Главная » Yangiliklar » O`z bolasin o`ldirgan ona qanday muhitda tug`ilgan, ulg`aygan va yashayotgan edi?
O`z bolasin o`ldirgan ona qanday muhitda tug`ilgan, ulg`aygan va yashayotgan edi?

O`z bolasin o`ldirgan ona qanday muhitda tug`ilgan, ulg`aygan va yashayotgan edi?

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: O`z bolasin o`ldirgan ona qanday muhitda tug`ilgan, ulg`aygan va yashayotgan edi?
  • Дата релиза: 15-04-18, 14:45
O`z bolasin o`ldirgan ona qanday muhitda tug`ilgan, ulg`aygan va yashayotgan edi?
Internet olamini oyoqqa qalqtirgan, yurtdoshlarimizni og`ir qayg`uga solgan va qahrlantirgan “o`z bolasini bo`g`ib o`ldirgan ayol” to`g`risidagi xabarlar oqimidan kimlar qotil onani la`natlashga tushgan bo`lsa, ayrimlar oila boshlig`ini, boshqa birovlar esa ota-ona, mahalla ahlini aybsitdi. Marhum Firdavsbek xotirasiga bag`ishlab qasidalar yozildi...

Voqealar rivoji qanday davom etishi, huquqiy jihatdan qanday yakun topishini taxmin qilish mumkin. Aybdor muqarrar jazosini oladi, albatta. Biroq bilamizki, jinoyat o`z-o`zidan sodir bo`lmagan. Unga etaklovchi sabablar bo`lgani turgan gap. Uzlidep.uz muxbiri Zilola RAHMONOVA Andijon viloyati Qo`rg`ontepa tumanining Ma`murobod va Norbo`ta mahallalariga borib, asl vaziyatni – Saida tug`ilib-o`sgan muhitni imkon qadar xolis o`rganishga uringan. Hali odil sudning hukmi yangramagani, tergov-surishtiruv ishlari davom etayotganini inobatga olib, siz azizlardan darhol xulosa qilmaslikni so`rab qolamiz.

...Andijonning oddiy qishloq xonadoni. Bir vaqtlar bu uyda shodlik, bir dunyo orzular hukmron edi. Oila sohiblari Murod va Baxtiyorxon ikki farzandi kamolidan xursand, ro`zg`or tashvishlari bilan andarmon. Mavsumiy ish bilan band ota tanishlarining ko`magi bilan Rossiyaga ishlash uchun ketdi-yu, turmush kamlari uchun imkon topa boshladi. Endi uyda juda kam bo`ladigan, farzandlar tarbiyasini ayolining bir o`ziga ishongan, kerak vaqtda dilbandlariga ota maqomi bilan tarbiyadan saboq bera olmagan Murod Ibragimov, ehtimol, bugungi razolatni taxmin qila olganida, qabohatning eng katta kaltagi boshida sinmagan, qizi Saida o`z bolasining qotiliga aylanmagan bo`larmidi?! Uy bekasi bo`la turib qizining fe`l-atvorini munosib baholay olmagan, bolasining ko`nglida ne o`y-fikr, xayolida qay reja borligini sezmagan, qizining bejo qadamlariga vaqtida dakki bera olmagan, “chig`iriqdan chiqqan” qizi bilan dardini bo`lisha olmagan, illatning ildizini anglamagan ona – Baxtiyorxon Mamadalievaning bugungi ko`z yoshlari endi kimga kerak?! Aslida ona qizi uchun eng yaqin sirdosh, hamfikr, hamdo`st, to`g`ri yo`lga boshlovchi maslakdosh emasmi? Saidani ilk bor o`g`irlikda ayblagan maktab mutasaddilarini siltab tashlab, qizining aybini bahona ortiga berkitib, vaqti kelib ilk xatosi isbotlanganida ham mulzam tortmagan onani murg`ak go`dak o`limida birinchi aybdor deyishga haqli emasmizmi?! Yaratganning inoyati bo`lgan farzandlari taqdiriga loqayd, pul topishni asosiy o`ringa qo`yib, oila bag`rini keyinga surgan, qizi yoki o`g`lining qiziqishlari, o`y-xayollari, fe`li-atvori bilan qiziqmagan otani ayb­lamaslik mumkinmi?! Yoki qo`shnisining hali maktabda 7-sinf o`quvchisi bo`lgan qizi ilk bor yaqin viloyatga “o`yinqaroqlik bilan ketib qolgani”ga befarq qaragan, maktabda o`g`irlik qilganida chetdan g`iybat qilish bilangina cheklangan mahalladoshlarni oppoq deb bo`ladimi?!

BEBOSh QIZ

Kechagina qishloqning tuproq ko`chalarida jamalaksoch dugonalari bilan to`ptosh, koptok, bekinmachoq o`ynagan qizaloqning ulg`aygani bo`y cho`zganida, ostonasini sovchilar supura boshlaganida bilinadi, odatda. Biroq Saida o`zining ulg`ayganini juda erta bildirdi. Maktabning yuqori sinfida o`qiyotganidayoq tengdoshlariga nisbatan dadilligi, voyaga etaganini ko`rsatishga urinishi kabi salbiy jihatlari bilan o`qituvchilari dakkisiga sabab bo`la boshladi.

O`shanda 7-sinf o`quvchisi bo`lgan qizaloq hech yomonlikdan qo`rqmay, tap tortmay Farg`onaga "aylangani" ketganida onasining, atrofdagilarning ko`zi qaerda edi?

Aytishlaricha, o`shanda mahalla, maktab mutasaddilari oilani o`rtaga olib, tushuntirishga rosa urinishgan. Ammo kaltak qattiqroq tegmagan ko`rinadi...

Oradan o`tgan vaqt Saidani ijobiy tomonga o`zgartirdi, deb aytishga ojizmiz. Uning qing`ir qo`li, bejo qadamlarini berkitishga uringan yaqinlari juda katta xatolarga debocha ochayotganini bilmasdilar. Ostonasini supurgani o`ylanayotgan sovchilarning dadil bu xonadonga bo`ylamayotgani sababi ham mana shunda edi, aslida. Yaxshiki, xolasi Barno joniga ora kirdi. Mehribon xola go`yoki bu bilan baxti ochilmayotgan Saidaga va singlisiga yaxshilik qildi. Biroq mehrga, ezgulikka muhtoj oilaga qanday baloni boshlab kelganini o`zi ham sezmadi.

O`G`RI KELIN

Ma`murobod mahallasidan Norbo`ta mahallasiga kelin bo`lib tushgan Saida oila atalmish muqaddas dargohni ham nazarga ilmadi. Qaynonasi Nurxon Rizaeva kundoshlikning achchiq alamini yutgan, taqdirning ming bir sinovlariga bardosh bergan, bittagina o`g`lining kamoli uchun astoydil halol mehnatdan qochmagan, hayot zarbalariga dosh beraverib xastalik orttirgan yuvoshgina beva ayol edi. Bu xonadon mahalladagi namunali oilalardan, ayni kungacha ko`chaga gapi chiqmagan.

Saidaga qaynonasining qo`y og`zidan cho`p olmagani juda qo`l keldi. Buning ustiga, eri Iqboljon ham kamgap, kamsuqum, bo`sh-bayov bola. Demak, oila tizginini bemalol qo`lga olish mumkin, oldi ham. Er xotinning quliga, qaynona kelinning cho`risiga aylandi go`yo. Saidaning aytgani aytgan, degani degan. Ammo bitta kamchilik bor – moddiy ta`minotga qoniqmaydi. Eski odati isyon qila boshladi. Kuyovning yaqin qarindoshlari cho`ntagiga tushish... Axir bu ochiqdan-ochiq riyo, nomus va oriyatdan ayrilish emasmi? Er esa jim. Bir og`iz gapirsin-chi,
Saida eb yutib yuboradi.

QOTILLIKKA URINISh, BIRINChI QURBON

Oilada tug`ilgan go`dak endi kelinning quroliga aylandi. Bolasi ikki oylik chaqaloq paytidayoq mudhish ishga qo`l urdi. Eri bilan ajrashishni talab qildi. Kelinini insofga undagan qaynona po`pisaga uchradi. Tashqariga chiqqan vaqti Saida o`z norasidasini yumshoq yostiq ostiga tiqdi – vahshiyligini oxiriga etkazishga ulgurolmadi. To`satdan nimadir yodiga tushib kirib qolgan qaynonasi dod solganicha nabirasini yostiq ostidan tortib oldi. Sai­da esa bir tuki qilt etmay, bolasini bekor qutqarganini, aslida shu gunohni qaynonasi va erining gardaniga qo`ymoqchi bo`lganini aytdi. Ularni baribir qaysidir ayb bilan qamoqda chiritishini po`pisa qildi.

Oradan o`tgan vaqt Saida uchun ahamiyatsizdek bo`ldi. Unga “keldi-ketdi” nomini mahalladagilar bilib qo`yishgan. Ota uyiga ketaverib, ortga qaytaverib, ikki xonadonni ham zada qilib yuborgani aniq. O`z nafsining quliga aylangan Saida uchun erdan ham, qaynonadan ham qutulish oson emasdi. Olti oylik chaqalog`idan yana foydalanishga qaror qildi.

Eri onasi bilan boshqa xonaga o`tirgan mahal o`z xonasida bolasining beshigiga o`t yoqdi-yu, eshikka qulf solib, o`g`ilchasi Firdavsbekni qo`ltig`iga qisgancha hovlidan chiqib ketdi.

Tutun isi butun hovlini tutganida Nurxon aya va Iqboljon jon holatda ichkaridan chiqishadi. Eshik qulfini arang ochgan Iqboljonning fig`oni falakka o`rladi... alanga o`chirildi. Ona-bolaning jasadi ham topilmagach, qidiruvga berildi. Hatto mahalliy televideniedan ham e`lonlar uzatila bosh­ladi. Kunlarning birida Saida noma`lum raqamdan qo`ng`iroq qiladi. Bir necha shartlardan so`ng Iqboljon u bilan farzandi uchun yashashga rozi bo`ladi. O`g`li ikki yoshga etganida ular qizli bo`lishdi. Aslida qizdan ham, o`g`ildan ham qismagan Yaratganga har lahza shukr aytib yashashi kerak bo`lgan ona illatga yanada qattiqroq bo`yin egdi. Ota uyga arazlab ketishlar ko`paydi. Kelinlik uyiga “itarmagan”, turmush mushtlariga chidash kerakligidan saboq berish, qizini koyish o`rniga ona ham unga xayrixoh bo`lgani Saidaga kuch berardi.

Qizchasi besh oylik bo`lganida, nogahon isitmaladi-yu, bir tunning o`zida qayta ko`zini ochmadi. Ammo Saida bundan xulosa chiqarmadi. Dafn marosimini o`tkazib, yana ota uyiga qayt­di. Er zada, qaynona bezillaydi. Avvaliga oilani yarashtiraverib charchagan ikki mahalla endi o`z holiga tashlab qo`ya qoldi.

MASh`UM HODISA

Shu yilning 2 aprel kuni Qo`qon shahrining Turkiston ko`chasida joylashgan bino oldidagi archa daraxtlari tagidan 3 yoshli o`g`il bolaning jasadi topilgani to`g`risidagi axborot juda tez tarqaldi. Ko`p o`tmay qotil onaning “pushaymonlik” intervyusi internet saytlarida aylana boshladi:

"Bolani tashlagani toshkentdan qaytib keldim. Uchko`prikka tashlagani kelsam, opa yo`q ekan. Keyin uni mashinada Andijonga yubormoqchi edim, ammo bola unamadi. Keyin buni qayga olib boraman , ishlashim kerak, menga joy yo`q buni qayerga qoldiraman, deb o`yladim va bolamni o`ldirishga majbur bo`ldim...
Uyga qaytay desam ayam kiritmasdi. Dadam qabul qilishi mumkin edi, ammo ayam kiritmas edi, baribir bola ko`chada xor bo`lib o`lardi. O`ldirganimdan keyin bag`rimga bosib o`tirdim, kechirim so`radim..."

Buni o`kinch yoki nadomatga to`la so`zlar deb bo`lmaydi. To`qqiz oy vujudida ko`tarib yurib, etmish ikki tomiri jon tortishib, ikki dunyo oralig`ida qolib, bu yorug` olamga keltirgan go`dagiga o`z qo`li bilan o`lim hukmini o`qigan onaning afsuslanayotgani endi mutlaqo ishonarsiz. Uning ko`zlariga boqdingizmi? Nigohlaridagi beparda sovuqlik etni junjiktiradi, ayanch nishonasi ko`rinmagan qorachiqlar sizga nadomatdan so`zlamaydi, aksincha, ko`ngilda “Esiz, ayollik, esiz, onalik, hayf senga berilgan hayot”, degan xayol o`tadi.

Illatning ildizi aslida Saidaning bebosh bolaligi o`tgan oilada, ilk xatolariga jim qarab turgan mahallasida, tanbeh berib yo`lga solish o`rniga bo`sh-bayov kuyov axtargan qarindosh­larida, kerak bo`lsa mahalla, Xotin-qizlar qo`mitasining tuman bo`limi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o`zaro hamkorligining mustahkam emasligi, jamoatchilik nazoratining sustligida emasmi?..
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: