Главная » Yangiliklar » Nozim TO`LAXO`JAEV: “ShAXSIY HAYoTDAN KO`RA IJODNI USTUN QO`YDIM”
Nozim TO`LAXO`JAEV: “ShAXSIY HAYoTDAN KO`RA IJODNI USTUN QO`YDIM”

Nozim TO`LAXO`JAEV: “ShAXSIY HAYoTDAN KO`RA IJODNI USTUN QO`YDIM”

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Nozim TO`LAXO`JAEV: “ShAXSIY HAYoTDAN KO`RA IJODNI USTUN QO`YDIM”
  • Дата релиза: 04-10-17, 12:09
Nozim TO`LAXO`JAEV: “ShAXSIY HAYoTDAN KO`RA IJODNI USTUN QO`YDIM”
"Darakchi" gazetasining "Kecha va bugun" loyihasi qahramonining san`atga kirib kelishi tasodif emasdi. Ijodiy muhitda ulg`aygan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Nozim TO`LAXO`JAEV chin ma`noda otasiga munosib izdosh bo`la oldi. Iste`dodli rejissyor, ssenariynavis vaqt o`tishi bilan aktyorlik qirralarini ham kashf eta oldi. Nozim TO`LAXO`JAEV ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

“Anna Axmatova qo`shnimiz edi”

— 1951 yilning 4 yanvarida Toshkent shahrida ziyoli oilada tug`ilganman. Otam O`zbekiston xalq shoi­ri Turob To`la, onam Tamara Xachaturova sil kasalligini davolovchi shifokor edi. Opam Muhabbat To`laxo`jaevani ko`pchilik “Maftuningman” filmidagi Muhabbat roli orqali yaxshi taniydi. Biroq u aktrisalikni tanlamadi, hozirda taniqli teatrshunos.

Bolaligimda juda sho`x bo`lganman, doim bir “hunar” ko`rsatib yurardim (kuladi). Eng qizig`i, harf tanimasam-da, kitobni boshidan oxirigacha erinmay har bir qatoriga barmog`imni qo`yib, ko`z yugurtirib chiqardim. Ota-onam bu ishimdan tashvishga ham tushishardi (kuladi). Kitob o`qishga bo`lgan ishtiyoqim so`z bilan ta`riflab bo`lmaydigan darajada yuqori bo`lgan-da.

Urush vaqti O`zbekiston ko`plab boshqa millat vakillari qatori ijodkorlarni ham bag`riga olgandi. Mashhur rus shoirasi Anna Axmatova qo`shnimiz edi. Keyin Chilonzor ko`chasidagi kinematograflar uchun qu­ril­gan uyga ko`­chib o`tganmiz. O`qishni 163-mak­tabda da­vom ettirganman.

Yana bir qi­­ziq holat: 1961-yil Yuriy Gagarin fazoga uchganida bolalarcha dunyoqarash bilan “Rejissyor bo`lishni istamayman, albatta, fazogir bo`laman!”, deb niyat qilgandim. Adabiyot­ga mehrim bo`­lak­cha­ligi bois shu fandan a`lo bahoga o`qirdim. Qolgan fanlardan o`zlashtirishim ko`ngildagidek emasdi. Ochig`i, darsdan qochib, avvalgi “Chayka” kinoteatriga kino ko`rgani borardim (kuladi).

Esimni tanibmanki, atrofimda teatr,­ kino, aktyorlar bo`lgan. Bu ijodiy muhit kelajakda qaysi sohani tanlashimga ham ta`sir ko`rsatgani tabiiy.­ Tog`alarim ham mash­hur rejissyorlar Albert va Eduard Xachaturov. Bolaligimdan otam­ning yonida yurib, kichik-kichik epizodlarda suratga tushardim. “Olmaning tagiga olma tushadi”, deganlari rost ekan.

“Moskva teatrida ishlashni istamaganman”

— 1970 yil Moskvadagi Lunacharskiy nomidagi teatr san`ati institutining rejissura fakultetiga o`qishga kirganman. Andrey Goncharov, Iosif Tumanov, Yuriy Lyubimov kabi mashhur ustozlar­ning qo`lida ta`lim olganman. Bular urush vaqtida Toshkentda yashagani uchun meni xuddi qadrdon insonidek qabul qilishgan. Qolaversa, teatr va kinoaktrisasi Faina Ranevskaya bilan yaqindan tanish edik, uyiga tez-tez borardim. Atrofimda faqat buyuk ijodkorlarni ko`rardim. Ular ko`ksimdan itarmay, teatr va kino san`atining “alifbo”sini o`rgatishdan erinishmasdi. O`z ishining ustalari bo`lgan aktyorlar bilan muloqotim aktyorlik qirralarimni ham ochilishiga turtki bo`lgan bo`lsa, ajabmas.

Institutni tamomlashim arafasida katta-katta asarlardagi hamma bosh rollarni o`ynashga ulgurgandim. Aleksandr Abdulov, Alla Pugachyova kabi ijodkorlar bilan birga tahsil olganman, bir-birimiz bilan do`st bo`lganmiz. Keyinchalik kursdoshlarimning bari mashhur san`atkor darajasiga etishdi.

Sira yodimdan chiqmaydi, men bilan tahsil olgan bir aktrisa Moskvaning Badiiy­ akademik teatriga ishga kirish uchun sinov topshiradigan bo`lgan. Shunda u “Nozim, part­nyorim bo`lib rol ijro etib ber, teatrga ishga kirmoqchi edim”, deb qoldi, rad etmadim. Sinovning javobi chiqqach, hay`at a`zolari o`sha aktrisaga qarab, “Sizni ishga olmaymiz, lekin birga rol ijro etgan partnyoringizni teatrda olib qolamiz”, desa bo`ladimi. Bu xabardan aktrisa o`zini yo`qotib qo`ygandi (kuladi). Menga esa tezroq ona yurtimga qaytib, o`sha erda ijod qilish istagi tinch­lik bermasdi. 1975 yili ins­titutni tamomlab, Toshkentga qaytgach, bir yillik harbiy xizmatga jo`naganman. Ijodkor bo`lganim uchun “Harbiy hayotni tasmaga muhrlaydigan rejissyor kerak edi, ayni muddao”, deb meni harbiy kinostudiyaga ishga qo`yishgan. Oq-qora suratga oladigan kameram bor edi. Mashhur insonlar tez-tez tashrif buyurib tu­rishardi. Bokschi Muhammad Ali kelgani ham yodimda (kuladi).

Aytmoqchimanki, harbiy xizmatda o`tgan yillarim ham ijod jarayonida kechgan, bu mening — omadim. Qaytgach, yarim yil ishsiz yurganman.

“Shahzoda Charlz multfilmingni sotib oldim, degan”

— Kunlarning birida Multbirlashmaning direktori “Multfilm suratga olsang-chi”, deb qoldi. Shunda o`zimga o`zim “Qachongacha ikkinchi rejissyor bo`lib, rejissyorlarning chizgan chizig`idan chiqmay yuraman?” deb savol berdim. Va o`zimga xon, o`zimga bek bo`lish maqsadida multfilm suratga olishga kirishib ketdim. Ilk ishim — “Sahrodagi ko`l” multfilmim Portugaliyada sovrinlar bilan taqdirlangan. Lekin bu yo`nalish meni o`ziga rom qilib olsa, badiiy film rejissyori bo`lish orzuim sarob bo`lib qoladimi, degan qo`rquv qamrab olgan. Avvallari badiiy film ishlashga ruxsat olish uchun uzoq yillar ikkinchi rejissyor bo`lib ishlab, tajriba yig`ish shart edi. O`ylab-o`ylab mayli, multfilm yo`nalishida yana bir yil ishlaychi, bu ham tajriba-ku, deb yurgan kunlarimning biri — 1983 yili rossiyalik multiplikator, rejissyor, “Vinni-Pux” multfilmi asoschisi Fyodor Xitruk bilan uchrashib qolganmiz va “Mustaqil ish qilmoqchiman!” deganman, aslida bunga tayyor emasdim (kuladi). Doimgi “Yo`q!” degan javobni eshitaman, degan xayolda edim-da. Kutilmaganda “Mayli, qaysi asarni suratga olmoqchisan?” deganida shoshib qolib, “Rey Bredberining “Yoqimli yomg`ir yog`adi”sini, deganman. Va shu asar asosida ssenariy yozdim, ma`qullandi. Mazkur multfilmim Germaniya, Ispaniya kabi davlatlarda namoyish etilib, qator sovrinlar bilan mukofotlangan. O`sha vaqtda Londondan shahzoda Charlz kelganida bizni qabuliga chaqirishgan. Tarjimon meni shahzodaga tanishtirganida, multfilm haqida iliq fikrlar bildirib, “2 yil London televideniesida namoyish etilishi uchun multfilmingni sotib oldim”, degandi.

“Aktyorlarga juda kam haq berishadi”

— Ijod “qozon”ida qaynaganim uchun yutuq-kamchiliklar kishini doim o`ylantirar ekan. Biz aktyorlar rejissyorga emas, ssenariyga qarammiz. Iqtidorimizni ochib beradigan ssenariylar kutib yashaymiz. Dramaturgiya oqsagani bois, taklif qilinayotgan filmlardan bosh tortishga majbur bo`lamiz. Nasib bo`lsa, hali uzoq yashash niyatim bor. Va o`zim hurmat qiladigan rejissyorlardan “yuk”i bor rollarni kutaman. Aktyor Mixail Kononov bilan suhbatlarimizdan birida “Nozim, mening omadim — zo`r ssenariylarga duch kelganim. Yo`qsa, birgina iste`dodli rejissyor va “yuk”i yo`q ssenariy bilan o`rtamiyona aktyor bo`lib qolgan bo`lardim”, degandi. Haq gap! Shukr, Otabek Musaev maxsus kurs tashkil qilib, dramaturglarni ko`payishiga umid bog`lagan. Yana bir muammo: aktyorlarga juda kam haq berishadi. Bosh rol ijrochisi filmning assistentidan uch barobar kam gonorar oladi. Ko`pchilik aktyorlarning xususiy filmda ishtirok etish uchun yugurishi sababi ham shunda. Chet eldagi aktyorlardek katta-katta talablar qo`ymaymiz. Aktyorning mehnati og`irligini tushunish kerak. O`ylamang, injiqlik, erkalik emas bu, shunchaki aktyorlar ta`sirchan “xalq”.

Masalan, “Ilova” filmida tog`li hudud bo`lishiga qaramay, suratga olishdan so`ng yuvinsa bo`ladigan sharoit qilib berishgan. Yodimda, Sankt-Peterburgda bir serialda suratga tushganimda 40 daraja sovuqda ishlaganimiz etmagandek, meni qorga ko`mishgan. Aktyor sog`ligini xavfga qo`yib, o`zini ming ko`yga soladi, axir. Bizning kasbimiz hayotiy xavf­liligi jihatidan uchuvchilardan keyin ikkinchi o`rinda turadi. Ota­bek Musaev “O`zbekkino” Milliy agentligi rahbari bo`lgach, barcha muammolarni to`kib-sochdik. Otabek Musaev ishni mening ikkinchi uyimdek bo`lib qolgan O`zbekfilmni ta`mirlashdan boshladi. Bu erdagi o`zgarishlar ijodkorning jo`shib ishlashiga ilhom beryapti. Qolgan barcha muammolarni ham hal qilishga kirishgan, bundan xursandmiz, albatta.

“56 yoshimda aktyor sifatida tanildim”

— Aktyorlikka kirib kelishim ham qiziq bo`lgan. Tog`am Albert Xachaturov Aleksandr Faynbergning “Mening katta akam” asarini suratga olayotganida aktyor Murod Rajabov qahramonining ukasini o`ynaydigan aktyor topolmagan. Va “Meni Moskva teatrida ishga olib qolishmoqchi edi”, deb maqtanganmiding? Qani uka rolini qoyillatib ko`r-chi”, deb qoldi. Shukr, ijroim ko`ngildagidek chiqqan. Yoshligimdan qator filmlarda rol o`ynaganimga qaramay, aktyor sifatida 2007 yil suratga olingan rejissyor Ayub Shahobiddinovning “O`tov” filmi orqali kashf etildim. Unga qadar “Qarib qoldim, endi rejissyorlar rol berishmaydi, aktyor sifatida hech kimga kerak emasman”, degan fikrda edim. “O`tov”dagi rolimga juda mashhur aktyorlarni kinosinovdan o`tkazishgan, lekin Ayub menda to`xtalgan.

Shunda “Xato qilyapsan!” deganman. Suratga olishga Boysunga borganmiz, yashashga sharoit bo`lmagani uchun o`sha kuniyoq Toshkentga qaytganman. Bir oydan keyin Ayubni ko`chada ko`rib qoldim. Ajablanib “Boysunda bo`lishing kerak-ku?”, desam “Sizsiz filmni suratga olmayman!” degan. Vijdonim qiynalganidan “Ertaga Boysunga uchamiz!” deganman, film shu tariqa suratga olingan.

“Yoshim ulg`aygach aktyor sifatida kashf etilganimdan xursandman”

— Muxlislar uchun haligacha Bo`rivoy akaman. “Yaratganga shukr” filmidagi qahramonimning ismi bilan chaqirishadi. (Norozi ohangda) “Ismim Nozim”, desam ham “Yo`q, Bo`rivoy akasiz!” deyi­shadi (kuladi). Rollarimga iste`dodli aktyor Baxtiyor Qosimov va gohida Elyor Nosirov ovoz berishadi. Baxtiyor Qosimovning ovozi shu qadar mos tushganidan, tomoshabin meni ovozimdek qabul qiladi. Yana bir holatga e`tibor berganman: “O`tov”, “Ilova”, “Yaratganga shukr”, “O`yin” filmlari, “Jiyda guli” serialidagi rollarimni xush ko`risharkan. Yoshligimdan aktyor bo`lib tanilmaganimdan xafa bo`lardim. O`ylab qarasam, yoshim ulg`aygach, aktyor sifatida kashf etilganimdan xursandman. Chunki hozirgi yoshimda sevimliman. Yosh aktyorlarga maslahatim: haqiqiy aktyor bo`lishni istashsa, o`zini filmdan filmga urib, katta gonorar talab qilishdan tiyilishsin. Yo`qsa, ertaga hech kimga kerak bo`lmay qolasiz. Birgina armonim otam 1990 yil vafot etib, aktyor sifatida yutuqlarga yurishganimni ko`rolmadi. Muhimi, otamning orzularini amalga oshira oldim. Ota-onam oilani muqaddas bilardi. Bir-birini qattiq sevgani bois onam padarimdan so`ng yasholmadi, 1992 yil vafot etdi...

“Bu rishta uzoqqa bormasligini bilardim”

— Ishni shaxsiy hayotimdan ustun qo`yganim bois balki hozir yolg`izdirman. Sevgi meni chetlab o`tgan, deyolmayman. Haqiqiy muhabbatni maktab davrlarimda his qilganman. O`shanda sevgan insonim uchun hamma narsaga tayyor edim. Biroq kino meni butunlay o`ziga rom etib oldi. Bir safar uchrashuvga chiqishim kerak edi. Kutilmaganda filmga chaqirib qolishdi, qizga qo`ng`iroq qilib, borolmasligimni aytdim va u xafa bo`lib go`shakni qo`ydi. Lekin o`zimni aybdor his qilmaganman. Chunki ijod — hayotim mazmuni! 1998 yili tadbirda bir qiz bilan tanishib, do`stlashib qolgandik. Uning ota-onasi oila qurishimizga qarshi edi. Oradan vaqt o`tib, rozilik bildirishdi. Lekin bu rishta uzoqqa bormasligini bilardim, o`n yil birga yashadik. Taqdirimdan norozi emasman, umrimni san`atga bag`ishlaganman!

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: