Главная » Yangiliklar » Alisher UZOQOV: "YoN-ATROFIM O`Z-O`ZIDAN "TOZALANDI"
Alisher UZOQOV:

Alisher UZOQOV: "YoN-ATROFIM O`Z-O`ZIDAN "TOZALANDI"

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Alisher UZOQOV: "YoN-ATROFIM O`Z-O`ZIDAN "TOZALANDI"
  • Дата релиза: 06-10-17, 21:37
Alisher UZOQOV: "YoN-ATROFIM O`Z-O`ZIDAN "TOZALANDI"
"Darakchi" gazetasining "Uchrashuv" loyihasi qahramoni bilan san`atda nom chiqarishidan avval tanishganmiz. Ancha quvnoq, kirishimli edi. Yillar “tegirmon”i uni yaxshigina sinovdan o`tkazdi. Oq-qora “yo`lak”chalardan yurib, charxlandi. Taq­dirning bu burilishlari uning foydasiga xizmat qildi. Balki shu sababdir, hozir anchayin jiddiy, falsafiy fikrlaydi. Aktyor, xonanda, rejissyor Alisher UZOQOV bilan ochiq-oydin o`tgan suhbatni o`qib, bunga o`zingiz ham amin bo`lsangiz, ajabmas…

— San`atga qadam qo`ygan har bir ijodkorga o`z o`rnini topish hamda uni yo`qotib qo`ymaslik baxti nasib etavermaydi. Bu siz uchun qay darajada qiyin va muhim?

— Bu men uchun u qadar muhim emas. Balki institutni tugatgan vaqtlarim yoshlikning orzulariga ko`ra san`atda o`rin egallashga harakat qilgandirman. Lekin hozir asosiy maqsadim — o`zimdan tarixda qoladigan san`at asari qoldirish. Ya`ni, ma`naviy ozuqa olsa bo`ladigan ijod mahsullari qoldirish kerak. Lekin men hali buning uddasidan chiqa olmadim.

— “Pichoqqa ilinadigan” rollaringiz bormi?

— Yo`q.

— Buni ochiq tan olasizmi?

— Albatta! Aktyor bu — ijrochi. Rejissyorning chizgan chizig`idan chiqmay, ssenariyga ko`ra ishlaydigan ijodkor. Shu bois aktyor sifatida o`zidan xalqqa ma`naviy ozuqa beradigan rollar qoldirish qiyin. Lekin rejissyorlik ishim — “Kuzda gullagan daraxt” filmida tomoshabinga aytmoqchi bo`lgan gaplarimni katta ekranga olib chiqa olganman, nazarimda.

— Mashhur to`rtlik Ulug`bek Qodirov, Adiz Rajabov, Farrux Soi­pov, Alisher Uzoqov yaqin tarixda qolgandek. Bu davr shu qadar tez o`tib ketishi haqida o`ylaganmisiz?

— Tez o`tadi, deb o`ylamagandim. Vaqt oqar suv ekan, o`sha davrdan foydalana olmadim. Chunki bu faqat menga bog`liq bo`lmay qolgandi. O`sha davrga saviyasi past filmlar to`g`ri kelib qoldi. Biroq tanqid qilingan, men ishtirok etgan “Janob hech kim”, “Telba”, “Tundan tonggacha” va siz ta`kidlagan aktyorlar rol o`ynagan kinokartinalar darajasidagidek film­lar ham yo`q-ku hozir! Ochiq aytaman, bugungi o`zbek kinosidagi holat meni qoniqtirmaydi. Sababini tushuntiraman, xususiy filmlarning boshlanishi omadli bo`ldi. 5-6 yil zo`r filmlar ishlandi va ularning aksariyati chet elda mukofotga ham loyiq topildi. Bu san`atga aloqasi bo`lmagan “ijodkor”larni ruhlantirib yubordi. Hamma yoppasiga film suratga olishga o`tdi hamda yuqori darajaga chiqa boshlagan o`zbek kinosi saviyasini pasaytirib qo`ydi. Savolingizga qaytsak, nokamtarlikka yo`ymangu, shunday davr bo`ldiki, el nazariga tushgan aktyor-aktrisalar etishdi. Tan olish kerak, hozir o`sha davrdagidek yosh aktyor-aktrisalar yo`q. Rejissyorlik ishim uchun aktyor izlaganimda ham topolmadim.

— Oyning o`n beshi qorong`u, o`n beshi yorug`, ekaniga ishonadiganlar toifasidanmisiz yo taqdirga tan beradiganlar?

— Hayotga real qarayman. Qora “yo`lak”chalar doim yaxshilikka xizmat qiladi.

— “Muxlislar bevafo”, degan fikrni ko`p takrorlardingiz. Katta ekranlarda ko`rinmay qo`yganingizda bu fikringiz qanchalik o`z isbotini topdi?

— Davlat tadbirlari bilan viloyatlarda gastrollarda yuribmiz. Muxlislar haliyam yaxshi ko`rishar ekan (samimiy kuladi).

— Ijoddagi omadsiz “yurish”laringiz qaysi hamkasblaringizga imkon bo`ldi?

— (Kuladi) Hech kimga. “Zo`rdan zo`ri chiqadi”, lekin hali undayini ko`rmadim.

— “Ikkita qayiqni boshini tutgan g`arq bo`ladi”, degan naql bor. Sizning “qayiq”laringiz esa bir nechta. Kelajakda sizni qay biri qutqarib qolarkan?

— “Yigit kishiga qirq hunar oz”, degan naql ham bor (kuladi). Savolingizga aniq javob bersam — rejissura. Bu yo`nalishda anchagina rejalarim bor. Lekin oradan yillar o`tib, kutilmaganda Gollivudda rol o`ynab qolishim ham mumkin. Bu rejalarimdan biri…

— Savolimga aktyorlik, deya javob bermaganingiz tashqi ko`rinishingiz bilan bog`liq emasmi?

— Yo`q. Aktyor sifatida endi shakl­lanayotganim o`zimga sezilyapti. Kuni kecha rejissyor Jahongir Ahmedov bilan bir klipni suratga olish jarayonida kadrga qarab turib, “Kamerani oldida qiyofang boshqacha ko`rinyapti. Hali o`zing istagandek yaxshi rollar oldin-da!” deb qoldi. Albatta, bu e`tirofdan ruhlandim. Lekin rejissyor Yolqin To`ychievning “Hayotda” nomli filmidagi rolimdan maza qildim. Yana shunday rollar o`ynashni istardim.

— Ijtimoiy tarmoqlarda bo`y ko`rsatishingiz shov-shuvlarga sabab bo`ldi. Rasmlaringizga “Ha, men kalman, ko`zim qisiq”, degan izoh qoldiradigan bo`ldingiz?!

— “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” tadbiri bilan viloyatlarda yurganimizda do`stim Sardor Rahimxon birga tushgan rasmimizni instagram tarmog`idagi shaxsiy sahifasiga joyladi. Birozdan so`ng “Alisher, mana bu izohlarni qara, bari senga atalgan”, deb qoldi. O`qisam “Alisher Uzoqov tirikmi?”, “Kal bo`lib qolibdimi?” kabi savollar. Shu sabab bo`lib men ham ins­tagramda shaxsiy sahifamni ochdim. Va “Ha, men tirikman, sog`man!” degan izoh qoldirdim. Shundan so`ng bunday savollar kamaydi. Har bir rasmimga “Ya luchshiy lsy”, deb xeshteg qo`yadigan bo`ldim. Shunda “Nega unday yozasiz?” deyishga tushishdi. Agar shunday xeshteg yozmasam, “Sochingiz qani?” degan savolning oxiri ko`rinmayapti. Qiziq, odamzod na sovuqqa ko`nadi va na issiqqa. Mayli, gapiraverishsin, sog` bo`lishsin!

— O`zingiz ta`kidlagandek siz haqingizdagi turli mish-mishlar chiqishiga nima sabab bo`ldi?

— “Do`st”larim ko`p-da (kuladi). Baxtimga omon bo`lishsin! Balki meni sog`inishganidan shunday gap-so`zlarni o`ylab topishgandir. Ochig`i, o`rganib ham qoldim.

— Gastrollarda xalq orasida yurib, eng ko`p eshitgan savolingiz nima bo`ldi?

— “Nega ko`rin­may qoldingiz?”

— Xo`sh?

— Boshqa ham­kasb­larimga imkon bergandim. Endi boshqa imkoniyat bermayman (miriqib kuladi).

— Este Lauderning “Omad aslida yo`q narsa, faqat mehnatlarim bilan erishganlarim boshqalar ko`z o`ngida omad bo`lib baholanadi”, degan fikri yodimga tushdi. Alisher Uzoqovni omad tark etganmi yo mehnat qilmayaptimi?

— Mening hayo­tim­da omad katta rol o`ynamaydi. Atrofdagilarga ko`rinmayotgan ayni damdagi mehnatimni to`fon oldidagi sokinlikka o`xshatsa bo`ladi.

— O`zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovning Yagosidan ilhomlanib, shu rolni ijro etishni orzu qilardingiz. Istagingiz sizni teatr­da ishlash sari etaklamayaptimi?

— Xudo xohlasa, yaqin kunlarda teatr­ga qaytyapman. Qaysi teatrligini hozircha aytmayman. Aktyor sportchidek gap, shu sabab u erda “Bir aktyor teatri” spektaklini qo`ymoqchiman. Yago rolini ijro etishimga esa yana o`n yilcha vaqt bor.

— Anchayin sokin, falsafiy fikr­laydigan bo`lib qolibsiz?

— (Samimiy jilmayib) Ha. “Ijodiy tanaffus Alisher Uzoqovni ruhan cho`ktiradi”, deb o`ylaganlar topiladi. Biroq bu jarayon menga ijobiy ta`sir qildi. Avvalo ko`zim ochildi, yon-atrofim o`z-o`zidan “tozalandi”, yonimda barmoq bilan sanarli odamlargina qoldi. Eslasam, bir vaqtlar do`stlarimning sanab, sanog`iga etolmasdim…

— Bir paytlar “Xalq e`tiboridan qolishdan qo`rqaman”, derdingiz.

— Ha, haligacha qo`r­qaman. Nolish emas-ku, lekin mashhurlik meni qiziqtirmay qo`ygan. Chunki kasbimdan maqsadim ancha jiddiy. Bilasizmi, san`at­kor boy bo`lishi shartmas. U xalqning mehri, olqishi bilan tirik va buni pulga sotib ololmaysiz. Hozir mashhur bo`lish juda oson. Stilistlarning mehnati singgan odam televidenieda bir kunda besh marta klipini aylantirsa bas, u “yulduz”.

— Avvallari aforizm yozardingiz, kitob qilish niyatingiz bor edi?

— Anchadan buyon aforizm yozmay qo`yganman. Hozir she`r yozyapman, bunga aksariyat “ijodkor”larning ijodi sabab bo`ldi. Yaqinda ikki yuztacha kishi o`tirgan davrada she`r so`rashdi, o`qidim. Hamma jim bo`lib, ma`nosini chaqishga kirishib ketishdi. Ba`zi “ijodkorlar” ijod uchun vaqt ajratib, aqlini ishlatmay qo`ygan. She`r yozishdan maqsadim shundaylarni o`yga toldirib, fikrlashga undash.

— Bilaman, shaxsiy hayot shaxsiyligicha qolishi tarafdorisiz. Lekin suhbatni shaxsiy “front”ga burmasam, muxlislaringiz meni kechirmasligi aniq.

— (Kuladi) o`g`lim Firdavs to`rt yosh, qizim Soliha ikki yoshga to`ladi. Qizim tashqi ko`rinish jihatdan quyib qo`ygandek menga o`xshaydi.

— O`g`lingiz ayni sersavol yoshda ekan. Antiqa savollar berib tursa kerak?

— Yaqinda onasi “Ko`zingga qarab yurmaysanmi?” deb tanbeh bergan ekan. Yarim soatdan keyin onasini oldiga borib, “Oyi, ko`zimga qarolmayapman, qanday qaraydi?” debdi. O`g`lim ko`ziga qarashga rosa harakat qilgan-da (miriqib kuladi). Shunday kulgili vaziyatlar ham bo`lib turadi.

— Farzandlaringizni izdoshingiz bo`lishiga qarshilik qilsangiz kerag-a?

— Albatta. Lekin Xudo bergan bo`lsa, qanchalik to`sqinlik qilmay, baribir orzusini amalga oshiradi. Ammo o`g`limni futbolchi qilish niyatim bor.

— O`zingizning futbolchilik fao­liyatingiz boshlanmay tugadimi?

— Yoshlikdan maqsadim futbolchi bo`lish edi, amalga oshdi. Birinchi ligada gol ham urdim. O`tgan yili Oliy liga va birinchi liganing boshqa jamoalaridan takliflar bo`lgandi. Lekin ssenariy yozayotganim bois u takliflarni rad etdim. “Istiqlol” jamoasining vakiliman, biroq hozir ikkinchi ligaga tushib qoldim. Biroq hali xayrlashuv uchrashuvini qilganimcha yo`q (kuladi).

— Xonandalikda ayni cho`qqiga chiqqan vaqtingiz bariga qo`l siltab ketishga ko`zingiz qiydi.

— Menga reyting kerakmasdi-da. Shu bois bu haqda o`ylamaganman. Shu kunlarda meni kuvontiradigan voqealar yuz berdi. O`z ishining ustalari bo`lgan bastakorlar bilan kutilmaganda uchrashib koldik. Ayrimlari qo`ng`iroq qilishdi. Bu so`z bilan ta`riflab bo`lmas yoqimli jarayon. Ular menga qo`shiq yozib berish istagini bildirishdi. Bunday vaziyatlar insonni ruxlantirar ekan. Shunday odamlar ko`paysin!

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: