Главная » Yangiliklar » ​JENISBEK PIYaZOV: TADBIRLARNING "YuZI" BO`LISh OSONMAS
​JENISBEK PIYaZOV: TADBIRLARNING

​JENISBEK PIYaZOV: TADBIRLARNING "YuZI" BO`LISh OSONMAS

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​JENISBEK PIYaZOV: TADBIRLARNING "YuZI" BO`LISh OSONMAS
  • Дата релиза: 02-08-17, 17:44
​JENISBEK PIYaZOV: TADBIRLARNING "YuZI" BO`LISh OSONMAS
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Jenisbek Piyazovni nafaqat, O`zbekistonning opera yo`nalishi shinavandalari balki dunyoning deyarli barcha burchaklaridagi san`atsevarlar yaxshi tanishadi. O`nlab tanlovlar g`olibi, ochiqko`ngil, hazilkash bu ijodkorni bugun tahririyatimizga taklif etdik.

— Jenisbek aka, operasiz hayotingizni tasavvur eta olasizmi?

— Ha, shunday kunlarim ham bo`lgan. Lekin musiqa tinglamagan kunim bo`lmagan. Hayotimdagi har qanday vaziyat va holatda ham musiqa hamrohim. Menimcha, bu har bir san`atkorda bo`ladigan vaziyat.

— May oyida konsert dasturingizni taqdim etgan edingiz. Ammo konsert reklamasiga biroz bee`tibor bo`lgandeksiz...

— Bu gapingizga qo`shilmayman. Chunki har bir xonanda singari konsert oldi reklamalari rejaga ko`ra amalga oshirilgan. Televidenie, radio, ko`chalardagi bannerlarni ham unutmagan holda ma`lumotlar berilgandi. Faqat bu reklamalarga odamlar ahamiyat bermagan bo`lishi mumkin. Chunki odamlarning opera xonandasi konserti haqida o`z xulosasi bor. “Opera konsertlarida zerikib qolaman. Faqat baqirib kuylanadigan operani eshitgandan ko`ra, bormaganim yaxshi” deydiganlar ham yo`q emas. Konsert bermoqchiligimni eshitgan tanishlarim va hatto hamkasblarim ham opera kuylab, “Istiqlol” san`at saroyiga 4200 ta tomoshabin yig`a olishimga shubhalanishdi. Tashkilotchilar esa chiptalarni sota olmaymiz, deb vahimaga tushishgandi. Lekin men tavvakal qildim. Tinglovchilarimni qoyil qoldirish uchun astoydil ishga kirishdim va nokamtarlikka yo`ymangu, nazarimda maqsadimga erisha olganga o`xshayman. Bundan tashqari men “Istiqlol”da konsert bergan birinchi opera xonandasi bo`ldim.

— Konsert nimasi bilan odamlar yodida qoldi, deb o`ylasizmi?

— Xorijiy davlatlarda o`zim guvohi bo`lgan “Opera-shou” konsert dasturini taqdim etdim. Konsertimda faqat og`ir opera qo`shiqlarini emas, elimiz suygan O`zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Ozodbek Nazarbekov, Nasiba Abdullaevalar bilan birgalikda duetlar kuyladik. Kelgan tomoshabinlarning e`tiborini yuqoridagi nomi keltirilgan xonandalarning qo`shiqlarini opera yo`nalishida kuylaganim va ularni ham opera kuylata olganim tortdi. Konsert bannerini ko`rganlar, “Nega boshqa san`atkorlarning ham suratini qo`ymading, agar qo`yganingda, bir kun emas bemalol 5-6 kun konsert berishing mumkin edi” deyishdi. To`g`risini aytsam, bu konsert shaxsan o`zim uchun ham sinov bo`ldi. Meni tinglaydiganlarning asl sonini ham bilmoqchi edim. San`atimga qiziqadiganlar ko`pchilikni tashkil etishidan juda xursandman.

Ko`pchilik opera yo`nalishini maroq bilan tinglovchilar soni kam deb hisoblaydi. Bu borada fikringiz qanday?
Bu juda mas`uliyatli ish... Chunki rahbarlar menga ishonib topshirgan vazifani kutilgandek bajarishim va xorijliklar ko`z o`ngida O`zbekiston san`atkorlari mahoratini ko`rsatib berish oson emas. Mehmonlar mening misolimda yurtimizdagi barcha mahoratli san`atkorlarga havas bilan qarashlarini ko`rishdan faxrlanaman.
— Balki qachonlardir bunday o`y menda ham bo`lgandir, lekin aytganimdek sinovli konsertdan so`ng bu savolning javobini topdim. Bu yo`nalishning ham o`z tinglovchisi bor va ular ko`pchilikni tashkil etadi. Men esa o`z mehnatim va intilishim bilan bunday tomoshabinlarning sonini oshirgan bo`lsam, bundan juda mamnunman.

— Bundan bir necha yil ilgari, xorijga ketib ishlamoqchi bo`lgan ekansiz...

—Germaniyada ikki yil davomida ishlaganman. Juda ko`p shartnomalar, minglab konsert dasturlari va dunyoning eng katta opera teatrlaridan tushgan takliflardan voz kechib Vatanga qaytib kelishga qaror qilganman. Odam ishlab faqat pul topish orqali baxtga erisha olmasligini tushunib etganman. Aytib o`tish joiz, bu qarorim ham mukofotlanmasdan qolmadi. Davlatimiz tomonidan poytaxtdan uy-joy va boshqa sharoitlar yaratib berildi. Fursatdan foydalanib buning uchun o`z minnadorchiligimni bildiraman.

— Siz davlat tadbirlarida faol bo`lish bilan birga, xorijlik mehmonlar uchun tayyorlanadigan konsert dasturlarining “yuzi”ga ham aylangansiz...

— Keling, zamonaviy opera haqida gaplashsak. Bu tushuncha bugun qay darajada rivojlangan?

— Bir necha asrlar oldin yozilgan asarlarni ham zamonaviy ko`rinishda, bugungi kunga moslab sahnalashtirish, liboslar tanlash va bugungi kunni ruhini berish tomoshabin uchun juda qiziq jarayon. Hamkasblarim bugun ana shu jarayon ustida ishlab, yuqoridagi masalalarga jiddiy e`tibor qaratishyapti. Aslida opera asarlari jiddiy kuylanadi, men bo`lsam, ariyalarga kayfiyat berishga, tomoshabinlar bilan muloqot tarzida kuylashga, jiddiylikni ham boshqacharoq talqinda havola etishga harakat qilyapman. Mana shuning o`zi ham zamonaviylikka kiradi, deb o`ylayman.

— Bugungi yosh opera xonandalari haqida fikringiz qanday?

—Ikki minginchi yillarning boshida opera ijrochiligi haqida hamma ham to`liq tushunchaga ega emasdi. Hozirgi aytmoqchi bo`lgan gapimga hayron bo`lmang-u, shaxsan o`zim ham opera o`zi qanday san`at ekanini tushunmasdim. Lekin bugun O`zbekistonning har bir viloyat va qishlog`ida bu san`at haqida tushuncha borligiga guvoh bo`lyapman. Bugungi kundagi tanlovlarda o`ttizdan ziyod yoshlarning bellashayotganini ko`rish mumkin. Rivojlanish va qiziqish ortib borayotganidan quvonaman.

— Jenisbek aka, xonandalikdagi faoliyatingizni rep yo`nalishida kuylash bilan boshlaganingizni eshitdik, shu rostmi?

— (Kulib) Hamma ma`lumotni bilasizlar-a! Men nafaqat rep, balki rok va estrada yo`nalishida ham qo`shiqlar ijro etganman. Bu yo`nalishdagi xonanda sifatida 2002 yillarda Qoraqalpog`istonda juda mashhur edim. Kliplarim ham yo`q emas (kuladi). 2004 yil ovoz mutasiyasi jarayonidan keyin vokal darslariga qatnashib, operaga mehrim uyg`ongan.

— Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar o`rtasidagi janjallar, mushtumzo`rliklar ko`payib borayotgani haqida o`qib kishining ko`ngli xira bo`ladi. Bugungi yoshlarda bu kabi salbiy odatlar kamayishi uchun nimalarga e`tibor berish kerak deb o`ylaysiz?

— Har bir yigit kishining hayotida mushtlashuvlar, bolalarga xos sho`xliklar bo`lishi tabiiy. Shaxsan o`zim ham urushganman, kaltak egan paytlarim ham bo`lgan, ammo sira oqibat, rahm-shafqatni unutmaganmiz. Kaltaklashganimizda ham vaqtida o`zimizni qo`lga olishni bilardik. Lekin bugun ayrim yoshlarda agressiya kuchayayotgani odamni xafa qiladi. Kasbimdan kelib chiqqan holda bu muammoga echim sifatida bir yo`lni aytishim mumkin. Ya`ni, bolalar va o`smirlarda musiqaga mehr uyg`otishimiz shart! San`atni tushungan bolada bunday agressiyani ko`rmaysiz. Chunki musiqa tinglash asab tizimini tinchlantirib, o`zini o`zi boshqara olishni o`rgatadi. Bolaning bo`sh vaqtni foydali ishlar bilan band qilish kerak.

— Hayotingiz davomida, ichki holat va o`y-fikrlaringizni o`zgartirgan voqea bo`lganmi?

— (O`ylanib) Hayotimda bunday vaziyatlarga duch kelmagan ekanman. Lekin meni doim “ramka”ga solib turadigan bobomning bir nasihatlari bor. Bolaligimdan bobom menga “Kamtar bo`l, bunda gap ko`p. Hadeb, o`zingga bino qo`yaverma, pulning ortidan quvma” deb ko`p qaytarardilar. Bu pand-nasihat hayotim davomida menga ko`p bora to`g`ri yo`l ko`rsatgan.

— Oilangiz haqida gapirib bersangiz...

— Uylanganman, ikki o`g`lim bor. Shaxsiy hayotim haqida ko`p ma`lumot bermayman. Asosiysi, tinch va to`kis, baxtli umr kechiryaman, shukr deyman.

— Suhbatlarimizning birida rafiqangiz rashkchi ekanini aytgandingiz?

—To`g`ri, u juda rashkchi. Bu odati o`zimga juda yoqadi. Ba`zida qizg`anmay qo`ysa, nega rashk qilmayapti, deb xavotir ham olaman (kuladi).

— Oilangizga tinchlik va xotirjamlik tilaymiz. Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

— Taklif etganingiz tashakkur.

Blis:

— Qaysi davlatga qayt- qayta borishni istardingiz?

— Fransiyaning Kann shahriga yana borishni xohlayman. Hordiq chiqarish uchun juda qulay shahar. Havosi va tabiati go`zal.

— Siz uchun omad bu...

— Kerakli vaqtda kerakli joyda bo`la olish.

— Hayotda yolg`on ishlatib turasizmi?

— Faqat yaxshilik uchun va juda kam hollarda.

— Qo`shimcha daromadga vaqtingiz bormi?

— San`atdan tashqari ishim yo`q. Estrada yo`nalishidagi hamkasblarim to`y va tadbirlardan pul ishlasa, mening daromadim konsertlardan.

— So`nggi bor o`qigan kitobingiz?

— To`g`risini aytishim kerak, badiiy asar mutolaasiga vaqtim yo`q. Ayni kunlarda fransuz tilidagi 300 betdan iborat — “Faust” operasini yod olyapman. Musiqa ohanglari bilan ijro etib, yodlayotganim uchun qiyinchilik sezganim yo`q.

QISQA VA LO`NDA

—Ko`pincha bepul konsertlar berganman. Bu orqali opera va jonli ijroga xalqning mehrini oshirishni maqsad qilganman.

— Eng oliy maqsadlarimdan biri tarixiy “Karmen” operasini zamonaviy tarzda sahnalashtirib konsert dasturini taqdim etish! Bu niyatimni yaqin ikki yil ichida amalga oshirmoqchiman.

Aliya Sulaymanova suhbatlashdi
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: