Главная » Yangiliklar » OBID ASOMOV: “ZAMONAVIY AN`ANALARNI AYNAN AYoLLAR O`YLAB TOPIShYaPTI”
OBID ASOMOV: “ZAMONAVIY AN`ANALARNI AYNAN AYoLLAR O`YLAB TOPIShYaPTI”

OBID ASOMOV: “ZAMONAVIY AN`ANALARNI AYNAN AYoLLAR O`YLAB TOPIShYaPTI”

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: OBID ASOMOV: “ZAMONAVIY AN`ANALARNI AYNAN AYoLLAR O`YLAB TOPIShYaPTI”
  • Дата релиза: 16-10-17, 12:34
OBID ASOMOV: “ZAMONAVIY AN`ANALARNI AYNAN AYoLLAR O`YLAB TOPIShYaPTI”
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Obid Asomov bugun “Darakchi” mehmoni. Bu san`atkorni ko`pgina yosh ijodkorlarning ustozi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Ijodiy faoliyati davomida, qiziqchilik, aktyorlik, xonandalik, rejissyorlik bilan shug`ullanib kelayotgan so`z ustasining gazetamizga bergan eksklyuziv intervyusida ijodi, hayoti va bugungi kundagi muammoli masalalarga bo`lgan munosabatini bilishga qiziqdik...

— Ishingiz juda ko`p bo`lishiga qaramay vaqt ajratganingiz uchun rahmat.

— Men ham bugungi diydordan juda xursandman. Aytganingizdek, ishlar juda ko`p. Masalan, ayni kunlarda asosiy e`tiborimni dekabr oyida bo`lib o`tilishi rejalashtirilayotgan konsertga qaratganman. 2017 yilning eng so`nggi kunlarida, xalqimiz kutgan konsertimni taqdim etaman. Shunga yarasha tayyorgarilik ham puxta. Ungacha esa respublikamizning har bir viloyatini konsert dasturim bilan kezib chiqish niyatidaman. Oktyabr va noyabr oyida to`liq gastrollar bilan band bo`laman. Sababi hammaning ham poytaxtga kelib konsert ko`rishga imkoniyati yo`q. Shuning uchun ham konsertni hududlardan boshladim.

— 24 sentyabr kuni, shaxsan siz kutgan yana bir voqea —“Ada emas, dada” filmining premerasi bo`lib o`tdi...

— Birinchi filmimiz “Tohir va Zuhra”ning 10 yiligi arafasidassenariy muallifi Madina Mo`minova bilan ikkinchi filmga qo`l urgandik. Lekin “Ada emas, dada”, “Tohir va Zuhra” filmini taqdim etganimizga yigirma yil bo`lganda namoyish etildi. Aytmoqchimanki, haqiqatdan ham bu voqeani juda uzoq kutdik. Aniq aytadigan bo`lsam, ijodiy guruhimiz bilan o`n yil oldin yig`ilib, tasvirga olish ishlarini boshlagandik. Uni uch yil davomida suratga olgan bo`lsak, 2010 yil, ya`ni etti yil avval, film tayyor bo`lgan. Lekin vaqti-soati endi ekan, bunga sira achinmayman. Asosiysi, filmimiz xalqimizga etib bordi.

— Oradan ancha vaqt o`tdi. O`n yil avvalgi film voqealari bugungi tomoshabinni qiziqtiradi deb o`ylyasizmi?

— O`rinli savol bo`ldi! Yuqoridagi gaplarimni o`qiganlarni ham shu masala ikkilantirishi tabiiy. Lekin filmimizni prokatga tayyorlash davomida juda ko`p kinoijodkorlarga, bu sohaning eng tajribali vakillariga ko`rsatib, birinchi o`rinda ularning fikrini bildim. Ochig`i, ularning gapi meni juda quvontirdi. Ko`pchilik “Obid aka, bu kino o`n yil avval suratga olingan, demaganingizda, o`zimiz sezmasdik” deyishdi. Bilasizmi, kartinadagi voqealar, muammolarga bo`lgan munosabatlar bugungi kun siyosati, muhtaram Prezidentimiz yo`lga ko`yayotgan tizimga juda mos tarzda ishlangan. Ya`ni zamonimizdagi ayrim kamchiliklarni kulgu yo`li bilan ko`rsatishga urundik. O`zbek madaniyati, tilini buzmaslik, ommaviy madaniyatga qarshi kurashish, oiladagi tarbiya, insoniy munosabatlardagi muammoli masalalarini olib chiqqanmiz. Ularga qaysidir ma`noda echim topishga harakat qildik.

— Aktyorlarning tashqi ko`rinishi ham o`n yil avvalgidek emas. Filmni qayta montaj qilishga to`g`ri kelmadimi?

— Kartinamizni “qaychilamaslikka” harakat qildik. Film rejissyor uchun farzanddek gap. U tug`ilib bo`ldimi, qayta tegish kerak emas. Boricha namoyish etamiz. Lekin shuni alohida aytib o`tishim kerak, vaqt masalasida ancha qiynaldik. Juda “ishtaha” bilan ishlagan ekanmiz, film ikki yarim soatga cho`zilib ketgan. Bu kinoteatrlarimizdagi prokat qonun-qoidalariga to`g`ri kelmaydi. Shuning uchun uni ikki soatga to`g`rilab, kesib chiqqanmiz.

— Dunyo tajribasiga nazar tashlasak, mashhur filmlarning ikkinchi qismi, birinchisining muvaffaqiyatini qaytarmagan. Nima deb o`ylaysiz, “Ada emas, dada” musiqali filmi“Tohir va Zuhra”dek mashhur bo`la oladimi?

— Vaqtida, shaxsan men “Tohir va Zuhra”ga film sifatida qaramaganman. Telekanal buyurtmasiga ko`ra, ishlagandik xolos. Lekin u kutilmaganda tilga tushdi. Aytmoqchimanki, bu film haqida ham oldindan biror narsa deyolmayman. Ustiga-ustak, kartinamizga, avvalgi kinoning davomi, deb qarashning o`zi noto`g`ri. Chunki “Tohir va Zuhra” voqealari mantiqan tugatilgan. Yangi kartinada asosiy aktyorlar jamoasini saqlab qolgan bo`lsak-da, voqealar umuman boshqacha tus oladi.

— To`ylarning dabdabali o`tishi borasida bugun turli bahs va munozaralar ketyapti. Bu borada sizning fikringizni bilmoqchi edik.

— O`z-o`zidan avvalgi va hozirgi to`ylarni solishtirishga to`g`ri keladi. San`atkorlarning to`ylarga borishini olaylik. Avvallari xonandalar turnaqator bo`lib turishmasdi. Xalqning yaxshi kuniga kelgan san`atkorlar, shaxsan o`zim ham to`yda kirib, yarim soat, bir soat xizmat qilgan paytlarim bo`lgan. Bugungi to`ylarni qarang, 10-15 xonandani chaqirib qo`yishadi-da, hammasiga navbat etsin deb, 6-7 daqiqadan vaqt ajratib qo`yishadi. Xonandalar ham shunga moslab, eng mashhur qo`shiqlarini yarimtadan kesib-kesib, diskka yozib olishgan. Bu vaziyatni chetdan kuzatsangiz, xuddi davomatni tekshirayotgan ishxonaga o`xshaydi. Hamma davomatdan o`tib, bir ko`rinsa-yu, ketsa. Bunday holatda ularning hech birining san`atidan tuzuk-quruq bahramand ham bo`lolmaysiz. Masalan men to`yda mehmonlarni mazza qilib kuldirishim uchun kamida 25 daqiqa vaqt kerak. Ammo qo`limga mikrofonni tutkazishadi-da, 3-4 daqiqadan keyin kelib, “Palonchi keldi, navbat kutyapti” deb pichirlab ketishadi. Bu nima degan gap? Bunga chora ko`rmasa, bo`lmaydi! San`atkorlarni qatorlashtirib navbatga qo`ygandan ko`ra, ikkitasini chaqirsin, o`shalar to`yga fayz kiritsin.

To`g`ri, hamma to`y qilsam deydi, bu orzu-havasli dunyo. O`zimiz ham vaqtida orzularimizni amalga oshiramiz, deb to`yimizda qator mashinalarida yurganmiz. Lekin bu ishlar bilan hech kimga biror zararimiz tegmagan. Bugun kelin- kuyovning fotosessiyasi va sayr uchun chaqirtirilgan mashinalarni ko`ring. Yo`l qoidasiga amal qilishni bilishmaydi, ko`chalarda tirbandlik hosil qilishadi. Axir har bir ishda me`yor bo`lishi kerak-ku.

Yana bir gap, bugun oramizda, falonchidan o`taman deb, dabdabali to`y qilayotgan va buning oqibatida qarzga kirib qolgan katta yoshdagilar ham yo`q emas. Nahotki, o`sha odam o`zining cho`ntagiga qaramasa. Menimcha, odam har narsada nafsini tiyishi, birov bilan emas, o`zi bilan hisoblashishi shart. Agar har bir odam o`zini tartibga sololsa, bugungi muammolar ham sekin-asta hal bo`ladi. Masalan, yaqinda qizimni uzatdim. Ochig`ini aytish kerak, marosimlarni o`tkazishda imkoniyatimdan kelib chiqdim. Challari va unda keyingi ortiqcha tadbirlarni umuman qilmadik. Rahmatli otam “O`g`lim, xotin kishi bilan maslahatlashma, cho`ntak bilan gaplash” derdilar. Bu gap bugungi kunga juda mos kelyapti-da. Rostdan ham erkaklarimiz, sharoiti ko`targanini qilsa, sarf-xarajatlar ham kamayardi. Lekin bu gapimdan aziz ayollarimiz xafa bo`lishmasin. Chunki tan olinglar, barcha zamonaviy an`analarni aynan ayollar o`ylab topishyapti (kuladi).

— Zamonaviy yoshlar tarbiyasining qay jihatlariga e`tibor berish kerak deb o`ylaysiz. Chunki bugungi kunda yoshlar muammolari kam emas...
— Uch qiz, bir o`g`lim bor. Qizlarimni yomon tarbiya qilmadim, debo`ylayman. Xudoga shukr, hech biri haqida salbiy fikr eshitmadim. O`g`lim 20 yoshda. Tarbiya usuliga kelsak, men shunchaki, eskilarning gapiga quloq tutdim. Otam bizga qo`llagan tarbiyasini, farzandlarimga singdirdim. Ya`ni o`zim hech qachon qizlarimga dashnom bermaganman. Onasi orqali e`tirozlarimni etkazardim. Va shuning o`zi etardi. Farzand tarbiyasida ortiqcha erka-tantiqlikka yo`l qo`ymaslik kerak. Bugungi yoshlarning internetdagi faolligiga to`xtalsak, har bir ota-ona ma`lum yoshgacha farzandining qanday saytlarga kirayotganini, ko`proq qaysi mavzularga qiziqayotganini nazorat qilib turish kerak. Men ham o`z vaqtida o`g`limning telefonini tekshirib turganman. Chunki bugun atrofimizda sodir bo`layotgan salbiy voqealardan bolamizni asrashga mas`ulmiz. Bu bilan odamlarga bola tarbiyasi bo`yicha aql o`rgatmoqchimasman. Lekin “qush uyasida ko`rganini qiladi” degan naql bor. Shuning uchun hammamiz oilamizda intizomini mahkam ushlab, farzandimiz oldidagi mas`uliyatni unutmasligimiz kerak.

— Hamkasblaringizga, sizning yo`nalishingizda faoliyat yuritayotgan yoshlarning ijodiga munosabatingizni bilmoqchi edim...

— “Karvon ko`p, rizqi bo`lak” deyishadi. Birinchi o`rinda har bir ijodkorning ishida omad qilayman. Barchasi ham harakat qilyapti, yangilik qilishga urunishlar bor. Ammo hozir ularning ismini keltirib, gazeta orqali kamchiliklarini aytishni istamasdim. Shunday bo`lsa ham e`tiborimni tortgan asosiy gapga to`xtalaman. Bugun bir necha kunlar davomida konsert berib, zalni to`ldirayotgan qiziqchi guruhlar va televidinieda chiqish qilayotganlari orasida profesionallari juda kamligi achinarli hol. Ularning deyarli hammasi boshqa sohada ishlab, qiziqchilikka kelib qolganlar. Shuning uchun ham ayrimlarining chiqishlarini ko`rish befoyda. Kulgili emas! Qiziqchilik — bachkanalikka aylanib qolgandek. Vaholangki, kuldirish uchun ham odam aqlini ishlatishi kerak! Odamlar kulyapti, deb duch kelgan mavzuni sahnaga olib chiqish — san`at emas! Yosh ijodkorlarning gaplarini eshitib, choyxonadagi do`stlarning suhbatini eshitayotgandek bo`laman. Sahna bu choyxona emas. Ular ana shu muhim chegarani bilishsin!

Yana bir kamchilik, yoshlarning maqsadi — tezroq konsert berib, pullarni yig`ib olish va boy bo`lishdir. Ularga aytar gapim, agar yaxshi san`atkor bo`lsang, pulning o`zi seni quvib yuradi. Faqat buning uchun izlanish, mehnat qilish va eng asosiysi ustoz ko`rish kerak. Xalqimizda “Ustoz ko`rmagan shogird, har maqomga yo`rg`alar” degan naql bekorga aytilmagan.

Shu mavzuda, bir taklifim bor edi. Bugun san`at institutida, qiziqchilik guruhlarini tashkil etish kerak. Hamda shu sohaga qiziqqanlar, tamoshabinni kuldirishni istovchilarga, bu sohadan saboq berish lozim. Ana shunda professionallar ko`payadi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda juda faol san`atkorlardansiz. Bundan maqsad nima?

— Bu xalq bilan yaqinroq bo`lishning bir yo`li. Bundan tashqari, ijodimizdagi yangiliklarni ham etkazib turamiz. Lekin tan olishim kerak, shu telefonga juda bog`lanib qolganman. Yarim soat ko`zimga ko`rinmay qolsa, qidirib qolaman. Har bir yaxshi narsaning, bir kamchiligi bor, deganlaridek telefon odamni o`ziga juda bog`lab olgan.

— Bugun oltita nabiraning bobosisiz. Ular haqida ham gapirib bersangiz...

— Balki hozirgi gapim birovlarga erish tuyilar, lekin men bugun haqiqiy yoshim nechchida ekanini unutganman. Nazarimda, 30-35 yoshlardaman (kuladi).Bunga bola bilan birga bolaga aylanish qobiliyatim ham borligi sabab bo`lsa kerak. Nabiralarim uyga kelsa, umuman boshqa odamga aylanib qolaman. Bolalarga mo`ljalangan qurilmalarni birga yasaymiz, hovuzda birga cho`milamiz hatto ot bo`lib ham birga chopamiz (kuladi). Nima so`rashsa, hammasini bajarishga tayyorman. Albatta, kerak payti dakki ham beraman. Buni o`zlari ham yaxshi bilishadi.

— Farzand va nabiralaringizning baxtini ko`rib yuring. Suhbat uchun tashakkur!

— Hamma o`zi o`ylagan orzulariga erishsin. Sizlarga ham rahmat!

Filmida 200 kishidan iborat massovka ishlagan.
“Ada emas, dada” musiqali filmida 20 ga yaqin xonanda dunyo klassika durdonalaridan 10 ta duet qo`shiq kuylashdi.
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

Fotomuxbir Islom RO`ZIEV
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: