Главная » Yangiliklar » ​MUXLISA AZIZOVA. KANN FESTIVALIDA QATNAShGAN ILK O`ZBEK REJISYoRI BILAN SUHBAT(EKSKLYuZIV)
​MUXLISA AZIZOVA. KANN FESTIVALIDA QATNAShGAN ILK O`ZBEK REJISYoRI BILAN SUHBAT(EKSKLYuZIV)

​MUXLISA AZIZOVA. KANN FESTIVALIDA QATNAShGAN ILK O`ZBEK REJISYoRI BILAN SUHBAT(EKSKLYuZIV)

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​MUXLISA AZIZOVA. KANN FESTIVALIDA QATNAShGAN ILK O`ZBEK REJISYoRI BILAN SUHBAT(EKSKLYuZIV)
  • Дата релиза: 02-08-17, 17:47
​MUXLISA AZIZOVA. KANN FESTIVALIDA QATNAShGAN ILK O`ZBEK REJISYoRI BILAN SUHBAT(EKSKLYuZIV)
So`nggi paytlarda o`zbek kinosiga bo`layotgan e`tibor, ijodkorlarning har tomonlama qo`llab-quvvatlanishi, yosh ijodkorlarni ham ruhlantirib yubordi. Ana shunday yosh iste`dodlardan biri Muxlisa Azizova. Suhbatdoshimiz talaba bo`lishiga qaramay, qisqametrajli filmi bilan nufuzli kinofestivallarda ishtirok etib qaytmoqda...

— Rejissyorligingizdagi “U” (“Ona”) qisqametrajli filmi hamda Rossiyaning mashhur aktyorlaridan biri Dmitriy Dyujev bilan ijodiy hamkorlik haqida gapirib bersangiz...

Avvalo nega aynan xorijdan aktyor taklif etganimizni gapirib o`tsam... Chunki “Nega endi o`zimizning aktyorlardan foydalanilmaydi?”, degan savollar ko`p bo`ldi. Voqea bo`yicha, qahramon chet ellik bo`ladi va biz bu narsa tabiiy va hayotga yaqinroq bo`lishi uchun xorijlik ijodkor bilan hamkorlik qildik. Aslida bu rolga Vladimir Vdovichenkovni taklif etgandik. Ammo katta tayyorgarlik bilan tasvirga olish kunini belgilaganimizda uning salomatligida muammo chiqib, O`zbekistonga kelolmadi. Rejalarimiz yo`qqa chiqmasligi uchun u erdagi hamkorlarimiz yordamida Dyujevni taklif etdik. O`zingizga yaxshi ma`lum, dunyo yulduzlarining o`ziga yarasha injiqliklari ham bor. Dmitriyga vaziyatdan chiqish uchun shoshilinch rolga taklif etganimiz yoqmadi. Ammo “Ona”ning ssenariysini o`qigandan so`ng, unda o`z hayotiga yaqin voqealarni ko`rib, o`sha zahoti rozi bo`ldi. Salgina muammolar bilan ishni boshlagan bo`lsak-da, suratga olish jarayonida aktyor bilan umuman qiynalmadim. Bunga yana bir sabab biz u bilan har bir sahnani maslahatlashgan, kelishgan holda suratga olganmiz. Bilasizmi, tayyor kinoni ko`rganimda, aynan Dmitriy bilan ishlab xato qilmaganimni anglaganman. Bu film menga katta tajriba va mamnuniyat berdi.
— Bu kartina bilan O`zbekiston ilk bor Kann xalqaro kinofestevalida ishtirok etdi...

– Kinofestevalda istagan rejissyor o`z filmi bilan qatnashishi mumkin. Faqat uning ijodiy ishi dunyo standartlariga mos, festivalning shartlariga to`g`ri kelsa bo`lgani. Biz ham filmimizni festival mutaxassislariga taqdim etgandik, ma`qul ko`rishdi. Festivalda sovrindor bo`lmasak ham unda ishtirok etish men uchun muhim qadam bo`ldi. Ishonasizmi, o`sha erda namoyish etilgan barcha kartinalarning hammasini ko`rib bordim. Ko`pining tilini tushunmasamda, kino tili bilan ishlashni o`rgandim.

“U”ni ko`rganlar ijobiy fikr bildirishganidan juda xursandman. Albatta, munozarali masalalar ham bo`ldi. Hay`at a`zolari filmning xulosasini tomoshabinni o`ziga qoldirganim bilan bog`liq mulohazalarni bildirdi. Rejissyor sifatida nima demoqchiligimni so`rab, turli bahs-mulohazalar yuzaga keldi. “Rejissyor voqeani qanday ko`rgan bo`lsa, shunday yakunlashga haqqi bor” deb meni oqlaydiganlar ham bo`ldi (kuladi). Xullas, taassurotlar bir olam. Uni so`z bilan ifodalash juda qiyin. Kanndan keyin “U” Kipr xalqaro kinofestevalida, Ispaniya va Qozog`istonda o`tkaziladigan kino tadbirlarda ham ishtirok etdi. O`zbekisiton nomidan, kino san`atini namoyon etib qaytish baxtiga muyassar bo`lganimdan xursandman. Va bu bilan to`xtab qolmoqchi emasman.

— Sizning kino olamiga kirib kelishingiz tomoshabin va hatto, biz mutaxassislar uchun ham kutilmagan voqea bo`ldi.

— Kichikligimda onamning kitob mutolaa qilayotganini ko`rardim. Shu sababmi, bolaligimdan kitobga bo`lgan mehrim bo`lakcha. O`qigan asarlarimdagi voqealarni tasavvur qilishni yaxshi ko`rardim. Yoshim ulg`ayib, aqlimni taniganimdan so`ng esa bu kino ekanini anglaganman. Maktabni tamomlab, rejissyor bo`lmoqchiligimni aytganimda ota-onam rozi bo`lishmagan. Ularning xohishi bilan tibbiyot yo`nalishi bo`yicha o`qidim. Orzular, o`y-xayollar meni tinch qo`ymadi, oradan yillar o`tib, kinoga kirib keldim. Niyatimga etganimdan, orzularim bugun ro`yobga chiqqanidan juda xursandman.

— Bu sohaga kirib kelib o`zingiz uchun nimalarni kashf etdingiz?

— Bu sohani tanlab shu yo`nalishda mutaxassis bo`lishim uchun har kuni kamida 50 bet kitob o`qishim shart ekanligini bildim. Yana bir anglagan haqiqatim ayol rejissyor bo`lish o`ylaganimdan ko`ra a-a-ancha qiyin ekan (kuladi). Jamoani birlashtirish, hammani o`zingiz ko`rayotgan xayollarga ishontirib, voqeani reallashtirish shaxsan menga o`ziga yarasha qiyinchilik tug`dirdi. Balki bu hayotda birovga buyruq bera olmasligim bilan bog`liq bo`lsa kerak. Eng asosiysi men, ilgari rejissyor bo`lish uchun aktyorlikdan xabardor bo`lish shart emas deb o`ylardim. Ammo juda qattiq adashgan ekanman. Konstantin Stanislavskiy aytgandek, yaxshi rejissyor bo`lish uchun, tug`ma aktyor bo`lish kerak ekan.

Shuning uchun aktyorlik mahoratimni oshirish uchun astoydil o`qiyapman...

— Kelajakda rol o`ynashingiz mumkinmi?

— Yo`q. Aktyorga vazifa berayotganimda obrazni undan ko`ra yaxshiroq ko`rsatib berishim uchungina darslarga qatnayapman.

Alohida ramkada

Oldindan va`da berishni yomon ko`raman, lekin eng katta orzuim, to`liq metrajli film bilan kamida “Oskar” taqdimot marosimida nomzod bo`lish.
Muxlisa Azizova germaniyalik rejissyor bilan hamkorlikda “Euronews” telekanali uchun Buxoro viloyatining go`zalliklari aks ettirilgan rolik suratga oldi.
Fakt:

Muxlisa Azizova 1987 yil 20 dekabrda Toshkentda tug`ilgan.
Uning kinodagi ilk ishi “Tinchlik sohili” deb nomlanadi. Qisqa metrajli badiiy-hujjatli film telekanallaridan namoyish etilgan.
Aliya SULAYMANOVA
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: