Главная » Yangiliklar » ​Qashqadaryoda 1,5 oylik chaqaloq mayit yuvuvchining qo`lida tirildi
​Qashqadaryoda 1,5 oylik chaqaloq mayit yuvuvchining qo`lida tirildi

​Qashqadaryoda 1,5 oylik chaqaloq mayit yuvuvchining qo`lida tirildi

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​Qashqadaryoda 1,5 oylik chaqaloq mayit yuvuvchining qo`lida tirildi
  • Дата релиза: 07-07-17, 23:15
​Qashqadaryoda 1,5 oylik chaqaloq mayit yuvuvchining qo`lida tirildi
Qashqadaryo viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi jarrohlari tomonidan «o`ldi» deb ota-onalariga topshirilgan bir yarim oylik go`dak mayit yuvuvchining qo`lida jonlandi. Bu haqda hali ham hayot uchun kurashayotgan jajji Muhammadjonning buvisi — Nargiza Qurbonova “Daryo” internet-nashrigama`lum qildi.

Muhammadjon Rashidov 2017 yil 14 may kuni dunyoga kelgan. Otasi hozir Rossiyada — «hovlining tomini shifer qilaman» degan maqsad bilan ishlagani ketgan. Lekin topgan puli shiferga emas, yangi tug`ilgan chaqaloqni davolashga sarflanmoqda. Chaqaloqning onasi Shahnoza Hamidova va qarindoshlari, jumladan, buvisi Nargiza Qurbonova 16 maydan beri chaqaloqning hayoti uchun shifokorlar bilan kurashib keladi — xuddi shu kuni Muhammadjon qayt qilishni boshlagan. Muvaffaqiyatsiz davolanish jarayoni bir oydan ziyod davom etgan — turli shifokorlarning bir-biridan farqli tashxislari asosida berilgan har xil dori vositalari chaqaloqning ahvolini yaxshilash o`rniga og`irlashtirgan, qorni esa shishib ketgan.

Muhammadjonning ahvoli juda og`irlashib qolganidan so`ng, viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi yonidagi poliklinikadagi, chaqaloqni birinchi marta ko`rganida: «Buning kasali bizniki emas», degan jarroh unga orqa tomondan dori yuborib, aslida chaqaloqning salomatligidagi muammo uning orqa ichagi qayrilib qolgani bilan bog`liq ekanini ma`lum qilgan. «Ichagi qayrilgan ekan-ku, operasiya qilish kerak», — degan shifokorlar. Chaqaloqning onasi va buvisi operasiyaga rozilik bildirgan.

Biroq, Nargiza Qurbonovaning ta`kidlashicha, 28 iyun kuni bo`lib o`tgan operasiya ham osongina boshlanmagan. Chaqaloqni operasiyaga tayyorlashi kerak bo`lgan shifokorlarning san-solarligi oqibatida ahvoli og`ir Muhammadjonning tana harorati +39,5 darajagacha ko`tarilib ketgan. Shifokorlar endi: «Chaqaloqni bunday harorat bilan operasiya qila olmaymiz, o`lib qoladi», — deb turgan.

«Axir bu bola-ku, hayvon emas-ku, deb dodladim! Dodlab, bosh shifokorning oldiga yig`lab tushdim. Kasalxonaga viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi rahbari kelgan, deyishdi, o`shaning oyog`ining tagiga o`tirib yig`ladim. U borib ko`rgach, tezda operasiyani boshlash haqida ko`rsatma berdi. Ikki soatdan so`ng, harorati ukollar bilan tushirilganidan so`ng, operasiya boshlandi», — deydi Nargiza Qurbonova.

Operasiya boshlanganidan bir soat o`tgach, operasiya xonasiga Nargiza Qurbonovaning o`zi taklif qilingan. Shifokorlar unga chaqaloqning qayrilib qolgan orqa ichagi o`n kun avval yorilib ketganini aytib, «15 kun avval qaerda edingiz?», deb savol qo`ygan, vaholanki Muhammadjon qariyb bir yarim oydan beri aynan shu operasiya o`tkazilgan kasalxonada davolanayotgan edi. Operasiya oxirida chaqaloq operasiyani ko`tara olmay, vafot etgani va uni olib ketish kerakligi ma`lum qilingan.

«Bandalik». Bu vaziyatda ona va buvining ahvolini ta`riflash shart emas. Rasm-rusumi bilan hodisa haqida qon-qarindoshlarga ma`lum qilingan, tayyorgarlik ko`rilgan, mozorda jajji bolakay uchun joy hozirlangan. Shifokorlar: «O`ldi», degan chaqaloq operasiyadan uch soat o`tib, mayit yuvuvchiga topshirilgan. «Mayit yuvuvchi endi ishga kirishaman desa, chaqaloq qo`lini yozib, murda yuvuvchiga qarab turganmish. Dod deb, bola tirik, deb chiqishdi», — dedi Nargiza Qurbonova.

Chaqaloq shoshilinch ravishda yana kasalxonaga olib borilgan, jonlantirish bo`limiga joylashtirilgan. «Do`xtirlarning hammasi hayron. Chaqaloqni o`rab bergan sanitar ayol o`sha erning o`zida hushidan ketib qoldi… Mana, to`qqizinchi kun o`tdi, bolam yashayapti», — deydi Nargiza Qurbonova. Lekin, buvining aytishicha, mo``jiza tufayli omon qolgan bolaga shifokorlar hozir ham etarlicha e`tibor qaratmayapti.

«Qachon bosh shifokorning oldiga tushib, yig`lab-baqirsam, do`xtirlar bolaga qaraydi, bo`lmasa — yo`q. Dori bepul deb yozib qo`ygan, lekin oxirgi shprisigacha o`zim olib keldim. Dori-darmonini ham olib kelyapman, bolamga qarasin deb, do`xtirning tushlik-kechki ovqatlarini ham olib beryapman. Meni to`g`ri tushuning, bunday vaziyatda, kerak bo`lsa, joningizni ham berib yuborasiz, ovqat nima degan gap», — deydi Nargiza Qurbonova.

Qorni ochiq, axlati maxsus quvurcha bilan tashqariga chiqarib tashlanayotgan Muhammadjon hayot, o`zi-da hayot uchun kurashmoqda — buvisining aytishicha, har kuni sut emyapti. Biroq shifokorlarning munosabati, Nargiza Qurbonovaning aytishicha, qoniqarsiz — qorni ochiq bola yotgan Qashqadaryodagi kasalxonada na kondisioner, na ventilyator bor; operasiya qilingan joylari esa «qizarib, gazak olib ketgan». «Mayli, Xudo bolamning taqdiriga umrdan bergan bo`lsa, yashab ketar. Lekin boshqalarning ham farzandini bunday xarob qilishmasin!», — deydi Nargiza Qurbonova ko`zda yosh bilan.

Mazkur holat yuzasidan «Daryo» internet-nashri tahririyati shoshilinch izoh olish maqsadida Qashqadaryo viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi va Qashqadaryo viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi bilan bog`lanishga urindi, biroq hozircha urinishlar javobsiz qoldi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: