Главная » Yangiliklar » ​Avaz Oxun rafiqasi bilan 9 yillik sevgisi va repertuarsiz qiziqchilar ko`paygani haqida(Eksklyuziv)
​Avaz Oxun rafiqasi bilan 9 yillik sevgisi va repertuarsiz qiziqchilar ko`paygani haqida(Eksklyuziv)

​Avaz Oxun rafiqasi bilan 9 yillik sevgisi va repertuarsiz qiziqchilar ko`paygani haqida(Eksklyuziv)

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​Avaz Oxun rafiqasi bilan 9 yillik sevgisi va repertuarsiz qiziqchilar ko`paygani haqida(Eksklyuziv)
  • Дата релиза: 28-06-17, 23:55
​Avaz Oxun rafiqasi bilan 9 yillik sevgisi va repertuarsiz qiziqchilar ko`paygani haqida(Eksklyuziv)
Xalqona yo`lda ijod qiladigan so`z ustasi Avaz Oxun “Darakchi” gazetasi mehmoni bo`ldi.

— Avaz aka, rafiqangizni oshxonada tez-tez siylab turasizmi?

— Uyda bo`lgan kunim oshxonadan chiqmayman, ovqat pishirishni yaxshi ko`raman. Osh, dimlama, qovurma lag`mon kabi taomlarni maromiga etkazib tayyorlayman. Rafiqam ko`proq “dadasi, qo`lingizdan osh eylik”, deydi. Sabzisini to`g`rab bersang, pishiraman, deyman. Yo`qsa, oshxonada sabzining ortidan quvlab yurishimga to`g`ri keladi, qo`limdan sirpanib chiqib ketaveradi-da (kuladi). Lekin san`atkorligimga borib, osh dasturxonga etib kelguncha maqtayveraman. Shu yo`l bilan gohida taomim ko`ngildagidek bo`l­magan bo`lsa ham, reklamaning kuchi bilan o`tkazaman.

— Shaxsiy hayot haqida kam to`xtalasiz...

— Rafiqam Xurshidaxon bilan 9 yil sevishib oila qurganmiz. Bir maktabda o`qiganmiz. Ikki yillik do`stlikdan so`nggina sevgi izhor qilishga kuch topganman. Lekin “yigitlar yolg`onchi bo`ladi”, deb ishonmagan. Olti oylik urinishlarim besamar ketmay, oxiri Xurshidaxonning sevgisini qozonganman. Ochig`ini aytaman, avvalo chiroyiga uchganman (kuladi). Aslida go`zal insonlarning qalbi ham go`zal bo`ladi. Oila qurishimizga esa rafiqamning uydagilari “san`atkor erkaklar xiyonatkor, engil tabiat bo`ladi”, deya qarshilik qilishgan. Ikkovimiz ham sevgimiz uchun kurashdik va 2009 yil oila qurdik. Bir qiz, bir o`g`limiz bor. Arjumandbonu bu yil maktabga boradi, Abdulloh esa hali bir yoshga to`lmadi. Oilamizda sanalar bilan bog`liq baxtli tasodiflar bor. 7 mayda to`yimiz bo`lgan, men 27 aprelda, rafiqam 27 oktyabr, qizim 27 mayda tug`ilgan. O`g`lim 2017 yil 7 yanvarda dunyoga kelgan.

— O`z nomiga ega qiziqchi bo`lguningizga qadar nima ish bilan shug`ullangansiz?

— O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutiga ham “qiziqchi bo`laman”, degan maqsadda hujjat topshirganman. Bunday fakultet yo`qligi bois rejissurada o`qidim. O`qishni tamomlagach, “Kuldiring”, “To`nlar muborak”, qiziqchi Ortiq Sultonovning “Kulgu” ko`rsatuvlarida ishtirok etib bordim. Valijon Shamshiev bilan birga ikki yil konsert qo`yganmiz. Keyin “Mirzo” teatri jamoasiga qo`shildim, uch yil hamkorlik qildim. Har bir ijodkorning eng yaxshi taraflaridan bir shingildan olganman. O`zimni topgunimga qadar ancha yo`lni bosib, oxiri 2014 yilda yakkaxon konsert dasturimni xalqqa taqdim qildim.

— Har biridan bir shingildan olgan bo`lsangiz, nega aynan marhum so`z ustasi Hojiboy Tojiboevning yo`nalishini tanlagansiz yo sinovdan muvaffaqiyatli o`tgan yo`l bo`lgani uchunmi?

— Ko`pchilik bilan ishlaganim katta “maktab” bo`ldi. Aslida maktab davrlarimdayoq ustozning yo`nalishida ijod qilganman. To`g`ri, sinovdan muvaffaqiyatli o`tgan, xalqona yo`l bo`lgani uchun ham tanlaganman. Qolaversa, Hojiboy akaning ijodini oilaviy yaxshi ko`rardik.

— Xo`p, o`sha bir shingillar ijodingizda ko`rinmaydi-da, o`ziga xosligingiz nimada? Masalan, Valijon Shamshiev tryuklar bajaradi, ayollarning rolini Ma`murjon Xolmedov ikkovi maromiga etkazib ijro etadi...

— Bir marotaba buxorolik ayol rolini o`ynaganman. O`shanda buxoroliklar “bizdan ham yaxshi gapirdingiz”, deyishgandi. Lekin ko`pchilik “ayollar roli sizga yarashmas ekan”, degach, bunga qo`l urmadim. Odam qo`lidan kelgan emas, yarashgan ishni qilishi kerak. “Mirzo” teatridagilardan serqirralikni o`rgandim. Qiziqchilikdan tashqari qo`shiq ham kuylayman, komik rollarni ham ijro eta olaman. O`ziga xosligimni tomoshabinlarning fikridan kelib chiqib aytaman: konsertlarimni oilaviy ko`ra olish mumkin, to`ylarimizdagi sarf-xarajatlar, haydovchilar tezlikni oshirgani oqibatida yuzaga kelayotgan fojia­lar, tibbiyotdagi kamchiliklarni tahlil qilib, tayyorlagan repertuarim muxlislarga manzur kelayotgan ekan. Bilasizmi, kulgi ikki xil bo`ladi: engil va ta`sirli. Maqsadim, gapirayotgan gapimda haqiqat bo`lishi va odamlar hangomalarimni uzoq yillar yodida saqlashi uchun borimni berib xizmat qilish.

— Sizning ta`biringiz bilan aytganda, ustozingizning qizi Intizor Tojiboeva “Avaz Oxun dadamni ko`p bor “ustozim”, deydi. Lekin biror marta oilamizdan xabar olmagan. Faqat “shogirdman”, deb gapiradi-yu, hatto uyimiz qaerdaligini ham bilmaydi”, degandi...

— Ustoz bilan munosabatlarim juda yaxshi bo`lgan, konsertlarda uchrashib turganmiz. “Shogirdim”, deya iliq qabul qilgan. Aslida ham qiziqchidek bag`rikeng odam bo`lmasa kerak.

— Nazaringizda, qiziqchilik san`a­tida nima yangilik qila oldingiz?

— O`zbekistonda yakkaxon konsert qo`yadigan qiziqchilar barmoq bilan sanarli. Men shu uslubni ushlab turishga harakat qilyapman. Qiziqchi guruh vakillarining har biri o`n daqiqadan fikrlasa ham ikki yarim soatlik konsert dasturining repertuari tayyor bo`ladi. Yakka qiziqchi esa bir o`zi mehnat qiladi.

— Repertuaringiz muallifi o`zingizmisiz yo kimgadir murojaat qilasizmi?

— Kitoblar, asosan hayotni kuzatish orqali o`zim topib yozaman. Yozib beradiganlar ko`p lekin birortasiniki ko`ngil to`lib, sahnaga olib chiqadigan darajadagi ijod emas. Hatto hajvchi yozuvchilarning yozgani ham tomoshabinga qiziq emas. Ular bilan qiziqchilarning orasida katta tafovut bor. Qiziqchilik sohasining rivojlanmayotganiga ham shu sabab, bu eng og`riqli nuqtamiz.

— “Yangisidan bo`lsin?” degan gap qiziqchilarga yoqmasa kerag-a?

— Nega endi? Qiziqchi doim yangisidan aytishi kerak. Harakat, mehnat qilsa, albatta, yangi latifalar topiladi. Uch marta konsert bergan bo`lsam, biror marta o`zimni takrorlamadim. Bu yil ham kuz oyida konsert berishni rejalashtirganman, faqat yangisidan bo`ladi. Lekin tomoshabinlar talab qilsa, eski repertuardan ham aytiladi.

— “Qiziqchilar o`z ustida ishlamay qo`ydi, takror ko`p”, degan fikrlar tez-tez quloqqa chalinadi-da...

— Yo`q erdan o`n daqiqalik repertuar tayyorlash juda qiyin. Fikrlash, yozish qobiliyati hammaga ham berilmagan-da. Shunday qiziqchilarimiz bor, faqat tayyor latifani maromiga etkazib ijro etib beradi.

— Muxlislarning me`dasiga tekkan repertuaringiz bormi?

— (Kuladi) Birorta repertuarimni takrorlagim kelmaydi, zerikaman. Bitta rolini 500 marta o`ynagan aktyorlarga qoyil qolaman. Lekin “har galgisi xuddi yangidek”, degan gap bor ruslarda, biroq men bu borada qiynalaman. Choynak, sanatoriya haqidagi latifalarni ko`p aytganman, chunki voqeasi qiziq. Xonandalar qo`shig`ini yillab “aylantirgan-da”, biz bir yil “aylantirsak” nima qilibdi (kuladi). Konsertimdagi hangomalarning diski chiqquncha aytib oladigan bo`ldim. Bir-ikki marta disk tarqalgach aytsam, “bunisini bilamiz-ku”, degandek qarashdi. “Ikki soatlik repertuarim 1 yilga ham bormay, eskiribdi”, deya xafa bo`lganman. Boshqa tomondan “hamma eshitibdi”, deya xursand ham bo`laman. Oxiri kelasi yil konsertda aytmoqchi bo`lgan latifalarimni aytib, “pishirib” oladigan bo`ldim.

— “Million”, “Dizayn” jamoalarining konsertlarini tomosha qila olasizmi?

— Oldingiga nisbatan repertuarlari “tozalanyapti”. Tajribasi ortib, sekin-sekin professionalizmga o`tishyapti. To`g`ri, ijodkorni tanqid, ijodini tahlil qilish kerak, lekin butkul sindirish kerak emas. Xato qildimi, tuzatishi uchun imkoniyat berish lozim.

— Xuddi diktorlik singari, qiziqchilik “maktab”i ham yo`qolib borayotgandek...

— Engil-elpilik, matn sayozligi, o`g`irlik, milliy mentalitetimizga zid “ijod mahsullar”i birinchi galda qo`shiqchilikka kirib keldi. Bu keyinchalik qiziqchilik san`atiga ham o`tdi, uchirma “prikol”lar, shaxsni ustidan kulish, shevada gapirish ko`paydi, badiiylik yo`qoldi. Ayrim telekanallar ham efir vaqtini to`ldirish uchun tomoshabinni fikrlashga majbur qilmaydigan, saviyasiz kulgi haqidagi ko`rsatuvlar beryapti. Undagi hazillar televideniega olib chiqadigan emas. Iste`molchi huquqi poymol bo`lyapti. Salomlashish, kiyinish, gapirish, sahnada turish madaniyati bor, axir. Televidenieda Badiiy kengash tashkil qilish kerak. Ayrim hamkasblarimning ijodida Evropaga taqlid bor. Bir vaqtlar ijodkorga “Istiqlol” san`at saroyida konsert berish orzu bo`lardi, hozir-chi?.. Yaqinda bir qiziqchi konsertiga ikki kun qolganda, “repertuarimni ko`rib bering”, deb oldimga keldi, lekin repertuarning o`zi yo`q, rosa koyidim. Manaman, degan ustoz san`atkorlar ham konsert berishdan oldin repertuar ustida o`ylanadi. “Istiqlol” san`at saroyi-yu, konsertga keladigan tomoshabinga achindim. Shundoq ham matni yo`q qo`shiq, ssenariysiz filmlar, ma`nosiz kliplar etarli. Aslida bachkanalik “Quvnoqlar va zukkolar”dan chiqyapti. Bir gal hay`at a`zosi bo`lishga chaqirishdi, sahnada kurakda turmaydigan gaplarni gapirishyapti-da, menga qolsa bir ball ham qo`ymasdim. Boshqa sohada o`qigan havaskorlar ko`paygani qiziqchilik san`atini ortga tortyapti. Nazarimda, hozir qiziqchilik san`ati loyqalangan. Vaqti kelib, “tinib”, saragi sarakka, puchagi puchakka chiqadigan davr keladi. Tomoshabin bachkana kulgiga moyillashmasdan avval professional qiziqchilar “maydon”ga chiqib, o`zini ko`rsatishi kerak. Andisha-oriyatli o`zbek xalqi ekanimizni unutmasligimiz lozim. Shu sohaning vakili sifatida bu kamchiliklarni aytishga haqqim bor, deb o`ylayman.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: