Главная » Yangiliklar » G`ulomjon Yoqubov yoshlarga taqlidi, aktyorlikka havas va ayollarni sevishi haqida
G`ulomjon Yoqubov yoshlarga taqlidi, aktyorlikka havas va ayollarni sevishi haqida

G`ulomjon Yoqubov yoshlarga taqlidi, aktyorlikka havas va ayollarni sevishi haqida

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: G`ulomjon Yoqubov yoshlarga taqlidi, aktyorlikka havas va ayollarni sevishi haqida
  • Дата релиза: 07-07-17, 02:16
G`ulomjon Yoqubov yoshlarga taqlidi, aktyorlikka havas va ayollarni sevishi haqida
U yoshlarni tushunib, navqiron avlodni qo`llab-quvvatlovchi ustoz san`atkorlar, muhabbatni qadrlovchi, uni izhor eta biladigan ijodkor...Bir so`z bilan aytganda, O`zbekiston xalq artisti, samimiy, hamsuhbat ajoyib inson G`ulomjon Yoqubov.

— G`ulomjon aka, bo`sh vaqtingizni topish biz uchun biroz qiyin bo`ldi. Doim ijodiy safarlar, yangi qo`shiqlar yaratish bilan bandsiz.

— Menimcha, bugun bekorchi yurgan odamni topishning o`zi qiyin masala bo`lsa kerak. Nafaqat biz san`atkorlar, balki har bir sohada qizg`in ish jarayoni olib borilmoqda. Shaxsan o`zimga to`xtaladigan bo`lsam, ayni kunlarda yangi qo`shiqlar ustida ishlayapmiz. Ularning ayrimlariga klip suratga olishga ham tayyorgarlik bor. Bundan tashqari, viloyatlar bo`ylab o`tkazilayotgan ijodiy uchrashuvlarda ham qatnashib turibmiz.

— Umuman olib qaraganda, doim reja asosida ishlaysizmi?

— Ko`proq shunga harakat qilaman, desam to`g`riroq bo`ladi. Ammo o`zingiz yaxshi bilasiz, biz san`atkorlarning vaqtimiz doim o`zimizga tegishli bo`lavermaydi. Bir kun oldin biror bir ishni rejalashtirib qo`ysam, ertasiga kutilmaganda o`zgarishlar bo`lib qolishi mumkin. Bunday paytlarda boshqalarning ham imkoniyati, kezi kelganda, iltimoslarini ham inobatga olib ish tutaman.

— To`g`ri, axir har bir voqea o`z ortida katta bir hikmatni yashiradi deb bekorga aytishmaganku...

— Juda haq gapni aytdingiz. Ammo bu iboraning tagida katta ma`no borligini yoshlikda hamma ham tushunavermas ekan. Hatto, o`zimiz ham yoshlik qilib huda-behudaga asabiylashganimiz, rejalashtirgan ishlarimiz ma`lum sabablarga ko`ra amalga oshmagan bo`lsa, shoshqaloqlik qilgan paytlarimiz bo`lgan. Bu xatolarni faqat yosh o`tganda, hayotiy tajribangiz ortganida tushunar ekansiz. Yana bir gapni alohida ta`kidlab o`tmoqchi edim. Yoshlar orasida «Bo`ldi, bugungi yutuqlarim butun umr men bilan. Endi hammasi yaxshi bo`ladi» deb o`ylab, bosar-tusarini bilmay, oyog`i erdan uziladiganlar bor. Ammo hayotda har qanday voqeaga tayyor turish kerak.

— Hamkasblaringiz, umuman sizni yaqindan tanigan insonlarni ta`riflashicha, fikringizni o`zgartirish qiyin ekan.

— To`g`ri! Agar qat`iy qarorga kelsam, uni hech kim o`zgartirolmaydi. Ikkilangan paytlarimda esa tashqaridan birovning fikrini tez qabul qilaman.

— Siz-chi, birovlarning qaroriga ta`sir o`tkaza olasizmi?

— (Biroz o`ylanib) Menimcha ta`sir o`tkaza olsam kerak. Lekin o`zimga o`xshagan qaysar bo`lsa, qo`limdan kelmasligi ham mumkin (kuladi).

— Bugungi yosh ijodkorlarni doim qo`llab-quvvatlab kelishingizni yaxshi bilamiz. Doim ular bilan birgasiz. Xo`sh, ustoz san`atkor sifatida ularning bugungi kundagi eng katta muammosi nima deb o`ylaysiz?

— Yosh xonandalarning eng katta muammosi bu birovning tayyor qo`shig`ini olib uni o`zinikidek ijro etayotganida. Aslida, ular meniki deb aytayotgan qo`shiq va klip uchun muallif qancha mehnat qilgan, izlangan. Ular esa bunga e`tibor bermay, tayyor qo`shiqni qayta kuylashyapti. Ba`zida, hatto, meniki deb da`vo qilishdan ham uyalishmaydi. Eng achinarlisi, ko`pchilik shu yo`l bilan to`y xizmatlarini ko`paytirishni maqsad qilib olgan. Xorijda allaqachon xit bo`lgan tarona so`zlarini o`zbekchaga o`girib, kuylashadi. Ana shu mehnatni mualliflik qo`shiqlari uchun sarflashlarini, o`zimizning milliy ohanglardan unumli foydalanishlarini istardim. Yuqorida tilga olingan toifadagi ijodkorlarning fikru xayoli faqat faqat pul topish bo`lib qolgan. Muammolarimizdan yana biri — xonandalarning shoirlar bilan ishlashni unutishganida. Ming afsuski, ko`pgina yoshlarimiz oson yo`lda ijod qilishga o`rganishgan.

— Lekin negadir, shunday qo`shiqlarni tinglovchilar ham eshitayapti, xirgoyi ham qilishayapti...

— Hadeb, bitta so`z qaytarilaverilsa, qo`shiq tinimsiz «aylantirilaverilsa» odamni esida qoladi-da! Ammo bunday narsalar yoshi kattalarning g`ashiga tegadi. Faqat ular bu «dardini» matbuotda e`lon qila olishmaydi.

— G`ulomjon aka, sizning tinimsiz izlanishda ekaningizni bilamiz. Hatto, turli shou-dasturlarda ham juda faolsiz. Lekin boshqa ustoz san`atkorlar kamnamo. Sabab nimada?

— Bu juda murakkab masala. San`atkor o`zini shu narsaga bo`ysundirishi kerak. Masalan, 1995 yili men xalq ijrochiligidan milliy estrada yo`nalishiga o`tib, yoshlarga qarab yo`nalishimni o`zgartirganimda ko`p tanqidlarga uchragandim. Milliy estrada yo`nalishini tanlab, xato qilyapsan deganlar ham bo`lgan. Bu narsalarni hamma ham o`zida singdirolmagan. Men esa zamon bilan hamnafas bo`lish kerak, deb hisoblayman. Boshqa men tengi san`atkorlar bu yo`lni tanlamaganiga kelsak, men ular uchun javob bera olmayman.

— Bu mavzuni bekorga ochmadim. Bundan bir necha yil ilgari, «Ummon» guruhi bilan Munisa Rizaeva kuylagan duet qo`shig`ini siz va O`zbekiston xalq artisti Munojat Yo`lchieva birgalikda kuylagan edingiz. Tan olish kerak qo`shiq juda ommalashdi.

— Bu qo`shiqni kuylashdan maqsad, yoshlardan ko`ra o`zimiz yaxshi kuylaymiz degan fikrni isbotlash emas, balki e`tirozlarga javob qaytarish edi. Biz yoshlarning qo`shiqlarini kuylay oldik. Xo`sh, ko`raylik-chi, yoshlar bizning repertuardagi ashularlarni ijro etishga jur`ati etarmikan? Yoshlar ham jiddiy, ma`no jihatdan salmoqli ijodiy ishlarga qo`l uradi, degan umiddaman. Bundan tashqari, ayrimlardan «Kattalar bizni tanqid qilishadi, lekin yoshlarbop yo`nalishda kuylash o`zlarining qo`lidan kelmaydi» degan fikrlarni ham eshitdik. Bu gaplarni to`g`ri emasligini isbotlash uchun ham Munojat Yo`lchievaga duet kuylash taklifini berdim. Qizig`i, guruh vakillaridan sado chiqmadi, bizga javoban kuylashmadi.

— Ijodingizni kuzatar ekanmiz sizdan yaxshigina aktyor ham chiqadi, deyish mumkin. Misol uchun, konsertlaringizda yosh qiziqchi ijodkorlar bilan birgalikda komedik sahnalarni ham ijro etgansiz.

— O`zingiz yaxshi bilasiz, ijodimga yangiliklar kirtishga qiziqaman. Yoshlarni qiziqtirgan narsalarni o`zimda qo`llasam, bu e`tiborni tortishini yaxshi bilaman-da. Bunda o`z-o`zidan ijodda ham rang baranglik hosil bo`ladi. Shuning uchun ham so`nggi konsert dasturlarimda yoshlar bilan birgalikda hazilomuz ko`rinishlarni sahnalashtirib tamoshabinlarga taqdim etdik.

— Nega mish-mishlarga bee`tiborsiz?

— Ustozlarim, mevali daraxtga tosh otiladi, deyishardi. Hamma narsani ko`ngliga olaverish kerakmas.

— Ayollarning siz haqingizdagi aynan qaysi suhbati e`tiboringizni tortgan?

— (kulib) Men haqimda hamma, ayniqsa, ayollar juda ko`p gap qilishadi. U gaplar xoh yaxshi, xoh yomon bo`lsin, barchasiga tayyorman. Nima deyishsa, deyishsin. Har qanday holatda ham ularga yomon so`z demayman.

— Nozik hilqat vakilalariga qanday ta`rif bergan bo`lardingiz?

— Ayollar go`zallik timsolidir. Ularni qancha ta`riflasak oz. Shuning uchun men ularga o`z tilaklarimni ayta qolay. Doim go`zal, sog`lom va jozibador bo`ling. Noz-karashmalar sizga doim yarashadi. Men sizlarni doim yaxshi ko`rganman, bundan keyin ham muhabbatimni qo`shiqlarimda kuylab yuraman.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: