Главная » Yangiliklar » ​​​Pinhona tahdid yohud halokatga eltuvchi saqichlar haqida
​​​Pinhona tahdid yohud halokatga eltuvchi saqichlar haqida

​​​Pinhona tahdid yohud halokatga eltuvchi saqichlar haqida

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​​​Pinhona tahdid yohud halokatga eltuvchi saqichlar haqida
  • Дата релиза: 17-06-17, 23:32
​​​Pinhona tahdid yohud halokatga eltuvchi saqichlar haqida
So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o`smirlar o`rtasida o`z joniga qasd qilishgacha olib boruvchi «Ko`k kit», «Tinch uy» kabi qo`shtirnoq ichidagi «o`lim guruhlari»ning vujudga kelgani keng jamoatchilikning jiddiy tashvish va xavotirlariga sabab bo`ldi.

Voya etmagan yoshlarni xudkushlikka chorlovchi ushbu o`yinlar asosan onggi hali to`liq shakllanmagan, mustaqil fikr va ma`naviy dunyoqarashga ega bo`lmagan o`smirlarni o`z nishoniga olmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, o`tgan 2016 yilda Rossiya, Qirg`iziston va Qozog`istonning o`zida 850 dan ortiq o`smirning ushbu o`yin tufayli o`z joniga qasd qilishga uringani qayd etilgan.

Respublikamizda bunday yot g`oyalarning oshkora targ`ib qilinishiga qarshi qonun yo`li bilan, ya`ni O`zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”gi Qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida jiddiy to`siq qo`yilgan. Amaldagi tartiblarga ko`ra, respublikamizga zo`ravonlikni targ`ib qiluvchi materiallarni olib kirish ta`qiqlangan.

Masalaning ayanchli jihati shunda-ki, foydaning ketidan quvib, faqat va faqat mo`may daromadni ko`zlayotgan ayrim qo`shtirnchoq ichidagi tadbirkorlar uchrab turibdi-ki, ularni ham hech ikkilanmay tahdidli o`yinlarning targ`ibotchisi deya baholash mumkin. Qanday qilib deysizmi?

Yaqinda Davlat bojxona qo`mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan sifatsiz va iste`mol muddati o`tgan yirik miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlarining yurtimizga olib kirilishining oldi olingan edi va bu haqida televidenie orqali tezkor lavhalar ham namoyish qilingan edi.

Poytaxtimizdagi “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida temir yo`l konteynerlaridan biri o`rtnatilgan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazilganda bir qator qonun buzilish holatlari aniqlandi.

Konteynerdagi 20 tonnadan ortiq yuklar Latviyadan poytaxtimizda faoliyat yurituvchi “Modern sweet” ma`suliyati cheklangan jamiyatlar nomiga yuborilgan bo`lib, ular orasidagi salkam 5 tonnayu 800 kg. shokolad va saqichlarning iste`mol muddati deyarli 3 yil avval o`tib bo`lgan ekan.

Ammo, tahlillar davomida bundan-da dahshatli manzara namoyon bo`ldi. Mahsulotlar orasidagi salkam 560 kg. og`irlikdagi saqichlarning salomatlikka tahdididan ko`ra, jamiyatimiz osoyishtaligi va yoshlarimiz hayotiga tahdidi ming chandon xavfli bo`lib chiqdi.

Sodda qilib aytganda AQShning “Wrigley” kompaniyasi mahsuloti hisoblanmish “Truth or dare” (FIVE) ya`ni “Haqiqat yoki jur`at” deb balanparvoz nom bilan atalgan saqichlar qadog`idagi yozuv yoshlarning onggini zaharlashga undovchi g`oyalar bilan yo`g`rilgani ma`lum bo`ldi.

Bir qarashda yorliqlardagi kichkinagina jumlalar shunchaki ko`ngilxushlik vositasi sifatida e`tiborga arzimasdek tuyulishi mumkin. Lekin, ...

Keling yaxshisi, saqichlardagi ushbu jumlalar yuzasidan Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi ekspertlarining xulosasiga yuzalanaylik.

“Mazkur mahsulotlarning nomi va uning ichidagi saqichlarga o`rog`lik qog`ozlarda iste`molchilarga qiziq bo`lishi va o`ziga jalb qilish maqsadida turli shakllarda da`vatlar, topshiriqlar va chaqiriqlar mavjud bo`lib, biroq g`oyaviy-mafkuraviy jihatdan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma`naviy-ma`rifiy, ijtimoiy islohotlarga mos emas”.

Yorliqlardagi chaqiriqlarga ahamiyat bering:

“Bo`sa oling!”

“Shahvoniy ovozda gaplashing!”

“Bo`sangiz suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtiring!”

“Xonadagi eng chiroyli odamdan bo`sa so`rang”

“Qo`lsiz echining!”

“Yoshlikdagi eng ahmoqona ishingizni takrorlang!”

“Do`stingizning belidan barmoqlaringiz uchi bilan silang!”

“Kimningdir orqasidan muzqaymoq oting!”

Bu kabi da`vatlarning, topshiriqlarning soni esa 745 mingdan oshadi!

Xo`sh, bu da`vatlardan nima kutish mumkin? Yoshlarni oshkora odobsizlik va chirkin odatlarga etaklayotgan chorlovlar zamirida aslida yuqorida sanab o`tganimiz “Ko`k kit”, “Pokemon Go”, “Tinch uy” kabi o`zini o`zi o`ldirishga majburlovchi xavfli o`yinlar targ`iboti mujassam emasmi?

Bunday saqichni chaynab ko`rgan o`spirin undagi topshiriqlarni bajarib ko`rishi tabiiy! Chunki, odatda o`smirlar atrofdagilarga o`zining nimalarga qodirligini ko`rsatishga ishtiyoqmand bo`ladi va har qanday o`yinda g`oliblikka intiladi.

O`zbek yoshlarining saqichda chorlovga bo`ysunib, uni amalga oshirishlarini tasavvur qilishning o`ziyok kishini o`ng`aysiz ahvolga soladi.

Surishtiruvlar davomida ma`lum bo`lishi-cha, bu kabi saqichlar Rossiya Federasiyasining “Rigli” kompaniyasi tomonidan ham “Pravda ili Deystvie” nomi ostida ishlab chiqarilishi yo`lga qo`yilgan.

Ushbu davlatdan qaytayotgan yurtdoshlarimiz esa yaqinlariga, farzandlariga deb bu kabi saqichlarni o`ylamay xarid qilishayotgani kishini taaajubga soladi.

Jumladan, joriy yilning 26 may kuni “Urganch aeroport” chegara bojxona posti orqali “Sankt–Peterburg–Urganch” yo`nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan fuqaro N.Abdullaeva ham 1 o`ramda “5 Pravda ili Deystvie” yozuvli bo`lgan saqichlarni olib kirayotganligi aniqlangan.

Ushbu saqichlardagi dav`atlar esa yanada ahmoqona va xunuk ko`rinish aks etgan.

“Agar sen jinsingni bir kunga o`zgartirsang, shu kunni qanday o`tkazarding?”

“Dunyoda eng zo`r jinsiy aloqaga chorlovchi fikringni yoz”

“Mana shu topshiriqqani peshonangga selfi qilib yopishtir!”

Bu topshiriqlar nafaqat o`smirlarni, balki katta yoshdagilarni ham esankiratib qo`yishi, tabiiy! Yoshlar onggi uchun kurash ketayotgan hozirgi tahlikali zamonda bu kabi mahsulotlarni olib kirishga urinishni hech ikkilanman xalqimiz ma`naviyatiga zarba berish bilan tenglashtirish mumkin.

Shu o`rinda yana bir mulohaza! Hadsiz-hududsiz Internet tarmog`i orqali bu kabi o`yinlarni istalgancha targ`ib qilish imkoni bo`la turib, ularni yaxshigina mablag` sarflab, turli tovarlarning yorlig`iga qadoqlash kimga kerak degan savol tug`iladi!

Bir qarashda bu xaridorni tovarga nisbatan jalb qilish usulidek tuyulishi mumkin. Aslida esa, bu kabi saqichlar vositasida vayronkor g`oyalarni Internet hali to`liq kirib bormagan, unchalik ommalashmagan chekka-chekka hududlargacha yoyishdek jirkanch maqsad ko`zlangani aniq!

Lavhamiz yakunida ta`kidlash joizki, joriy yilning 3 iyun kuni Davlat bojxona qo`mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida salkam 560 kg. saqichlar yoqish yo`li bilan yo`q qilib tashlandi. Shu tariqa, vayronkor g`oyalarning 745 ming dona targ`ibot vositasi yo`q qilindi.

Jamiyatda har birimiz iste`molchi sifatida turli tovarlarni xarid qilamiz. Ammo, pul meniki, istalgan narsamni sotib olaman degan qarashlarning zamoni o`tdi.

Endilikda shiddatli davr har birimizdan iste`molchi masu`liyatini talab etmoqda. Xulosa qilib aytganda, bilib-bilmay ma`naviyatimizga tahdid soluvchi har qanday ko`rinishdagi mahsulotni sotib olish orqali jirkanch g`oyalarning targ`ibotchisi va tashuvchisiga aylanib qolmaylik.

Husen Tangriev,

Davlat bojxona qo`mitasi

Axborot xizmati katta inspektori.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: