Главная » Yangiliklar » Davron Foipov konsertda qulagan tom ​va Makkaga qadam bosishga qo`rqqani haqida
Davron Foipov konsertda qulagan tom ​va Makkaga qadam bosishga qo`rqqani haqida

Davron Foipov konsertda qulagan tom ​va Makkaga qadam bosishga qo`rqqani haqida

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Davron Foipov konsertda qulagan tom ​va Makkaga qadam bosishga qo`rqqani haqida
  • Дата релиза: 07-04-17, 16:59
Davron Foipov konsertda qulagan tom ​va Makkaga qadam bosishga qo`rqqani haqida
Kun kelib, hamma narsa tarixga aylanadi. “Shamollarda qolgan hislarim” filmi yozilgan videokasseta, Mosartning konserti yozilgan gramplastinka… Biroq xotira “kitob”ini varaqlaganimizda, o`sha shirin xoti­ralar yodga tushaveradi... “Kerak emas shahlo ko`zlaring”, “To`xta-to`xta, shoshmagin”, “Bu nima bu?” kabi qo`shiqlari hanuz sevib tinglanadigan afsonaviy “Original” guruhi asoschisi Davron G`OIPOV ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

"Otamni qo`rqitganman..."

— 1961-yilning 7 oktyabrida Urganchda tug`ilganman. Otam Ro`zmet G`oipov viloyat rahbari bo`lgan, onam Yoqutxon uy bekasi edi. Oilada etti farzand: 2 qiz, 5 o`g`ilning kenjatoyi edim. Eng kichik farzand bo`lganim bois akalarim bilan oramizdagi yosh tafovuti ancha katta edi. Shu bois ular bilan o`ynolmasdim, eng kichik akam Odil bilangina gapimiz gapimizga mos kelardi. Otam qattiqqo`l bo`lgani bois kenja o`g`il sifatida erkatoy bo`lmaganman. Lekin o`zimga etguncha sho`x edim. Otam xizmat safari bilan Qarshiga yuborilgani uchun oilamiz bilan ko`chib ketganmiz. O`sha erdagi o`n yillik 5-o`rta maktabga o`qishga qabul qilinganman. 6-sinfgacha barcha fanlardan besh bahoga o`qiganman. Aniq fanlarga hushim bo`lmagani bois keyinchalik baholarimga “to`rt”, “uch” oralagan. Tarix, geog­rafiya fanini yaxshi ko`rardim. Afsuski, o`sha davrda musiqa fani o`tilmasdi. Hatto, tarix fanidan olimpiadada qatnashib, g`olib ham bo`lgandim. Qarasam, pog`onama-pog`ona olimpiadada ishtirok etishimga to`g`ri kelyapti. Musiqa qolib ketayotgani bois olimpiadaning keyingi bosqichlarida ishtirok etishdan bosh tortganman. Sho`x bo`lishimga qaramay, sira darsdan qochgan emasman, juda intizomli edim. 8 yoshimda Ozod akam kinokamera sovg`a qilgan kundan boshlab, kino suratga olishga ishtiyoq uy­g`on­gan. Bolalarcha dunyoqarashim bilan bir nimalar suratga olib yurardim. Oradan vaqt o`tib, rok yo`nalishidagi qo`shiqlarni ko`p tinglaganim uchunmi shu yo`nalishga qiziqishim oshib bordi. Akam sovg`a qilgan gitarani chalishni esa ko`chadagi notanish bolalardan o`rganib olgandim. Notani bilmasam-da, eshitish qobiliyatim yaxshi edi-da. Chalayotgan kuyim­ maromiga etmagunicha hammadan bekinib, gitarani qo`limdan qo`ymay mashq qilardim. Oxir-oqibat 8-sinfda o`qib yurgan kezlarim professional sozandalar bilan ishlash maqsadida restoranda gitara chalib, qo`shiq kuylay boshlagandim, mo`maygina pul ham berishardi. Eng qizig`i, bundan ota-onam bexabar edi, bilib qolsa otamning sha`niga yaxshi emasdi-da. Qolaversa, u vaqtlarda gitara chalgan o`smirlarga ko`chadagi bezo­ri­ga qaragandek qarashardi. Uyda akalarim mening tarafdorlarim edi, kechki payt restoranga ketganimda otam meni so`rab qolsa, “dars qilyapti” yo “uxlayapti”, deyishardi. Otam esa “o`g`lim o`z vaqtida dars qilib, o`z vaqtida uxlayapti”, deb xursand edi. Aslida xonamning derazasidan qochib chiqib, restoranga borardim, qaytish yo`lim ham shu deraza edi (kuladi). 10-sinfda o`qib yurgan kezlarim qo`lga tushganman. Sira yodimdan chiqmaydi, uyda otam, men va akamdan boshqa hech kim yo`q. Otam “shu erda qarshimda o`tirasan”, desa bo`ladimi. Restoranga ketadigan vaqtim bo`lyapti, nimadir qilishim kerak. Otam telefonga chalg`iganida akamga “meni so`rasa, uxlayapti”, deysiz”, deya karavotimga xuddi odam yotgandek qilib, kiyimimning ichiga narsalar tiqib, yonboshlatib yotqizib qo`ydim. Yarim tunda qaytsam, jimjitlik, akam “seni sog` qo`ymaydilar” desa bo`ladimi. Bilsam, otam “Nega erta uxlashga yotding?”, deya ko`rpani ochganda yotqizib qo`ygan “odam”im oyog`ining tagiga dumalab tushgan va otamning o`takasi yorilgan (miriqib kuladi). Ertasiga otam rosa koyigan va “harbiy soha vakili bo`lasan”, deya o`z qarorini aytgan. Men ham san`at sohasidan ketishimni qat`iyat bilan aytgandim.
"Yalla"da ishlayotganimga ishonishmagan"

— 1978-yil O`zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov Qarshiga borib, musiqiy tanlov o`tkazgan. O`shanda iste`dodimni ko`rgan Farrux aka “Yalla” guruhida bas-gitarachi bo`lib ishlaysanmi?”, deb qoldi. Maktabda davlat imtihonlarini topshirayotganimdan bexabar edi. O`qishni tamomlab, Qarshidagi Pedagogika institutining musiqa fakultetiga hujjat topshirib, imtihonlardan muvaffaqiyatli o`tib, o`qishga qabul qilinganman. Ikki oy o`qigach, o`qishimni sirtqi bo`limga o`tkazdim. Chunki Toshkentga Farrux aka bilan ishlashga borishim kerak edi-da. Ehtiyotkorligim bois onamga vaziyatni aytib, poytaxtga yo`l olganman. Otam xabar topgach, “Sendek betayin 17 yoshli yigitni kim ishga olardi”, deb ishonmagan (kuladi). “O`zbekkonsert”ga qo`ng`iroq qilganida haqiqatda “Yalla” guruhida ishlayotganimni tasdiqlashgan. “Yalla” guruhida bir yarim yil ishladim. Rok yo`nalishini yaxshi ko`rganim bois “Yalla”ning uslubiga moslasha olmadim. Guruhni menga qo`shilib, sozandalar Abbos Aliev va Rahim Arifxodjaev ham tark etishdi va birgalikda “Original” guruhini tashkil qildik. Nazarimda, o`shanda Farrux aka mendan ranjigan, lekin munosabatlarimiz sira yomonlashmagan.

"Muxlislardan qoplab maktub ­olardik"

— 1979-yilning oxirlarida “Original” guruhimiz rosa ommalashdi. “Yalla”ni tark etganimdan otam hayratga tushgan. Men esa musiqa shunchaki xobbi emas, hayotim mazmuni ekanini isbotlashga urinardim. Shunday imkoniyatlardan biri “Pesnya-81” tanlovi edi. Opam meni qo`llash maqsadida markaziy televidenieda namoyish etilayotgan mazkur tanlovdagi ishtirokimni otam ko`rishi uchun atay televizorni yoqib qo`ygan ekan. Balki o`shanda boshlagan ishim jiddiyligiga ishonch hosil qilgandir, yana kim bilsin. O`sha teletanlovdan so`ng muxlislardan o`n besh qoplab xatlar olgandik. Bu haqda hatto ko`rsatuv ham qilishgandi.

O`z vaq­ti­da yaxshigina ommalashgan “Bu nima bu?” nomli qo`­shiq rok yo`nalishida bo`lgani uchun avvaliga studiya­da yozishga jur`a­tim etmagandi. Shunda o`sha vaqtdagi Davlat teleradio qo`mitasi raisi Ubay Burhon bu haqda qaer­dan­dir xabar topib, qo`ng`iroq qilib, “Nega shu qo`shiqni yozmading? Ertagayoq yozgin”, degandi. Shunda ham ehtiyotkorlik qilib, avjini o`sha vaqtdagi “Sado” guruhi qizlariga kuylatganman. Bu qo`shiq ham rosa ommalashgan, lekin tanqidlar ham meni chetlab o`tmagan. Yangilikni qabul qilish doim ham oson kechmaydi-da. To`rt yil gastrolma-gastrol yurib, mashhurlik gashtini ham totib ko`rdik. Zamona zay­li bilan olti yil ijodiy tanaffus qilishga to`g`ri keldi, bu muddatni Moskvada o`tkazganman. 1990-yil Toshkentga qaytganimda meni xonanda Aziza Muhamedova kutib olgan va “Yurmala” tanlovining saralash bosqichiga birga borishni taklif qildi. Borsam, imijim o`zgargani bois meni hech kim tanimadi. Bir payt Pero libosidagi bir yigit tikila-tikila “Davron G`oipovmisiz?” deb so`radi. Gapini tasdiqlasam, kutilmaganda tizzalab o`tirib olib, “Nihoyat, sizni ko`rish baxti nasib etdi”, deb yig`lab yuborsa bo`ladimi. Bilsam, bu yigit Ruslan Sharipov ekan. O`shanda Ruslan bilan tanishgandik, keyinchalik Ruslan “Bolalar” guruhining eski tarkibini menga shogirdlikka olib kelgan.

"Chiroqni o`chirishsa ham kuylayverganman"

Olti yillik ijodiy tanaffusdan so`ng “Bu nima bu?” nomli film­da Hasan-Husan rolini ijro etib, shu kinokartina orqali “Original” guruhini yana katta sahnaga qay­tar­ganman. Konsert zalda joy qolma­ga­ni­dan ikki yuztalab odam qo`shni bino tomlariga chiqib olardi, hatto og`ir yukdan tomlar teshilib, odami bilan qulab tushardi. Eng qizig`i, har gal kimdir chiroqni o`chirib qo`ya­ve­rardi. Bir safar chiroqni umuman yoqil­may­digan qilib, o`chi­rishdi. Shun­da royal chalib, jonli qo`­shiq kuylay boshlaganman. O`sha bir yarim soatlik qorong`uda o`tgan konsertimdan so`ng chiroq boshqa o`chmaydigan bo`lgan (kuladi). “Hunar”i befoydaligini anglagandir-da. 1992-yil yana ijodiy tanaffus qilib, Moskvaga ketishimga to`g`ri keldi...

1997-yil Toshkentga qaytdim. Bu gal ijodni katta maydonda o`tadigan Mustaqillik bayramida kuylash uchun O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov she`ri bilan “Omon, omon, O`zbekiston” qo`shig`i bilan boshlaganman. 2000-yil esa “O`zbekestrada”ga direktor etib tayinlashdi. Ikki yil samarali ishladim, estradada sezilarli o`zgarishlar qildim. So`ng xalqaro miqyosda ishlay boshladim. “Sharq bozori” (“Vostochny bazar”) nomli xalqaro tanlovda hay`at a`zolaridan biri edim. Uch yil mobaynida ko`plab o`zbek xonandalarimizni shu tanlovga olib borib, tajriba almashishga ko`maklashganman.

"Ka`baga qo`l tekkizishga botinolmadim..."

Kutilmaganda sog`ligim yomonlashdi, 2006-yil buyrakdagi saratonni oldirish uchun Ukrainaga borishimga to`g`ri keldi. Ochig`i, o`sha vaqtda ortga nazar tashlab, o`zimni o`ta gunohkor insondek his qildim. Hatto, Umra safariga borganimda o`tmishim sabab, Makkaga qadam qo`yishga qo`rqdim. Nazarimda, xuddi mo``jiza ro`y berib, meni er yutib yuboradigandek edi. Hadigim shu qadar kuchli bo`lganidan avvaliga Ka`baga qo`l tekkizishga botinolmadim. Jur`at topganimda esa so`z bilan ta`riflab bo`lmas hisni tuydim va ko`zimdan oqqan yoshlarni to`xtatolmadim…

Sog`ligim tiklangach, 2011-yil Tosh­kent­ga qaytdim. Hozirda shaxsiy studiyam­, prodyuserlik markazim bor.

Yodimda, bir vaqtlar hamma xonandaga bitta sozanda ishlardi. Bugungi kunda esa iste`dodlar juda ko`p. To`g`ri, guruch kurmaksiz bo`lmaydi, lekin ularni deb, hamma san`atkorni yomonga chiqarib bo`lmaydi. Eng yomon holat: hammaning mashhurlikka intilishi. Har qanday holatda professionallik chegarasidan chiqmaslik shart. Masalan, aslida Alla Pugachyovadan o`n chandon kuchli iste`dod egalari bor. Haqiqat shundaki, Pugachyova kerakli vaqtda kerakli joyda bo`la olgan, shu bois u hanuz talabgir xonan­dalardan biri. O`zbek san`atidagi ko`pchilik mashhurlar ham yuqoridagi fik­rimga misol bo`la oladi. Hozirgi konsert­larning deyarli bari shou, haqiqiy konsertlar barmoq bilan sanarli. Menimcha, o`n besh ming tomoshabin sig`adigan konsert zal qurish kerak. Shunda ko`zi etgan xonandagina konsert bera oladi va chiptalar ham arzonlashadi. Hatto dunyo miqyosidagi mashhurlarning yurtimizdagi konsertlari ko`payadi va chiptasi ham hamyonbop narxlarda sotiladi. O`zbek san`atkorlari bilan xorijlik xonandalarning tajriba almashishi uchun ham yaxshi imkoniyat bo`ladi, deb o`ylayman. Lekin ayni haqiqat shundaki, o`zbek san`a­tiga teng keladigan san`at dunyoda yo`q.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi
Fotomuxbir: Islom Ro`ziev
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: