Главная » Yangiliklar » O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
  • Дата релиза: 19-04-17, 12:00
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida qaror imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatimizning mustaqil rivojlanishi davrida mulkni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish bo`yicha tizimli ishlar doirasida 30 mingdan ortiq davlat ob`ekti, shu jumladan, 6,5 mingta yirik va o`rta korxona xususiy mulk qilib sotildi. Natijada hozir nodavlat sektoriga yalpi ichki mahsulotning 81 foizidan ko`prog`i, sanoat ishlab chiqarishining 94 foizi va barcha band aholining 82 foizidan ziyodi to`g`ri kelmoqda.

Ammo shu bilan birga tanqidiy tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, bir qator korxonalarni xususiylashtirish kutilgan natijalarni bermadi.

Xususan, respublika mintaqalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ishlarining borishi bilan tanishish natijalari xususiylashtirilgan korxonalarning mulkdorlari ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanmayotgani va korxonalarni uzoq muddatli rivojlantirish bilan shug`ullanmayotgani, ixtisoslashgan ishlab chiqarishlarni tiklamayotganligi va ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining raqobatdoshligini ta`minlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etmayotganligini ko`rsatmoqda. Mazkur holatlar Toshkent shahrida avval xususiylashtirilgan “Rele va avtomatika”, “Algoritm” zavodlari, Samarqand shahridagi “Qizil dvigatel” va Liftsozlik zavodlari, G`ijduvon ip yigiruv fabrikasi, Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi parranda fabrikasi, Termiz shahridagi “16-sonli g`isht zavodi” va boshqa ko`plab ob`ektlar misolida ko`rinib turibdi.

O`tkazilgan xatlov natijalariga ko`ra, avval xususiylashtirilgan korxonalar negizida 2 mingdan ortiq past rentabelli va zarar ko`rayotgan kam quvvatli xo`jalik sub`ekti, shu jumladan, mingdan ortiq ishlamayotgan hamda deyarli bo`sh yotgan ob`ekt, samarasiz foydalanilayotgan er uchastkalari va ishlab chiqarish xonalari aniqlangan.

Davlat organlari xususiylashtirilgan korxonalarning asl holatini o`rganish, ularning ishlab chiqarish faoliyati va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini monitoring qilish, mavjud muammolarni tahlil etish va sabablarini aniqlash, ularni kredit va moddiy resurslar bilan ta`minlashda, muhandislik-ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklashda, ichki va tashqi savdo bozorlarini topishda amaliy ko`mak berish bilan sust shug`ullanmoqda.

Yuzaga kelgan holat vakolatli organlarning xususiylashtirilgan korxonalarga yondashuvlari, ular bilan ishlash prinsiplari va usullarini tubdan o`zgartirishni, faoliyat samaradorligini oshirishga har tomonlama ko`maklashish, ishlab chiqarishni tiklash va rivojlantirish bo`yicha “yo`l xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatining asoslarini o`rgatish, shuningdek, xususiylashtirilgan korxonalarni qo`llab-quvvatlashning moliyaviy manbalarini kengaytirishni talab etadi.

Qabul qilingan “2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi”da iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishdagi muhim vazifa sifatida xususiy mulkning ustuvor rolini kuchaytirish va xususiylashtirilgan ob`ektlar negizida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish belgilangan.

Xususiylashtirilgan korxonalarning mavjud ulkan iqtisodiy va ishlab chiqarish salohiyatini hisobga olgan holda ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportni jadallashtirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish hisobiga ular iqtisodiy o`sishning lokomotivi bo`lib qolishlari kerak. Xususiylashtirilgan korxonalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash yaqin yillarda respublika mintaqalari va butun mamlakatni rivojlantirishda kuchli omil bo`lishi darkor.

Bularning barchasi xususiylashtirilgan korxonalarni qo`llab-quvvatlash bilan bog`liq masalalarni hal etishni respublika Hukumati va tashkil etilayotgan O`zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasining g`oyat muhim vazifalaridan biri etib qo`ymoqda.

Qarorning to`liq matni bilan O`zAda tanishish mumkin.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: