Главная » Yangiliklar » JIM KERRI: «MEN YIG`LASAM, SIZ KULASIZ....»
JIM KERRI: «MEN YIG`LASAM, SIZ KULASIZ....»

JIM KERRI: «MEN YIG`LASAM, SIZ KULASIZ....»

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: JIM KERRI: «MEN YIG`LASAM, SIZ KULASIZ....»
  • Дата релиза: 22-10-17, 10:44
JIM KERRI: «MEN YIG`LASAM, SIZ KULASIZ....»
Intervyularning birida undan «Komik aktyorlar qanday dunyoga keladi?» deya so`rashdi. U esa darrov javob qaytardi: «Ularni xasta, qayg`uga botgan onalar dunyoga keltiradi». Bu kimnidir kuldirish uchun topib aytilgan javob emas, Jim Kerrining haqiqati. Quvnoq obrazlari bilan bizni teleekran qarshisiga mixlaydigan aktyorning bu tarzda javob qaytarishiga asos bor axir.

Baxtiqaro bolaning kulguchlari...

«Men mo``jizalarga ishonaman! Umuman ishonch tuyg`usini yashash uchun muhim omil, deb o`ylayman. Nimagadir erishishni istaysizmi, uning amalga oshishiga ich-ichingizdan ishoning. Bu orzungiz sari pillapoyadek gap. Bir irland o`qituvchim bo`lardi. Bir kuni darsda «Men istaklarimni dilimdan tilimga ko`chirib, duo qilaman-da, keyin uning amalga oshishini ishonch bilan kuta boshlayman», dedi. Shu kuniyoq uyga keldim-da, «Qaniydi «Mustang»im bo`lsa», deya niyat qildim. O`sha paytlari o`rtoqlarimning ko`pida velosiped bor edi, men esa bu orzumni otamga aytolmasdim. Qo`rqqanimdan emas, biz ruhan juda yaqin bo`lganmiz. Qo`l uchida kun kechirardik-da. Bilasizmi, oradan ikki hafta o`tib, maktabdan uyga kelib, yotoqxonamizda o`tirsam, akam hovliqib kirdi-da, «Bu erda nima qilayapsan? Oshxonaga bormaysanmi, u erda seni nima kutib turganini bilsang edi...», dedi. Kirib qarasam, uzoq kutganim — yashil rangli «Mustang» yaltirab turibdi. Yap-yangi! Men uni lotoreyada yutib olibman. Eng qizig`i, hech qachon kuponlarni yig`ib, biror joyga jo`natgan bola emasdim».

Ha, Jim Kerrining bolaligi to`kin-sochinlikda o`tmagan. Shunday ekan, quvnoq bolalik so`zi ham unga biroz yotdek tuyuladi. Bo`lajak aktyor 1962 yilning 17 yanvarida, Kanadada, kambag`al oilada dunyo yuzini ko`rdi. Onasi ham xonanda bo`lishiga qaramay, to`rt farzandi bilan uyda o`tirib qolgandi. Otasi ikkinchi farzandi tug`ilgach, ko`ngil mayli uchun saksafon chalib yurish yaramasligini tushunib, ro`zg`or degan vajdan hisobchi bo`lib ishlay boshladi. Yigitcha o`n to`rtga to`lar-to`lmas otasi ishidan ayriladi va ular boshqa shaharchaga ko`chib o`tishadi. Va hammasi jon-jahdlari bilan mehnat qilishga kirishishadi. Bo`lajak aktyorimiz ham firmada kechqurunlari qorovullik qilar, kunduzlari esa pol yuvardi. Aktyorning fikricha, mana shu qora kunlari unga kuch bag`ishlagan.

«Jurnalistlar doim mendek baxtiqaro bolakay qanday qilib komediya janrida shuhrat qozonganiga qiziqishadi. Qiyinchilik, yurakdagi og`riq meni bu janr sari etakladi. Biz uyimizdan ayrildik, keyin mikroavtobusda yashay boshladik. Tasavvur qilayapsiz, zo`rg`a joylashganmiz kichkina avtobusga. Onam qattiq xastalanib qoldi. U torgina kushetkada yotar, nuqul yig`lardi. Bu esa bizni yanada umidsizlikka tushirardi. Ba`zida o`smirmasmizmi, onamning diydiyolaridan achchiqlanardik. Bir kuni unga qarab, yuzimni turli tusga kiritdim va onam jilmaydi... Nochor, xastahol ahvolida yuziga tabassum yugurdi. Va men o`z yo`limni topdim. Tragediyam komediyaga yo`l ochdi!»

Jim Kerri juda ham faol bola bo`lgan. Hatto unga giperfaollik va e`tibor tanqisligi sindromi tashxisini ham qo`yishgan. Erga ursa, ko`kka sapchiydigan bolakay maktabda uni kim ko`rsa, beixtiyor kulishini eslaydi. Gohida darslarni tinglash o`rniga qog`oz parchalariga o`zicha turli imzolar chekar, o`qituvchilar ham uning jim o`tirganiga shukr qilishardi. Bugun aktyor unga erkinlik bergan o`qituvchilaridan ham juda minnatdor.

Hammasi taqliddan boshlangan

Jimning, ayniqsa, maktabda juda ilhomi kelardi. Bir qarasangiz, o`qituvchisiga, bir qarasangiz, mashhur shaxslardan biriga taqlid qilar, bolalar esa qiqirlab uning tomoshalarini kuzatishardi. Uydagi g`am-g`ussani unutish uchun ham shunday yo`l tutgan bo`lsa, ajabmas. 11 yoshida o`zining parodiyalarini kameriga muhrlaydi (jami 80 ta lavha) va mashhur kulgu shousiga jo`natadi. Ammo na javob xati, na shou uchun taklifnoma oladi.

O`n besh yoshida otasi bilan birga komedik monolog yozadi. Keyin shaharchasidagi «Yak-yak» klubida bu monologni ijro qiladi. Ammo, negadir, chiqishi iliq kutib olinmaydi. Bu omadsizlikdan Jim chuqur qayg`uga cho`kadi. Shu bilan ikki yildan so`ng «Litrays Spivak» klubida chiqish qiladi. Butun kecha uning ixtiyorida edi va atrofiga tinlovchilar yig`ila boshlaydi. 1981 yil uning haqiqiy karerasi boshlanadi. Asta-sekinlik bilan taniladi va Los-Anjelesga ko`chib keladi. 1984 yili «Peorle» jurnali uni yilning eng yaxshi taqlidchisi, deya e`lon qiladi. Jim esa hammasi o`nglanib ketganiga ishonch komil qilib, ota-onasini Los-Anjelesga ko`chirib keladi. Biroq endi tamoman ular bilan andarmon bo`lib, ijoddan chekinadi. Shu sabab ham prodyuseri unga takliflar bildirmay qo`yadi va yana komigimiz sevimli ishidan 2 yilga uzoqlashdi.

«Oskar»ga arzimabdimi?

Aktyorni tushkunlik domidan qutqarish oson kechmadi. Do`stlarining qo`llab-quvvatlovi bilan yana san`at maydoniga qaytdi. Rejissyor Tom Shadyak uni «Eys Ventura: uy hayvonlari qidiruvi» filmiga taklif qiladi. Ozgina mablag` bilan suratga olingan film kutilmaganda katta daromad keltiradi. Jimga esa omad! U shu kungacha o`nlab kinolarda rol ijro etgan bo`lsa-da, aynan ushbu kartinadan so`ng Gollivud Jimni komik aktyor sifatida tan oladi. Va biz zavqlanib tomosha qiladigan kartinalar — «Niqob», «Yolg`onchi, yolg`onchi», «Abadiy Betmen», «Har doim «ha» deng», «Janob Popper», «Truman shou», “Qudratli bryus”lar ekran yuzini ko`rdi. Mukofotlarini-ku sanab adog`iga etkazib bo`lmaydi. Hatto, olti marta «Oltin globus»ni qo`lga kiritadi. Ammo hamon «Oskar»dan darak yo`q. «Balkim men haliyam nutq irod qilishni uddalay olmasman, a? Xo`sh, bo`lmasa, bu olamshumul mukofotga sazovar bo`lish uchun qanaqa rol ijro qilishim kerak? Bilmadim?» deydi u. Yana uning bu tabiiyligini nokamtarlikka yo`yganlarga qarata «Ha, men shunaqa shuhratparastman», deya gapirib qo`yadi.

Yig`i va kulgu

Jimning mualliflik shou ko`rsatuvi ham bo`lgan bir paytlari. U shouning ilk soniga onasini ham olib kelgandi. O`shanda hayotining so`nggi kunlarini yashayotgan, dardan ezilib ketgan onasiga qarab u yig`layapti-yu, boshqalar kulayapti. Janob Kerri o`shanda bir haqiqatni anglab etgandi: sizning ko`z yoshlaringiz boshqalarni kuldiraveradi. Shu yil onasidan ajralgan aktyor, uch yil o`tar-o`tmas otasini ham tuproqqa qo`ydi. Otasi vafot etganida «Niqob» suratga olinayotgandi. U dardini ichiga yutdi. Oxir-oqibat depressiyaning domiga tushdi. Buning ustiga, birinchi rafiqasi bilan ham oilada kelishmovchiliklar avj olgandi. Turmushidan ajralganda esa sobiq xotiniga «Niqob» filmidan olgan 7 mln. dollarini qo`shqo`llab tutqazdi. Tushkun Jimga o`shanda oshna-og`aynilari turli tabletkalar ichishni, sport bilan shug`ullanishni tavsiya qiladi. Yillar o`tib, aktyor o`z kitobiga shu jumlani yozib qo`ydi: «Muammoni hal qilish kerak, turli vositalar bilan aldash emas».

Aktyor sport bilan shug`ullanadi. «Ayniqsa, basketbol jonu dilim. O`ynash emas, tomosha qilish», deya kuladi u.

Qiyinchiliklar haqida esa jiddiy gapiradi: «Bu dunyoda tashvishsiz odam bo`lmasa kerak. Aslida, qiyinchilikka duch kelganimizda biz hayot haqida o`ylaymiz, o`tgan kunlarni, xatolarni, atrofdagilarga, o`zimizga munosabatimizni tahlil qilamiz. Boshqa payti esa o`yin-kulgudan ortmaymiz. Men sinovlargina bizni odam qiladi, deb hisoblayman».

Besh muhabbat qissasi

Ommaviy axborot vositalari, internet olami uning ayni sermuhabbatligiga urg`u beradi. Ha, uylandi, ajrashdi, yana uylandi, ajrashdi, sevishdi, ayrildi, xullas, nomi besh xil toifadagi besh ayol bilan bog`landi. Mo``jizalarga ishonuvchi aktyorimiz, qarangki, ertaklardagi muhabbat bir afsona deguvchilardan. Bu o`zining oqlashmi yo bir erkakning achchiq haqiqati, kim biladi, deysiz?

Bir narsa aniq, Jim qizi bilan faxrlanadi. Jeyn Kerri rok yo`nalishida ijod qiladi, o`zi guruh ham tuzgan. Jim Kerri nevarasi tug`ilgach, bergan intervyularining birida «Ha, men qaridim! Axir men boboman! Baxtli bobo! Nevaram xuddi o`zimga o`xshaydi, iqtidorli ham! Hozir hayotimni usiz tasavvur qilolmayman», deydi.

Shoira VAFOEVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: