Главная » Yangiliklar » ENRIKE IGLESIAS: «MEN OTAMNING SOYaSI EMASMAN!»
ENRIKE IGLESIAS: «MEN OTAMNING SOYaSI EMASMAN!»

ENRIKE IGLESIAS: «MEN OTAMNING SOYaSI EMASMAN!»

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ENRIKE IGLESIAS: «MEN OTAMNING SOYaSI EMASMAN!»
  • Дата релиза: 06-11-17, 21:00
ENRIKE IGLESIAS: «MEN OTAMNING SOYaSI EMASMAN!»
«Mening hayotim qo`shiqdan iborat! Qo`shiqlarim esa muhabbatdan...» Romantik, optimist, kelishgan yigitning hayotiy haqiqati bu. Jahon sahnasini ovozi, imiji, ispancha xonishlari bilan zabt etgan, «Gremmi» mukofoti sovrindori Enriki Iglesiasning muvaffaqiyat siri ham hayotga bo`lgan muhabbatida!

Futbol va she`r...

Enrike sevishgan dillarni «Nostalgie»si («Sog`inch») ila valsga chorlagan, nomi Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan Xulio Iglesiasning uchinchi farzandi. Xonandaning onasi ham zamonasining mashhur teleboshlovchisi bo`lgan. Sevgi-muhabbat bilan oila qurgan, ikki o`g`il va bir qizning ota-onasi bo`lgan bu juftlik Enrike uch yasharligida rasman ajrashishadi. Bolalar onasi va bobosi (Xulioning otasi) bilan Madridda, katta Iglesias esa Mayamida yashay boshlaydi.

«Bolaligimda men ham otam kabi futbolchi bo`lishni istardim. Kun bo`yi ko`cha changitib, qosh qorayganda uyga kirib kelardim. Oyim esa doim meni «Ustingning kirligini qara, burning ham qonaptimi? Nima azob-a senga to`p ortidan yugurib? Baribir, artist bo`lasan-ku», deya kutib olardi». Hayron qolardim, hamma futbolchi bo`lishni orzu qilganlar katta bo`lganida qo`shiq aytarmikan, deb. Axir otam hatto Madridning «Real» yoshlar jamoasida darvozabon bo`lgan-ku! Esimni tanib bilsam, avtohalokatga uchragach, millonlar o`yinining yulduziga aylanish orzusidagi darvozabonga shifokorlar futbolni taqiqlashgan ekan».

Oila ajrimidan ko`p o`tmay, Iglesiaslar xonadoniga bosqinchilik uyushtiriladi. Bolalarga po`pisa qilishadi. Ularning taqdiridan xavotirlangan Xulio farzandlarini Mayamiga ko`chirib keladi.

«Men boylarning bolalari o`qiydigan maktabga borardim. Ertalab sinfdoshlarim yaltirab turgan «Mersedes»dan viqorla tushishganida men shaldiroq mashinada arang etib olardim», deya eslaydi Enrike maktab davrini. Bugun duyonning eng chiroyli yigitlari safining boshida turadigan xonanda o`sha paytlari maktabdagi eng ko`rimsiz bolalardan biri bo`lgan. Tag`in ko`pga qo`shilavermas, xonasiga qamalib olib, kundaligiga she`rlar yozardi. Baxtsizlik, qayg`u-hasrat va orzular haqida...

Kaltak va isyon

O`n olti yoshga to`lgach, u kuylash haqida o`ylab qoladi. Bu shunchaki millionlarning sevimlisiga aylangan otasiga havasmas, qalb istagi edi. Ammo otasi kuylashiga tish-tirnog`i bilan qarshi bo`ladi. «Iqstisodchi bo`lasan», deya uni Mayami universitetining iqtisod fakultetiga o`qishga ham joylab qo`yadi. Xulio o`g`li xatolarini takrorlashidan ko`rqardi...

«Mendan doim otam va mening o`rtamdagi muammolar haqida so`rashadi. Yo`q, bizning munosabatlarimiz risoladagidek. Kam ko`rishsak-da, bir-birimizga kerak paytimizda yonimizda hozir bo`la olamiz. To`g`ri, u avvaliga qarshilik bildirgan. Bunga haqqi bor. Umuman har bir ota-ona o`zining tanlovini to`g`ri deb biladi va bolasiga buni o`tkazishga harakat qiladi. Farzandini shunday sinaydi-da. Iqtidori, iste`dod va kuchli xohishi bor bola o`z istagi uchun kurashadi va natijaga erishadi».

Ha, Enrike o`z ism-familiyasini o`zgartirib, musiqa yozish studiyalariga qatnab yurganidan xabar topgan ota o`g`lini kaltaklaydi ham. Lekin bo`lajak yulduz bardoshli va jur`atli chiqadi. Kanadadagi mashhur studiya bilan shartnoma imzolab, jamodonini yig`ishtirib, jo`navoradi. Avvaliga birinchi qo`shig`i «Sen ketsang...» yoziladi, keyin birinchi albomi sotuvga chiqadi (Enrike bu albomini enagasi Elviraga bag`ishlagan. U bu ayol oldida doim bosh egadi). Bir hafta ichida 1 million dollarlik sotiladi. Bu ilk qadam uchun juda katta ko`rsatkich edi. Iglesiasning Uitni Xyuston bilan duet kuylaganiga nima deysiz?

Shu tariqa Enrikening ovozi dunyoning to`rt tomonida yangray boshlaydi, taronalar, albomlar, konsertlar, reklama roliklariga takliflar, hatto serial va kinoda ham rol o`ynaydi. «Meksikada bir kun» filmida mashhur aktyorlar Antonio Banderas va Salma Xayk bilan birga suratga tushadi.

«Suratga olish maydonida dovdiraganimni hisobga olmasak, chamamda, ijrom yomon chiqmadi», deydi havaskor aktyorning o`zi film haqida.

Katta va kichik Iglesiaslar

Xulio Iglesias doim kostyum-shim kiyib, po`rim bo`lib yuradi, hazilga juda usta. Enrike Iglesias esa qachon qaramang, futbolka va jinsi shimda, jurnalistlarning savoliga uzoq o`ylanib, keyin javob beradi. Ammo ikkisi ham yurakdan kuylaydi. Shou-biznesda ular ota-bola ekanligini unutishadi, ikkalasi bir paytda bemalol konsert berishi, ikkalasi bir vaqtda bir mukofotga nomzodini qo`yishi, kimning albomi qancha sotildi, deya hisob-kitob qilishlari mumkin. Sahna, bu — sahna, oila, bu — oila, deya fikr yuritishadi ular.

«Mendan ba`zida nega familiyangizdan voz kechmagansiz? Xulio Iglesiasning soyasi bo`lib qolib ketishdan qo`rqmaysizmi?», deya so`rashadi. Kareramning ilk yillarida shu kabi savollardan qochib ham intervyulardan bosh tortardim. Nega endi familiyamni o`zgartirishim kerak? Axir men otamning o`g`liman, bu familiya ajdodlarimdan meros. Nima familiyam o`zgargani bilan, men boshqasining bolasi bo`lib qolamanmi? Baribir, hamma mening otam kimligiga qiziqadi-ku! O`shanda Xulio Iglesiasning o`g`li ekanligim oshkor bo`ladi-ku! Men otam bilan faxrlanaman va bilamanki, men kutgan kunlar keldi: san`at olamimda o`z nomim bor!»

Haqiqatda, Enrike Iglesias familiyasi bilangina mashhurlik pog`onasidan yuqorilagan emas. Axir tinglovchilar bor-ku, saragini sarakka, puchagini puchakka chiqaradigan...

Mashhurlik va oddiylik

«Men otamga qarab turib, «Hayot qanchalar go`zal, ayniqsa, mashhur bo`lsang», deb o`ylardim. Faqat bitta minus tomoni bor, yon-veringga boqib, jami haqiqatlaringni, dardlaringni to`kib soladigan ishonchli do`st topishing mushkul». Ammo baribir nom qozonish yaxshi».

Bu manmansiragan xonandaning gaplari emas. Uning o`zidan kamtarin yasashga harakat qilayotgan aldoqchi emasligidan dalolat. Aslida, Enrike hayotda juda oddiy va samimiy yigit. U samolyotda doim ekonom klassda uchadi. Odamlarni kuzatish yoqadi chunki. Oddiy futbolka va shimdagi yigitchani hech kim mashhur qo`shiqchi deb o`ylamaydi ham.

«Qo`shiq kuylay boshlagach, hayotim o`zgardi. Sevimli soham bilan shug`ullanayapman. O`zim tushunmaydigan raqamlar ichida bosh qashlab o`tirganim yo`q! Bir paytlari dadam o`gay onamning zug`umi sabab menga bir sent ham bermasdi. Qarmoq olishga pul topolmay yurardim. Hozir shaxsiy qayig`im bor, bemalol baliq tutaman. Osmonda uchaman, dengiz bo`yida quyoshda toblanaman», deydi u.

Muhabbat va vaqt

«Asl qo`shiqlar inson sevib qolganida yoki sevgisidan ayrilganida dunyoga keladi...», deydi qo`shiqlari yuragiga hamohang xonanda. Enrike 2002 yili rossiyalik tennischi Anna Kurnikova bilan tanishib qoladi. Sportchi uning klipida suratga tushgandi. Mana, o`n to`rt yilki ularning munosabatlari xorij gazeta-jurnallarini to`ldirib kelmoqdi. Hamon jurnalistlar-u, estrada vakillari, Enrikening sevimli muxlisalari bu ikki sevishganning to`yini kutishmoqda. «Anna ketvorgan qiz emas, haqiqiy chiroyli inson! U men bilan bemalol gamburgerni paqqos tushiradi, semirib ketaman, deya noz qilmaydi. Majburiyatlarga bo`ysunmagani, o`zini boricha qabul qilgani uchun ham uni yaxshi ko`raman», degandi intervyularning birida oshiqu beqaror.

Muhabbati yillar sinovida sinalib kelayotgan Enrike esa qirqdan oshib qolgani haqida quyidagicha gapiradi:

«O`ttizga to`lgan kunim «Kuylay boshlaganimga ham o`n yildan oshib qolibdi, vaqt buncha tez o`tmasa», deya dahshatga tushgandim. Mana, 8 mayda qirq birni qarshilayman. Endi yosh yigitcha ham emasman, ammo qariyotganim ham yo`q...»

Shoira VAFOEVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: