Главная » Yangiliklar » Feruza Normatova: O'zim haqimda «Ikkita farzandi bor ekan», degan mish-mishlarni ham eshitdim!
Feruza Normatova: O'zim haqimda «Ikkita farzandi bor ekan», degan mish-mishlarni ham eshitdim!

Feruza Normatova: O'zim haqimda «Ikkita farzandi bor ekan», degan mish-mishlarni ham eshitdim!

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Feruza Normatova: O'zim haqimda «Ikkita farzandi bor ekan», degan mish-mishlarni ham eshitdim!
  • Дата релиза: 30-08-18, 06:38
Feruza Normatova: O'zim haqimda «Ikkita farzandi bor ekan», degan mish-mishlarni ham eshitdim!
Hozirda o'zbek kinosi yaxshi tomonga qarab o'zgarishni boshlagani quvonarli hol. Ayniqsa, shu kunlarda efirda namoyish etilayotgan «Fitna» seriali ham tomoshabinlar e'tiboriga tusha oldi. Sahifamizning bugungi mehmoni ham ushbu serialda bosh rollardan birini ijro etgan, yosh, iqtidorli aktrisa Feruza Normatova bo'ldi.

— Yoshlar ittifoqi tomonidan «Yilning eng yaxshi kino aktrisasi» unvoniga erishganingizdan so'ng o'tayotgan bir yil mobaynida nimalar o'zgardi?

— Rosti, shu davr ichida bo'lgan o'zgarishlar judayam katta. Deyarli har kun suratga olish maydonchasidaman, desam ham bo'ladi. O'sha payt serialda suratga tushayotgan edim. So'ng «Iblis o'yini» nomli kartinada Yigitali Mamajonov bilan rol ijro etdik. Bundan tashqari, «Million» jamoasining dasturiga aktrisa sifatida qabul qilindim. Qolaversa, Ibrohim Rasulovning «Qasam» serialida ham bosh rol, ya'ni hamshira qiz rolini ijro etyapman. Unvonga loyiq ko'rilganimdan keyin ko'pchilikning menga nisbatan ishonchi ortdi. Mana, endi katta rollarni hadiksiramay topshirishyapti. Bundan juda xursandman va ularning ishonchini oqlashga harakat qilaman.

— Shu kungacha o'zingiz haqingizda chidab turolmas darajadagi qanday mish-mish eshitdingiz? Umuman, mish-mishlarga qanday qaraysiz?

— Bir oy ichida «Fitna» serialidagi rolim sababli juda ham ko'p chidab turolmaydigan gap-so'zlar eshitdim. «Bu rostdan ham shunday aktrisa ekan, ikkita farzandi bor ekan», degan odamlar ham topildi. Salbiy obraz bo'lgani uchun, tabiiyki, salbiy fikrlar ham yo'q emas. Lekin yomon gaplardan ko'ra yaxshi fikrlarni ko'p eshitdim. «Sizni aynan shu filmdagi rolingiz orqali tanidim», degan gaplarni ham aytishyapti. Bilasizmi, odamlar har xil, hammaga birday yoqishning esa iloji yo'q. Shu bois oxirgi paytlar hech qanday gap-so'zlarga e'tibor bermayapman. Faqat yaqinda «Instagram» tarmog'i orqali «Nima uchun qaynona kelinning xiyonatini kechirdi?» degan talaygina e'tirozlarga javob qaytardim. «Qaynona nima uchun bunday qilganini sabr qilsanglar, serial so'ngida bilib olasizlar» deb maslahat berdim. Lekin umumiy qilib aytganda, shaxsan o'zimga nisbatan bo'ladigan fikrlarni chetlab o'tishga harakat qilyapman.

— Aktrisa. Bu so'z o'zbek oilalarida u qadar ijobiy qabul qilinmaydi. Bunga nima sabab deb o'ylaysiz?

— Haqiqatan ham, xalqimizda aktrisa deganda yuz foiz yaxshi fikrlar quloqqa chalinmaydi. Fikrimcha, buning asosiy sababi erkin rol ijro etishda. Masalan, erkak partnyorlar, yigitlar bilan qo'l ushlash, degan tomonlar ham bor. Ko'pincha bunday vaziyatga turmush o'rtog'ingiz to'g'ri qaramasligi mumkin.

Lekin bugunga kelib aktrisa deganda avvalgiday salbiy fikrlar yo'q. Misol uchun, san'at oliy o'quv yurtiga hujjat topshirganlarning aksariyati qizlar. Demakki, odamlarning fikri ancha o'zgargan. Shaxsan bizning oilamizda hech qachon aktrisalarga nisbatan yomon fikr bo'lmagan.

— Ko'ngil ishlariga qanchalik chidamlisiz? Umuman, hayotingizda sizni o'zgarishga majbur eta olgan sevimli inson uchradimi?

— Ko'ngil ishlariga aynan hozir judayam chidamliman. Aniqrog'i, yillar davomida shunday insonga aylandim. Hayotimni tubdan o'zgartirib yuboradigan insonga kelsak, uni hali uchratganimcha yo'q.

— Orzungizdagi shahzoda qanday bo'lishi kerak?

— Orzumdagi inson, eng avvalo, iymonli inson! Hattoki juda kuchli iymonli inson, desam ham yanglishmagan bo'laman. Chunki Xudoni tanigan odamning qo'lidan yomon ish kelmaydi. Iymoni but inson kimningdir qalbi bilan o'ynashishdan, unga zug'um o'tkazishdan, qattiq ranjitishdan qo'rqadi.

— Agar oila yoki san'atdan birini tanlash shart bo'lsa, hech ikkilanmay san'atdan voz kecha olasizmi?

— Agar oila va san'atdan birini tanlashga to'g'ri kelsa, agar o'sha vaziyat mening ko'nglimdagidak inson bilan bo'lsa, san'atdan voz kechishim mumkin. Lekin men tanimagan inson yonimga kelib: «Sizga uylanaman, agar san'atdan voz kechsangiz», deya shart qo'ysa, u insonga, uning jamiiyki xislatlariga yaxshilab e'tibor qarataman. Sababi, hozir men erishayotgan yo'l oson kechayotgani yo'q. Men yillar davomida erishayotgan yutuqlarim, maqsadlarimdan o'sha insonda ustunroq fazilatlar bo'lsa, men hech ikkilanmay san'atdan voz kecha olaman.

— «Fitna» serialidagi rolingizga tasdiqlanishingiz haqida gapirib bering…

— Rejissyor Dilshod Ahmedov menga ssenariyni berganida ikki qahramondan birini tanlashim kerakligini aytdi. Rollardan biri ijobiy, ikkinchisi esa salbiy qahramon edi. «Salbiy obrazga qanchalik kirisha olasiz, qo'lingizdan keladimi?» deya o'zi ham ikkilandi. Men esa ssenariyni o'qigach, salbiy qahramon rolini tanladim. Bu qarorimdan rejissyor hayratlanganida «Menga bunday rol juda ham qiziq. Ko'p jihatlari o'zimga ham teskari ekan», deya qarorimni izohladim.

Chindan ham ushbu obraz men uchun yangilik bo'ldi. Atrofimda ham ana shunday ba'zi ayollar bor edi, ular bilan suhbat qurdim. Ularning ruhiyatini, salbiy taraflarini o'rganishga kirishdim. Shu orqali bu rolga erishdim.

— Ushbu serialdagi rolingiz xususida ba'zi shoshqaloq tomoshabinlar ancha salbiy fikrlarni bildirishmoqda. Lekin bunday kelinlar, afsuski, oramizda yo'q emas. O'zingiz ushbu obraz haqida nimalar deya olasiz?

— Ha, bunday kelinlar atrofimizda judayam ko'p. Dastlab suratga olish jarayonida qahramonimning qanchalar yomon fe'l-atvorga egaligi sezilmadi. Lekin dublyaj jarayonida o'zimni tashqaridan ko'rarkanman, o'zimdan nafratlanib ketdim. Bunday kelinlar serial orqali o'zlariga xulosa chiqarishlarini xohlardim. Yaqinda bir ayol meni to'xtatib: «Rostini aytsam, kelinim rosa gezarib, bolalariga jahl qilib yurardi, sizning rolingizdan keyin o'zgardi, tashqaridan o'zini ko'rgan, shekilli. Rahmat sizga, bolam», dedi va duo qildi. Ana o'sha yerda juda ta'sirlanib ketdim. Ana shu mening yutug'im, dedim o'zimga-o'zim.

— Feruza Normatovaga yaqinlari ko'pincha qanday ta'rif berishadi?

— Yaqinlarimning men haqimdagi fikrlari har xil. Singillarim menga «Haqiqiy aktrisasiz, ko'chada muloyimsiz, bizni esa urishasiz», deyishadi. Chunki ularga akadan ham qattiqo'lman-da (kulib). Ochig'i, men yaxshiga yaxshi, yomonga yomonman. Ota-onam uchun erkatoyman. Kichkina ukam bo'lishiga qaramasdan, eng erkasi menman. Opam esa ko'nglimga juda ko'p qaraydi.

— Shou-biznes olamida dugonalaringiz bormi yoki «Bu olamda do'st orttirish mumkin emas», deya fikrlaydiganlar qatoriga kirasizmi?

— Shou-biznes olamida doim dugonalarim bo'lgan edi! «Shou-biznes olamida do'st orttirish mumkin emas», degan fikrga qarshi edim, buni isbotlashga urinardim ham. Bu olamda bitta emas, ko'pgina do'stlarm bor edi. Lekin hozir…

Hozir haqiqatan ham, yuqoridagi gapingizga qo'shilaman. Shou-biznesda dugona orttirib bo'lmaydi! Xudoga shukr, hamma bilan munosabatim yaxshi. Biroq ular bilan yaqinlashib ketishni, sirlarimni aytishni o'zim istamayman. Chunki bir paytlar shunday dugonalarim bo'lgan, ammo hozir ularning hech qaysisi yonimda yo'q.

— Besh yil avvalgi va bugungi qarashlaringiz o'rtasida qanday farq bor, hayot sizga nimalarni o'rgatdi?

— Besh yil avvalgi fikrlarim ham, qarashlarim ham, ko'rinishim ham hozir ancha o'zgargan. Ancha bosiqlikni o'rganganman. Ijodimga jiddiy qarashni, menga berilgan vazifani yuz foiz ado etishim kerakligini his etishni o'rgandim. Hech qaysi rejissyorni norozi qilmaymanu, ammo har qanday suratga olish maydonida ular ham mening vaqtimni o'g'irlashlariga yoki nohaqlik qilishlariga yo'l qo'ymayman. Haqiqatni yuziga soladiganlar xilidanman. Shuning uchun bo'lsa kerak, meni qaysar aktrisa deb hisoblashadi. Pardozchidan ham, kerak bo'lsa, operatordan ham talab qilaman ishni. Lekin bu ishim hammaga ham yoqmaydi.

Ammo har qanday vaziyatda odamlarni kechiraman. Meni aldab, gonorarimni bermasdan, moddiy tomonlama qiynaydiganlar ham yo'q emas. Ularni ham Xudoga topshirib yuborishni o'rgandim. Oldinlari haqimni talab qilgan bo'lsam, hozir e'tibor bermasdan yo'limda davom etaman. Ayniqsa, keraksiz salbiy tuyg'ularni yurakda saqlab yurmaydigan bo'ldim. Hozir men o'z tuyg'ularimni boshqara olaman.

— Endilikdagi muhim maqsadlaringiz…

— Eng avvalo, serqirra aktrisa bo'lish. Men ana shunday sanoqli, serqirra aktrisalar qatorida bo'lishni istayman va shunga harakat qilyapman.

Mohigul DIYoRXO'JAYEVA suhbatlashdi.
Manba: Hordiq.uz
Логин:
Пароль: