Главная » Yangiliklar » GULSANAM MAMAZOITOVA: "BUGUNGI ESTRADANING 80 FOIZI TADBIRKORLIK BO`LIB QOLDI"
GULSANAM MAMAZOITOVA:

GULSANAM MAMAZOITOVA: "BUGUNGI ESTRADANING 80 FOIZI TADBIRKORLIK BO`LIB QOLDI"

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: GULSANAM MAMAZOITOVA: "BUGUNGI ESTRADANING 80 FOIZI TADBIRKORLIK BO`LIB QOLDI"
  • Дата релиза: 23-08-17, 01:11
GULSANAM MAMAZOITOVA: "BUGUNGI ESTRADANING 80 FOIZI TADBIRKORLIK BO`LIB QOLDI"
"Darakchi" gazetasining galdagi mehmoni professionalizmni birinchi o`ringa qo`yadigan, o`z “men”iga ega ijodkor O`zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova...

— Prezidentning O`zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda estrada san`atini tanqid qilganlarida shu sohaning vakili sifatida ijodingizga tanqidiy nazar tashlab, aybdorlik hissini tuydingizmi?

— Albatta! Nafaqat menda, balki uchrashuvga yig`ilganlarning hammasi aybdorlikni his qildi, nazarimda. Ma`ruzani eshita turib, yosh xalq artisti sifatida qilishga ulgurmagan ishlarim, zamonaning zayli bilan repertua­r­imda umr­boqiy qo`shiqlarimning kamligi, ko`pgina ijodkorlar qatori engil-elpi qo`shiqlarni ham ijro etayotganim xususida o`ylanib qoldim. Achchiq haqiqat bo`lsa ham tan olish kerak, san`atkorlar birinchi o`ringa pulni qo`yadigan bo`lib qolganmiz. Bu kabi o`ylar tinchlik bermadi, shu sohaning jonkuyar vakili sifatida albatta, uyaldim.

— Davlatimiz rahbari o`z tajribasidan kelib chiqib, katta tadbirlar — Mustaqillik, Navro`z, Konstitusiya bayramlarini o`tkazishda eng qiynaydigan, xunobni chiqaradigan estrada dasturi ekanini aytdilar. Siz ham bu kabi holatlarni kuzatgan bo`lishingiz kerak...

— E`tibor bersangiz, Mustaqillik bayramida yangragan qo`shiqni Navro`z bayramida ham eshitib qolasiz, bayram repertuari deyarli bir xil. Davlat tadbiri bo`lgani uchun qo`shiqning so`zlari, musiqasi, musiqiy sayqali, ijro mahoratiga e`tibor berish shart. Shu nuqtai nazardan bayramda muxlislarning “chig`irig`i”dan o`tgan qo`shiqlardan foydalanishadi.

— “Muxlislarning “Yana eski qo`shig`ini kuylabdi!” degan e`tirozlari asossiz”, demoqchimisiz?

— Har bir bayramga kamida ikkita yangi: xalqona va vatanpar­varlik ruhidagi qo`shiqlarni taqdim qilamiz. Tanlov esa bayram tashkilotchilarida qolgan gap. Gohida kamchilik o`zimizdan o`tib, belgilangan tartib-qoidaga mos bo`lmagan qo`shiq kuylab qo`yamiz.

— Ayb xonandalarning o`zida ekan-da, talabga javob beradigan qo`shiq yozolmayapsizlar...

— Shunday deysizku, yillar o`tib o`sha qo`shiqlarimizdan ham foydalanishyaptida.

— Uchrashuvda “xalq artisti” degan unvon olish uchun san`atkor necha o`n yillar samarali ijod qilishi talab etilgani haqida so`z yuritildi, mashhur hofiz Tavakkal Qodirovni misol keltirildi. Haqiqatda, O`zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov hamda Gulsanam Mamazoitova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Kumush Razzoqova va Rayhon G`anieva. Quloqqa qanday eshitilyapti?

— To`g`ri, unvon egalari yosh jihatdan “yosharib” ketyapti. Unvon bu — e`tibor va e`tirof. Bordi-yu, unvonga yosh bo`la turib sazovor bo`lgan bo`lsak, bildirilgan ishonch va mas`uliyatni oqlashimiz shart!

— Xonandalarning o`ziga belgilab qo`ygan marrasi unvon olgunchami?

— Har kim o`z qarichi bilan o`lchaydi-da. Masalan, men “xalq artisti” unvoniga sazovor bo`lganimda ko`p narsalarda o`zimga chek qo`ydim. Avvalo, fonogrammada konsert berishdan voz kechdim, davlat tadbirlaridan tortib to`y­largacha milliyligimizni tar­g`ib qiladigan liboslar kiyishga e`tibor qaratdim, intervyu berishda ham har bir gapimni o`ylab gapiradigan bo`ldim. Rostini aytaman, oldinlari bu jihatlarga u qadar e`tiborli emasdim. To`g`ri, unvonni yosh oldim, lekin bu menga foyda bo`ldi. Kibrlanib ketganim yo`q, aksincha o`ta mas`uliyatli inson sifatida shakllandim. Ijoddan to`xtab qolganim ham yo`q. Yiliga albom chiqaryapman, bitta bo`lsa ham klip suratga olib taqdim qilyapman. Bu ijod mahsullarim professional shoir va bastakorlar bilan hamkorlikda ishlangan. Qo`shiqlarimning ba`zilari engil bo`lsa-da, ma`no-mohiyati bor. Yillar o`tib, yosh ijrochilar qayta kuylasa bo`ladigan va o`zim ham “Eh, shunday qo`shiqlar kuylagan ekanman”, deb uyaladigan qo`shiqlar emas.

— Fonogrammada konsert bermaslik bu — qahramonlik emas, xonandaning kasbiy vazifasi-ku!

— Lekin hamma xonandalar ham bu majburiyatini his qilmayapti-da. Bizning og`riqli nuqtamiz ham shu. Avvallari fonogrammadan foydalanib qo`shiq kuylaganimda ham mumtoz qo`shiqlarni jonli ijro qilmaslikka uyalardim. Hozir to`ylarda ham jonli ijrodan foydalanyapman, o`zimga nisbatan talabchanligim oshdi, o`z ustimda yanada ko`proq ishlaydigan bo`ldim.

— Xonandalarning goh Yangiyo`lu Shovot, goh Yangiqo`rg`onu Chiroqchiga to`yga qatnashi ham tanqid qilindi. Siz ham shu “kema”dasiz...

— Albatta. Sira to`y birlamchi bo`lib, tadbirlardan bosh tortgan emasman. Yaqinda ham Qoraqalpog`istonning Mo`ynoq tumaniga tadbirga borib keldik. Istagim, hamkasblarim xalqimizning yaxshi kunlarida xolis xizmat qilishdan qochishmasin. Pulli xizmatdan xolis xizmatning mukofoti, savobi katta, deb o`ylayman.

— Yurtboshimiz aytganlaridek, dabdabali to`ylarga barham berishga hissa qo`shish maqsadida mo`may puldan voz kechib, eshigingizni taqillatib kelgan odamga “To`yingizga bormayman!” deya olasizmi? “Gulsanamni falon pulga olib keldim”, degan fikrlar ham dabdabali to`ylar o`tishiga bir omil, axir...

— Puldan voz kechib, “bormayman” deya olaman, lekin ularda yomon taassurot qoldirishim mumkin. Moddiy manfaatdan kechib, xolis xizmat qilgan vaqtlarim ko`p bo`ladi. Faqat minnatga kirib qolmasin, deb buni oshkor qil­mayman.

— O`zbekistonda estrada ijodkorlari aholiga madaniy xizmat ko`rsatishdan topadigan daro­madlari bo`yicha soliq to`­lash majburiyatidan ozod qilingan. Yilda bir marta belgilangan tartibda ma`lum miqdordagi mablag`ni to`lab lisenziya oladi, tamom. Vaholanki, xonandalar lisenziyaga to`laydigan pulini bitta to`yda topadi. Gulsanam Mamazoitovaning to`y xizmatlari narxi nimaga qarab belgilangan?

— Ijodiy jamoamning soniga qarab belgilangan. Lekin poytaxtdagi to`ylarga chiqadigan hamkasblarim oladigan xizmat haqining teng yarmiga boraman to`ylarga. Imkoniyati yo`qlarning albatta, sharoitiga qarayman.

— Efirga berilayotgan ba`zi klip, qo`shiq va raqslarni kuzatib, “ommaviy madaniyat” tahdidini sezish qiyin emas. G`arbga taqlid sezilib turadigan bunday “ijod namunalari”ni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib bo`lmaydi. Shu ma`noda mana shunday kliplar ishlayotgan, qo`shiqlari sayoz ham­kasblaringizga nimalar degan bo`lardingiz?

— Xatoni to`g`rilash uchun hali ham kechmas. Musiqiy bilimi yo`qlar ikki soat restoranda o`tirish o`rniga pedagoglarning oldiga borib saboq olsin, o`z ustida ishlasin, avvalo adabiy tilimiz va chet tillarini o`rgansin. Shu yo`sinda kamchiliklar bartaraf etilsa, tanqidlarga o`rin qolmaydi.

— Prezidentimiz ham san`atda 50 foiz sohaviy bilimi yo`qlar ishlayotganini ta`kidladilar. Professional ijodkor sifatida sahnani qizg`anmaysizmi?

— Avvallari qizg`anardim, hozir yo`q. Chunki haqiqatni hamma ham to`g`ri qabul qilmas ekan. Bir intervyuimda ochiq-oydin gapirgandim, ko`pchilikka yaxshi ko`rinmadim. Bir-birimiz bilan salom-alik qilmasak-da, boshiga ish tushsa hamdard bo`lamiz, kasbdoshmiz, avvalo o`zbekmiz! Shaxsan men san`atkorlar oilasida tug`ilganman va shu sohada bilim olganman. “Hamkasblar”im sohaviy bilimga ega bo`lmagani uchun ham qilayotgan ishini o`zi uchun to`g`ri deb biladi. “Qo`shiq yozdim, muxlislarga yoqdi, mo`may daromad topyapman”, deya bugungi kun bilan yashaydi, ularni ertangi kun tashvishga solmaydi. Eng yomoni, o`z ortidan ergashtirib, yosh avlodni ham shu yo`sinda yashashga o`rgatib qo`yishyapti. Ularni bu “botqoq”dan olib chiqish uchun o`qitishimiz, to`g`ri yo`l ko`rsatishimiz kerak, agar qabul qilsa, albatta. Havaskor “shifokor”ga hayotimiz, sog`ligimizni ishonib topshirib qo`ymaymiz-ku, nega ma`naviyatni e`tirozsiz “havaskor”lar qo`liga tutqazyapmiz. Ustozimiz Ozodbek Nazarbekov ma`naviyatni buzayotganlarni qonuniy javobgarlikka tortish haqida o`rinli fikr aytdi.

— Bugun estrada necha foiz tadbirkorlik bo`lib qoldi?

— 80 foiz tadbirkorlik. 20 foizini esa professional iqtidorlar tashkil qiladi.

— Gulsanam Mamazoitova 80 foiz sirasidami yo 20?

— 20 foizning ichidaman. 80 foiz tadbirkorlik bilan kurashda televidenie va radioning ham o`rni katta. Madaniyat va san`atimizni targ`ib qiladigan OAV bo`lgani bois moddiy manfaatdorlikni chetga surib, engil-elpi emas, kishiga ma`naviy ozuqa beradigan ijod mahsullarini “proma” qilishi kerak. Agar ular estradaga qaratayotgan e`tiborini milliy yo`nalishga bursa, ko`zlangan maqsadga erishiladi. Birgina misol, milliy yo`nalishdagi qo`shiqlarimni OAVlarga olib borsam, ba`zilari “bizning formatdagi qo`shiqmas, qabul qilmaymiz”, deydi. Kechirasiz-u, milliy qo`shiqlarimiz o`zbek OAV va to`ylarida yangramasa, qaerda yangraydi, bu ijod mahsullarimizni qayoqqa olib boraylik?

— Televidenie, radiolarda badiiy kengash yo`qligi shunday salbiy oqibatlarning kuchayishiga sabab bo`lyapti...

— Balki u erda ham diplomsiz, soha mutaxassisi bo`lmaganlar o`tir­gandir...

— “O`zbekkonsert” davlat muassasasi xonandalarga kategoriya belgilab, musiqiy bilimiga qarab lisenziya berishni joriy qilsa va televidenie, radioga shu asosda chiqariladigan bo`lsa-chi?

— Kategoriya masalasida fik­ringizga qo`shilaman. Musiqiy bilimi yo`qlarga esa soha bo`yicha ta`lim olmagunicha, lisenziya berish kerak emas. Shou-biznesni tartibga solmoqchi bo`lishsa, shu haqda o`ylab ko`rishsa yaxshi bo`lardi.

— Bugungi kunda san`atkor odobi, ularning yurish-turishi, kiyinish madaniyati, muomalasi masalasi ham katta muammolardan biri bo`lib qoldi. Xushovoz xonanda Sanobar Rahmonovadek hamkasblaringizni sanab berolasizmi, barmoqlaringiz ortib qolmaydimi?

— Sanab o`tgan omillaringiz hozir avvalgiga nisbatan anchayin yaxshilangan. Tadbirlarga “Osiyo ramzi” dizaynerlar va modelerlar uyushmasi boshqaruvi raisi Xolida Komilovaning nazorati ostida chiqamiz. Televideniedagi rahbarlarga balki ayrim hamkasblarimning kliplari yoqayotgandirki, efirga e`tirozsiz berishyapti (kuladi). Lekin haqsiz ba`zi ayol xonandalar majlislarga shortik, to`ylarga maykada kirib borishyapti.

— Prezidentimiz “O`zbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etib, mazkur klub a`zolari muntazam yig`ilishib, yurtimiz va jahon san`at olamida yuz berayotgan ijodiy jarayonlarni muhokama qilib, tilga olingan kamchilik va muammolarni echish, yosh iste`dodlar tarbiyasi, madaniyatimizni ravnaq toptirish bo`yicha yangi g`oya, tashabbus va takliflar bildirib borish taklifini berdilar. Aytilganidek, Gulsanam Mamazoitova yil yakunida klubning eng faol a`zosi sifatida e`tirof etilib, rag`batga loyiq ko`rilarmikan?

— Judayam umid qilaman! Ijodimdan tashqari san`atning rivojiga foydam tegsa, boshim osmonga etardi, ochig`i buni orzu qilardim.

— O`zbekiston xalq artistlarining har biriga bittadan san`at kolleji yo musiqa maktablariga borib rahbarlik qilib, yuzlab shogirdlar etishtirishni tayinladilar. Gulsanam Mamazoitova qay biriga rahbarlik qiladi va shogirdlari nimasi bilan boshqalardan ajralib turadi?

— Qay birini munosib ko`rishsa, o`sha erga boraman. Shogirdlarimdan esa birinchi navbatda puxta bilim olish, tarbiyasi, ichki madaniyatining go`zalligini talab qilaman. Chunki ovozi zo`r degani bu — ko`ngliga kelgan ishni qilish huquqiga ega, degani emas.

— “Istiqlol” san`at saroyining mavqei tushib ketmadimi? Axir bu san`at saroyi san`atkorlar uchun orzu darajasida bo`lishi kerak emasmi?

— Aslida shunday bo`lishi kerak. Konsert zaldan tijorat uslubida foydalanilayotgani uchun bugun shu ahvolga kelib qoldi. Ochig`i, san`at o`ninchi darajaga tushib qolgan, pul birlamchi. Uchrashuvdan to`g`ri xulosa chiqargan bo`lishsa, ahvol yaxshilanib, ehtimol, biz ham “Istiqlol” san`at saroyida konsert berishga yaroqsiz bo`lib qolarmiz (kuladi). Farrux Zokirov, Munojot Yo`lchieva, Nasiba Abdullaeva, Zulayho Boyxonova, Abduhoshim Ismoilov, Kumush Razzoqova kabi faqatgina ustoz san`atkorlarimiz konsert berishsa ham roziman va shogird sifatida bundan faqat xursand bo`lamiz, o`rnak olamiz.

— Mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda Gulsanamning salomga yarasha aligi qanday bo`ladi?

— Har bir tashkilotda shoir, bastakor, klipmeyker, dizayner, jurnalist kabi sohani tushunadiganlardan iborat badiiy kengash tashkil qilish kerak. Eng muhimi, professional mutaxassislarimiz etarli, faqat ularni birlashtirish lozim. Va bu ishning boshida O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O`zbekkonsert” davlat muassasasi turishi kerak. Yo`qsa, bari eski hammom, eski tos bo`lib qolaveradi.

— Buning uchun O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O`zbekkonsert” davlat muassasasi hozirgidek emas, talab darajasida ishlashi shart!

— Prezidentimiz bilan bo`lgan uchrashuvdan so`ng chiqa­rilgan to`g`ri xulosalar natijasi vaqti kelib, albatta bo`y ko`rsatadi va o`zbek san`ati biz xohlagan natijalarga erishadi.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: