Главная » Yangiliklar » MUHAMMADISO ABDULXAIROV: "QIRRALARIMNI ETARLIChA OChOLMAYaPMAN"
MUHAMMADISO ABDULXAIROV:

MUHAMMADISO ABDULXAIROV: "QIRRALARIMNI ETARLIChA OChOLMAYaPMAN"

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: MUHAMMADISO ABDULXAIROV: "QIRRALARIMNI ETARLIChA OChOLMAYaPMAN"
  • Дата релиза: 06-10-17, 21:36
MUHAMMADISO ABDULXAIROV: "QIRRALARIMNI ETARLIChA OChOLMAYaPMAN"
Komik va dramatik rollarni maromiga etkazib ijro etadigan aktyor Muhammadiso ABDULXAIROV "Darakchi" gazetasining "Uchrashuv" loyihasi mehmoni bo`ldi...

— Muhammadiso aka, “Oshxona erkak kishi o`ralashadigan joy emas”, degan fikrdamisiz?

— Yo`q. To`g`ri, har bir erkak kishi hech bo`lmasa osh pishirishni bilishi shart. Bu borada no`noqligim — xatoim. Lekin kimdir taom tayyorlashni o`rgatib tursa, bajonidil pishiraman. Bugun bunga o`zingiz guvoh bo`ldingiz. Biroq salatlar tayyorlash jonu dilim.

— Siz bilan qo`ng`iroq­lashganimizda “Suratga olish maydonchasidaman”, dedingiz? Navbatdagi komediya bo`lsa kerag-a?

— Muzaffar Erkinov suratga olayotgan “Saodat” serialida o`ynadim. Rolimga kelsak, jiddiy qiyofada chiqqanman.

— Mark Vaylning “O`ynash” emas, yashash kerak”, degan gapini shior qilib olgansiz. Komediyalaringizda mablag` uchun “o`ynaysiz”mi yo yashaysiz?

— To`g`ri, mablag` yashash zaruriyati. Ko`pchilikning “Kino — pul topish manbai bo`lib qolgan”, degan fikrini hazm qilolmayman. Film kimga manzur kelsa, ko`ryapti, majburan ko`rsatilayotgani yo`q. Va men aktyor sifatida kasbimni sidqidildan bajar­yapman, xolos. Shu bois ba`zilar o`zini majburlab ishtirokimdagi filmni ko`rib, meni tanqid qilishiga hojat yo`q. Komediyalarimda yashayman, shuning uchun ham improvizasiyalar tabiiy ravishda “tug`iladi”. Filmlarimda yashashim uchun gonorar olganim yo tekinga suratga tushayotganimning aloqasi yo`q.

— O`zbekiston xalq artisti Yodgor Sa`diev bilan suhbatlarimizdan birida “O`z vaqtida Muhammadisoga komediyaga o`ralashib qolma, jiddiy filmlarda ham o`ynagin, deb maslahat bergandim. U haqdagi e`tirozlar tez-tez quloqqa chalinadi. Bundan keyin qanday reklamalarda chiqishni o`zi biladi”, degandi…

— Ustoz to`g`ri tanbeh beradilar. Imkon qadar Yodgor akaning aytganlarini bajarishga harakat qilaman. Gohida rollarim hammaga birdek yoqmasligi mumkin. Bu tabiiy, chunki ish bor joyda xato ham bo`ladi. Reklamaga kelsak, mavzu tanlamayman. Qolaversa, reklama orqali kimnidir xafa qiladigan ish qilayotganim yo`q.

— Valijon Umarov, Mark Vayl, Mansur Vasati kabi o`z ishining ustalari qo`lida tajriba orttirgan aktyorni suratga tushayotgan film­lari rejissyorining ishi qoniqtiradimi?

— Gollivud rejissyorlarining ham hammasi mahoratli bo`lmaganidek, o`zbek rejissyorlari orasida ham har xillari bor. Meni aktyor sifatida shakl­lantirgan rejissyorlar ham yosh bo`lgan, mahoratli aktyorlar filmida suratga tushgan. Va vaqt o`tib, tajriba o`z so`zini aytgan. Lekin hamma o`ynagan filmlarim mantiqan boy, deyish fikridan yiroqman.

— “Quduq” filmidan so`ng rejissyorlar sizni dramatik rollarga "ko`mib" tashlashsa kerak, deb o`ylagandim…

— To`g`ri, “ko`milib” ketganim yo`qku-ya, lekin takliflar bo`lmadi, deya olmayman. Nasib bo`lsa, tomoshabinlar uchun sovg`alarim yo`q emas. Asli tabiatan rejissyordan rol so`rolmayman.

— “Quduq”dagi Lal­­lay rolingizda hayotdagi Muhammadisoni ko`r­gandek bo`lganman, yanglishmadimmi?

— Yo`q, salomga yarasha alik oladigan odamman. Qahramo­n­imdek hammaning ko`nglini olish qiyin ish. O`xshash jihatim: sabrliman.

— Sog`ligingiz va yuragingizni baxshida qilgan, sizni professio­nal aktyor qilib tarbiyalagan “Ilhom” teatrini nima sabab tark etgansiz?

— Boshqa teatrlarda ham imkoniyatimni sinab ko`rgim kelgandi. "Respublika yosh tomoshabinlar" teatri, "Aladdin" teatrlarida tajriba orttirdim. Chunki bitta oqimda ishlashni yoqtirmayman. Ishonch bilan shuni ayta olamanki, men teatrdan, teatr esa mendan xafa bo`lmagan. Nasib bo`lsa, tez orada teatrga qaytish niyatim bor.

— Rejissyor bo`lganingizda Muhammadiso Abdulxai­rovga qanday rollarni ravo ko`rgan bo`lardingiz va hozirgi rejissyorlarning qaysi xatosini tak­rorlamasdingiz?

— Uning "Falon rolni o`ynasam", degan maqsadi yo`q. Tarixiy qahramonni ijro etadimi yo farroshnimi, tomoshabin ishonishini istaydi. Muhammadisoni ekranda ozg`inroq ko`rsatgan bo`lardim (miriqib kuladi). Yana bir gap, rejissyor sifatida aktyorning dunyoqarashi, imkoniyatini bilish uchun 2-3 oy birga yashagan va qahramoni dardini his qila oladigan rollarnigina berardim. Va mimika, gap-so`zlarsiz tomoshabinni kuldiradigan komik rolni o`ynatardim.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: