Главная » Yangiliklar » Alisher Uzoqov: «Bayramingiz uzo-o-o-oq davom etsin!!!»

Alisher Uzoqov: «Bayramingiz uzo-o-o-oq davom etsin!!!»

Aktyor komedik rollari bilan ayollarimizni turmushning tashvishlaridan ozmi-ko`pmi chalg`ita olgan, yuzimizga tabassum yugurtirgan Alisher Uzoqov bilan poytaxtning betakror go`shasi – «Toshkent gullari» do`konida o`tkazilgan fotosessiyadan so`ng bir finjon qahva ustida kechgan suhbatimiz bayram kayfiyatingizga monand tushadi, degan umiddamiz.

— Gullar — siz erkaklarning asosiy qurolingiz. Bir dona atirgul bilan ayol ko`nglini zabt etishingiz, mehrini qozonishingiz mumkin. Bejirimgina guldastani ko`rgan ayol yorining bor gunohlarini aft etishi ham ajablanarli holatmas. Uning ifori baxtning iforidek, qo`limizga olishimiz bilan baxtni his qila boshlaymiz.

— Biz esa shu hissiyot abadiy bo`lishini istaymiz. Bugun gul sovg`a qildikmi, u orqali taqdim etgan quvonchimiz qaniydi ayollarni hech tark etmasa... Biroq ayollarning ajoyib odati bor-da, tez unutib yuborishadi. 9 mart bo`lishi bilan qovoq-tumshuq qilib qolishlari ham hech gapmas. Bir dona atirgulmi, bir quchoqmi — uni qo`lga olganlaringizda ko`zlaringiz yashnab ketishi bizni ham mamnun qiladi! Shu zavqni ushlab qoling. Arzimas sabablar tufayli esdan chiqarib yubormang. Shunda sizni hamisha gul bilan xushnud etgimiz keladi.

— Sizningcha, ayol kishi har doim kulib turishi kerak ekan-da...

— Albatta, bu ayollarning vazifasi.

— Erkaklar-chi?

— Shartmas. Bizning tabiatimiz shunaqa — biroz jizzakiroqmiz.

— Alisher, sizga o`zingizni tushunish qiyinmi yoki nozik hilqat vakilalarini?

— O`zimni hamon tushunmayman. Ba`zi vaziyatlarda nima istayotganimni bilmay qiynalaman. Ayollarni tushunish esa oson.

— Yo`g`ey, ko`pchilik buning aksini aytadi...

— Menimcha, ayol kishiga xo`p deyish kerak. Bahslashish, tortishish befoyda. Mana, sizlarni tushunishning yo`li.

— Ilk bor kimga gul sovg`a qilganingizni eslay olasizmi?

— Onamga bo`lsa kerak. Bog`cha paytlarimda, adashmasam.

— 8 martda hech qovun tushirib qo`yganmisiz?

— Yo`-o`-o`q!!!

— Bolalaringizga qarab qanday haqiqatlarni anglayapsiz?

— Vaqt juda tez o`tayotganini, qariyotganimni tushunayapman. Kechagina chaqaloq bo`lgan bolalarimning birpasda tili chiqdi, bugun yugurgilab yurishibdi.

— Qarishdan qo`rqasizmi?

— Yo`q. Qo`rqsam-qo`rqmasam, baribir, vaqtni to`xtatib qololmayman-ku.

— Komplekslaringiz...

— Hozir deyarli yo`q. Avvalari bor edi. Ulg`ayganingiz sari hayotning asl mohiyatini anglab borarkansiz. Bu hayotda kim bilandir tortishib, o`zingizni isbotlashga urinishlar befoyda. Shu haqiqatni anglagach, o`zimni borimcha qabul qila boshladim. Komplekslarim ham yo`qoldi, o`zim tugul boshqalarning kamchiliklari ham ko`zimga ko`rinmay qoldi.

— Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarga she`rlaringizni qo`ya boshladingiz...

— Avvaliga be`mani ijod namunalariga kesatiq tarzida she`r qoralab yurdim. Ijodni o`yin bilayotganlarga ko`zgu tutmoqchi edim. Іali-veri fikrlarim ularga etib bormaydi. Lekin ko`rasiz, bu she`rlar yashaydi. Muxlislarimning yozganlarimga munosabat bildirayotganlaridan ilhomlanib, yozishda davom etayapman. O`zimning uslubimni topgandekman...

— Alisher, siz o`zini har jabhada sinab ko`rishdan charchamaydiganlardansiz. Odamlarning hali xonandalikka, hali futbolga o`zingizni urishingizni qabul qilmasliklaridan cho`chimaysizmi? Tanqidlar ham etarlicha bo`ldi, adashmasam.

— Ko`zim etgan ishgagina qo`l uraman. Agar odamlar nima derkan, deb o`tirsam, hech narsa qilmasligim kerak. Men bolaligimdan yaxshi ko`rgan, qiziqqan mashg`ulotlarim bilan shug`ullanib ko`rishga o`rganganman. Kichkinaligimda televizorning ovozini pastlab, filmlarni dublyaj qilardim, futbol sharhlardim. Qilayotgan barcha ishim ularga bo`lgan muhabbatim tufayli, aslo mashhur bo`lish, tanilish yo`lidagi har tomonga o`zni urish emas. Tanqidga kelsak, hech kimning og`ziga elak tutib bo`lmaydi. Boshqalarning fikri bilan tanlagan yo`lingizdan chekinsangiz, hech qachon hech narsaga erisha olmaysiz.

— Farzandlaringizga ham yaxshi ko`rgan ishlari bilan shug`ullanishga imkon berayapsizmi?

— Albatta. Umuman, har bir ota-ona farzandining qiziqishlaridan kelib chiqib, turli sohalarga yo`naltirib ko`rishi kerak. Iqtidori namoyon bo`lgani bilan esa shug`ullanishga ruxsat berishi lozim. Shunda u yomon yo`llarga yurmaydi, tashqi ta`sirlarga berilmaydi. O`zini izlaydi.

— Sizning qarashlaringizni o`zgartirgan, ulg`aytirgan voqealar.

— Bo`lgan. Ko`p bo`lgan. Otamning vafotidan keyin birdan ulg`aydim. Tanaffusdagi uch yilim ham oson kechmadi. Bilasizmi, xonandalar sahnadan uzoqlashishsa ham, ijod qilaverishlari mumkin. Qo`shiqlar yozadi, kuylaydi, kliplar suratga oladi, internetga joylaydi. Muxlislari chin bo`lsa, o`zlari topib, eshitaverishadi. Men aktyorman, kamera, kino bilan tirikman. Ijoddan birdan to`xtab qolganim hayotga nisbatan qarashlarimni o`zgartirdi. Oldinlari hamma narsaga engilroq qarardim-da. To`g`ri, tushkunlik botqog`iga botib o`tirmadim. Ssenariy yozdim. Izlandim. Oq-qorani ajrata boshladim. Atrofimdagilarning munosabati oydinlashdi. Har neda hikmat borligiga yana bir bor amin bo`ldim.

— Kimlarni tinglaysiz?

— Nasiba Abdullaevaning ijodini juda yaxshi ko`raman. Qalbining go`zalligi qo`shiqlariga ko`chgan. Ko`nglingizga bahoriy tuyg`ularni olib kiradi. Sevara Nazarxonning shirali va dardli ovozi yoqadi. Dard hech bir yurakka begona emas. Shunga ham Sevarani tinglash bilan ruhan orom olsam kerak. Jahongir Otajonovning ham muxlisiman. O`zgacha san`atkor.

— Ha, Jahongir Otajanov o`zini qoliplarga solmagan.

— Aytayapman-ku, o`zgacha deb. Ijodkor uchun erkinlik juda muhim. Erkinlikni his qilgan san`atkor ko`ngliga qarshi borib kuylamaydi...

— Alisher, sizga ham ko`nglingizga quloq tutib yashashni tilab qolamiz. Endi ayollarimizga atalgan bayram tilaklaringizni eshitsak...

— Hozir... o`ylab olay... Har bir ayol o`zi sevgan, mehr qo`ygan insonidan kutgan so`zlari, izhorlarini hamisha eshitib yursin. Guldan ham avval sizlarni shunday so`zlar baxtli qiladi.

— Rahmat!

Shoira ShAGIAHMEDOVA suhbatlashdi.

Fotomuxbir: Abror ABDULLAEV
Manba: Darakchi.uz



Новости «Alisher Uzoqov: «Bayramingiz uzo-o-o-oq davom etsin!!!»»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]