Главная » Yangiliklar » ​Furqat Fayziev: “Filmlar, spektakllar...Bari unutiladi"
​Furqat Fayziev: “Filmlar, spektakllar...Bari unutiladi

​Furqat Fayziev: “Filmlar, spektakllar...Bari unutiladi"

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​Furqat Fayziev: “Filmlar, spektakllar...Bari unutiladi"
  • Дата релиза: 06-04-17, 20:37
​Furqat Fayziev: “Filmlar, spektakllar...Bari unutiladi"
Ustozoda aktyor va rejissyor Furqat Fayziev haqida so`z ketganda faylasuf Siseronning “Bajarilgan ish o`zi uchun o`zi gapiradi, so`zlarga ne hojat”, degan gapi yodimga tushaveradi. Birgina nigohi, hatto sukuti ham “gapiradigan”, har bir rolida yuragining bir bo`lagini ko`rish mumkin bo`lgan chin ma`nodagi aktyor Furqat Fayziev ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

"Rostgo`y va mehnatsevar qilib tarbiyalagan"

— “Qush uyasida ko`rganini qiladi”, deb bejiz aytishmaydi. Boisi, har bir inson hayot yo`lini oiladagi muhitga qarab boshlaydi. O`zaro hurmat va bir-birini tushunish hukmronlik qilgan oilada dunyoga kelganman. Otam, kinorejissyor Latif Fayziev rostgo`y va mehnatsevar qilib tarbiyalagan. To`g`ri, doim ham bizga vaqt ajratishga imkoni bo`lmagan. Biroq onam va oila, ishga bo`lgan e`tibor orqali bizga doim o`rnak bo`lgan. Shu ma`noda ota-onam bergan tarbiya, ta`lim uchun ulardan benihoya minnatdorman. Onam Svetlana Fayzieva mutaxassisligi bo`yicha pediatr­- shifokor, biroq oilaviy sharoitga ko`ra sevimli kasbidan voz kechib, uy bekaligini tanlagan. Biz farzandlar ulg`aygach esa otamning yonida rejissyor yordamchisi bo`lib ishlagan. Bunga asosiy sabab, otam boshdan kechirgan ilk miokard infarkti edi...

Katta ekrandagi ilk "rol"

— 70-yillarning boshida otam Latif Fayziev “Tojikfilm” kinostudiyasida “Gang uzra tong” (“Vosxod nad Gangom”) filmi ustida ish boshladi. O`rta Osiyodagi hind kinematografistlari bilan hamkorlikda ishlanayotgan mazkur ilk filmning suratga olish ishlari Tojikistondagi tog`li qishloqlardan birida o`tayotgandi. Onam bilan otam­ni ko`rgani bordik. Film qahramonlaridan biri uyga qaytayotgan, qishloqdagilar xursand, bolakaylar qiy-chuv qilayotgan sahna tasvirga olinayotgan ekan. Suratga olish maydonchasida yugurib, shamoldek elardim. Otlar, tarixiy libosdagi aktyorlar, qisqasi bari qiziq, “nega?” degan savolning keti uzilmaydi. Onam otamdan “Esdalik uchun o`g`limizni ham shu filmda suratga olsangiz”, deya iltimos qildi. Yo otamni savollar bilan shu darajada charchatdimmi, xullas rozi bo`ldi va menga yo`l-yo`l ko`ylak, beo`xshov shalvar va dumaloq do`ppi kiydirishdi. Va otam menga vazifa yukladi, unga ko`ra uy tomiga chiqib, bosh qahramon yonimdan o`tishi bilan “Mirsaid qaytdi!” deb baqirishim kerak edi. Aytilgan vazifani bajardim. Kechasi otam ishdan qaytganida ilk gonorarimni — o`yinchoq samosval bergan. Uzoq kutgan daqiqalarim — Toshkentdagi taqdimot kuni keldi. “Kinochilar uyi”da san`atkorlar va albatta, filmda suratga tushganimni bilgan qarindoshlar, tanishlar yig`ilgan. Bosh qahramon qishloqqa yaqinlashdi, ayollar unga termilib turishibdi, erkaklar so`rashishyapti. Bir payt notanish ovoz eshitildi: “Mirsaid qaytdi!”. Ekranda esa qishloqning umumiy ko`rinishi, uy tomlaridan birida kichkina sariq nuqtacha ko`rindi, u men edim (miriqib kuladi). Bu katta ekrandagi ilk “rol”im bo`lgan.

"Filmdagi ikkinchi "dog`"

— Oradan yillar o`tdi va otamning suratga olish maydonchasiga tez-tez tashrif buyuradigan mehmonga aylandim. Menga bo`lgan ishonchi esa orta bordi. Avvaliga choy solingan termos, so`ng qog`oz to`la portfelini menga ishona boshladi. Bora-bora o`ng qo`liga aylandim, suratga olish maydonchasida shamoldek elib, otamning gapini ishchilarga etkazardim. Bir necha yillar avvalgi Abu Hasanning “g`or”i bo`lgan kinostudiyaning katta pavilonida “Vatanga xizmat” (“Slujba Otechestvu”) filmi uchun afg`on qaroqchilari qarorgohi qurilgandi. Ingliz ayg`oqchisi qaroqchilar boshlig`i bilan til biriktiradigan sahna suratga olinayotgandi. Ayg`oqchi rolida moldaviyalik aktyor Viktor Soski. Tasvirga olish uchun nimadir etishmayotgandi. Nimaligini hozir anglayman, kadrdagi kompozisiyani to`ldirish uchun “dog`” etishmagan (kuladi). Otam­ning ko`zi beixtiyor menga tushdi va libosimni almashtirishimni buyurdi. O`tovga kirib, go`sht qovura boshladim, obdastadan bosh qahramon qo`liga suv quydim. Bu filmdagi ikkinchi ishtirokim edi.

"Eng og`riqli nuqta – rolga tasdiqlashmagani"

— Kinorejissyorlik borasidagi ustozim, albatta, otam — Latif Fayziev. Ijodkor sifatidagi baxtim hozirgi O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat ins­titutida o`z ishining ustasi — marhum rejissyor Anatoliy Kabulov, Rossiya Davlat kinematografiya institutida esa Vladimir Naumov va Petr Todorovs­kiydan dars olganim. Tan olishim kerak, kinorejissyorlik sohasi bo`yicha har kuni o`qib, izlanaman. Boisi Vladimir Naumovning ilk darsidagi “Rejissyorlikni o`rgatolmayman, bor-yo`g`i yo`naltirishim mumkin, xolos. Saboq olish uchun esa butun umringni sarflashingga to`g`ri keladi”, degan gapi bir umrlik saboq bo`lgan. Kinoaktyor sifatidagi “ota”larim — Elyor Ishmuhamedov va Ali Hamroev. Aynan shu buyuk rejissyorlar sabab, ilk rollarimni ijro etganman.

1980 yil meni re­jissyor Elyor Ish­mu­ha­me­dovning “Da­ho­ning yoshligi” (“Yunost geniya”) filmi kinosinoviga taklif qilishgan. Tayyorgarlik ko`rish uchun Ibn Sino haqidagi barcha ma`lumotlarni o`rganib chiqqandim. Kinosinovda o`zim uchun aktyorlik ishini kashf qilganman. Tan olaman, qiyinchiliklar bo`lgan, lekin shu filmda rol o`ynash istagim juda kuchli edi. Uyda bo`lgan muhokamada “Dahoning yoshligi” filmida suratga tushish yoki rol o`ynamasligim borasida bir to`xtamga kelish qiyin bo`lgan-da. Boisi ijodiy jamoa Samarqand, Xivaga jo`nash arafasida edi. Otam esa ijodiy safarga ketsam, o`qishdan qolib ketishimdan qo`rqqan. Shunda jarroh bo`lib ishlaydigan buvim Mohinur Ishonova ishidan voz kechib, o`z hisobidan ta`til olib, men bilan suratga olishga jo`nagan. Doim sog`ligim, issiq-sovug`imdan xabardor bo`lib, qattiq nazoratda tutardi. Ikki yil o`tgach esa rejissyor Ali Hamroevning “Vodillik kelin” filmida ham xuddi shunday vaziyat kuzatilgan. Bu galgi manzil Chust shahri edi. Oradan ko`p yillar o`tib, bir haqiqatni angladim: o`z vaqtida buvim qurbonlik qilmaganida, bugun aktyor Furqat Fayziev bo`lmas edi!

“Dahoning yoshligi” filmida ular ha­qida soatlab gapirish mumkin bo`lgan, yuzlab buyuk, afsonaviy ijodkorlar bilan tanishishga muyassar bo`lganman. Oila, familiyam borasidagi mas`uliyat hissini ham aynan shu filmda suratga tushayotganimda anglay boshlaganman. O`shanda ustoz san`at­kor Hamza Umarov bilan ham­suh­bat bo`lish baxti nasib etgan. Hanuz yodimda, Samarqanddagi shoxlagan chinor soyasidagi o`rindiqda o`tirganmiz. Suratga tushayotgan filmimga taalluqli barcha narsa qiziq tuyulardi. Hamza aka ishimni chetdan kuzatib yoki birgalikdagi ijroimizni erinmay tahlil qilib berardi. O`shanda aytgan gapi chuqur o`yga toldirgan. “Kinoda xato qilishga yoki yomon ishchi bo`lishga haqqing yo`q. Chunki otang senga qo`ygan marra aniq” degan ma`nodagi gap aytgandi. Bu mas`uliyat yuki o`ta og`ir, qiyin bo`lgani uchun emas, balki familiyaga dog` tushirib qo`ymaslik o`yi tinchlik bermagan. Axir bu familiyani sulolamiz: katta buvam, buvam, otam mengacha munosib saqlay bilishgan-da.

“Dahoning yoshligi” filmining taq­di­mo­ti­ ham bo`ldi. Ana endi filmlarda suratga tushish uchun takliflar “yomg`ir”i ostida qolaman, deb o`ylagandim. Biroq yillar yillarni quvib o`taverdi… Shunday kunlarning birida uzoq kutilgan telefon qo`ng`irog`i bo`ldi. Kinostudiyaga borib, xonaga kirdim. Ne ko`z bilan ko`rayki, komediyadagi bosh rol uchun nomzod faqat o`zim (kuladi)! Rejissyori esa bolaligimdan filmlarini ko`rib katta bo`lganim — Ali Hamroev. Partnyorlarim esa Baxtiyor Ixtiyorov, Husan Sharipov, Maryam Ixtiyorova, Oybarchin Bakirova, Maryam Yoqubova, Ergash Karimov. Axir ularning har biri afsona-ku! Bosh partnyorim iste`dodli aktrisa Ra`no Zokirova.

Yuqorida tilga olgan ikkita filmim xuddi birinchi muhabbatdek sira yoddan chiqmaydi. Mazkur film­lardan so`ng ko`pgina ijodiy “yo`l”ni bosib o`tdim, ham omadli, yorqin, ham o`tkinchi, muvaffaqiyatsiz rollar bo`ldi… Gohida “Qanchalik ko`p omadsizlikka yuz tutdim?” degan savol o`ylantiradi. O`ylab qarasam, xatolarimdan keraklicha xulosa chiqarib, olg`a intilishga chorlashga etarli imkon bo`lgan ekan. Lekin sira hafsalam pir bo`lmagan, to`g`risi, alam qilgan. Lekin eng og`iri — ba`zi film­lardagi rolga tasdiqlashmagani bo`lgan. U kinokartinalarni nomma-nom aytishni istamayman, boisi u katta ekranlarga chiqib, o`z muxlisini topib bo`lgan.

"Salbiy qahramonim ham tomoshabinga yoqishini istayman"

— Ilk salbiy rolim ekaterinburglik rejissyor Alek­sey­ Menshikovning “Yuraver va ortingga o`girilma” (“Idi i ne oglyadvaysya”) filmidagi ijroim edi. Keyinroq rejissyor Farid Davletshinning “Yulduzingni ber, osmon” (“Verni moyu zvezdu”) filmida ham salbiy rol o`ynadim. Odatda “Furqat Fayziev faqat salbiy rol ijro etadigan aktyor”, deyishadi. Aslida esa bugungi kungacha suratga tushgan 83 ta filmimdan 48 tasi ijobiy rollar. Balki salbiy qahramonning fe`lidagi aniq nuqtani topganim uchun tomoshabinda shunday taassurot uyg`ongandir. Haqiqatda ham rollarimga mas`uliyat bilan yondashaman. Salbiy qahramonim ham tomoshabinga yoqishini istayman. Biroq salbiy rolni o`ynash og`irroq. Bu bilan ijobiy rollarni ijro etish oson, deyish fikridan yiroqman. Men uchun har bir rol – kimningdir hayoti, taqdiri, shunday ekan aktyorda javobgarlik hissi yuqori bo`lishi shart!

Orzuim bo`lgan va endi o`ynolmaydigan rolim bu — “O`tkan kunlar”dagi Otabek. Bu asar qalbim torini chertgan, boisi Otabekning qarorlarini yurakdan his qila olganman. Biroq vaqt o`z “so`z”ini aytishga ulgurgan. Otabek 26 yoshda edi, men esa…

Aktyorlik va rejissyorlik sohasi mablag`, ssenariyning tasdiqlanishi kabi ko`pgina omillarga borib taqaladi. Gohida oylab ishsiz uyda o`tirishga to`g`ri keladi. Ba`zida esa sermahsul yil bo`lib, birdaniga bir necha filmlarda suratga tushaman. Filmlardan taklif tushganida birinchi navbatda rejissyorning kimligi, so`ng ssenariyni o`qib, asosiy rol yo syujet qiziqroq ekanini bilishga urinaman. Qahramonimning fe`l-atvori hamda suratga olish ishlari qancha muddat davom etishini oldindan kelishib olaman. Shartlarim to`g`ri kelsa, taklifga rozilik bildiraman. Epizod rol o`ynashga qisqa muddat ketadi va ish so`nggida xayrlashish oson kechadi. Biroq asosiy rol bo`lsa, ish so`nggi juda qayg`uli bo`ladi. Boisi, 6 yo 9 oy davomida ijodiy jamoa bilan xuddi bir oiladek bo`lib ketasan-da. Balki bu tuyg`u faqat menda kuzatilar, yana kim bilsin… Shunday damda birgina taskin bu – oila! Uyga qadam qo`ya turib, barcha tashvishlarni ostonaning u tarafida qoldiraman. Otam ham shunday yo`l tutardi...

"Eng muhimi, odamiylikni yo`qotmaslik"

— Oila davrasida hamma qatori yaxshi va yomon jihatlarim bilan oddiy odamman. Hayot yuksalish uchun imkoniyat beradi. Har bir inson yillar o`tib yo yaxshi yoki yomon tomonga o`zgaradi. Qadr-qimmat tushunchasi ham o`zgacha mazmun kasb etib, mayda-chuyda narsalar o`z-o`zidan ikkinchi planga tushib qolaverarkan. Bu jarayonda manzara avval xiralashadi, biroq yillar o`tib, ravshanlashib boradi. Men ham atrofimdagilarning xatolariga nisbatan sabrli, hissiyotlarim jilovlangan, bu — hayotiy va professional tajribam yaxshigina ortganidan darak (kuladi). Fe`l-atvor jihatdan “introvert”man, yolg`izlikda o`zimni qulay his qilaman, zerikmayman. Chunki albatta, bajarishga biror ish topa olaman. Do`st­la­rim­ni yaxshi ko`raman, mehmonga kelishlari yoqadi.

Bilasizmi, “yulduz”larning biri yorqinroq nur sochadi, boshqasi yonishga ulgurmay o`chadi, aksariyati uzoq vaqt porlab turadi. Biroq kun kelib, albatta, bari o`chadi. Bu jarayonda eng muhimi, odamiylikni yo`qotmaslik. Film­lar, rollar, spektakllar… bari unutiladi. Faqatgina xotiralar saqlanib qoladi. Men uchun muhimi, avvalo “Yaxshi odam edi!” degan e`tirof. Mayli, keyingi navbatda aktyorligimni tilga ola qolishsin (kuladi).

Sadoqat ALLABERGANOVA

tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: