Главная » Yangiliklar » ​Nilufar Sotiboldieva jurnalistikaga kirib kelishi va mashhurlik hayotini o`zgartirgani haqida
​Nilufar Sotiboldieva jurnalistikaga kirib kelishi va mashhurlik hayotini o`zgartirgani haqida

​Nilufar Sotiboldieva jurnalistikaga kirib kelishi va mashhurlik hayotini o`zgartirgani haqida

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​Nilufar Sotiboldieva jurnalistikaga kirib kelishi va mashhurlik hayotini o`zgartirgani haqida
  • Дата релиза: 05-07-17, 23:04
​Nilufar Sotiboldieva jurnalistikaga kirib kelishi va mashhurlik hayotini o`zgartirgani haqida
Telejurnalist va suxandon Nilufar SOTIBOLDIEVA shu kunlarda juda band. Hali tadbirlar, hali ijtimoiy loyihalar, televideniedagi ish faoliyati, ijodiy safarlarni aytmaysizmi. Qiziq, u barchasiga qanday ulgurayotgan ekan?.. Balki buning biror siri bordir? Darvoqe, u haqidagi ayrim ma`lumotlarga ham oydinlik kiritish fursati etdi, nima ekan deysizmi? Diqqat qiling!

– Talab ortib borayotgan boshlovchilar reytingining yuqori pog`onalarini zabt etib kelayotgan Nilufar Sotiboldievaning jurnalistika sohasiga kirib kelishi qanday bo`lgan?

– Televidenieda ish boshlashimdan ancha avval o`zimni boshlovchi sifatida tasavvur qilardim. Ammo televideniega kelishingiz bilan «Mana ko`rsatuv ijod qilaver» deyishmaydi. Tajriba orttirishingiz, bilmaganlaringizni o`rganishingiz kerak. Menda ham shunday bo`ldi, ma`lum muddat «Sport» telekanalida muxbir sifatida faoliyat yuritdim. Kamera ortida ishlashning ham o`ziga yarasha zavqi bor. Jurnalistika yo`nalishida alohida ta`lim olmaganman, ish jarayonida ustozlarim, hamkasblarimni kuzatib, tajriba yig`dim. Lekin o`quvchilik paytlarim o`qituvchilarim ko`p aytishardi «Iste`doding bor» deb. Insholarni juda chiroyli yozardim-da. Intildim, izlandim, harakatdan to`xtamadim va niyatim amalga oshdi!

– Ko`p kuzatganman, xarakteringizdagi jihatlar mustaqil hayotni ancha erta boshlaganingizga ishora qilgandek go`yo, balki men adashayotgandirman?

– Haqiqatan ham shunday. Uch yoshimda otam hayotdan ko`z yumdi. Oilada to`ng`ich farzand bo`lganim uchun elkamdagi mas`uliyat hissini 15 yoshimdayoq anglab etdim. Hali maktab o`quvchisi bo`lsam-da, o`qishdan keyin bog`chada ishlardim. Avvaliga enaga vazifasini bajardim, so`ng ingliz tilidan saboq bera boshladim. Asta-sekin o`quvchilarim soni ortgach, repetitorlikka jiddiy kirishdim. O`zbekiston davlat jahon tillari universitetiga shartnoma asosida o`qishga kirganimda bir qancha bolalar bog`chasida saboq berayotgandim.

– Qat`iyat yoshligingizdan shakllangan ekan-da?

– Ha! Biror nimani maqsad qildingizmi unga, albatta, erisha olasiz, agar imkoniyatlaringizni to`g`ri baholab, qanday yo`l tutish kerakligini bilsangiz. Qolaversa, men kichikligimdan tashabbuskor edim. Do`st-dugonalarim bilan birga o`ynasak ham tezgina barcha tashkiliy ishlarni hal qilardim.
– Oilada ikkita farzandsizlar, singlingiz qaysi sohada faoliyat yuritadi?

– Singlim bolalar psixologi! Mening yaqin maslahatchim, dugonam, ko`makchim!

– Nilufar opa, ayrimlar nazdida mashhurlik sizni o`zgartirgan?..

– To`g`ri, o`zgarganman! Busiz iloji yo`q. Mashhur bo`lmagan paytim bilan hozirgisini taqqoslasam, osmon bilan erchalik farq bor. Ammo taniqli bo`lishning o`ziga yarasha talablari mavjud. Istaysizmi–yo`qmi, avvalgidek bo`lolmaysiz. Xatti–harakatingiz, muomalangiz, yurish–turishingizdan tortib barcha-barchasigacha o`zgaradi. Kimdir «Mashhurlik meni o`zgartirmadi» desa ishonmayman. To`xtang, siz nimani nazarda tutayapsiz o`zgardingizmi deb?

– Siz haqingizda nojo`ya gap eshitganim yo`q, demakki, bu yaxshi o`zgarishlar!

– «Taniqliman» deya ko`nglimga kelgan ishni qilolmayman. Negaki, menga ergashganlar, havas qilganlar bor. Shuning uchun ham har qanday vaziyatda o`zimni nazorat qila bilaman. Ammo shunday paytlar bo`ladiki, «Hech kim men haqimda bilmaganidami» deb qolaman. Ba`zan hamma qatori emin-erkin yurishni istaysiz-da. Masalan, dugonalaringiz bilan maza qilib gurunglasha olmaysiz, chunki sizni kuzatib turishadi. Tadbirlarda raqs tushaman desangiz ham zimdan qaraganlar ko`p. Xullas, tanganing ikkinchi tomoni ham bor!

– Tadbirlardan so`z ochganingiz ayni muddao bo`ldi. Katta–katta yig`ilishlar, konsert yoki bayramlarda boshlovchilik qilasiz, hayajon bo`ladimi?

– Bilasizmi, hayajon yo`q deyolmayman, lekin bu ko`proq qaerda va qanday tadbir ekaniga bog`liq. Misol uchun to`ylarda u qadar hayajonlanmayman. Negaki, atrofimdagi san`atkorlar bilan deyarli kunora ko`rishamiz. Tadbirlarda esa bir–ikki marta sahnaga chiqqach, hayajonim yo`qoladi. Ehtimol, his-tuyg`uga berilmay ijod qiladigan darajaga etmagandirman hali, ammo bularsiz ham iloj yo`q, nazarimda.

– Uch tilda bemalol so`zlashasiz. Shunday bo`lsa-da, matnni unutib qo`ygan yoki adashib ketgan paytlaringiz ham bo`ladimi?

– Albatta! Lekin vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilaman. Ustozimiz, Abdumo`min O`tbosarov ko`p aytardi: «Xato qilganingni o`zing bildingmi, buni boshqalarga bildirishing shart emas! Talaffuzda yanglishish mumkin, ammo to`xtab qolmaslik kerak, davom ettiraver» deb. Ba`zan jiddiy xato o`tishi ham mumkin, misol uchun kimnidir ism–sharifi yoki lavozimi noto`g`ri aytilsa. Bunday vaziyatda tezgina uzr so`rab, so`ng ishingizni davom ettirishingiz lozim.

– Hozirgi boshlovchilarning aksariyati zamonaviy «IPad»lardan foydalanishayapti, sizda ham shundaymi?

– Yo`q! Rostini aytaman, ijod borasida qog`ozga tushirilgan matnni afzal ko`raman. Matn bilan tanishayotganda ko`z orqali eslab qolish mumkin. Sahnada bo`lganimda qo`limdagi matnga ko`z tashlab olsam kifoya, qaysi qatorida nima yozilgani yodimga tushadi. «IPad»da esa bu qobiliyatimni qo`llay olmadim. Qurilmani tepaga pastga yo`naltirib turishingiz kerakligi ham e`tiborni chalg`itadi. Balki hozirgi yoshlarning tanlovi boshqadir, ammo men o`z fikrimda sobitman.

– Yaqinda ijodkorlarga nisbatan «Inson g`or emas» degan iborani o`qib qoldim?..

– To`ppa–to`g`ri aytilgan gap! Kuch–g`ayratingiz, shijoatingiz nihoyalab borayotganini sezayapsizmi, ijodiy tanaffus olish kerak. Yangi g`oyalar bo`lmasa-da, tinim bilmay ishlayversangiz, xuddiki avtomatlashtirilgan mexanizmdek bo`lib qolasiz. Har qalay menda shunday, imkoniyatlarimdan to`liq foydalanib bo`lganimni angladimmi, qilayotgan ishimdan qoniqmayman. Garchi shu holatda ham tadbirlar, to`y xizmatlarida boshlovchilik qilishim mumkin, o`sha–o`sha matn, kayfiyat hech nima o`zgarmaydi, hech kim sezmaydi ham. Ammo o`zimda norozilik bo`laveradi. Yil boshidan qizg`in ijoddaman, sermahsul mehnat qilayapman, ba`zan bir kunda uchta tadbirda ishtirok etishimga ham to`g`ri keldi.

– Bir kunda uchta tadbir? Qanday ulgurdingiz?

– Uddaladim! Lekin toliqqanim ham rost. Bu gapimni ustozlarim eshitib qolishsa bormi, koyishadi. Ular hamisha «Charchadim dema, har bir insonga shunday davr beriladiki, qo`ldan kelgancha imkoniyatdan foydalanib qolish kerak. Keyinchalik xohish bo`lsa ham imkoniyat topilmasligi mumkin» deyishadi. Yaqinda yozgi ta`tilga chiqayapman, ozroq dam olib, yana yangi g`oyalar bilan ish boshlayman.

– Ayrim hamkasblaringiz asosiy ish faoliyatidan tashqari, film, klip va seriallarda ham suratga tushishadi. Sizga ham takliflar bo`lsa kerak?

– Ha, lekin unchalik ko`p emas. Bu kabi takliflarga jiddiy qaramayman. Chunki menda aktyorlik mahorati yo`q. Mavluda Asalxo`jaeva, Doston Ubaydullaev va O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Gulsanam Mamazoitovaning musiqiy kliplarida epizodik rollarni ijro qilganman, ammo aktrisalikka da`vom yo`q. Rosti, rol o`ynashni eplolmayman.

– Burjingiz egizaklar, shundaymi?

– Qaerdadir «egizaklar» deyiladi, «buzoq» burji deb yozilganini ham o`qiganman.

– Qiziqayotganim, ekranda jiddiysiz, ishdan tashqarida esa xushchaqchaqligingiz bor, kayfiyat o`zgaruvchanligidanmi bu?

– To`g`ri, kayfiyatim tez–tez o`zgarib turadi. Bilmadim bu burjimga bog`liqmi yoki xarakterga? Ish faoliyatimni yangiliklar bo`limidan boshlaganimgami, ekranda jiddiyligim bor. Lekin ko`ngilochar ko`rsatuvlarda tamoman aksi. Fikrimcha, televidenie boshlovchisi qanday ko`rsatuv bo`lishidan qat`iy nazar jiddiylikni yo`qotmasligi lozim.

– Rossiyalik teleboshlovchi Ivan Urgant bilan hamkorlikdagi chiqishingiz shov-shuv bo`ldi?..

– Hamkorlikdagi tadbirlarda o`zbek shou-biznesi vakillaridan bir o`zim bo`lmayman. Boshqa san`atkorlar ham ishtirok etishadi. Ivan Urgant bilan hamkorligimizga O`zbekiston xalq artisti Farruh Zokirov sababchi bo`lgan. U kishining tavsiyasi bilan taklif qilishdi.

– Nilufar opa, keling qizingiz haqingizda suhbatlashsak!

– Bosh ustiga!

– Ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizga qizingiz Amanining suratlarini joylab turasiz, ba`zi mashhurlar farzandlarini ko`rsatishni istashmaydi?..

– So`nggi oylarda ish hajmi ortib, qizimga etarlicha vaqt ajrata olmayapman. Va bu mening ayni kundagi eng katta muammom. Instagramdagi suratlarga kelsak, juda ko`p joylamayman, qiziqarli voqea bo`lsagina yaqinlarim bilan bo`lishgim keladi. Dizaynerlar bilan hamkorlik ishlarimizni havola qilaman, ammo har kuni nima qilayotganim, qaerga borganim, kim bilan uchrashganimni so`zlab o`tirishga vaqtim ham, xohishim ham yo`q.

– Diqqatimni tortgani, har bir surat izohiga alohida to`xtalasiz.

– Tarmoq foydalanuvchilari asosan suratlarga qarab baho berishadi. Qoldirgan izohlari esa ko`r–ko`rona, tor doirada ifodalanadi. Yaqinda, do`stlarim davrasida tug`ilgan kunimni nishonladim. Hayotim faqatgina oq chiziqlardan iborat bo`lsin, degan ma`noda tantana uchun oq liboslar mavzusini tanladik. Do`st-dugonalarim bilan birga suratga tushgan rasmlarni joylab, barchaga o`z minnatdorchiligimni bildirsam, mendan so`rashayotganini qarang: «Farhod Alimov va Rayg`on G`anieva qaerda?» Nima deb javob berishim kerak, o`zingiz ayting. Farhod bilan Rayhon quvonchli kunimda yonimda bo`lishdi, ular bilan oilaviy do`stmiz ham. Birga tushgan rasmimizni joylashtirmaganimga shuncha gap.

– Qiz farzandi bor ona sifatida tarbiyada ko`proq nimalarga ahamiyat berasiz?

– Bilasizmi, psixologiyaga oid asarlardan birida shunday fikrni o`qigandim: «O`g`il bolani maqtash kerak, qizlarga esa ko`proq taxsin aytish». Ko`pchilik buning aksini qiladi, qizlarni faqat biror ishi uchun maqtashadi-da, o`g`il bolalarni shunchaki borligi uchun. Lekin bu noto`g`ri. Amaniga ko`p aytaman, «Kulishing o`zingga yarashadi», «Sochlaring juda chiroyli», «Mehribon qizsan» deb. Bu bilan qizalog`imni sira tergamayman demoqchimasman, aksincha oilada qatiqqo`lman. Amani ikkala buvisining ham erka nabirasi, ammo menda ma`lum cheklovlar bor. Qizim ham boshqa bolalar kabi bog`chaga borishni yoqtirmaydi. Injiqlik qilsa, bafurja tushuntiraman: «Menam sening yoshingda bog`chaga borishni istamasdim, lekin bormasang bo`lmaydi. Agar injiqlik qilsang, men ishga borolmayman, ishdan qolib ketsam maosh olmayman, keyin senga o`yinchoqlar olib berolmasam-chi» deya. Qizim bilan imkon qadar kattalardek suhbatlashishga harakat qilaman. Garchi singlimning so`ziga ko`ra har doim ham to`g`ri tarbiya usuliga amal qilmasam-da, mabodo o`zim asabiylashib turgan bo`lsam, qattiq gapirib yuborishim mumkin. Lekin o`zimga kelib, qizalog`imdan kechirim so`rayman! Farzandingizni eng yaxshi bog`cha, maktab yoki repetitorga bersangiz ham, u birinchi navbatda sizga taqlid qiladi. Gohi o`zim hayron qolaman, Amani ko`z qarashlarim, hatto so`z ohangimgacha takrorlaydi. Bu ham baxt aslida!

– Nilufar opa, o`zingiz niyat qilgandek hayotingiz hamisha oppoq ranglardan iborat bo`lsin! Suhbat uchun rahmat!

Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: