farzandim, sevimli kasbim bo‘ladi, teatrda ishlayman, deganman va niyatlarimga yetdim. Va, hozirda yana bir niyat qilganman. Ya’ni, butun dunyoda sevimli aktrisa bo‘lish.

— Armoningiz bormi?

— Armon (biroz sukunatdan so‘ng) bo‘lmasa kerak. Bo‘lmasin ham.

— Bilamiz aktyorlarning bo‘sh vaqti kam bo‘ladi. Deylik, bo‘sh vaqt topdingiz. Shunda qanday yo‘l tutasiz. Toza havoda sayr yoki uyda kitob mutolaasi va boshqa ishlar.

— Toza havoda, tabiat qo‘ynida sayr qilgan bo‘lardim. Baribir ijodkormiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, tabiatni yaxshi ko‘raman.

— Insonlardagi siz hurmat qiladigan xususiyat?

— Inson, u xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin, qaysi lavozimda faoliyat yuritishidan qat’iy nazar bir-biriga munosabati bir xil bo‘lsin. Ya’ni, inson ajratmaslik kerak.

— O‘zingizni qaysi multfilm personaji bilan qiyoslay olasiz? Va nima uchun?

— Chet el multfilmlaridan “Hayvonlar shahri”dagi bosh qahramon rolini o‘zimga qiyoslayman. Albatta, inson o‘ziga katta baho berishi kerakmas-u, ammo o‘zimni o‘sha qahramonga o‘xshataman. Chunki u ham rosa kurashib o‘z maqsadiga erishadi.

— 2015-yilda “Eng yaxshi teatr aktrisasi” nominatsiyasi bo‘yicha “E’tirof” mukofotiga sazovor bo‘ldingiz. Shunda nimalarni his etgansiz?

— Bu mukofotni olgan kunimning ertasiga onalik baxtiga muyassar bo‘lganman. O‘sha paytdagi hissiyotlarimni hozir so‘z bilan ifodalay olmayman. Juda kuchli hayajondan keyin tug‘uruqxonaga ketganman (kuladi).

— Siz uchun mashhurlik muhimmi?

— Muhim. Men hozirgi kunimga osonlik bilan erishmaganman. Juda ko‘p mehnat qilishim kerak bo‘lgan. San’atda esa mehnatingizning mevasi bu – mashhurlik!

— Mashhurlik sizga nima berdi?

— Muxlislar meni yaxshi ko‘rgani bu — baxt. Ya’ni insonlar mehrini berdi.

— San’atga endigini qadam qo‘yayotgan yosh aktyor va aktrisalarga tavsiyangiz.

— Hayotda inson turli qiyinchiliklarga uchrashi mumkin, lekin ortga qaytmasligi kerak. Faqat va faqat olg‘a intilishi lozim. Sinovlar ko‘p, ulardan esa halollik va to‘g‘rilik bilan o‘tish kerak.
Manba: Daryo.uz
Логин:
Пароль: