Главная » Yangiliklar » Paxta terimi uchun to'lov miqdori ma'lum qilindi

Paxta terimi uchun to'lov miqdori ma'lum qilindi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A.Aripov rahbarligida 2018 yil paxta hosilini yig`ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Bu yil etishtirilgan paxta hosilini yig`ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish, yig`im-terimda ishtirok etadigan terimchilarning moddiy manfaatdorligini ta`minlash va paxta etishtiruvchi xo`jaliklarning moliyaviy holatini yanada mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Ilgari paxta mavsumida terimchilarga munosib haq to`lanmagan. Eb-ichish, yashash sharoitlari to`liq yaratib berilmagan. Joriy yil bu kabi kamchiliklar, xatoliklarga yo`l qo`yilmaydi. Paxta teruvchilarga munosib haq to`lanadi. Zarur sharoitlar yaratib beriladi.

Ma`lumotlarga ko`ra, paxtaning mashinada terilgan bir tonnasi uchun 400 ming so`m xizmat haqi to`lanadi. Qo`lda terilgan bir kilogramm paxta uchun birinchi bosqichda kontraktasiya shartnomasi majburiyati 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so`m, ikkinchi bosqichda 60 foizdan 80 foizgacha 850 so`m, uchinchi bosqichda 80 foizdan ortganda 1000 so`m mehnat haqi to`lanishi belgilandi.

Shu bilan birga, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon, Kasbi tumanlari, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida (paxta-to`qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) terimchilarni paxta yig`im-terimiga qo`shimcha ravishda jalb qilish maqsadida Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo`jaligini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash jamg`armasi hisobidan qo`lda terilgan bir kilogramm paxta uchun terimchiga qo`shimcha 150 so`m ustama hamda oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 so`m, jami 300 so`m miqdorida naqd pulda kunlik ustama haq to`lanadi. Bu yil paxta terimi uchun to`langan puldan soliq olinmaydi. Terimchi to`liq mehnat haqini oladi. Terim pullari har besh kunda, zarur bo`lganda har kuni berilishi ta`minlanadi.
Manba: Darakchi.uz



Новости «Paxta terimi uchun to'lov miqdori ma'lum qilindi»


Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]