Главная » Yangiliklar » Muqaddas Xoliqova xastalikdan keyingi o`ylari, umr yo`ldoshining sog`lig`idagi muammolari haqida(Eksklyuziv)
Muqaddas Xoliqova xastalikdan keyingi o`ylari, umr yo`ldoshining sog`lig`idagi muammolari haqida(Eksklyuziv)

Muqaddas Xoliqova xastalikdan keyingi o`ylari, umr yo`ldoshining sog`lig`idagi muammolari haqida(Eksklyuziv)

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Muqaddas Xoliqova xastalikdan keyingi o`ylari, umr yo`ldoshining sog`lig`idagi muammolari haqida(Eksklyuziv)
  • Дата релиза: 27-06-17, 20:39
Muqaddas Xoliqova xastalikdan keyingi o`ylari, umr yo`ldoshining sog`lig`idagi muammolari haqida(Eksklyuziv)
Bu mashhur aktrisaning rollarini tomosha qilib, gohida kulamiz, gohida esa qahramoninng holatidan ko`nglimiz og`rishi mumkin. O`zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova hazilni va dardni etkazib bera oladigan iqtidor, noyob mahorat egasidir. Aktrisa uchun qolip, san`at bu — engil ish, degan ta`rifning o`zi yo`q. Uni yaxshi kunda ham, yomon kunda ham qo`llab-quvvatlovchi mehridaryo xalqi bor. Mehr bersang, uni ikki hissa qaytarib olasan, deganlari ham shu bo`lsa kerak. Xalqimizning sevimli aktrisasi bir necha oy oldin ikkinchi bor infarktni boshidan kechirib, davolanayotgani haqida xabar bergan edik. Bugun esa Yaratganning xohishi va xalqning duosi bilan to`la sog`ayib ishiga qaytgan san`atkorni suhbatga chorladik...

— Muqaddas opa, sizni ko`rib turganimizdan xursandmiz. Doimgidek, ko`rinishingiz chiroyli.

— Rahmat. Taklif qilganingiz uchun sizlardan minnatdorman. Ilgari jurnalistlar qo`ng`iroq qilib, intervyularga taklif qilishsa, turli bahonalar bilan “Vaqtim yo`q, keyingi safar. Borolmayman” deb rad javoblarini berardim. Lekin diydor g`animat ekanligini chuqurroq tushunib etgan inson sifatida o`sha gaplarimdan afsusdaman. So`nggi paytlarda sog`lig`im bilan bo`lgan muammolar men uchun bir ogohlantirish bo`ldi, desam xato bo`lmaydi. Go`yo hayot menga “Muqaddas, sen odamlarning nazarida bo`lganing uchun ular senga talpinishadi, ammo bunga beparvolik qilding” degandek. Ikkinchi bor xastalikka uchraganimdan so`ng har bir daqiqa, soat, kun, umuman yashashning qadrini seza boshladim. Bilasizmi, shifoxonadaligimda hamkasblarim, tanish-bilishlar hatto yaqinlarim ham "Bo`ldi, ishingni yig`ishtir, sog`liq kerak” degan gaplarni aytishdi. To`g`ri, ular menga bo`lgan mexribonchilik tufayli shunday deyishgan. Biroq, buning iloji yo`q-da. Men yashayapmanmi, demak, undan to`g`ri foydalanishim va ish bilan band bo`lib, san`atimni ko`rsatishim kerak. Bugun men har doimgidan-da ko`ra ko`proq ishlab, ijodda bo`lishga harakat qilyapman. Teatrsiz o`zimni hayotda tasavvur etolmadim.

— O`sha paytlarda ko`proq nimalar haqida o`yladingiz?

— Shifoxona shiftiga qarab, hayot yo`llarimni ko`z oldimdan o`tkazdim. Ruhiy va jismoniy holatimga yaqin misralarni yod olish odati paydo bo`ldi.

Nafas olayotganing, bu baxting ekan.

Kunda bir ko`rganing, bu baxting ekan.

Diydorlashganing bu baxting ekan.

Men bilmayman, umrim tugab qolsa-chi...

“Kecha ko`rsam bo`lmasmidi, bugun o`tib qolibdi” kabi afsuslar bo`lmasligi uchun bir-birimizga mehribon va e`tiborli bo`lishimiz kerak ekan. G`animat dunyoda barchaga ko`proq ana shu mehrni tilayman.

— Ikkinchi bor xastalikni boshdan o`tkazishingizga nima sabab bo`ldi?

— (O`ylanib) O`zimni asrab-avaylay olmadim... Shuning uchun yuragim ham erkalik qildi. Avvalgidek, kuch-quvvatga to`laman, deb o`ylab adashibman. Kuchli va tetik ko`ringanimiz bilan yurakning holatini tashqaridan turib bilib bo`lmaydi. Ammo endi bu borada o`zim, umr yo`ldoshim, farzandlarim ham ko`proq diqqatli bo`lyapmiz. Ayol kishi har doim, ishda ham, shaxsiy hayotda ham o`zini biroz ayashi, sog`lig`iga e`tiborli bo`lishi shart ekan.

— Shifoxonaga tushib qolganingizni qizingiz Zebinisoning instagramga qo`ygan ma`lumotidan bildik. Achinarlisi, yozilgan izohda shifokorlar va hamshiralarning sizga bo`lgan loqaydligi ham yozilgandi...

— Bu narsani birinchi eshitganimda, “Ha, bolam-a, shoshib qo`yibsan-da” dedim. Men sabab birovlarning hurmatiga putur etishini istamagan edim. Lekin qizim o`sha vaziyatda biroz nochor holatda qolgani va kimdan yordam so`rashini bilmaganidan shunday yo`l tutganini yaxshi bilaman.

— Lekin qizingiz ijtimoiy tarmoqda joylagan ana shu havola orqali holatingizdan xabar topib, ko`pchilik duo qildi...

— To`g`ri, vaziyatning bu tomoni esa menga taskinlik beradi. Balki xalqning mehri tufayli Yaratgan egam risqimni kesmadi, O`zi umr berdi. Men uchun duoga qo`l ochgan xalqimga mingdan-ming rahmat.

— Turmush o`rtog`ingiz ham betob bo`lib qolganini eshitdik...

— Xastaligim takrorlanishiga yana bir sabab bor: turmush o`rtog`im sog`lig`idagi muammolar tufayli mutlaqo ko`rmay qoldi, siqildim. Buni boshqalarga bildirmaslikka harakat qilgan bo`lsam ham o`z asoratini ko`rsatdi. Meni shifoxonaga yotqizishdi. O`zimga kela boshlab, bilsam, ikkinchi bor yurak xurujini boshimdan o`tkazganim uchun ularning ham bir tomoni ishlamay qolibdi. Aytmoqchimanki, 28 yil oila bo`lib yashab, bir-birimizga shu darajada bog`lanib qolgan ekanmizki, xavotir va ko`ngil kechinmalari sog`lig`imizga putur etkazib qo`ydi. Lekin ming shukur, bugun ahvolimiz ancha yaxshi. Uydamiz, qizim ikkimiz oilamiz ustunini parvarish qilyapmiz.

— Shifokor va psixologlar muammoni yurakka olmaslik kerak, degan tavsiya berishadi...

— Telba odamgina turli vaziyatlarni yurakdan his eta olmasligi mumkin. Soppa-sog`, aqli butunlar atrofidagi voqea yoki muammolarni o`ylamasdan yasholmaydi. Shifoxonadagilar menga ko`p takrorlagan gapi ham aynan “Sal narsaga jahlingiz chiqmasin, yurakka yaqin olmang va hech narsani o`ylamang” degan gaplar bo`ldi. Kechirasiz-u, men agar bu maslahatga amal qilsam, yashamasligimga to`g`ri keladi. Chunki, inson hayot ekan, doim o`ylash bilan kuni o`tishi tabiiy. O`zingiz o`ylang, farzandingiz uyga aytilgan vaqtdan yarim soat kechroq keldi. “Qaerda ekan? Tinch-omonmikan?” deb o`ylashimiz tabiiy. Qanday xavotir olmaslik mumkin? To`g`ri, yaxshilikka umid qilamiz, chalg`itamiz, biroq yurakni aldab bo`lmaydi, deyishadi-ku.

— Sog`aygach, sahnaga qaytish qanday bo`ldi? Nimalarni his etdingiz?

— Shukronalik bilan sahnaga qadam qo`ydim. Tomoshabinlar bilan oramizda masofa bo`lsa ham ular meni kutganini sezdim va bu meni ruhan qo`llab-quvvatlab turdi.

— Qizingiz Zebiniso bugun kasbingizning davomchisi...

— Bu qizimdan aktrisa bo`laman, degan gapni eshitganimda juda hayron bo`lganman. Chunki opa va singlisiga nisbatan bu og`ir-bosiq edi. Juda beg`am va biroz beparvo, desam ham bo`ladi. “Shu erdan jilmasdan o`tir” desam, chaqirmaganimcha joyidan qo`zg`almasdi, hatto. Zebinisoni hech tasavvur qilmagandik. Dadasi esa uning maqsadini qo`llab-quvvatladi. Menga “Sen san`atkor bo`lib yomonlik ko`rmading, nega unga qarshilik qilyapsan” degan gaplari hozirgacha esimda. Menga aytmasdan institutga borib, hujjatlarini topshirgan, imtihonlarga ham kirib chiqqan. O`shanda, imtihon oluvchi ustozlari “Muqaddas Xoliqova sizga kim bo`ladi?” deyishganda, “Qo`shnimiz bo`ladi” deb javob qaytargan ekan (kuladi). Yillar o`tgandan keyin, “Sizlar ruxsat bermagansizlar” degan armonlari bo`lmasin, deb men ham rozi bo`ldim. O`zidagi hoxish va intilishning kuchi bugun meni biroz xotirjam qilyapti. O`zi esa ijodini boshlashdan avval “Hali sizga yaxshi san`atkor bo`lishimni isbotlayman” degan. Xulosa chiqarishga erta, ijodini kuzatib boryapman.

— Kino va teatrda ijro etayotgan rollariga qanday baho qo`yasiz?

Hozircha 3 yarim. “Sizning yoningizda rol o`ynasam, hayajonlanaman” degan. Bilasizmi, to`rt yillik o`qish davrida biror marta ham diplom ishida sahnalashtirilgan spektakllaridagi rollarini ko`rishga bormadim. Hatto o`zi chaqirganda ham. Lekin kurs rahbari O`zbekiston xalq artisti Turg`un Azizovdan iliq gaplar eshitdim. Albatta bu g`urur bag`ishlaydi. Ammo hali juda ko`p narsalarni o`rganishi kerak, deb o`ylayman.
Siz nafaqat san`atda, balki oilada ham havas qilish mumkin bo`lgan ayollardansiz. Ko`p yillik oilaviy turmushdan kelib chiqib, ikki inson bir-birini tushunib, umr yo`ldoshini boricha qabul qilishi uchun qanday omillar muhim, deb hisoblaysiz?
— Birinchi o`rinda erkak va ayol murosa qilishni o`rganishi shart. Oila rishtalari bilan bir-biriga bog`langan inson buyum emaski, ularni almashtirib, boshqasini sotib olsa. Buni anglab etish uchun albatta vaqt va mulohaza kerak. Insonni yaxshi va yomon odatlari bilan qabul qilishni o`rganish lozim. Misol uchun mening turmush o`rtog`im har gal tug`ilgan kunimda nima sovg`a qilishni o`zimdan so`raydi. Unga qizlarimning achchig`i kelib “Dada, bunday so`rasangiz, “syurpriz” bo`lmaydiku” deyishadi. U kishi esa menga kutilmagan sovg`a qilaman, deb bor narsani xarid qilib qo`yishdan cho`chiydilar. Bolalar yosh, bu holatni qaerdan ham tushunishsin. Men esa u insonni hozirgi holatda qabul qilib bo`lganman. Romantika-yu, “syurpriz”larning hojati yo`q. Agar har bir oilada ana shu yozilmagan qoidalarga amal qilinsa, yashash va muammolarning echimi osonlashadi.
— Uch qizning onasisiz. Ulardan ikkisi uzatilgan. Xalqimizda, qaynona — ona, kelin — qiz bo`lmaydi, deyishadi. Ayting-chi, kuyovchi?..

— Kuyovga — “yov” deb qarash noto`g`ri. Ko`z tegmasin, kuyovimning ikkisi ham juda tarbiyali, oilamizning o`g`illaridek. Shifoxonada bo`lganimizda ham har kuni yonimizda, holimizdan xabar olib ming o`g`ilning o`rnini bosib turishdi. Baraka topishsin, ularga ming rahmat!

— Muqaddas Holiqova nabiralari bilan vaqt o`tkazsa, o`zi ham bolaga aylanishini yaxshi bilamiz...

— Bu mavzuda gapirish qaysi buviga yoqmaydi, deysiz. Bola kabi yoqimli va shirin ne`mat bo`lmasa kerak dunyoda. Ular bilan vaqt qanday o`tganini bilmay qolaman. Har biri alohida bir dunyo. To`ng`ich nabiram — Kamronbek juda aqlli, zehni o`tkir. Kattalar gapiga quloq ilib, tanbeh eshitishni yomon ko`radi. Shuning uchun ham sho`xligi kamroq. Ukasi esa uning aksi. Teatrimizda “Mirzo Ulug`bek” spektaklining repetisiyasiga olib kelgan edim. Rolimning gapini yodlab olibdi. Uyga borsak, boshiga ro`mol o`rab rolga kirishib ketsa, deng. Aktyorlik mahorati juda kuchli. Kenja qizimning qizi esa umuman boshqa dunyo. Bir oyda bir kelsa ham mehr ko`rsatishi juda boshqacha-da. Kirib kelishi bilan “Bobo” deb izlay boshlaydi.

— Muqaddas opa, nabiralaringiz haqida gapiryapsiz-u, ko`zlaringizdagi quvonchni sezmaslik qiyin. Ko`zlaringizga shodlik bag`ishlayotgan mana shu farzand va nabiralaringizni baxtini ko`rib yuring. Suhbat uchun rahmat.

— Rahmat!

Alohida ramkada

— Nabiralaringiz sizni nima deb chaqirishadi?

— Kamronbek uchun aslida, dadasi tomondagi buvisi katta hisoblansa ham, gavdani inobatga olib meni katta buvi deydi. Ukasi esa negadir Muqaddas Xoliqova buvijon, deydi.

— Ruldagi ayol bu...

— Juda sokin, og`ir bosiq, barcha qoidalarga roya qiladigan, hammaga yo`l berishni biladigan ayol. Ammo men o`zim unday emasman (kuladi).

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

Fotomuxbir Islom RO`ZIEV
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: